1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.11.00.00 Harbiy majburiyat / 15.11.03.00 Harbiy xizmatga chaqiruv;
2.15.00.00.00 Mudofaa / 15.12.00.00 Harbiy xizmat / 15.12.05.00 Harbiy xizmatdan bo‘shatish]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Harbiy xizmat. Muqobil xizmat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FUQAROLARNI MUDDATLI HARBIY XIZMATGA YIG‘ISh VA JO‘NATISh, ULARNI HARBIY QISMLARDA QABUL QILISh, ShUNINGDEK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUChLARI REZERVIGA BO‘ShATILGAN HARBIY XIZMATChILARNI YaShASh JOYLARIGA QAYTARISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarishni tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2009-yil 14-yanvardagi 10-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarishning samarali tashkil etilishini ta’minlash, shuningdek harbiy xizmat nufuzini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilarning:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining — fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga uyushgan holda yig‘ish va qo‘shinlarga tantanali vaziyatda jo‘natishni; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarning yashash joylarida tantanali ravishda kutib olinishini ta’minlash; muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishga joylashishda va oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda ko‘maklashish yuzasidan;
qo‘shinlar qismlari komandirlarining — muddatli harbiy xizmatga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni qo‘shinlarda qabul qilib olish bo‘yicha tantanali tadbirlarni o‘tkazish, ularni harbiy xizmat sharoitlariga ko‘niktirish; oziq-ovqat va kiyim-kechaklarning barcha turlari bilan ta’minlash, jangovar va ijtimoiy-siyosiy jihatdan samarali tayyorlash, ma’naviy, axloqiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan muddatli harbiy xizmatchilarni qo‘shinlar qismlaridan uyushgan holda kuzatib qo‘yish yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilab qo‘yilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (G‘ulomov Q.), Ichki ishlar vazirligi (Almatov Z.), Milliy xavfsizlik xizmati (Inoyatov R.) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablarining sifatli bajarilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (Nazirov F.) joylardagi tibbiy va muqobil komissiyalarning samarali ishlashini, chaqiriluvchilarning tibbiy tekshiruvdan sifatli va xolisona o‘tkazilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Obidov O.) mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, ularning egallagan harbiy va fuqarolik ixtisoslarini hisobga olgan holda ishga joylashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (Qosimov R.) Davlat test markazi (Ismoilov B.), tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar orasidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiradigan shaxslarni sifatli tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlasin;
oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abituriyentlarni test sinovlaridan o‘tkazishda muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hamda qo‘shinlar qismlari qo‘mondonligining belgilangan namunadagi tavsiyanomasini olishgan fuqarolar uchun ularga mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar berish tarzida qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni hisobga olsin.
7. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablarini bajarish bo‘yicha tadbirlarni mablag‘ bilan ta’minlashning davlat va mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobiga belgilangan tartibda amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. “O‘zteleradio” kompaniyasi (Ko‘chimov A.), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (Hazratqulov M.), O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (Alimov B.)ga Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablarini amalga oshirish tadbirlarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish tavsiya qilinsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Qosimov va S.T. Inomova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 15-mart,
84-son
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-martdagi 84-son qaroriga ILOVA
Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarish tartibini, davlat organlarining ushbu ishlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalarini belgilaydi.
2. Muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartibi va muddatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
II. Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish tartibi
3. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Birlashgan shtabi chaqiriluvchilarni harbiy qismlarga jo‘natishning umumiy jadvalini ishlab chiqadi. Chaqiriluvchilarni harbiy qismlarga jo‘natish jadvallari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ularga tegishli qismi bo‘yicha yetkaziladi.
4. Chaqiriluvchilarni qo‘shinlarga jo‘natish viloyat yig‘in punktlarida amalga oshiriladi. Chaqiriluvchilar viloyat yig‘in punktlariga mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan avtobuslarda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari hamrohligida tashkiliy ravishda va chaqiriluvchilarni jo‘natish jadvallarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
5. Chaqiriluvchilarning qo‘shinlarga jo‘natish uchun mudofaa ishlari bo‘limlariga kelish vaqti ularning viloyat yig‘ish manzillariga harbiy komandalarning harbiy qismlarga jo‘natilishidan kamida 4 soat oldin yetib kelishi hisobga olingan holda belgilanadi.
6. Chaqiriluvchilarni viloyat yig‘in punktlariga jo‘natishdan oldin mudofaa ishlari tuman bo‘limlari:
viloyat yig‘ish manziliga yuborilayotgan harbiy komandaga nomma-nom ro‘yxat tuzishi;
viloyat yig‘in punktlariga jo‘natilayotgan fuqarolarga harbiy guvohnomalar berishi va ulardan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalari va pasportlarini olib qo‘yishi shart.
7. Viloyat yig‘in punktida chaqiriluvchilar mudofaa ishlari bo‘limlari vakillaridan nomma-nom ro‘yxat bo‘yicha qabul qilish, qo‘shinlarni butlash uchun jo‘natilayotgan chaqiriluvchilar harbiy qismlarning vakillariga topshiriladi. Qo‘shinlarning vakillari (komandalarning boshliqlari) chaqiriluvchilarning hujjatlarini va harbiy tashuv hujjatlarini oladilar.
8. Mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari viloyat yig‘in punktlarida viloyat chaqiruv komissiyalarining qarorlari bilan muddatli harbiy xizmatga olingan chaqiriluvchilarga “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasiga muvofiq ular O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari muddatli xizmatiga yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilar ekanligini e’lon qiladi. Harbiy xizmatchilarga havo, temir yo‘l va avtomobil transporti qatnovi yo‘lida xavfsizlik choralari va xatti-harakat qoidalari bo‘yicha yo‘riqnomalar beriladi. Harbiy xizmatchilarga va ularning kuzatish uchun kelgan ota-onalariga muddatli harbiy xizmatni tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarorlari, muddatli harbiy xizmatchilarning huquqlari, vazifalari va imtiyozlari, qo‘shinlarning har xil turlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash xususiyatlari tushuntiriladi.
9. Harbiy xizmatchilarni qo‘shinlarga jo‘natish kunida viloyat yig‘in punktida tantanali kuzatish boshlangunga qadar ularga shaxsan foydalanish uchun sport kiyimi va belgilangan namunadagi poyabzal beriladi, ular bu buyumlarni muddatli harbiy xizmat tamom bo‘lgandan keyin o‘zlari bilan olib ketish huquqiga ega bo‘ladilar.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalari bilan birgalikda harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga jo‘natish jadvali olingandan keyin ularni qo‘shinlarga tantanali kuzatib qo‘yishni tashkil etish va amalga oshirish rejasi tuziladi.
Qo‘shinlarga yuborilayotgan harbiy xizmatchilarni tantanali kuzatib qo‘yish chaqiruv komissiyalarining raislari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining o‘rinbosarlari rahbarligida tashkil etiladi hamda hokimliklar, O‘zbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati, “Mahalla”, “Nuroniy” jamoat tashkilotlari, Xotin-qizlar qo‘mitasining vakillari, ota-onalar ishtirokida o‘tkaziladi.
Tantanali kuzatib qo‘yish mobaynida:
harbiy xizmatchilarni muddatli harbiy xizmatga jo‘natishga bag‘ishlangan miting o‘tkaziladi;
harbiy xizmatchilarga esdalik sovg‘alari topshiriladi;
tantanali kuzatib qo‘yish qatnashchilari va harbiy xizmatchilarga bayram tushligi tashkil etiladi;
ijodiy jamoalar va badiiy havaskorlar konserti namoyish qilinadi;
harbiy xizmatchilar ota-onalar, hokimliklar, mahalliy jamoatchilik vakillari bilan esdalik uchun suratga tushadilar.
11. Tantanali kuzatib qo‘yish tugallangandan keyin harbiy xizmatchilar xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari hamrohligida tashkiliy ravishda transportda xizmat joylariga jo‘natish uchun vokzallarga (aeroportlarga) yuboriladi.
Harbiy xizmatchilar harakat xavfsizligi shartlariga javob beradigan, yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan, texnik jihatdan tayyor transport vositalarida tibbiyot xodimlari hamrohligida xizmat joylariga yetkaziladi. Harbiy xizmatchilarni moslashtirilgan vagonlarda tashish qat’iyan taqiqlanadi.
12. Ommaviy axborot vakillari tomonidan harbiy xizmatchilarni qo‘shinlarga kuzatish bilan bog‘liq tantanali tadbirlarni keng yoritish tashkil etiladi.
III. Chaqiriluvchilarni harbiy qismlarda qabul qilish tartibi
13. Harbiy qo‘shilmalar va harbiy qismlarning komandirlari muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun kelgan harbiy xizmatchilarni vokzallar, aeroportlarda shaxsan kutib oladilar hamda ularning yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari hamrohligida bevosita harbiy qismlarga tashkiliy ravishda yetkazilishini amalga oshiradilar.
14. Harbiy qismlarda yangidan chaqirilgan harbiy xizmatchilarni kutib olish munosabati bilan:
shaxsiy tarkibni hammomda yuvintirish va harbiy xizmatchilarga harbiy kiyim-kechak kiydirish;
harbiy qismlarning komandirlari, hokimliklar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida qismga harbiy xizmatchilar kelganligiga bag‘ishlangan tantanali mitinglar o‘tkazish;
bayram tushligi tashkil etiladi.
15. Qismlarning komandirlari tomonidan harbiy xizmatchilar bo‘linmalarda bo‘lgan dastlabki o‘n kunda:
yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tibbiy tadbirlar kompleksi (dastlabki tibbiy ko‘riklar, profilaktik emlash va sanitariya ko‘rigi), sanitariya madaniyati darajasini oshirish tadbirlari (shaxsiy va jamoat gigiyenasi qoidalariga rioya qilish);
chaqiriluvchilarning ma’naviy-ruhiy sifatlarini o‘rganish, chaqiriluvchilarni takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
jamoatchilikni jalb etgan holda joylarda “Sen xizmat qilayotgan o‘lka” rukni ostida mavzuli tadbirlar o‘tkaziladi. Bunday tadbirlar davomida harbiy xizmatchilarga viloyat, tuman, shaharning tarixi, iqtisodiy sohadagi muvaffaqiyatlar va yutuqlar, viloyat, tuman, shaharning taniqli kishilari haqida hikoya qilinadi. Harbiy qismning tashkil etilishi tarixi, uning an’analari hamda jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik borasida erishgan yutuqlari bilan tanishtiriladi;
qismdagi qurol-yarog‘lar va texnika harbiy xizmatchilarga namoyish qilinadi;
shaxsiy tarkib Harbiy qasamyodni, umumqo‘shin ustavlarini, muddatli harbiy xizmatni o‘tash masalalari bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlari qoidalarini o‘rganadi;
muddatli harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun belgilangan huquq va majburiyatlar, ashyolar va pul, ovqat bilan ta’minlash normalari, tibbiy va hammom-kir yuvish xizmatlari tartibi ma’lum qilinadi.
16. Harbiy xizmatchilarni jismoniy yuklamalarga moslashtirish maqsadida harbiy qismlar va bo‘linmalarning komandirlari, harbiy-tibbiy xizmatlar mutaxassislarining doimiy nazorati ostida:
ertalabki badantarbiyani amalga oshirish jarayonida shaxsiy tarkibni chiniqtirish va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha rejali mashg‘ulotlar;
harbiy xizmatchilarning yuklamalarga yakka tartibda jismoniy va ruhiy chidamliligini, ularning harbiy xizmatchilar organizmiga ta’siri darajasini aniqlash;
harbiy xizmatchilarni bo‘linmalarda shtatdagi lavozimlar bo‘yicha taqsimlash haqidagi qarorlarni aniqlashtirish;
harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy mutaxassisliklar sifatli o‘zlashtirib olinishiga, jismoniy va axloqiy kamol topishiga, maqsadli xarakter, Vatanga muhabbatga va uning himoyasi uchun tayyor turishga asoslangan qat’iy hayotiy nuqtayi nazar shakllanishiga yo‘naltirilgan muddatli harbiy xizmatchilarni jangovar va ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy va vatanparvarlik ruhida samarali tarbiyalashni ta’minlash bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.
IV. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni jo‘natish tartibi
17. Muddatli harbiy xizmatchilarni rezervga bo‘shatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni harbiy xizmatdan bo‘shatish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga navbatdagi chaqiruv to‘g‘risidagi qarori chiqqandan keyin harbiy okruglar shtablari Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari birlashmalari shtablari, Ichki ishlar vazirligi ichki va qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘shilmalari hamda qismlari bilan birgalikda okrug qo‘shinlari uchun yagona harbiy xizmatchilarni rezervga bo‘shatish rejasini ishlab chiqadilar.
19. Harbiy qismlar komandirlari mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda harbiy xizmatchilarning harbiy qism bilan tantanali xayrlashuvini ta’minlaydilar, xayrlashuv davomida:
muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga jo‘natishga bag‘ishlangan mitinglar;
rezervga bo‘shatilgan, jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik a’lochilari bo‘lgan harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomalarini topshirish;
rezervga bo‘shatilayotgan harbiy xizmatchilarga yordam puli berish;
esdalik sovg‘alari topshirish;
harbiy xizmatchilarning qism qo‘mondonligi bilan esdalik uchun suratga tushishi;
bayram tushligi tashkil etiladi.
20. Harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligining harbiy qismlaridan, Milliy xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlaridan, Ichki ishlar vazirligining ichki va qo‘riqlash qo‘shinlaridan, keyinchalik yashash joylariga jo‘natish uchun xavfsizlik choralariga rioya etgan holda belgilangan muddatlarda vokzallarga (aeroportlarga) yetkaziladi.
21. Rezervga bo‘shatilayotgan harbiy xizmatchilarga harbiy guvohnoma va hisobga olish-xizmat qilish kartochkasi beriladi.
V. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni kutib olish tartibi
22. Rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni tantanali kutib olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan joylardagi mudofaa ishlari boshqarmalari bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etiladi.
Tantanali kutib olish davomida:
rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni kutib olishga bag‘ishlangan mitinglar o‘tkaziladi, mitingda hokimliklar, jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilarning ota-onalari ishtirok etadilar;
ijodiy jamoalar va badiiy havaskorlar konserti uyushtiriladi;
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining joylardagi organlari vakillari chiqishlari o‘tkaziladi, bunday chiqishlarda harbiy xizmatchilarga va ularning ota-onalariga ishga joylashtirish va kasbga o‘qitish yuzasidan ma’lumot beriladi, tegishli esdaliklar topshiriladi;
ommaviy axborot vositalarida rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni kutib olish bo‘yicha tantanali tadbirlar yoritiladi.
Tantanali tadbirlar tamom bo‘lgandan keyin zaxiraga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar xavfsizlik choralariga rioya etilgan holda tashkiliy tartibda transportda yashash joylariga yetkaziladi.
VI. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalari
23. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar boshqa teng shartlarda (ta’lim, kasb malakasi va boshqalar) davlat muassasalari, tashkilotlari va korxonalariga ishga qabul qilishda mardlikning armiya maktabidan o‘tgan va vatanparvarlik tarbiyasi singdirilgan,harbiy tayyorgarlik ko‘rgan va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan mamlakatning eng faol va tayyorlangan kadrlar zaxirasi hisoblangan shaxslar sifatida ustunlik huquqidan foydalanadilar.
24. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning hududiy organlari “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:
muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni ishga joylashtirishni va kasbga o‘qitishni;
muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishiga qodir bo‘lmagan va ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan shaxslar uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda tashkil etilayotgan qonun hujjatlarida belgilangan ish joylarining eng kam (kvota) soniga ishga joylashtirishni;
fuqarolarning ko‘rsatib o‘tilgan toifasini ishga joylashtirish va ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlari faoliyati nazorat qilinishini;
(24-bandning to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 8-maydagi 95-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 19-20-son, 195-modda)
muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar bilan ularning mehnat huquqlari va ishga joylashishini tushuntirish bo‘yicha shaxsan ish olib borilishini;
mudofaa ishlari bo‘limlarining rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar ishga joylashtirilishi va ijtimoiy muhofaza qilinishi to‘g‘risida belgilangan muddatlarda xabardor qilinishini;
rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni ishga joylashtirish yuzasidan olib borilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etilishini ta’minlaydilar.
25. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Davlat test markazi, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolardan bo‘lgan shaxslarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga sifatli tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi;
oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlari o‘tkazish davomida muddatli harbiy xizmat davomida jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlikda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan va Harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalarini olgan fuqarolar uchun eng ko‘p to‘plash mumkin bo‘lgan ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar tarzidagi qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni hisobga oladi;
harbiy qismlarning qo‘mondonligi tavsiyalari bo‘yicha rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi uchun zarur shart-sharoitlarni tashkil etish bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
26. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobga olishni amalga oshiradi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 10-11-son, 74-modda; 2007-y., 19-20-son, 195-modda)