toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining axborot tizimlari va resurslarini himoya qilish davlat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6007-son Farmoni hamda 2020-yil 15-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida kiberxavfsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4751-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yagona davlat siyosatining yuritilishini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlikning umumiy talablari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi o‘rinlarda — vakolatli davlat organi) muhim axborot infratuzilmasi (keyingi o‘rinlarda — MAI) obyektlarida kiberxavfsizlikning ta’minlanganlik darajasini kuzatib boradi, ularni baholash va monitoring qilish tartibini ishlab chiqadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bilan birgalikda kiberxavfsizlikni qonunchilikda belgilangan tartibda ta’minlash hamda rivojlantirish holati ustidan nazorat va monitoring olib borishda ishtirok etadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5349-son Farmoni 7-bandining “g” kichik bandida belgilangan har oylik ustama MAI obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashga va mazkur faoliyatni muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga ham tatbiq etilsin.
5. MAI obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarning lavozimga tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi yuzasidan vakolatli davlat organini o‘z vaqtida xabardor etish hamda ushbu xodimlarni har uch yilda bir marta vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan o‘tkazish amaliyoti joriy etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Vakolatli davlat organi tomonidan o‘ta muhim va toifalangan obyektlardagi MAI obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash yuzasidan tezkor-nazorat tadbirlarini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati bu haqda xabardor qilinadi hamda ularning natijalari to‘g‘risida 48 soat ichida yozma axborot kiritiladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (A. Azizov):
2023-yil 1-oktabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi MAI obyektlarining vaqtinchalik yagona davlat reyestrini shakllantirsin hamda MAI obyektlarini toifalash tartibini belgilovchi vaqtinchalik nizomni tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
2024-yil 1-dekabrga qadar xorijiy davlatlar ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasi MAI obyektlarining doimiy yagona davlat reyestrini shakllantirish hamda MAI obyektlarini toifalashning doimiy tartibini belgilash yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyatiga kiritsin.
(7-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 31-may,
PQ-167-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-167-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
kiberhimoya — kiberxavfsizlik hodisalarining oldini olishga, kiberhujumlarni aniqlashga va ulardan himoya qilishga, kiberhujumlarning oqibatlarini bartaraf etishga, telekommunikatsiya tarmoqlari, axborot tizimlari hamda resurslari faoliyatining barqarorligini va ishonchliligini tiklashga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik chora-tadbirlar, shuningdek, ma’lumotlarni kriptografik va texnik jihatdan himoya qilish chora-tadbirlari majmui;
muhim axborot infratuzilmasi — muhim strategik va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining, axborot tizimlari hamda tarmoqlar va texnologik jarayonlar resurslarining majmui;
muhim axborot infratuzilmasi obyektiga kiberhujum — kibermakonda muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalardan foydalangan holda qasddan amalga oshiriladigan, kiberxavfsizlikka tahdid soladigan harakat;
muhim axborot infratuzilmasi obyektida kiberxavfsizlik hodisasi — kibermakonda muhim axborot infratuzilmasi obyekti faoliyati axborot tizimlarining ishlashida uzilishlarga va/yoki ulardagi axborotning ochiqligi, yaxlitligi va undan erkin foydalanilishining buzilishiga olib kelgan hodisa;
muhim axborot infratuzilmasi obyektlari — davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari ko‘rsatish, mudofaa, davlat xavfsizligini, huquq-tartibotni ta’minlash, yoqilg‘i-energetika majmui (atom energetikasi), kimyo, neft-kimyo tarmoqlari, metallurgiya, suvdan foydalanish va suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, bank-moliya tizimi, transport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida, ishlab chiqarish sohasida, shuningdek, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida va ijtimoiy sohada qo‘llaniladigan axborotlashtirish tizimlari;
muhim axborot infratuzilmasi subyektlari — davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mulk, ijara huquqlari asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga egalik qiluvchi yuridik shaxslar, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining ishlashini hamda hamkorligini ta’minlovchi yuridik shaxslar va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlar;
muhim axborot infratuzilmasining kiberxavfsizligi — muhim axborot infratuzilmasi obyektida kiberxavfsizlik hodisasini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan buzilishdan muhim axborot infratuzilmasi obyekti barqaror ishlashini ta’minlovchi himoyalanganlik holati.
3. Muhim axborot infratuzilmasi (keyingi o‘rinlarda — MAI) obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash qonuniylik, kiberhimoyaning uzluksizligi va majmuaviyligi hamda kiberhujumni aniqlash, uning oldini olish, tezkor chora ko‘rish va oqibatlarini bartaraf qilish ustuvorligi prinsiplariga asoslanadi.
4. MAI obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
MAI obyektlarining kiberxavfsizligi sohasida davlat siyosatini yuritish;
MAI obyektlarining kiberxavfsizlik faoliyatini tashkiliy-huquqiy jihatdan tartibga solish;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash sohasida talablarni o‘rnatish, hayot siklining barcha bosqichlari — yaratish, ishga tushirish, foydalanish va modernizatsiya qilishda ularning texnik xavfsizligini tashkil qilish;
MAI obyektlarining himoyalanganligini baholash, kiberxavfsizligiga tahdid va zaifliklarini aniqlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish;
kiberhujumlardan ogohlantirish, ularning oldini olish, tezkor choralar ko‘rish va oqibatlarini bartaraf etish, kiberxavfsizlik hodisalarini tekshirish jarayonida MAI subyektlari orasida tezkor hamkorlikni ta’minlash;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini tashkiliy, moddiy-texnik jihatdan va kadrlar bilan ta’minlash;
MAI obyektlariga kiberhujumlarni amalga oshirishga bo‘lgan urinishlarni yoki bevosita amalga oshirilgan kiberhujumlarni bartaraf etish, kiberhujumlar amalga oshirilgan taqdirda MAI obyektlarining barqaror faoliyat yuritishini tiklash rejalarini ishlab chiqish va ularni ishlatishga tayyorlash;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish.
5. Quyidagilar MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash davlat tizimi ishtirokchilari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasida kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi o‘rinlarda — vakolatli davlat organi);
vakolatli davlat organining ishchi organi (keyingi o‘rinlarda — ishchi organ);
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — O‘zkomnazorat);
MAI subyektlari.
O‘zbekiston Respublikasi MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash ilovadagi tashkiliy sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash sohasida munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek, ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2-bob. Vakolatli davlat organi va O‘zkomnazoratning muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash sohasidagi vazifalari
7. Vakolatli davlat organi:
Oldingi tahrirga qarang.
MAI obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash sohasini me’yoriy-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyatiga takliflar kiritadi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
MAI obyektlarining kiberxavfsizlik tizimini yaratish, shuningdek, uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda texnik infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan qarorlar qabul qiladi
MAI obyektlarida kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish, tezkor chora ko‘rish va oqibatlarini bartaraf etish hamda kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;
MAI obyektlarining yagona davlat reyestrini (keyingi o‘rinlarda — reyestr) shakllantiradi va yuritadi;
davlat sirlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni qayta ishlaydigan MAI obyektlarida kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq MAI obyektlarini attestatsiyadan o‘tkazish tizimini tashkil etadi va o‘tkazadi;
ishchi organ va O‘zkomnazorat tomonidan MAI obyektlarida kiberxavfsizlikning ta’minlanganlik darajasini baholash bo‘yicha birgalikda o‘tkaziladigan o‘rganish va tekshirishlarning tashkil etilishi va amalga oshirilishini tartibga soladi;
MAI subyektlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vakolatli davlat organi, shuningdek, chet el davlatlarining MAI subyektlari va vakolatli organlari, kiberxavfsizlik hodisalariga chora ko‘rish sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida kiberxavfsizlik hodisalari bo‘yicha ma’lumot almashish tartibini belgilaydi;
MAI obyektlarida kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, kiberxavfsizlik hodisalariga chora ko‘rish vositalaridan foydalanishga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi va ularning joriy qilinishini muvofiqlashtiradi;
MAI obyektlariga uyushtirilishi mumkin bo‘lgan kiberxavfsizlik tahdidlari va ularning zaifliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash, yig‘ish va tahlil qilishni amalga oshiradi;
MAI subyektlari bilan birgalikda MAI obyektlariga kiberhujumlarni amalga oshirishga bo‘lgan urinishlarni yoki bevosita amalga oshirilgan kiberhujumlarning oldini olish va kiberxavfsizlik hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda obyektlarning barqaror ishlashini tiklash bo‘yicha rejalarni ishlab chiqadi hamda ular bo‘yicha rejali o‘quv mashqlarni o‘tkazadi.
8. Vakolatli davlat organi o‘z vakolati doirasida MAI obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash sohasida xalqaro tadbirlarda ishtirok etadi hamda xalqaro shartnomalarga muvofiq kiberxavfsizlikka tahdidlar va kiberxavfsizlik hodisalari bo‘yicha ma’lumotlar almashadi.
9. O‘zkomnazorat:
davlat sirlarini o‘z ichiga olmagan ma’lumotlarni qayta ishlaydigan MAI obyektlarida kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ishchi organ bilan birgalikda MAI obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining MAI subyektlari tomonidan bajarilishini tekshiradi, o‘rganadi va nazorat qiladi;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda ishtirok etadi;
o‘z vakolatlari doirasida MAI subyektlariga MAI obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlashda aniqlangan zaiflik va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan idoralararo maslahat-kengash organlari faoliyatida, xalqaro seminarlar, ilmiy-texnik anjumanlar, simpoziumlar, uchrashuvlar va ko‘rgazmalarda ishtirok etadi.
3-bob. Ishchi organning muhim axborot infratuzilmasi kiberxavfsizligini ta’minlash sohasidagi vazifalari
10. Ishchi organ zimmasiga vakolatli davlat organi qarorlariga muvofiq MAI obyektlarining kiberxavfsizlik tizimini yaratish, shuningdek, ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda texnik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar yuklatiladi.
Ishchi organ:
MAI obyektlariga kiberhujumlarning oldini olish bo‘yicha samarali tashkiliy va dasturiy-texnik yechimlarni tezkor qabul qilish yuzasidan tavsiyalar hamda takliflar ishlab chiqish uchun kiberxavfsizlikka zamonaviy tahdidlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markazlashtirilgan tartibda to‘playdi va tahlil qiladi;
amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan kiberhujumlardan himoya qilish va MAI obyektlarining uzluksiz ishlashini ta’minlashga ko‘maklashadi;
MAI obyektlariga kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish vositalarini tatbiq qiladi;
MAI obyektlarida kiberxavfsizlik hodisalari va ularga bo‘lgan kibertahdidlarga javob berish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
MAI subyektlarining kiberxavfsizlik bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda MAI obyektlaridagi kiberxavfsizlik hodisalarini tekshirishga ko‘maklashadi;
MAI obyektlarini kiberhujumlardan himoya qilish va kiberxavfsizlik hodisalariga chora ko‘rish bo‘yicha MAI subyektlari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlaydi;
MAI obyektlarini ularning texnik topshiriq va kiberxavfsizlik talablariga mosligi yuzasidan audit, attestatsiya hamda ekspertizadan o‘tkazadi;
MAI obyektlarida foydalaniladigan telekommunikatsiya uskunalari, axborotni himoya qilish apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalarni ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiqligi yuzasidan sertifikatlashdan o‘tkazadi;
MAI subyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlaydi;
MAI obyektlarida axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va joriy etishga ko‘maklashadi;
vakolatli davlat organi bilan birgalikda MAI obyektlarida kiberxavfsizlik holatini o‘rganadi va tekshiradi;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ishtirok etadi va ilmiy-texnik konferensiyalar, simpoziumlar, yig‘ilishlar, ko‘rgazmalar tashkil etadi, shu jumladan axborot-tahliliy materiallarini ishlab chiqadi.
4-bob. Muhim axborot infratuzilmasi subyektlarining huquq va majburiyatlari
11. MAI subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun, shu jumladan bunday obyektlar tomonidan qayta ishlanadigan ma’lumotlarga bo‘lgan kibertahdidlar hamda bunday obyektlarda foydalanilayotgan dasturiy ta’minotlar, qurilmalar va texnologiyalaridagi zaifliklar haqida ma’lumotlarni vakolatli davlat organidan olish;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘zining kiberxavfsizlik bo‘linmalarini tashkil etish hamda chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
12. MAI subyektlari:
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilishi;
kiberxavfsizlik hodisalari to‘g‘risida vakolatli davlat organi va ishchi organni belgilangan tartibda darhol xabardor qilishi;
kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, kiberxavfsizlik hodisalarining kelib chiqish sabablari va sharoitlarini aniqlashda vakolatli davlat organi hamda ishchi organga ko‘maklashishi;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash jarayoniga davlat organlari tomonidan noqonuniy aralashish holatlari haqida vakolatli organni xabardor qilishi;
vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, kiberxavfsizlik hodisalariga javob berish uchun mo‘ljallangan vositalarni o‘z hisobidan o‘rnatishi va saqlashi;
MAI obyektlariga kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish uchun o‘rnatilgan vositalarning belgilangan talablarga muvofiq to‘laqonli ishlashini ta’minlashi;
vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan tartibda kiberxavfsizlik hodisalariga javob berish, MAI obyektlariga qarshi amalga oshirilgan kiberhujumlarning oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rishi va kiberxavfsizlik hodisalarini tekshirishda ishtirok etishi;
vakolatli davlat organi, ishchi organ, O‘zkomnazorat mansabdor shaxslariga ushbu Nizomda nazarda tutilgan vakolatlarni amalga oshirish jarayonida MAI obyektlariga to‘siqsiz kirishini ta’minlashi;
vakolatli davlat organi va ishchi organ bilan kelishilgan holda, MAI obyektlariga uyushtirilishi mumkin bo‘lgan kibertahdidlarning oldini olishi va kiberhujumlar sodir bo‘lganda MAI obyektlarining barqaror ishlashini tiklash rejalarini ishlab chiqishi;
vakolatli davlat organi va ishchi organ tomonidan tashkil etiladigan rejali mashg‘ulotlarda ishtirok etishi shart.
13. MAI subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
5-bob. Muhim axborot infratuzilmasi obyektlariningkiberxavfsizlik tizimi
14. MAI subyektlari MAI obyektlarining kiberxavfsizlik tizimini yaratadi va uning ishlashini ta’minlaydi.
15. Quyidagilar MAI obyektlari kiberxavfsizlik tizimining asosiy vazifalari hisoblanadi:
MAI obyektlarida qayta ishlanadigan ma’lumotdan noqonuniy foydalanish, uni o‘chirib tashlash, o‘zgartirish, bloklash (cheklash), nusxa olish, taqdim qilish, tarqatish va shu kabi kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi boshqa noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish;
ma’lumotni qayta ishlashning apparat, dasturiy va apparat-dasturiy vositalariga MAI obyektlari ishining buzilishi va (yoki) to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ta’sirga yo‘l qo‘ymaslik;
MAI obyektlari faoliyatini telekommunikatsiya tarmoqlari, axborot resurslari va hayot faoliyati tizimini zaxiralash orqali tiklash.
6-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
16. MAI obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash davlat tizimining joriy etilishi va uzluksiz faoliyat yuritishni nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
17. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-167-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha
UMUMIY TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu talablar O‘zbekiston Respublikasi muhim axborot infratuzilmasi (keyingi o‘rinlarda — MAI) obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlashga qo‘yiladigan umumiy talablarni belgilaydi.
2. MAI subyekti “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, ushbu talablar va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq unga tegishli bo‘lgan MAI obyektining kiberxavfsizligini ta’minlaydi.
2-bob. MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha asosiy talablar
3. MAI obyektlariga kiberxavfsizlikni ta’minlashning quyidagi talablari qo‘yiladi:
MAI obyektining kiberxavfsizligini samarali ta’minlash tizimining yo‘lga qo‘yilganligi;
axborot tizimida ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanish, ularni yo‘q qilish, o‘zgartirish, bloklash (cheklash), nusxa olish, taqdim etish va tarqatish hamda MAI obyektlari faoliyatining buzilishi va/yoki to‘xtashiga olib keluvchi boshqa harakatlarni amalga oshirishning oldi olinganligi;
kiberxavfsizlikni ta’minlash tizimi parametrlarining texnik reglamentlar talablariga muvofiqligi, kiberxavfsizlik va MAI obyektining uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlovchi chora-tadbirlar joriy etilganligi;
kiberxavfsizlik hodisasi ro‘y berganda kiberhimoyani ta’minlash tizimini tezkor tiklash imkoniyati mavjudligi;
kiberhujumlarni monitoring, audit va tahlil qilish, aniqlash, chora ko‘rish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish tizimining samarali yo‘lga qo‘yilganligi;
kiberxavfsizlik va MAI obyektining kiberxavfsizligi va uning ekspluatatsiyasiga doir hujjatlarning mavjudligi.
4. MAI obyekti rahbari mazkur obyektda kiberxavfsizlikni ta’minlashga mas’ul shaxs hisoblanadi. MAI obyekti rahbari tomonidan belgilangan tartibda obyektda kiberxavfsizlikni ta’minlovchi himoya tizimining ishlashini ta’minlashga mas’ul mutaxassislar yoki tarkibiy bo‘linma tayinlanadi.
5. MAI obyekti rahbari obyektning axborot xavfsizligi siyosati, kiberxavfsizlik sohasidagi nizomlar, ko‘rsatmalar, talablar, himoya vositalaridan foydalanish, kiberxavfsizlikni ta’minlovchi himoya tizimining ishlashini tashkil etish va nazorat qilish tartibini tasdiqlaydi hamda ularni doimiy ravishda takomillashtirish choralarini ko‘radi.
6. MAI obyektida quyidagi hujjatlar bo‘lishi kerak:
kiberxavfsizlik va MAI obyekti rahbari tomonidan obyektda kiberhimoya tizimining ishlashini ta’minlash uchun mas’ul mutaxassislar tayinlanganligi va/yoki tarkibiy bo‘linmaning mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kiberxavfsizlik va MAI obyektining axborot xavfsizligi siyosati, kiberxavfsizlik sohasidagi nizomlari, ko‘rsatmalari, talablari hamda himoya vositalaridan foydalanish, kiberhimoya tizimining ishlashini tashkil etish va nazorat qilish tartibi tasdiqlanganligi va doimiy ravishda takomillashtirib borilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
axborot tizimlarining kiberxavfsizlik holati va muhim ko‘rsatkichlarining monitoringini olib borish, shuningdek, axborot xavfsizligiga tahdidlar va ularni amalga oshirish mumkin bo‘lgan usullar (ssenariylar) va modellar hamda ulardagi zaifliklar tahlil qilinganligi, kiberxavfsizlik hodisalarining oldini olish va ularni bartaraf etishga doir choralar ko‘rilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
kiberhimoya tizimi va uning tizimosti qismlarining tajriba-ekspluatatsiyasi, qabul qilish sinovlari hamda kiberhimoya tizimini sinovdan o‘tkazish amaliyotlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
xodimlarning axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha bilimi va amaliy tajribasi oshirib borilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
MAI obyektining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tasdiqlangan ishchi yoki ekspluatatsiya hujjatlari;
axborot va kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi texnik jihatdan tartibga solish sohasiga oid normativ hujjatlarga muvofiq himoya tizimining holatini rejali va rejadan tashqari tekshirish amaliyoti joriy etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
barcha ma’lumot tashuvchilarni obyekt hududiga olib kirish va olib chiqish, saqlash, uzatish va muomaladan chiqarish jarayonini tartibga soluvchi qoidalarga rioya qilinayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
yillik rejalarda kiberxavfsizlikni ta’minlashga oid belgilangan tadbirlarning ijro etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
7. MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlovchi barcha apparat, apparat-dasturiy va dasturiy ta’minotlar tegishli muvofiqlik sertifikatlari hamda kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq bo‘lishi kerak.
8. MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan talablar bilan birga qo‘shimcha ravishda quyidagilar:
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni rejalashtirish, ishlab chiqish, takomillashtirish va joriy qilish;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun tashkiliy, huquqiy va texnik choralarni ko‘rish;
MAI obyektlarining kiberxavfsizligini ta’minlashda qo‘llaniladigan apparat, dasturiy-apparat va dasturiy vositalarning ko‘rsatkich va xususiyatlarini belgilash nazarda tutiladi.
9. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, birlashmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar vakolatli davlat organi va uning ishchi organi bilan kelishgan holda axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda MAI obyektlarining ish faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ularning kiberxavfsizligini ta’minlash vositalariga qo‘shimcha talablarni belgilashi mumkin.
3-bob. MAI obyektining avtomatlashtirilgan va axborot tizimlarida qayta ishlanayotgan konfidensial va maxfiy ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash vositalariga qo‘yiladigan talablar
10. Kiberxavfsizlikni ta’minlovchi himoya tizimi quyidagilarni ta’minlashi zarur:
MAI obyekti tomonidan qayta ishlanadigan ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanish, ularni yo‘q qilish, o‘zgartirish, bloklash (cheklash), nusxalash, taqdim etish, tarqatish va shu kabi boshqa xatti-harakatlarning oldini olish;
MAI obyektining ish faoliyati buzilishi va/yoki to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalarga axborot ta’sirining oldini olish;
o‘z ichiga davlat sirini olmagan, qonunchilik bilan himoyalangan (keyingi o‘rinlarda — konfidensial) va maxfiy ma’lumotlarga kiberxavfsizlik tahdidi sharoitida MAI obyektining to‘liq ishlashini ta’minlash;
MAI obyekti faoliyatini tiklash imkoniyatini ta’minlash.
11. Avtomatlashtirilgan va axborot tizimlarida quyidagilar himoya qilinadi:
barcha qayta ishlanayotgan ma’lumotlar;
apparat, apparat-dasturiy hamda dasturiy vositalar, shu jumladan kompyuterni saqlash vositalari, ish stansiyalari, serverlar, telekommunikatsiya uskunalari, aloqa liniyalari, grafik, video va nutq ma’lumotlarini qayta ishlash vositalari;
apparat-dasturiy vositalarning dasturiy ta’minoti;
axborot tizimlarining arxitekturasi va konfiguratsiyasi.
12. Telekommunikatsiya tarmoqlarida quyidagilar himoya qilinadi:
aloqa liniyalari orqali uzatiladigan ma’lumotlar;
telekommunikatsiya uskunalari, shu jumladan dasturiy ta’minot, boshqaruv tizimi;
o‘rnatilgan himoya vositalari;
telekommunikatsiya tarmog‘i arxitekturasi va konfiguratsiyasining yaxlitligi.
13. Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarida quyidagilar himoya qilinadi:
boshqariladigan, kuzatiladigan obyekt yoki jarayonning parametrlari yoxud holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan kirish-chiqish ma’lumotlari, boshqaruv ma’lumotlari, nazorat va o‘lchov ma’lumotlari hamda boshqa muhim ma’lumotlar;
dasturiy ta’minot va apparat vositalari, shu jumladan ish stansiyalari, sanoat serverlari, telekommunikatsiya uskunalari, aloqa liniyalari, dasturlanadigan mantiqiy tekshirgichlar, ishlab chiqarish, texnologik uskunalar;
apparat-dasturiy vositalarning dasturiy ta’minoti;
o‘rnatilgan himoya vositalari;
avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimining arxitekturasi va konfiguratsiyasi.
14. Xavfsizlik choralarini amalga oshirishda apparat, tizim, dastur va tarmoq darajalarida, shu jumladan virtuallashgan muhitda kirishning barcha obyektlari va subyektlariga nisbatan kiberxavfsizlik tahdidlarining hisobga olinganligi majburiy mezonlardan biri hisoblanadi.
15. MAI obyektlaridagi konfidensial va maxfiy ma’lumotlarni qayta ishlaydigan qurilmalarda, kiberxavfsizlik tahdidlariga qarab, quyidagi choralar amalga oshirilishi zarur:
kichik tizim yoki boshqa tizimlarning elementlariga kirish huquqi olinishining har bir bosqichida identifikatsiya va autentifikatsiya qilish;
fayllar, tizimlar va qurilmalarga kirish huquqini boshqarish;
axborot infratuzilmasini boshqarish vakolatiga ega bo‘lmagan foydalanuvchi uchun dasturiy muhitni cheklash;
konfidensial va maxfiy ma’lumotlarni tashuvchi vositalarni himoya qilish;
tizimlar, dasturlar, shu jumladan dasturiy va dasturiy-apparat resurslarining kiberxavfsizlik auditini o‘tkazish;
MAI obyekti axborot aktivlarini buzg‘unchi dasturiy ta’minotlarga qarshi himoya qilish;
kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf etish;
qurilmalar orqali uzatiladigan barcha ma’lumotlarni qo‘llash maqsadlaridan qat’i nazar ularning yaxlitligini ta’minlash;
foydalanuvchilarning MAI obyekti faoliyatidagi o‘rniga qarab tizim foydalanuvchilari uchun ma’lumotlarga ruxsat berish va himoyasini ta’minlash;
axborot texnik himoya vositalarining xavfsizligini ta’minlash;
konfiguratsiyani boshqarish;
dasturiy ta’minot yangilanishlarini o‘z vaqtida boshqarish;
kiberxavfsizlik hodisalariga o‘z vaqtida chora ko‘rish;
favqulodda vaziyatlarda zarur harakatlarni bajarish;
yaxlitligi, konfidensialligi yoki maxfiyligi hamda mavjudligi MAI obyektining faoliyati va xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan muhim ma’lumotlarning zaxira nusxasini saqlash;
kiberxavfsizlikni ta’minlash holatini, ruxsatsiz kirish va axborotni o‘zgartirishga urinishlarni doimiy nazorat hamda tahlil qilish;
ma’lumotlarni tezkor tiklash mexanizmlarini amalga oshirish;
obyektni uning kiberxavfsizlik talablariga javob berishi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish.
4-bob. Yakunlovchi qoida
16. Ushbu talablarning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 07/23/167/0321-son)