toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikadagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim krediti ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 12-avgustdagi PQ-350-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 12-avgustdagi PQ-350-son qaroriga muvofiq nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim krediti ajratish tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim krediti ajratish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tomonidan har yili besh ming nafargacha axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan yoshlarga taʼlim kreditlari ajratish uchun tijorat banklariga depozit mablagʻlari joylashtirish;
taʼlim kreditlarini bazaviy hisoblash miqdorining 65 baravarigacha miqdorda Markaziy bankning asosiy stavkasida bir yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga ajratish;
Oldingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari boʻlgan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish boʻyicha ajratilgan kreditlar uchun garov va kafillik talab etmaslik;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Jamgʻarma tomonidan axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun taʼlim krediti ajratishda tijorat banklariga qoʻyiladigan muvofiqlik mezonlarini belgilash.
3. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda taʼlim kreditlari, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun taʼlim krediti ajratishning yangi tartibini va uning ijtimoiy ahamiyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev hamda raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-fevral,
79-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-fevraldagi 79-son qaroriga
ILOVA
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim krediti ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi oʻrinlarda — IT-park) rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida yoshlarning (oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar) tahsil olishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom qoidalari tijorat banklari tomonidan Jamgʻarma mablagʻlaridan tashqari boshqa manbalar hisobidan beriladigan taʼlim kreditlariga, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasidan boshqa oʻquv kurslari uchun ajratiladigan taʼlim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Taʼlim kreditlarini berish tijorat banklari tomonidan ularning qaytarilishi, toʻlovliligi, muddatliligi va ulardan maqsadli foydalanish shartlari asosida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
Jamgʻarma tomonidan har yili besh ming nafargacha axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan yoshlarga taʼlim kreditlari ajratish uchun tijorat banklariga depozit mablagʻi joylashtiriladi.
3. Taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 65 baravarigacha boʻlgan miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatgacha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — kredit oluvchi) ajratiladi.
Bunda:
axborot texnologiyalari sohasida taʼlim beruvchi rezident tashkilotlar reyestri IT-park tomonidan elektron axborot tizimi shaklida yuritiladi hamda uning toʻgʻri yuritilishi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan nazorat qilinadi;
kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari yoki boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida taʼlim krediti shartnomasida qatnashishlari mumkin.
4. Taʼlim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va toʻlash IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga mablagʻlar oʻtkazilgan sanadan boshlab, asosiy qarzni qaytarish esa taʼlim krediti ajratilgan sanadan 1 yildan soʻng 3 yil davomida amalga oshiriladi.
2-bob. Tijorat banklariga qoʻyiladigan muvofiqlik mezonlari va taʼlim krediti uchun ularga depozit mablagʻlarini joylashtirish tartibi
5. Jamgʻarma tomonidan taʼlim kreditlari uchun depozit mablagʻlarini joylashtirishda tijorat banklariga nisbatan quyidagi muvofiqlik mezonlari belgilanadi:
tijorat bankida taʼlim kreditlarini ajratish yuzasidan aniq belgilangan ichki tartibning mavjudligi;
tijorat banki “Fitch Ratings” yoki “Standard & Poorʼs” reyting agentliklarining “V” reytingidan yoki “Moodyʼs Investors Service” reyting agentligining “V2” reytingidan past boʻlmagan darajada uzoq muddatli kredit reytingiga ega boʻlishi;
oxirgi uch yillik moliyaviy hisobotlar boʻyicha auditorlik tashkiloti ijobiy xulosasining mavjudligi. Agar tijorat banki uch yildan kam muddat faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, tijorat bankining faoliyat yuritgan yillar uchun moliyaviy hisobotlari boʻyicha auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasi mavjud boʻlishi;
tijorat bankining regulyativ kapitali 500 milliard soʻmdan kam boʻlmasligi;
tijorat banki Davlat budjeti mablagʻlari, shu jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan depozit mablagʻlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikka ega boʻlmasligi;
Markaziy bank tomonidan belgilangan prudensial normativlar buzilganligi sababli unga nisbatan taʼlim krediti berilishiga toʻsqinlik qiluvchi amaldagi chora va sanksiyalar mavjud boʻlmasligi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni murojaat etuvchi tijorat banklaridan, mazkur bandning yettinchi xatboshisida keltirilgan maʼlumotlarni Markaziy bankdan belgilangan tartibda soʻrab oladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tijorat banklarining muvofiqlik mezonlariga mos kelishini baholashda Markaziy bankdan ularning moliyaviy holati toʻgʻrisidagi qoʻshimcha axborotni soʻrab olishi mumkin.
6. Tijorat banklari ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat va maʼlumotlarni Jamgʻarmaga taqdim etadi.
Taqdim etilgan hujjat va maʼlumotlar Jamgʻarma tomonidan besh ish kunida ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan oʻrganiladi.
Belgilangan mezonlarga muvofiq deb topilgan tijorat banklari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida taʼlim kreditlari uchun depozit mablagʻlarni joylashtirish yuzasidan 1 yil muddatga Bosh bitim (keyingi oʻrinlarda — Bosh bitim) tuziladi.
Bunda ushbu muddat mobaynida tomonlarda Bosh bitimda koʻzda tutilgan shartlar boʻyicha eʼtirozlar yuzaga kelmagan taqdirda, Bosh bitimning muddati avtomatik tarzda kelgusi moliya yillari uchun uzaytirilgan deb hisoblanadi.
Jamgʻarma tomonidan ushbu Nizom doirasida joylashtirilgan depozit mablagʻlar tijorat bankining birinchi darajali regulyativ kapitalidan oshib ketmasligi lozim.
7. Tijorat banklari ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq emas deb topilganda, ular bilan Bosh bitim tuzishni rad etish haqida yozma tarzda xabardor qilinadi.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi doimiy ravishda ushbu Nizom doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan Bosh bitim tuzgan tijorat banklarining roʻyxatini oʻzining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib boradi.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tijorat banklariga taʼlim kreditlari ajratish uchun 4 yildan koʻp boʻlmagan muddatga depozit mablagʻlarni joylashtiradi.
10. Bosh bitimda kelishilgan shartlar asosida tijorat banklari tomonidan taʼlim krediti olish istagini bildirgan kredit oluvchilar reyestri shakllantiriladi va ushbu reyestrlar asosida taʼlim krediti uchun depozit mablagʻlarni olish maqsadida Jamgʻarmaga buyurtmanoma taqdim qilinadi.
Tijorat banklari tomonidan kredit oluvchining taʼlim kreditiga boʻlgan talabini oʻz vaqtida qondirish maqsadida tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan ushbu Nizomda belgilangan shartlarda ajratilgan taʼlim kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan depozit mablagʻlar hisobidan qayta moliyalashtirilishi mumkin.
11. Jamgʻarma buyurtmanomalar tushgan kundan boshlab besh ish kunida tijorat banklari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida taʼlim krediti uchun depozit mablagʻlarni joylashtirish boʻyicha depozit shartnomasi imzolanib, ushbu mablagʻlar tijorat banklarining tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazib berilishini taʼminlaydi.
12. Jamgʻarma depozit mablagʻlarni tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past stavkada joylashtiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlari boʻlgan yoshlarga ajratilgan taʼlim kreditlari boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kredit tavakkalchiliklarini oʻzaro taqsimlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Bosh bitimga muvofiq tijorat banklariga joylashtirilgan mablagʻlarning 50 foizini Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklariga garov depoziti sifatida qoʻyish boʻyicha tijorat banki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida garov shartnomasi (keyingi oʻrinlarda — garov shartnomasi) tuziladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
3-bob. Taʼlim kreditini rasmiylashtirish va ajratish tartibi
14. Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
15. Kredit oluvchi taʼlim kreditini olish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) taʼlim krediti olish toʻgʻrisida ariza;
b) kredit oluvchi va IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt, ommaviy oferta) va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/faktura (mavjud boʻlganda);
Oldingi tahrirga qarang.
v) tijorat bankining kredit siyosati va ichki tartibiga muvofiq taʼlim krediti qaytarilishining taʼminoti boʻyicha hujjat. Bunda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari boʻlgan yoshlarga ajratiladigan taʼlim krediti boʻyicha garov va kafillik talab etilmaydi;
(15-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) Ijtimoiy reyestrga kiritilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari boʻlgan yoshlar uchun);
(15-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
d) bankning ichki hujjatlarida (siyosatida) belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli maʼlumot va hujjatlar.
16. Kredit oluvchi yuqoridagi hujjatlarni tijorat bankiga taqdim etish bilan bir vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni shaxsan koʻrsatadi. Tijorat banki taqdim etilgan hujjatlardan zarur koʻchirmalar va nusxalar olishga haqlidir.
17. Tijorat banklari kredit oluvchi tomonidan taʼlim krediti berishni soʻrab tijorat bankiga taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqishi va taʼlim krediti shartnomasini imzolashi yoki kredit berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ariza beruvchiga kredit berishning rad etilishi sababi koʻrsatilgan holda javob xati berishi lozim.
18. Taʼlim krediti shartnomasi kredit oluvchi tomonidan taqdim etilgan kredit oluvchi va IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkiloti oʻrtasidagi axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt)da koʻrsatilgan toʻlov summasigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 65 baravaridan koʻp boʻlmagan summaga tuziladi.
19. Qarz oluvchiga taʼlim krediti Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.
Bunda Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, depozit mablagʻlar va taʼlim krediti boʻyicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilgan taqdirda esa oʻzgarishsiz qoladi.
20. Tijorat banklari tomonidan taʼlim kreditini ajratish kredit oluvchining ssuda hisobvaragʻidan uning shaxsiy yozma topshirigʻi asosida kredit oluvchi va IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasidagi axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv kurslarida tahsil olish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) yoki hisob varaqasi/fakturada koʻrsatib oʻtilgan hisobvaragʻiga mablagʻ oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
4-bob. Taʼlim kreditini qaytarish va kredit monitoringini amalga oshirish tartibi
21. Asosiy qarz va foiz toʻlovlari kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) tomonidan taʼlim krediti shartnomasida koʻrsatilgan shartlarda toʻlanadi.
22. Kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) taʼlim krediti boʻyicha asosiy qarzni taʼlim krediti shartnomasida belgilangan muddatlardan oldin qaytarishga haqlidir.
Bunda tijorat banki kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi)dan taʼlim krediti boʻyicha asosiy qarzni taʼlim krediti shartnomasida belgilangan muddatlardan oldin qaytargani uchun komissiya yoki neustoyka olish taqiqlanadi.
23. Kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) taʼlim krediti boʻyicha foiz toʻlovlari va asosiy qarzni taʼlim krediti shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarmasa, tijorat banki taʼlim krediti boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklarni oʻzining ichki hujjatlariga asosan qaytarish choralarini koʻradi.
24. Kredit oluvchi taʼlim krediti boʻyicha asosiy qarzni va foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarmagan taqdirda, tijorat banki kredit shartnomasiga asosan muddati oʻtgan qarz boʻyicha neustoyka yoki boshqa turdagi jarima hisoblashi va ushbu neustoyka (jarima) summasini qarz oluvchidan (birgalikda qarz oluvchidan) undirishga haqli.
25. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga joylashtirilgan taʼlim krediti uchun depozit mablagʻlarni qaytarish tijorat banklari va Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida tuzilgan depozit shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari boʻlgan yoshlarga ajratilgan taʼlim kreditining asosiy qarz va (yoki) foiz boʻyicha 180 kundan ortiq muddati oʻtgan qarzdorlik yuzaga kelganda bank garov shartnomasiga muvofiq oʻzining Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldidagi majburiyatlarini taʼlim kreditining asosiy qarzi qoldigʻining 50 foizi miqdoriga kamaytirish yuzasidan tegishli buxgalteriya oʻtkazmasini amalga oshiradi va bu haqda hisobot oyidan keyingi oyning 15-kuniga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligini xabardor qiladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
27. Tijorat bankining Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldida oʻz majburiyatini mazkur Nizomning 25-bandida koʻrsatilgan holatlarda kamaytirishi kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi)ni bankka taʼlim krediti boʻyicha foiz va asosiy qarzni toʻliq toʻlash majburiyatidan ozod etmaydi.
28. Agar taʼlim krediti tijorat bankining Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldidagi majburiyati kamaytirilgandan soʻng toʻliq yoki qisman qaytarilsa, tijorat banki qaytarilgan mablagʻning 50 foiziga teng miqdorda oʻzining Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldidagi majburiyatini oshiradi va qaytgan mablagʻ hisobidan ushbu majburiyat bajarilishini taʼminlaydi.
Tijorat banki qaytarilgan mablagʻning qolgan qismini kredit oluvchining tijorat banki oldidagi qarzdorligini qaytarishga yoʻnaltiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot texnologiyalari sohasidagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida taʼlim krediti asosida tahsil olayotgan yoshlarning erishayotgan natijalari boʻyicha doimiy oʻrganishlar olib boradi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
31. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish
SXEMASI

Bosqichlar

Ijrochilar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

I. Tijorat banklariga depozit mablagʻlarni joylashtirish

1-bosqich

Tijorat banklari

Muvofiqlik mezonlariga mosligini tasdiqlovchi hujjat va maʼlumotlarni Jamgʻarmaga taqdim etadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Taʼlim kreditini moliyalash-tirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma)

Muvofiqlik mezonlariga mosligi oʻrganiladi.

Tijorat banklari muvofiqlik mezonlariga mos emas deb topilganda, ular bilan Bosh bitim tuzishni rad etish haqida yozma tarzda xabardor qilinadi.

Hujjatlar taqdim etilgandan soʻng 5 ish kunida

3-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Muvofiqlik mezonlariga mos deb topilgan tijorat banklari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida taʼlim kreditlari uchun depozit mablagʻlari joylashtirish yuzasidan bir yil muddatga Bosh bitim tuziladi.

Oʻzaro kelishuvga muvofiq

4-bosqich

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Tijorat banklariga taʼlim kreditlari ajratish uchun 4 yildan koʻp boʻlmagan muddatda depozit mablagʻlarni joylashtiradi.

Bosh bitimda belgilangan muddatlarda

II. Taʼlim kreditlarini ajratish

5-bosqich

Tijorat banklari

Taʼlim krediti olish istagini bildirgan kredit oluvchilar reyestrini shakllantiradi va ushbu reyestrlar asosida taʼlim krediti uchun depozit mablagʻlarni olish maqsadida Jamgʻarmaga buyurtmanoma taqdim etadi.

Doimiy ravishda

6-bosqich

Jamgʻarma

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tijorat banklari oʻrtasida taʼlim kreditlari uchun depozit mablagʻlarni joylashtirish yuzasidan tuzilgan depozit shartnomasiga muvofiq mablagʻlarni tijorat banklarining tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazib berilishini taʼminlaydi.

Shartnomada belgilangan muddatlarda

7-bosqich

Tijorat banklari

Taʼlim krediti shartnomasini kredit oluvchi tomonidan taqdim etilgan fuqaro va nodavlat taʼlim tashkiloti oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma (kontrakt)da koʻrsatilgan bir oʻquv kurslik toʻlov summasiga teng miqdordagi summaga tuzadi hamda kredit ajratilishini taʼminlaydi.

5 ish kunida

8-bosqich

Tijorat banklari

Tijorat banklari va Jamgʻarma tomonidan tuzilgan depozit shartnomasiga muvofiq ajratilgan mablagʻlar foizlarini Jamgʻarmaga toʻlab boradi.

Har uch oyda

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2023-y., 09/23/79/0108-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)