toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida imtiyozlarni qo‘llash, shuningdek, ushbu loyihalar doirasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplab berish uchun mablag‘lar ajratilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-599-son Qonuni 6-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha 2020-yil 1-iyulga qadar ma’qullangan, to‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlarining mablag‘lari (qarzlari, kreditlari) hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga, shuningdek, ularni olib kirishga qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i solinmasligi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda — XMI/XHMT) mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash;
loyihalar doirasida qarz Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan bo‘lsa, tovarlarni olib kirish va tovarlarni (xizmatlarni) sotib olishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash;
Davlat budjetidan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash uchun mablag‘ ajratilgunga qadar loyihani amalga oshirish (muvofiqlashtirish) guruhi yoki ijro agentligiga 120 kun muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘ini kechiktirib to‘lash huquqini berish;
XMI/XHMTning mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan va olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplab berish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi to‘liq yoki qisman XMI/XHMTning mablag‘lari hisobidan sotib olinadigan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash uchun har yili O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida zarur mablag‘lar nazarda tutilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi to‘liq yoki qisman XMI/XHMTning mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shilgan qiymat solig‘i qoplab berilishini nazarda tutuvchi elektron axborot tizimiga bir oy muddatda o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-aprel,
167-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-apreldagi 167-son qaroriga
ILOVA
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom to‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda — XMI/XHMT) mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar (keyingi o‘rinlarda — loyiha) doirasida yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash hamda soliqqa tortish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bosh pudratchi — loyiha doirasida ishlarni bajaruvchi yuridik shaxs (O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti);
loyihani amalga oshirish (muvofiqlashtirish) guruhi (keyingi o‘rinlarda — loyiha guruhi) — belgilangan tartibda loyihani amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida loyiha tashabbuskori tomonidan tuziladigan bo‘linma (tashkilot);
loyiha tashabbuskori (buyurtmachi) — loyihani amalga oshirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqan davlat organlari, budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar;
loyiha qatnashchilari — loyiha tashabbuskori (buyurtmachi), bosh pudratchi, subpudratchilar, loyiha guruhi va ijro agentligi;
ijro agentligi — loyihani amalga oshirish uchun mas’ul tashkilot (tashkilotlar).
Oldingi tahrirga qarang.
3. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash uchun bojxona rasmiylashtiruvida bojxona organlariga ijro agentligining loyiha qatnashchilari tomonidan import qilingan tovarlar HMI/HXMT mablag‘lariga xarid qilinganligi (yoki xarid qilinishi) hamda tovarlarning loyihada foydalanish uchun olib kirilganligi to‘g‘risida tasdiqnomasi taqdim etiladi.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda import qilingan tovarlardan loyiha doirasida foydalanilmagan taqdirda, qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan tartibda undirib olinadi;
(3-band O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
To‘liq yoki qisman HMI/HXMT mablag‘laridan qo‘shilgan qiymat solig‘ini (keyingi o‘rinlarda — QQS) qoplash uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4. “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-599-son Qonuni 6-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar:
2020-yil 1-iyulga qadar XMI/XHMT direktorlari kengashi tomonidan ma’qullangan loyihalar doirasida yuridik shaxslar (loyiha qatnashchilari) tomonidan yetkazib beruvchilardan (xizmatlarni ko‘rsatuvchilardan) sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga, shuningdek, ularni olib kirishda qo‘llaniladi;
qarz shartnomalarida imtiyoz mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, to‘liq yoki qisman XMI/XHMT tomonidan amalga oshiriladigan barcha loyihalarga tatbiq qilinadi;
2020-yil 1-iyulga qadar XMI/XHMT direktorlari kengashi tomonidan ma’qullangan loyihalar bo‘yicha soliq imtiyozi ushbu loyihalarni amalga oshirish muddati tugagunga qadar amal qiladi.
5. 2020-yil 1-iyuldan keyin XMI/XHMT direktorlari kengashi tomonidan ma’qullangan loyihalar doirasida:
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti (keyingi o‘rinlarda — Davlat budjeti) mablag‘lari hisobidan qoplanadigan loyihalar bo‘lganda, qarz oluvchilarga QQSni to‘lash uchun Davlat budjetidan ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarda keltirilgan sxemalarga muvofiq mablag‘lar ajratiladi. Bunda loyiha doirasida sotib olingan (import qilingan) tovarlar (xizmatlar) qiymati KQS hisobga olinmagan holda HMI/HXMT mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanmaydigan loyihalar bo‘lganda, QQS uchun to‘lovlar qarz oluvchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
2-bob. Loyihalar doirasida qarzdorlik Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan bo‘lganda, tovarlarni olib kirish va tovarlar (xizmatlar)ni sotib olishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash tartibi
6. Loyihalar doirasida tovarlarni o‘z ehtiyojlari uchun import qilishda QQSni to‘lash bo‘yicha majburiyat loyiha guruhi yoki ijro agentligida yuzaga kelgan taqdirda, QQSni to‘lash uchun mablag‘lar Davlat budjetidan ajratiladi.
Bunda Davlat budjetidan QQSni to‘lash uchun mablag‘ ajratilgunga qadar loyiha guruhi yoki ijro agentligiga QQS to‘lanishini ta’minlamasdan hamda QQSni kechiktirib to‘lash imkoniyati berilganligi uchun foizlar hisoblamasdan 120 kun muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘ini kechiktirib to‘lash huquqi beriladi.
7. Tovarlarni o‘z ehtiyojlari uchun import qilishda QQSni to‘lashga Davlat budjetidan mablag‘lar ajratilishi uchun loyiha guruhi yoki ijro agentligi ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda ariza to‘ldiradi.
Bunda ariza bojxona yuk deklaratsiyasining raqami ko‘rsatilgan holda soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali soliq organiga yuboriladi.
8. Soliq organi ariza kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunida ma’lumotlarni, shu jumladan, bojxona yuk deklaratsiyasini soliq va bojxona organlari o‘rtasidagi o‘zaro elektron ma’lumot almashish tizimidan foydalangan holda tekshiradi.
Tekshirish natijasiga ko‘ra:
QQSni to‘lash uchun Davlat budjetidan mablag‘larning to‘liq yoki qisman ajratilishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani (keyingi o‘rinlarda — xulosa) kontragent QQSning budjetga yo‘naltirganiga qarab rasmiylashtiradi va elektron shaklda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasining elektron axborot tizimi orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda — G‘aznachilik) yuboradi;
bosh pudratchining kontragenti unga to‘lab berilgan QQS summasini budjetga to‘lamagan taqdirda, soliq organlari kontragentlarning QQS qarzdorligi to‘g‘risida xabarnomani soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda bir kun ichida bosh pudratchiga yuboradi.
9. G‘aznachilik soliq organining xulosasini olgan kundan boshlab uch ish kunida mablag‘larni tovarlarni import qilishda QQSni to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan bank hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
10. Tovarlarni (xizmatlarni) sotib olishda ushbu tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchilar yoki bosh pudratchi loyiha guruhi yoxud ijro agentligiga loyiha doirasida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni QQSni hisobga olgan holda elektron hisobvaraq-fakturalar (yoki o‘rnini bosadigan hujjatlar) bilan tovarlar (xizmatlar) yetkazilgandan so‘ng uch kundan kechiktirmay taqdim etadi.
Bunda agar birinchi bosqichda loyihani boshlash jarayonida loyiha guruhi yoki ijro agentligiga yoxud pudrat tashkilotiga bo‘nak mablag‘lar ajratilgan taqdirda, ajratilgan mablag‘larga QQS to‘lovlarini to‘lashga mablag‘ so‘rab ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda QQSni to‘lash uchun Davlat budjetidan mablag‘lar ajratilishi to‘g‘risida shaxsiy kabineti orqali soliq organiga ariza yuboradi.
Bo‘nak sifatida QQS to‘lashga berilgan mablag‘lar budjetga to‘liq to‘lanishiga loyiha guruhi yoki ijro agentligi javob beradi. Bo‘nak sifatida berilgan mablag‘lar to‘liq budjetga yuborilgandan so‘ng loyiha guruhi yoki ijro agentligi ularning to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar (hisobvaraq-fakturalar) bilan ma’lumotlarni soliq organlariga yuboradi.
11. Loyiha guruhi yoki ijro agentligi bosh pudratchi yoki tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchilar tomonidan ushbu Nizomning 10-bandiga muvofiq taqdim etilgan ma’lumotlarni asoslantirilganligini o‘rganib chiqadi va uch ish kunida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali soliq organiga ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda QQSni to‘lash uchun Davlat budjetidan mablag‘larning ajratilishi to‘g‘risida ariza yuboradi.
Bunda QQSni to‘lash uchun Davlat budjeti mablag‘larining ajratilishi yuzasidan taqdim qilingan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javobgarlik loyiha guruhi yoki ijro agentligi hamda bosh pudratchiga yuklanadi.
12. Soliq organi arizani ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan tartibda tekshirgan holda bir ish kunida G‘aznachilikka yuboradi.
Bunda loyiha guruhi yoki ijro agentligi o‘z ma’muriy ehtiyojlari uchun loyiha doirasida sotib olinadigan tovarlar bo‘yicha to‘langan QQSni qoplash uchun yuborilgan arizani taqdim qilishda ularning QQS soliq to‘lovchisi bo‘lishi talab qilinmaydi.
13. G‘aznachilik soliq organining xulosasini olgan kundan boshlab uch ish kunida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha QQSni to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan bank hisobvarag‘iga mablag‘larni o‘tkazib beradi.
3-bob. Yakunlovchi qoida
14. Ushbu Nizom qoidalarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
To‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida qarz Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan loyihalar bo‘lganda, tovarlarni olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash
SXEMASI

Bosqich

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Loyihani amalga oshirish guruhi yoki ijro agentligi (loyiha ishtirokchilari bilan shartnoma tuzgan)

Tovarlarni o‘z ehtiyojlari uchun import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga Davlat budjetidan mablag‘lar ajratilishi uchun loyihani amalga oshirish guruhi yoki ijro agentligi belgilangan shaklda arizani rasmiylashtiradi va soliq organiga shaxsiy kabinet orqali taqdim qiladi.

Soliqni to‘lash majburiyati yuzaga kelganda

2-bosqich

Soliq organi

 

Soliq organi ariza kelib tushgan kundan boshlab ma’lumotlarni, shu jumladan, bojxona yuk deklaratsiyasini soliq va bojxona organlari o‘rtasidagi o‘zaro elektron ma’lumot almashish tizimidan foydalangan holda tekshiradi.

Uch ish kunida

3-bosqich

Soliq organi

Tekshirish natijalariga ko‘ra arizani Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasiga yuboradi.

Tekshirish muddati davomida

4-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi

Soliq organining xulosasini olgan kundan boshlab mablag‘larni tovarlarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan bank hisobvarag‘iga o‘tkazadi.

Uch ish kunida

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
To‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida qarz Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan loyihalar bo‘lganda, tovarlar (xizmatlar)ni sotib olishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash
SXEMASI

Bosqich

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Loyihani amalga oshirish guruhi yoki ijro agentligiga tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchilar (shu jumladan, bosh pudratchi)

Tovarlarni (xizmatlarni) sotib olishda loyihani amalga oshirish guruhi yoki ijro agentligiga loyiha doirasida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) hajmlari to‘g‘risida ma’lumotlarni qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda elektron hisobvaraq-fakturalar (yoki o‘rnini bosadigan hujjatlar) bilan taqdim etadi.

Hisobot oyi yakunlanganidan keyin uch kundan kechiktirmay

2-bosqich

Loyihani amalga oshirish guruhi yoki ijro agentligi (loyiha ishtirokchilari bilan shartnoma tuzgan)

Bosh pudratchi yoki tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchilar tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlar asoslantirilganligini o‘rganib chiqadi va soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali soliq organiga belgilangan shaklda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash uchun Davlat budjetidan mablag‘larning ajratilishi to‘g‘risida arizani yuboradi.

Uch ish kunida

3-bosqich

Soliq organi

Tekshirish natijalariga ko‘ra arizani Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasiga yuboradi.

Tekshirish muddati davomida

4-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi

Soliq organining xulosasini olgan kundan boshlab sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha QQSni to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan bank hisobvarag‘iga mablag‘larni o‘tkazib beradi.

Uch ish kunida

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
To‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida qarz Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan loyihalar bo‘lganda, tovarlarni olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash uchun
ARIZA

davr (oy/chorak)

so‘m

T/r

Moliyalashtirish uchun asos bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat raqami va sanasi

Tashkilot nomi

Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami

Bojxona yuk deklaratsiyasi raqami

Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi

Bojxona qo‘mitasi hisobvarag‘i

MFO

Bank nomi

1.

2.

...

Loyihani amalga oshirish guruhi/

ijro agentligi rahbari

______________________________

202__ yil “___” ___________

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risida nizomga
4-ILOVA
To‘liq yoki qisman XMI/XHMT mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida qarz Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan loyihalar bo‘lganda, tovarlar (xizmatlar)ni sotib olishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash uchun
ARIZA

davr (oy/chorak)

so‘m

T/r

Moliyalashtirish amalga oshirish asos bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat raqami va sanasi

Tashkilot nomi

Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami

Bajarilgan ishlar hajmi

Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi

Tashkilotning bank hisobvarag‘i

MFO

Bank nomi

1.

2.

...

Loyihani amalga oshirish guruhi/

ijro agentligi rahbari

______________________________

202__ yil “___” ___________

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.04.2023-y., 09/23/167/0231-son; 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)