1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 27-iyuldagi PF-178-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 27-iyuldagi PF-178-son Farmonining 11-bandiga muvofiq Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasini tashkil qilish, uning mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, oʻquv kurslarida oʻqitish, shuningdek, devon faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning devoni xodimlari tomonidan qoʻllanilgan jarimalar summasi hamda rasmiylashtirilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar asosida sudlar tomonidan qoʻllanilgan jarima summasining 100 foiz miqdori;
texnik koʻmaklashish mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari (metsenatlik koʻmagi);
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamgʻarmaning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish yoʻnalishlari;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasini tuzish hamda roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
Jamgʻarmani boshqarish kengashini tashkil etish, kengash tarkibi va uning vazifalari, kengash majlislarini oʻtkazish tartibi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish, uning daromad va xarajatlar smetasi ijrosini koʻrib chiqish va tasdiqlash tartibi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-yanvar,
6-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-yanvardagi 6-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining (keyingi oʻrinlarda — Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni) moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, oʻquv kurslarida oʻqitish, shuningdek, devon faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlarining shakllantirilishi va sarflanishining hisobi milliy va chet el valyutasida amalga oshiriladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning devoni xodimlari tomonidan qoʻllanilgan jarimalar summasi hamda rasmiylashtirilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar asosida sudlar tomonidan qoʻllanilgan jarimalar summasining 100 foiz miqdori;
texnik koʻmaklashish mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari (metsenatlik koʻmagi);
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Jamgʻarmaga tushadigan mablagʻlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochiladigan milliy va chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
6. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
a) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning devoniga yuklangan vazifalarni samarali tashkil etish;
b) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining maʼmuriy bino va boshqa infratuzilma obyektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini (loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlarini inobatga olgan holda) amalga oshirish, ularning moddiy-texnik holatini yaxshilash, shu jumladan, zarur zamonaviy uskunalar, mebel, inventarlar bilan jihozlash, kuzatuv, nazorat va identifikatsiya tizimlari, vositalari va qurilmalari bilan taʼminlash hamda boshqa tovar-moddiy qimmatliklarni xarid qilish;
v) axborot-kommunikatsiya, multimedia va tarmoq qurilmalari, texnika vositalari hamda dasturiy taʼminotlarni xarid qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va saqlash, maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
g) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni rahbariyati va xodimlarining faoliyat yoʻnalishi boʻyicha malakasini oshirish, shuningdek, ularni xorijiy davlat tashkilotlari, taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlarga tajriba almashish, hamkorlik oʻrnatish maqsadlarida xorijiy xizmat safarlariga yuborish;
d) tashabbuskorligi va oʻz xizmat vazifalarini vijdonan bajarganligi hamda mehnat faoliyatidagi yuksak natijalari uchun lavozim maoshining 200 foizigacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash;
e) har yili Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni xodimi faoliyatini yakka tartibda baholash asosida ikki oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida mukofotlash;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanmagan qismida bayram kunlari munosabati bilan mukofot pullari berish;
z) uzoq yillik va benuqson xizmati (mehnati) uchun, shuningdek, pensiyaga chiqishi munosabati bilan ikki oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorigacha boʻlgan hajmda bir martalik mukofotlash;
i) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni xodimlarini alohida ehtiyoj yuzaga kelgan hollarda (baxtsiz hodisa, toʻy va boshqa tadbirlar, uzoq davom etgan kasallik bilan bogʻliq maxsus davolanish va salomatlikni tiklash, shuningdek, oiladagi ogʻir moddiy ahvol, boshqa holatlar) moddiy yordam berishni nazarda tutgan holda ijtimoiy himoya qilish;
k) respublikaga kelgan va xorijdagi oliy darajadagi mehmonlarga sovgʻa qilish uchun mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan suvenirlarni sotib olish;
l) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tadbirlar.
7. Jamgʻarmadan mablagʻ ajratishga oid murojaatlar ushbu xarajatlarni asoslovchi tegishli hujjatlar bilan birga taqdim etiladi.
Hujjatlarning asoslanganligi va sifati, keltirilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi yuzasidan murojaat etuvchi javobgardir.
8. Jamgʻarma mablagʻlaridan uning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi asosida foydalaniladi.
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari smetasi budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladi, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tasdiqlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
9. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga yil davomida belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar ularning tasdiqlangan hajmlariga, ushbu xarajatlar oʻrnini qoplash manbalari mavjud boʻlgan taqdirda koʻpaytiriladi.
4-bob. Jamgʻarmani boshqarish
10. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash uchun Jamgʻarmani boshqarish kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etiladi.
11. Kengash:
hisobot yili yakuni boʻyicha Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qiladi.
12. Kengash, qoida tariqasida, Kengash raisi, uning oʻrinbosari, Kengash kotibi, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining 2 — 4 nafar masʼul xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Kengashning shaxsiy tarkibi, qoida tariqasida, bir yilda bir marta Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan tasdiqlanadi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil lavozimiga koʻra Kengash raisi hisoblanadi.
13. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va chaqiradi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kengash aʼzolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Kengash tomonidan belgilangan limitlar doirasida xarajatlar dasturi boʻyicha xarajatlar smetalarini tasdiqlash va unga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, Jamgʻarmaning zaxira mablagʻlaridan foydalanish Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan amalga oshiriladi.
14. Kengash aʼzolari:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etadi;
Kengash tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha ovoz beradi.
Kengash aʼzolari majlisda shaxsan qatnashadilar. Bunda qatnashishning imkoni boʻlmagan taqdirda, Kengash aʼzosi majlisning kun tartibi boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
15. Kengash kotibi:
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʻtkazish muddatlari va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha Kengash majlislarining oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, vaqti, joyi va kun tartibi loyihasidan xabardor qiladi;
Kengash qarorlarining bajarilishi monitoringini yuritadi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kengash kotibi kengash aʼzosi hisoblanadi.
16. Kengash majlislari zaruratga qarab, biroq har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
17. Kengash majlisini Kengash raisi, u boʻlmagan taqdirda esa Kengash raisi oʻrinbosari boshqaradi.
18. Kengash majlisi unda Kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda, oʻtkazilgan hisoblanadi.
19. Kengash majlisini oʻtkazish uchun kvorum yoki rais va uning oʻrinbosari boʻlmaganda, Kengash majlisini oʻtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi.
20. Kengash qarori Kengashning majlisida qatnashgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini, shuningdek, mablagʻlardan foydalanilishini tasdiqlash masalalari boʻyicha qarorlar Kengash majlisida qatnashgan aʼzolarning uchdan ikki qismi ovozi bilan qabul qilinadi.
Kengash qarorlari majlis bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
21. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning Moliya shuʼbasi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
22. Ishchi organ:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga takliflar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Jamgʻarmadan mablagʻ ajratishga oid murojaatlarni umumlashtirish va Kengashga koʻrib chiqish uchun materiallar tayyorlaydi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlar hamda asosiy xarajatlar yoʻnalishlari boʻyicha hisobini yuritadi;
har chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi, Kengashga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi;
belgilangan tartibda Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ulardan maqsadli foydalanilishi toʻgʻrisida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
23. Jamgʻarma mablagʻlarining hisob va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat koʻrsatish ishlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining Moliya shuʼbasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish
24. Jamgʻarmaning daromad va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot Kengash tomonidan koʻrib chiqiladi hamda har yili 15-martgacha Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
25. Jamgʻarmaning hisobot yilida foydalanilmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi, keyinchalik ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda foydalanish uchun milliy va chet el valyutasida jamgʻarib boriladigan gʻaznachilik shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida qoladi.
26. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-yanvardagi 6-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 4-avgustdagi 587-son qarorida:
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 14-iyuldagi 584-son qarorining 3-bandida:
“Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining texnik xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli xizmatchi xodimlari, shu jumladan, operatorlarga mutaxassis lavozimi uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi”;
b) quyidagi tahrirdagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Transport boʻlimining tegishli xizmat koʻrsatuvchi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi”;