1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.02.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning boshqaruvi. Yerga oid munosabatlarni tartibga solish yuzasidan davlat organlarining vakolatlari]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini saqlash va undan oqilona foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga muvofiq respublika hududida yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, buzilgan yerlarni aniqlash hamda rekultivatsiya qilingan yerlarni qabul qilish masalalarini koʻrib chiqish komissiyasini tashkil etish tartibi hamda uning huquq va majburiyatlari;
tuproq qatlamining buzilishi bilan bogʻliq sanoat, qurilish, shuningdek, boshqa ishlarni amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yerlarning unumdor qatlamini sidirib olish va saqlash tartibi;
jismoniy va yuridik shaxslardan rekultivatsiya qilish ishlari yakunlanganligi toʻgʻrisida yozma xabarnoma kelib tushgandan keyin rekultivatsiya qilingan yerlarni qabul qilish-topshirish ishlarini amalga oshirish tartibi;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish loyihasini ishlab chiqish va rekultivatsiya qilish tadbirini yerning buzilishiga sababchi boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mablagʻi hisobidan amalga oshirish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi oʻz vakolatlari doirasida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish hamda ularning unumdorligini tiklash, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish ishlarining sifati va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha taʼsirchan nazorat oʻrnatsin va monitoringini taʼminlasin.
3. Belgilansinki, 2023-yil 1-maydan boshlab:
Toshkent shahrini va boshqa hududlardagi shaharlarni kengaytirish hamda noqishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun ajratilgan qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchilar ushbu yer uchastkalarida tuproqning unumdor qatlamini sidirib olib, foydalanishga kiritiladigan va rekultivatsiya ishlari amalga oshiriladigan yer maydonlariga yetkazib berilishini taʼminlaydi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, infratuzilma obyektlarining muhofaza hududlarini belgilash loyihalarini ishlab chiqish va loyihani joyiga koʻchirish davrida mualliflik nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi;
togʻ-kon qazilmalarining agʻdarmalari hisobiga, shuningdek, infratuzilma obyektlarini (yoʻllar, quvurlar, elektr tarmoqlari) qurish natijasida buzilgan qishloq xoʻjaligi yerlarini rekultivatsiya qilish tadbirlari va loyihalash ishlari ushbu infratuzilma obyektlarini barpo etgan jismoniy va yuridik shaxslar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-avgustga qadar yer fondining barcha toifalaridagi qishloq xoʻjaligi yerlari holati, shu jumladan, buzilgan va rekultivatsiya qilingan yerlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Geoaxborot” tizimida yuritilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-aprel,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi 169-son qaroriga ILOVA
Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan oqilona foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buzilgan yerlar — tuproq qatlamining va gidrologik rejimning buzilishi hamda xoʻjalik faoliyati natijasida texnogen relyefning yuzaga kelishi va degradatsiya munosabati bilan oʻzining xoʻjalik faoliyati boʻyicha ruxsat etilgan va moʻljallangan maqsadlariga muvofiq foydalanish imkoniyatini yoʻqotgan, tuzilishining tabiiy butunligi buzilgan yoki atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatish manbai boʻlgan yerlar;
buzilgan yerlarni xatlovdan oʻtkazish — buzilgan yerlarning maydonlari va sifatini aniqlash hamda hisobga olish;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish — buzilgan yerlarning unumdorligini tiklashga, belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli yoki xavfsiz holatga keltirishga, shuningdek, atrof muhit sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar majmui;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning texnik bosqichi (yerlarni texnik rekultivatsiya qilish) — belgilangan maqsadlarga muvofiq istiqbolda maqsadli foydalanish uchun xandaqlar, chuqurliklar, yerning oʻpirilishi, foydali qazilmalarni qazib olish, qurilish va boshqa xoʻjalik faoliyatida hosil boʻlgan yot jinslardan tozalash hamda chiqindilar uyumlarini koʻmish, tekislash va terrasalashni oʻz ichiga olgan yerlar rekultivatsiyasining birinchi bosqichi;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning biologik bosqichi (yerlarni biologik rekultivatsiya qilish) — texnik rekultivatsiya qilinganidan soʻng amalga oshiriladigan, tuproqning agrofizik, agrokimyoviy, biokimyoviy va boshqa xossalarini yaxshilashga qaratilgan agrotexnik va fitomeliorativ tadbirlar majmuasini oʻz ichiga oladigan yerlarni rekultivatsiya qilishning ikkinchi bosqichi;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish yoʻnalishi — muayyan maqsadda foydalanish uchun buzilgan yerlarni tiklash, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, rekreatsiya, tabiatni muhofaza qilish, xafvsizlikni taʼminlash, sanitar-gigiyena va qurilish yoʻnalishlari;
buzilgan yerlarning rekultivatsiya qilinadigan qatlami — oʻsimliklarning oʻsib chiqishi uchun qulay sharoitga ega boʻlgan va sunʼiy ravishda tashkil etiladigan yer qatlami;
kollektor-zovur tarmoqlari agʻdarmalari egallagan yerlarni rekultivatsiya qilish — tekislanishi lozim boʻlgan agʻdarmalarni tabiiy botiqliklar, oʻzlashtirib boʻlingan karyerlar, jarliklar, suv yuvib ketgan chuqurliklar va boshqa pastliklarga surish;
potensial unumdor jinslar — tuproqning potensial unumdor qatlami xossalari koʻrsatkichlari boʻyicha mos boʻlgan kon jinslari;
rekultivatsiya qilish obyektlari — rekultivatsiya qilinishi lozim boʻlgan buzilgan yer uchastkalari;
texnogen relyef — xoʻjalik faoliyati natijasida vujudga kelgan yer yuzasining holati;
tuproq qatlamini yotqizish — kam unumdor yerlarni yaxshilash maqsadida tuproqning unumdor hamda jinslarning potensial unumdor qatlamini tashish va yotqizish ishlarining majmui;
tuproqning unumdor qatlami — oʻsimliklarning oʻsishi uchun qulay kimyoviy, fizik va agrokimyoviy xossalarga ega boʻlgan tuproq kesimining yuqorisidagi gumusga boy qismi;
tuproqning potensial unumdor qatlami — oʻsimliklarning oʻsishi uchun qulay kimyoviy, fizik va cheklangan agrokimyoviy xossalarga ega boʻlgan tuproq kesimining (gumusli qatlamiga nisbatan) ostki qismi;
foydali qazilmalar yuzasini ochishdagi jinslar — ochiq kon ishlari jarayonida hosil boʻladigan va qazib olinadigan foydali qazilmalarni qoplab turgan kon jinslari;
eski kanallar oʻzanlari egallagan yerlarni rekultivatsiya qilish — oʻzanlarni keyinchalik yer yuzasining tegishli belgilargacha tekislash.
2-bob. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishda qoʻyiladigan talablar
3. Barcha toifadagi buzilgan yerlar, shuningdek, ularga tutashgan yerlar, yerdan foydalanuvchi va ijarachilar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar davomida buzilgan yerlarning salbiy taʼsiri natijasida unumdorligini butkul yoki qisman yoʻqotgan yer uchastkalari rekultivatsiya qilinishi lozim.
Zaxira yerlari jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan buzilgan hollarda, ushbu shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlmasa, shuningdek, tabiiy ofatlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarga bogʻliq boʻlmagan boshqa fors-major holatlarida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha ishchi loyihasini (keyingi oʻrinlarda — ishchi loyiha) ishlab chiqish va rekultivatsiya qilish ishlari tuman (shahar) hokimligi tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagi hollarda buzilgan yerlar rekultivatsiya qilinishi lozim:
foydali qazilmalarni ochiq yoki yer osti usulida qazib olishda — kon zaxirasi qazib tugatilganda;
tuproq qatlamining buzilishi bilan bogʻliq muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari oʻtkazilganda, qurilish, meliorativ, geologiya-qidiruv, sinov, ekspluatatsiya va loyiha-tadqiqot ishlari amalga oshirilganda;
sanoat, harbiy, fuqarolik va boshqa obyektlar va inshootlar boshqa joyga koʻchirilganda;
sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarni joylashtirish va koʻmish ishlari tugatilganda;
yer osti obyektlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (shaxtali qazish, saqlagichlar, metropoliten, kanalizatsiya inshootlari va boshqalar) qurishda — ulardan foydalanish va konservatsiyalashda;
yerlarning ifloslanishi oqibatlari bartaraf etilayotganda — agarda ularni tiklash shartlari boʻyicha tuproqning unumdor qatlamini olinishi talab etilganda;
harbiy mashqlar — ushbu maqsadlar uchun maxsus ajratilgan poligonlardan tashqarida oʻtkazilganda.
5. Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
biologik rekultivatsiya qilishda unumdor jinslardan iborat yuza qatlamiga ega, oʻlchami, shakli va relyefi boʻyicha foydalanishga qulay boʻlgan yer uchastkalarini shakllantirish;
buzilgan yerlarni zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanib, eroziya va koʻchki jarayonlari rivojlanishini istisno qilgan holda tekislash;
buzilgan yerlarni shudgorlashga tayyorlash jarayonida kam unumdor jinslar ustiga tuproqning unumdor qatlamini solish;
tuproqning unumdor qatlami boʻlmaganda yoki yetarli boʻlmaganda, potensial unumdor jinslardan foydalangan holda maxsus agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish;
rekultivatsiya qilinadigan yerlarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
yerlarning maxsus agrokimyoviy, agrotexnik, agrooʻrmon-meliorativ, muhandislik-eroziyasiga qarshi tadbirlarni oʻtkazishda oʻsimlik ildizi oʻsadigan qatlamni tiklash va shakllantirish hamda organik moddalar bilan boyitish uchun bir yillik, koʻp yillik dukkakli va boshoqli don ekinlarini parvarishlagan holda jadal meliorativ tadbirlarni amalga oshirish.
6. Pestitsidlarning qoldiq miqdorlari bilan ifloslangan (tuproqning kimyoviy ifloslanishi) yerlarni rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
aholi yashash punktlari atrofida ishchi loyihaga muvofiq sanitariya-himoya hududlarini tashkil qilish;
rekultivatsiya qilinadigan yerlarni talab etiladigan muddatga qadar qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqarish;
ustki qismi zararlangan yer qatlamini sidirib olish;
tuproq unumdorligini tiklash;
koʻp yillik chim hosil qiluvchi oʻtlarni ekish, keyinchalik oʻsib chiqqan oʻtlarni oʻrib olish va koʻmish;
pestitsidlarning qoldiq miqdorlari bilan ifloslangan tuproqqa kimyoviy jihatdan faol eritma va adsorbentlar bilan ishlov berish.
7. Suv xoʻjaligi yoʻnalishida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
gidrotexnik inshootlarga ega boʻlgan sugʻorish, kollektor-drenaj yoki suv yigʻish-tashlash va yoʻl tarmoqlarini qurish;
shoʻrlangan yerlarni doimiy drenaj muhitida belgilangan meʼyorlarda yuvish.
8. Sanitar-gigiyenik yoʻnalishida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
yerlarning tarkib topgan jinslarining holati, tarkibi va xossalari, tabiiy-iqlim sharoitlari, texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda buzilgan yerlarni konservatsiyalash usullarini tanlash;
buzilgan yerlarni konservatsiyalash uchun texnik va biologik rekultivatsiya qilishning barcha tadbirlarini sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari bilan kelishish;
buzilgan yerlarning yuza qatlamini mustahkamlash uchun atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan hamda yetarlicha suvga bardoshli va harorat oʻzgarishlariga chidamli boʻlgan bogʻlovchi materiallarni qoʻllash;
buzilgan yerlarni biologik rekultivatsiya qilish uchun yaroqsiz substratlardan tarkib topgan sanoat agʻdarmalarining yuzasiga potensial unumdor jinslardan iborat (qoplama bilan qoplanadigan) tuproq qatlamini qoplash;
melioratsiya ishlarini amalga oshirish;
tuproqning kimyoviy va biologik ifloslanishini bartaraf etish boʻyicha tadbirlarni belgilash;
tarkibida zaharli moddalar boʻlgan shlam toʻplagich, suyuq chiqindilar, saqlagichlar va sanoat agʻdarmalarini sanitar-gigiyenik meʼyorlarga rioya qilgan holda konservatsiyalash.
9. Qurilish yoʻnalishida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
tarmoq inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish uchun (magistral quvurlar va ularning shoxobchalari, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari, suv obyektlari, elektr uzatish va aloqa tarmoqlari) geologiya-qidiruv, tadqiqot va boshqa ishlar bajarilayotganda, quvurlar, aloqa va elektr uzatishning yer osti tarmoqlari, geologiya-qidiruv ishlanmalari, shuningdek, trassalar boʻylaridagi buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish;
yangidan inshootlar qurish yoki mavjudlarini rekonstruksiya qilish uchun berilgan, qishloq yoki oʻrmon xoʻjaligi va boshqalar bilan band boʻlgan buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish rejasini qurilish-montaj ishlarining umumiy majmuiga kiritilishi va tuproq unumdorligining tiklanishini taʼminlash.
10. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida magistral quvurlar, transport kommunikatsiyalari va suv obyektlari, boshqa tarmoq inshootlari qurilishidan oldin tuproqning unumdor qatlami sidirib olinadi va qurilish chegarasi boʻylab joylashgan vaqtincha agʻdarmalarda saqlanadi hamda qurilish va tekislash ishlari yakunlanganidan soʻng ushbu tuproqdan yerlarni tekislashda foydalaniladi.
Tarmoq inshootlari qurilishida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning texnik bosqichida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
qurilish chiqindilarini tozalash, qurilish maydonidan tashqaridagi barcha jihoz va qurilmalarni vaqtincha koʻchirish;
unumdor tuproqni rekultivatsiya qilinayotgan buzilgan yer boʻylab bir xil qalinlikdagi qatlamda taqsimlash yoki uni ishchi loyihada koʻrsatilgan va maxsus ajratilgan joyga tashish;
koʻtarmalar va chuqurliklarning yon devorlarini tekislash, chuqurliklarni toʻldirish hamda tekislash.
11. Kon ishlari yoʻnalishida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
geologiya-qidiruv, tadqiqot ishlari, ekspluatatsiya quduqlarini burgʻilash ishlarini amalga oshirishdan oldin tuproqning unumdor qatlami sidirib olinadi va ishchi loyihada koʻrsatilgan alohida joyga saqlash uchun joylashtiriladi;
quduqlar qazilganda yuvish suyuqliklarini saqlash hamda neft va neft kondensatining ilk namunalarini toʻplash uchun moslama (sigʻim)lar tashkil etiladi;
yer yuzasining botiqliklarida tashkil etilgan kon sanoatida hosil boʻladigan quruq chiqindilarning saqlagichlari suyuqliklar sizishining oldini oluvchi maxsus qoplama bilan qoplanishi lozim.
Geologiya-qidiruv, tadqiqot hamda ekspluatatsiya quduqlarini qurish ishlari yakunlanganidan soʻng quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
quduqlar qurilishida hosil boʻladigan qurilish chiqindilari va neft mahsulotlari bilan ifloslangan jinslar hamda qoʻllanilgan materiallarni olib chiqish;
shlam toʻplagichlar ustiga tuproq toʻkish va yuzasini tekislash;
zarur hollarda melioratsiya va eroziyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish.
Neft va neft mahsulotlari hamda neft sanoati oqovalari bilan ifloslangan yerlar rekultivatsiya qilinayotganda, tuproqning neft bilan ifloslanishi va minerallashuvining salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan atrof muhit muhofazasi tadbirlari amalga oshirilishi lozim.
12. Korxonalarning kon ishlanmalari agʻdarmalari, tindirgichlar va foydali qazilmalarni qayta ishlashdan qoladigan chiqindilarning saqlagichlarini rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
agʻdarmalar yon devorlarining yuvilib ketilishini oldini olish va ularni koʻchkilar, suv va shamol eroziyasiga qarshi mustahkamlash maqsadida terrasalash va tekislash. Unumdor jinslar koʻp pogʻonali agʻdarmalarga joylashtirilganda, terrasalar tashkil etilishi lozim. Terrasalar rejalashtirilayotganda, tuproq eroziyasining oldini olish uchun yuqoriroqdagi terrasa tomoniga 1,5-2 graduslik koʻndalang nishablik qilinadi. Agʻdarmalar yuzasi turli xil bogʻlovchi moddalardan foydalanilib mustahkamlanadi va koʻkalamzorlashtiriladi;
agʻdarmalarni koʻkalamzorlashtirishda yirik tosh zarralaridan tozalash, 10 — 15 sm qalinlikdagi tuproq qatlami bilan qoplash, oʻsimliklar urugʻlarini sepish hamda daraxt va buta koʻchatlarini ekish tadbirlari amalga oshiriladi. Mahalliylashtirilgan oʻsimliklarning chidamli boʻlgan turlari ushbu hudud uchun tanlab olinadi. Urugʻ va koʻchatlarni ekish ishlari har birining kengligi 6 — 10 m boʻlgan, shamollarning asosiy yoʻnalishiga koʻndalang joylashgan va almashinadigan polosalarda amalga oshiriladi;
agʻdarmalardagi ekinlarning oʻsishi (vegetatsiya) davrida ularni sugʻorish uchun tozalangan oqova suvlaridan foydalaniladi.
Koʻp yillik oʻsimliklarni ekish bilan bir paytda bir-biridan 50 — 60 metr uzoqlikda turli noqulay sharoitlarga chidamli boʻlgan daraxt va butalar ekiladi hamda himoya oʻrmonlari barpo etiladi.
Koʻkalamzorlashtirilgan agʻdarma yerlaridan 8 — 10 yil mobaynida yaylov yerlari sifatida foydalanish taqiqlanadi.
Fitotoksik tuproqlardan tarkib topgan shlam toʻplagichlar, foydali qazilmalarni qayta ishlashdan qoladigan chiqindilar, qoldiq saqlagichlar, shuningdek, foydali qazilmalarni yuzini ochishda hosil boʻlgan gidroagʻdarmalar potensial unumdor boʻlgan jinslar bilan qoplanadi.
13. Radioaktiv moddalar chiqindilari bilan ifloslangan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun quyidagi talablar qoʻyiladi:
radioaktiv moddalar chiqindilarini boshqa chiqindilardan alohida va ichki yuzasi silliq material bilan qoplangan maxsus toʻplagichlarda yigʻish;
nurlanish dozasi quvvatini radioaktiv moddalari chiqindilari toʻplagichidan 1 metr masofada yiliga 10 mGr dan oshmasligini taʼminlash;
radioaktiv moddalar chiqindilarini maxsus jihozlangan avtomashinalarda koʻmish joylariga olib borish, bunda haydovchining kabinasida nurlanish dozasini soatiga 0,012 mGr dan oshmasligini taʼminlash;
radioaktiv moddalar chiqindilari saqlanadigan joylar atroflarini insonlar va hayvonlar oʻta olmaydigan toʻsiqlar bilan oʻrash va maxsus ogohlantiruvchi belgilarni oʻrnatish;
rekultivatsiya qilinadigan yerlarning yuzasi radioaktiv moddalar chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan ekranlashtiruvchi (himoya) qatlam bilan qoplanishi zarur.
Oʻsimlik turlarini tanlashda quyidagilar hisobga olinadi:
oʻsimlik turining ildiz tizimi yerning yuqori qatlamini shamol taʼsirida kimyoviy va fizik yemirilishi sharoitida ekranlashtiruvchi (himoya) qatlamning barqarorligini taʼminlashi;
oʻsimlik turining urugʻi muayyan tuproq-iqlim sharoitida unib chiqish qobiliyatiga ega boʻlishi;
oʻsimlik turining qurgʻoqchilik, kuchli yogʻingarchilik va kasalliklarga bardoshliligi;
oʻsimlik turining koʻp yillik vegetatsiya davriga egaligi.
14. Togʻ-kon jinslarining agʻdarmalari boʻyicha ishchi loyihada koʻrsatilgan balandlikdagi ishlar bajarilganidan soʻng ushbu yerlarda rekultivatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Togʻ-kon jinslarining agʻdarmalari kam unumdor yerlarga joylashtiriladi.
Togʻ-kon jinslari agʻdarmalarini rekultivatsiya qilishda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
tuproqning unumdor qatlamini dastlabki kesib olish va joylashtirish, tegishli oʻlchamlardagi rekultivatsiya qilinadigan yer qatlamini barpo etish uchun zarur boʻlgan hajmlarda potensial unumdor jinslarni (foydali qazilmalarning yuzasini ochish) selektiv qazib olish, bunda tuproqning unumdor qatlamini kesib olish ishlarini yilning issiq paytida, qishloq xoʻjaligi ekinlari bilan egallangan yerlarda esa hosil yigʻib-terib olganidan soʻng amalga oshirish;
tuproq zaxirasi va uni yetkazib berish masofasi hamda iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda karyerlarni koʻmib toʻldirish va ularning yon devorlarini muayyan nishablikda tekislash;
yon devorlarning qulab tushishi va oʻpirilib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, tadbirlarni maxsus texnikalar hamda mexanizmlar yordamida amalga oshirish shartlaridan kelib chiqqan holda karyerlarning yon devorlari qiyaligini belgilash;
hududlarni tuproq-sharoitidan kelib chiqqan holda agʻdarmalarda eroziyaga qarshi kurashish ishlari tashkil etish;
maxsus gidrotexnik inshootlarni tashkil qilish orqali yomgʻir-jala oqimi va texnik suvlarni toʻplash hamda chiqarib tashlash tadbirlarini amalga oshirish;
tarkibida zaharli moddalar boʻlgan agʻdarmalardan sizib chiqqan suvlarni belgilangan tartibda tozalash yoki bezarar chiqarib tashlash;
noqulay suv-fizik xossalarga ega boʻlgan jinslarning rekultivatsiya qilinadigan qatlamida suv rejimini tartibga solish choralarini koʻrish;
texnologik sxemalarga koʻra, yonishga moyilligi boʻlmagan hamda oʻz-oʻzidan alangalanishni istisno qiluvchi jinslardan agʻdarmalarni shakllantirish;
gʻisht xomashyosi karyerlarida shagʻal-toshqotishma va qumli jinslarning yuza qismi ochilguniga qadar yerlar qazilganda, karyerni toʻldirish bilan birga uning yuza qismini 50 sm gacha potensial unumdor tuproq bilan qoplanishini taʼminlash;
transport vositalarini karyerlar tubiga tushishi va undan chiqishi uchun yoʻlaklar bilan taʼminlash;
yer usti suvlari va yer osti sizot suvlari bosishini istisno qiluvchi tuproqni joylashtirish uchun joy tayyorlash;
agʻdarmalar yuzasini 1 gradusdan oshmaydigan nishablikda tekislash (planirovkalash) va agʻdarma yuzasini suv va shamol eroziyasi taʼsiridan asrash hamda tuproq unumdorligini saqlab qolish maqsadida koʻp yillik oʻtlarni ekish.
3-bob. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish tartibi
15. Tuman (shahar) hokimligi huzurida Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish masalalarini koʻrib chiqish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tashkil etiladi.
Komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, sanitariya, moliya-kredit va boshqa manfaatdor organlarning tuman boʻlinmalari, shuningdek, rekultivatsiya qilingan yerlarni topshiradigan jismoniy yoki yuridik shaxslarning vakillari kiritiladi.
Tuman (shahar) hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari komissiya raisi hisoblanadi.
Komissiya aʼzolari bir yilda bir marotaba buzilgan yerlarni oʻrganib chiqadi va oʻrganish natijalari boʻyicha dalolatnomani ushbu Nizomga 1-ilovadagi shaklda tuzadi.
16. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish tadbirlari ishchi loyihaga muvofiq amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha ishchi loyiha jismoniy yoki yuridik shaxslarning mablagʻlari hisobidan va ularning buyurtmasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ishlab chiqiladi.
17. Ishchi loyihani ishlab chiqishda quyidagi omillar hisobga olinadi:
buzilgan yerlarning joylashuvi;
hududning tabiiy-iqlim sharoitlari (iqlim, geologik, gidrologik, oʻsimlik va hayvonot dunyosi);
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish paytidagi holati yoki kutilayotgan holati;
buzilgan yerlar mavjud boʻlgan hududning xoʻjalik, ijtimoiy-iqtisodiy va sanitar-gigiyenik shart-sharoitlari;
tuproqning unumdor qatlamini kesib olinishi va maxsus joyga joylashtirilishi (saqlanishi);
toshloq va zaharli jinslarni potensial unumdor tuproqlardan ajratish maqsadida yer qaʼri yuzasini ochishda qatlam jinslarining selektiv ishlanishi;
tuproq qatlamini yerni qirqish chuqurligiga teng yoki potensial unumdorlik darajasidan kam boʻlmagan miqdorda yotqizilishi;
qiyaliklarni mustahkamlash boʻyicha maxsus tadbirlarni amalga oshirish;
rekultivatsiya qilingan yerlardan ularning takroran buzilishini hisobga olgan holda foydalanish muddati.
Buzilgan yerlarni qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun rekultivatsiya qilish maqsadga muvofiq boʻlmasa, oʻrmon fondi, atrof muhitni muhofaza qilish yoki yerlarni eroziyadan himoyalash uchun daraxtzorlar barpo etiladi.
18. Ishchi loyihani ishlab chiqish jarayoni quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
loyihalashtirilayotgan obyektning yer tuzish, meliorativ-gidrotexnik, tuproq va agronomik kuzatuvlarni oʻz ichiga olgan tayyorgarlik ishlari;
tadqiqot ishlari (topografik, tuproq-kuzatuv va muhandislik-geologiya ishlari);
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini oʻz ichiga olgan ishchi loyihani ishlab chiqish;
ishchi loyihani kelishish.
19. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha ishchi loyiha ushbu Nizomga 2-ilovadagi shaklga muvofiq ishlab chiqiladi.
4-bob. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning texnik bosqichi
20. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning texnik bosqichida quyidagilar amalga oshiriladi:
agʻdarmalar yuzasini xomaki va soʻnggi planirovkalash, qazilmani yer yuziga qazib chiqarishda foydalanilgan tarmoqlarni koʻmish, tekislash yoki terrasalash, shaxtadagi oʻpirilgan joylarni tuproq bilan toʻldirish;
zarur boʻlgan hollarda, drenaj, suvni chiqarib tashlash va sugʻorish tarmoqlarini hamda boshqa gidrotexnik inshootlarni qurish;
rekultivatsiya qilingan yerlarning yuza qatlamini unumdor yoki nisbatan unumdor tuproq qatlamlari bilan qoplash;
hududda eroziyaga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish.
21. Neft, gaz va gaz kondensati konlarida zaxirani qazib olish jarayonida foydalanishda boʻlgan yerlarda quyidagilar amalga oshiriladi:
geologiya-texnik tadbirlar oʻtkazilgan quduqlar atrofidagi buzilgan yerlarni ish yakuni bilan texnik rekultivatsiya qilish;
buzilgan yerlarni texnik rekultivatsiya qilish ishlarini neft, gaz va gaz-kondensatini qazib olgan korxonaning mablagʻi hisobidan bajarish;
neft, gaz va gaz kondensati konlarida zaxirani qazib olish yakuniga yetishi bilan kondan foydalanuvchi korxona tomonidan buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish;
neft, gaz va gaz kondensati konlarida tabiiy va texnogen favqulodda holatlar oqibatida yirik sigʻim, quvurlarda, texnologik jihoz va uskunalarda avariya holatlari sodir boʻlgan hollarda, kondan foydalanuvchi tomonidan texnik va biologik rekultivatsiya qilish.
5-bob. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning biologik bosqichi
22. Biologik rekultivatsiya qilishning asosiy maqsadi — hududni qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi, rekreatsiya va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun qaytarishdan iborat.
23. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning biologik bosqichi yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan amalga oshiriladi.
24. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning biologik bosqichida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
qishloq xoʻjaligi ekinlari guruhini tanlash;
organik va mineral oʻgʻitlarning yerga solish meʼyorlari, muddatlari va usullarini belgilash;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini ekish meʼyorlarini aniqlash;
tuproqqa ishlov berish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, ekinlarni parvarishlash va hosilni yigʻib-terib olishning texnologik jarayonini asoslash;
ishlar hajmi, mehnat, mexanizmlar va materiallar sarfini hisoblash;
rekultivatsiya qilingan yerlardan olinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qiymatini aniqlash;
kapital xarajatlarning iqtisodiy samaradorligini oʻrganish.
25. Buzilgan yerlar qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun tiklanganda, yer yuzasi nishabligi 0-1,5 gradusgacha boʻlgan maydonlar barpo etiladi.
Mevali daraxtlar ekiladigan boʻlsa, yer yuzasi nishabligi 4-5 gradusgacha va undan ortiq boʻlgan maydonlar barpo etiladi.
26. Tayyorlangan maydonlarda ushbu hududga mos bir yillik, koʻp yillik dukkakli va boshoqli don ekinlarini hamda mevali daraxtlarni yetishtirish zarur.
27. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning biologik bosqichi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekishgacha boʻlgan davr — organik va mineral oʻgʻitlarni yuklash, tushirish va yerga solish, dalalarni tekislash (planirovka), haydash yoki chuqur yumshatish, yorilgan joʻyaklarni yoki agʻdarma doʻngliklarni tekislash, shoʻr yuvish ishlari uchun marza olish, vaqtincha sugʻorish tarmogʻini tartibga keltirish va tuproqqa ishlov berish;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, parvarishlash, organik va mineral oʻgʻitlarni solish, sugʻorish, turli kasalliklarga qarshi ishlov berish, oʻrish, oʻrilgan massani saralash, toʻplash va gʻaramlash;
kelgusi yillarda ham qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekin va parvarishlash.
6-bob. Rekultivatsiya qilinayotgan yerlarni nisbatan unumdor yoki potensial unumdor jinslardan iborat tuproq qatlami bilan qoplash
28. Tuproq qatlamining buzilishi bilan bogʻliq sanoat, qurilish va boshqa ishlarni amalga oshiradigan jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan tuproqning unumdor qatlamini sidirib olinishi va alohida yerda saqlanishi lozim.
Bunda avvalo, yerning ustki qismidagi gumusli qatlam, undan soʻng tuproqning barcha unumdor qatlami sidirib olinadi.
Temir yoʻl va avtomobil yoʻllari, gaz va neft quvurlari, elektr uzatish va aloqa tarmoqlari, sugʻorish kanallari, zovurlar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish jarayonida tuproq qatlami buzilganda, sidirib olingan unumdor tuproqlardan foydalanish nazarda tutiladi.
29. Tuproq ishlarini amalga oshirish uchun tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish meʼyorlariga amal qilish, tuproqning unumdor qatlamini tarkibi va xossalarini aniqlash hamda tuproq xaritasidan foydalanish talablari qoʻyiladi.
Tuproqning unumdor qatlamini tarkibi yarim choʻl, togʻoldi, choʻl-dasht hududlarida tuproqning unumdor qatlamini quyi chegarasida gumusning massadagi ulushi 1 foizdan, choʻl hududida esa 0,7 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
30. Rekultivatsiya qilinayotgan yerlarga unumdor tuproqni yotqizish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
unumdor tuproqlar qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun moʻljallangan yerlarga solinadi;
unumdor tuproq qatlamini yotqazish uchun moʻljallangan yerlarning yuzasi tekislanadi, bunda yerlarni sifatli tekislanishi, unda qor va yomgʻir suvlarining toʻplanishi mumkin boʻlgan choʻkkan yerlar (botiqliklar) boʻlmasligi taʼminlanadi;
tuproqning ostki qatlamiga qalinligi kamida 2-3 metr boʻlgan nisbatan unumdor boʻlgan jinslar joylashtiriladi;
buzilmagan tutash yerlardagi tuproq qalinligiga nisbatan ortiq boʻlgan qalinlikdagi tuproq qatlami solinadi (choʻkishini hisobga olgan holda) va tekislanadi;
maxsus texnika va uskunalar hamda agrotexnik usullardan foydalangan holda yumshatilgan tuproq tuzilmasi hosil qilinadi;
tuproqda 40 — 60 foiz oraliqda oʻzgarib turadigan gʻovaklilik taʼminlanadi.
7-bob. Rekultivatsiya qilingan yerlarni topshirish va qabul qilish tartibi
31. Jismoniy yoki yuridik shaxslardan buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlari yakunlanganligi toʻgʻrisidagi yozma xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida komissiya tomonidan rekultivatsiya qilingan yerlarni qabul qilish-topshirish ishlari amalga oshiriladi.
32. Komissiya tomonidan quyidagilar oʻrganib chiqiladi:
a) jismoniy yoki yuridik shaxslarning yer va yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatidan nusxa;
b) rekultivatsiya qilingan yerlarning chegaralari tushirilgan qishloq xoʻjaligi xaritasidan nusxa;
v) ishchi loyiha va uning ekspertizasi xulosasi;
g) tegishli nazorat-inspeksiya organlari tomonidan yoki mualliflik nazorati tartibida ixtisoslashtirilgan loyiha tashkilotlari tomonidan buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha bajarilgan ishlarni tekshirish natijalari, shuningdek, aniqlangan tartib buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi maʼlumot.
33. Komissiya rekultivatsiya qilingan yerlarni qabul qilish jarayonida oʻn ish kuni ichida joyiga chiqqan holda quyidagilarni oʻrganadi:
a) buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha bajarilgan ishlarning ishchi loyihaga muvofiqligini;
b) buzilgan yerlarni tekislash (planirovka) ishlarining sifatini;
v) tuproqning unumdor qatlamini qalinligi va tekisligini;
g) tuproqning foydalanilmagan unumdor qatlamining mavjudligi va uni saqlanishini;
d) rekultivatsiya qilingan yerlarda tuproq qoplamasining buzilishi turidan kelib chiqqan holda ekologik, agrotexnik, sanitar-gigiyenik, qurilish va boshqa meʼyorlar, standartlar va qoidalar talablariga toʻliq rioya qilinganligini va ushbu yerlardan keyinchalik maqsadli foydalanilishini;
e) ishchi loyihada yoki buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish shartlarida (shartnomada) belgilangan meliorativ, eroziyaga qarshi va boshqa tadbirlarning bajarilishi va sifatini.
34. Ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq rasmiylashtiriladigan rekultivatsiya qilingan yerlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi komissiya raisi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng obyekt qabul qilingan deb hisoblanadi va uning bir nusxasi yerlarni rekultivatsiya qilib topshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga beriladi.
8-bob. Rekultivatsiya qilingan yerlarni qabul qilish komissiyasining hamda yerlarni rekultivatsiya qilish tadbirini amalga oshirgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va majburiyatlari
35. Komissiyaning huquq va majburiyatlari.
Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish tadbirining borishi va sidirib olingan unumdor tuproq qatlamini saqlash joyiga joylashtirilishini taʼminlash va nazorat qilish;
ushbu Nizomning 33-bandida keltirilgan jarayonlarni oʻrganish;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar bilan tanishish;
buzilgan yerlarni tiklash ishlarini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar berish;
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlari toʻliq bajarilmaganda yoki ishchi loyihadan chetga chiqilganda va boshqa hollarda qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida takliflar kiritish.
Komissiyaga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
yer resurslarini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya qilish;
rekultivatsiya qilingan yerlarni topshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslardan yozma xabarnoma kelib tushganidan soʻng oʻn ish kuni ichida joyiga chiqqan holda rekultivatsiya qilingan yerlarni qabul qilib olish.
Jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish boʻyicha tavsiyalar olish uchun komissiyaga murojaat qilish;
amaliy va nazariy salohiyatga va tajribaga ega boʻlganda ishchi loyihani mustaqil ravishda ishlab chiqish va ekspertizaga taqdim etish;
ishchi loyihani ishlab chiqish va uni ekspertizadan oʻtkazish uchun shartnoma tuzish.
Jismoniy va yuridik shaxslarga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 40-moddasida belgilangan majburiyatlarga rioya etish;
rekultivatsiya qilingan yerlarni topshirishda komissiyaga ushbu Nizomning 32-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim qilish;
komissiya ishida ishtirok etish.
9-bob. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlarini moliyalashtirish
36. Ishchi loyihani ishlab chiqish va buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish tadbiri yerning buzilishiga sababchi boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxslarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
37. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish va unumdorligi past boʻlgan yerlarni avval sidirib olingan unumdor tuproq qatlami bilan qoplash tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi bilan kelishilgan ishchi loyiha va loyiha-smeta hujjatlari asosida belgilanadi va amalga oshiriladi.
38. Jismoniy yoki yuridik shaxslar buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish va unumdorligi past yerlarni avval sidirib olingan unumdor tuproq qatlami bilan qoplash tadbirlarini amalga oshirish uchun pudrat tashkilotlarini jalb qilishi mumkin.
Bunda rekultivatsiya qilingan yerlar komissiya tomonidan qabul qilinadi va qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuziladi.
Bajarilgan ishlar uchun yakuniy haq toʻlash aniqlangan kamchilik va nuqsonlar toʻliq bartaraf etilganidan soʻng amalga oshiriladi.
10-bob. Buzilgan yerlarni hisobga olish
39. Tuproq qatlamini buzish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshiradigan yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ularning hisobini yuritadi va yil yakunida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish toʻgʻrisida “6-yeko” shakldagi davlat statistika hisobotini rasmiylashtiradi va uni mahalliy statistika organlariga taqdim qiladi.
Jadvallar va byulletenlar koʻrinishidagi jamlanma statistika maʼlumotlari (qogʻoz yoki elektron koʻrinishda) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda foydalanuvchilarga yetkaziladi.
(39-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
40. Jismoniy shaxslar komissiyaga tuproqning unumdor qatlamini buzish bilan bogʻliq ishlar toʻgʻrisida maʼlumotni taqdim qiladi.
41. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan buzilgan yerlarni hisobga olish maʼlumotlariga aniqlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan monitoring yuritiladi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
42. Buzilgan yerlarni oʻz vaqtida va sifatli rekultivatsiya qilish va uning unumdorligini tiklash, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish boʻyicha nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
43. Tuproq qatlamini buzish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirganlik va buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish tadbirlarini bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zarar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlanadi yoki jabrlangan tomonning yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Tabiat resurslari vazirligining daʼvolari boʻyicha sud tartibida undiriladi.
44. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Buzilgan yerlarni oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha
___________________________________________________________ tarkibidagi komissiya ___________________ viloyati _________________tumani _________________ hududidagi buzilgan va ularga tutash yerlarni koʻzdan kechirdi.
Koʻzdan kechirish natijasida quyidagilar aniqlandi:
1. Maydoni ___________ gektar boʻlgan yer maydoni ________________________da joylashgan va qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydi.
2. Buzilgan yerlarga tutash boʻlgan yerlardan __________________________________ ______________________________maqsadida foydalaniladi va quyidagi agrotexnik koʻrsatkichlarga ega ____________________________________________________________
3. Buzilgan yerlarning toifasi ____________________________ va uning tavsifi _____________________________________________________________________________
4. Mavjud sugʻorish, kollektor-drenaj tarmoqlari va gidrotexnik inshootlarning texnik holati ________________________________________________________________
5. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun ______________________________
__________________________________________________ yer uchastkalarining potensial unumdor jinslaridan va tuprogʻining unumdor qatlamidan foydalanish mumkin.
6. Yerdan foydalanuvchining tushuntirishlari _______________________________
Oʻrganish natijalariga koʻra komissiya qaror qiladi:
1. Buzilgan yerlardan foydalanishni _______________________________________
_____________________________________ qishloq xoʻjaligi ekinlari uchun loyihalash.
2. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishni texnik bosqichining quyidagi umumiy yoʻnalishini nazarda tutish ____________________________________________________
3. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish uchun ______________________________
___________________________________________ yer uchastkalarining potensial unumdor jinslari va tuprogʻining unumdor qatlamidan foydalanish.
4. Suv xoʻjaligi qurilishi boʻyicha quyidagi umumiy chora-tadbirlarni nazarda tutish _______________________________________________________________________
5. Biologik rekultivatsiyaning quyidagi muddatini belgilash _________________
6. Biologik rekultivatsiya davrida tuproq unumdorligini tiklash uchun ishchi loyihada dukkakli va boshoqli don ekinlarining quyidagi turlarini nazarda tutish ___
Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
13. Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilishning texnik bosqichi ishlarini ______ _____________________________________ amalga oshiradi, rekultivatsiyaning biologik bosqichini ___________________________________amalga oshiradi.
14. Loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish manbai ________________________
15. Ishchi loyiha _____ nusxada ishlab chiqilsin, shu jumladan ________ nusxasi buyurtmachiga loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish jadvalida belgilangan muddatlarda topshirilsin.
Topshiriq ___________________________________________tomonidan tuzildi.
Ilovalar:
1. Yer uchastkasining qishloq xoʻjaligi xaritasidan koʻchirma;
2. Qurilish tashkilotining belgilangan shakldagi maʼlumotnomasi;
3. Qurilish tashkilotida asosiy qurilish mashinalari va mexanizmlarining mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
“Tasdiqlayman”
______________________________
tuman (shahar) hokimi,
Buzilgan yerlarni rekultivatsiya
qilish masalalarini koʻrib chiqish
komissiyasi raisi
Rekultivatsiya qilingan yerlarni topshirish-qabul qilish
DALOLATNOMASI
20__ yil “___” _________
___________________________
(tuzilgan joyi)
Ushbu dalolatnoma Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish masalalarini koʻrib chiqish komissiyasi raisi (oʻrinbosari)ning 20__ yil “___” ____________ dagi _____-son farmoyishiga muvofiq tayinlangan komissiya (yerlarni topshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxsning vakili (fuqaro) va qabul qiluvchi, buzilgan yerlarni rekultivatsiyasini amalga oshirgan pudrat tashkilotlari, loyiha tashkiloti mutaxassislari, ekspertlar va boshqalar): ______________________________________ ishtirokida tuzildi.
1. Taqdim etilgan hujjat va materiallar: ________________________________
______________________________________________________________ koʻrib chiqildi.
2. Belgilangan ____________________________________________ ishlar amalga
(tuproq qatlamini buzish bilan bogʻliq ish turlari)
oshirilganligi joyiga chiqqan holda koʻzdan kechirildi va zarur boʻlgan nazorat oʻlchovlari amalga oshirildi: ___________________________________________________________
(rekultivatsiya qilingan yer uchastkasi maydoni)
3. 20__ yil ________dan 20__ yil _________gacha boʻlgan davr mobaynida quyidagi ishlar amalga oshirilganligi aniqlandi: _______________________________
Barcha ishlar tasdiqlangan ishchi loyihaga muvofiq amalga oshirilib, _____ gektar yer maydoni rekultivatsiya qilingan.
4. Komissiya qaror qiladi:
a) ______ gektar rekultivatsiya qilingan yerlarni kelgusida ___________________ maqsadlarida foydalanish uchun (qisman yoki toʻliq) qabul qilinsin;
b) tuproq unumdorligini tiklash muddati kechiktirilsin yoki ishchi loyihada nazarda tutilgan yerlardan maqsadli foydalanishni oʻzgartirish haqida taklif kiritilsin (sababi koʻrsatilgan holda).
Rekultivatsiya qilingan yerlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi uch nusxada tuziladi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng bir nusxasi komissiyada saqlash uchun qoldiriladi, ikkinchi nusxasi rekultivatsiya qilingan yerni topshirgan jismoniy yoki yuridik shaxsga, uchinchi nusxasi rekultivatsiya qilingan yerni qabul qilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxsga topshiriladi.
Komissiya aʼzolari:
___________
_________________
__________
(F.I.O.)
(lavozimi)
(imzosi)
___________
_________________
__________
(F.I.O.)
(lavozimi)
(imzosi)
___________
_________________
__________
(F.I.O.)
(lavozimi)
(imzosi)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y., 09/23/169/0236-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)