toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tovarlarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish bilan bogʻliq operatsiyalarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq, shuningdek, tovarlarni elektron shaklda deklaratsiyalash tartibini yanada takomillashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 118 va 261-moddalariga muvofiq:
tovarni bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona organiga tranzit deklaratsiyasi va tovarning kuzatuv hujjatlari taqdim etilishi belgilanganligi;
tranzit deklaratsiyasi bojxona hududiga kirib kelayotgan tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtguniga qadar yoki kesib oʻtish vaqtida berilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
bojxona organlariga dastlabki axborot taqdim etilgan hollarda Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi Bojxona konvensiyasiga (1975-yil 14-noyabr, Jeneva) muvofiq toʻldirilgan xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasi hamda Vaqtincha olib kirish toʻgʻrisidagi konvensiyaga (1990-yil 26-iyun, Istanbul) muvofiq toʻldirilgan ATA karneti tranzit deklaratsiyasi sifatida qabul qilinadi;
bojxona organiga tranzit deklaratsiyasi tovarlar va transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtguniga qadar taqdim etilganda, qonunchilikda belgilangan dastlabki elektron shakldagi axborotni taqdim etish talab etilmaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
tranzit deklaratsiyasini bojxona organiga taqdim etish va rasmiylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan operatsiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining “E-Tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yoki “us-uz.gov.uz” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tranzit deklaratsiyasining bojxona rasmiylashtiruvi bosqichlari;
tranzit deklaratsiyasi taqdim etilishi talab etiladigan va talab etilmaydigan holatlar;
tranzit deklaratsiyasini taqdim etishda ilova qilinadigan hujjatlar turlari;
tranzit deklaratsiyasini “E-Tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimida roʻyxatga olish tartibi;
tranzit deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish asoslari va tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Belgilab qoʻyilsinki:
havo transporti uchun bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar va transport vositalari uchun belgilangan yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kuni uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;
avtotransport vositasida bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar va transport vositalari uchun belgilangan yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kuni uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;
temir yoʻl transportida bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovar va transport vositalari uchun belgilangan yetkazib berish muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kuni uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida, 2028-yil 1-yanvardan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;
avtotransport vositasini bir kalendar yil davomida toʻqson kalendar kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganda, uni olib chiqib ketish muddatining oʻtkazib yuborilgan har kuni uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida yigʻimlar undiriladi.
Bunda avtotransport vositasini bir kalendar yil davomida toʻqson kalendar kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlik uchun umumiy hisoblangan yigʻimlar, transport vositasini “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirgandagi toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari summasidan oshmasligi shart.
Mazkur bandda nazarda tutilgan yigʻimlar bojxona organlarining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar 2025-yil 31-yanvardagi 55-sonli qaroriga asosan kiritilgan — 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 4-may)
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 55-sonli qaroriga asosan 4-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 4-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Belgilansinki:
mazkur qaror 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi;
mazkur qarorga 2-ilovaning 2-bandi 2023-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-dekabr,
737-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-dekabrdagi 737-son qaroriga
1-ILOVA
Tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat nazorati organlari — shaxslar, tovarlar va transport vositalarini ushbu Nizomga muvofiq Davlat chegarasi orqali oʻtkazishda ishtirok etadigan chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya, ekologiya va veterinariya nazorati organlari;
Oldingi tahrirga qarang.
deklaratsiyalovchi shaxs — bojxona organlariga tranzit deklaratsiyasini oʻz nomidan taqdim etayotgan deklarant yoki deklarantning yoxud deklarant bilan shartnoma tuzgan bojxona brokerining shtat birligida boʻlgan tranzit deklaratsiyasini toʻldirish, imzolash va bojxona organlariga deklarant nomidan taqdim etishga vakolatli bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
tranzit deklaratsiyasi — tovarlar va (yoki) transport vositalari haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda bojxona organiga taqdim etiladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit olib oʻtiladigan tovarlarni joʻnatuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan bojxona organigacha nazorat qilish uchun foydalaniladigan hujjat;
“E-tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “E-tranzit” AAT) — bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovar va (yoki) transport vositalari toʻgʻrisidagi hujjat va maʼlumotlarni taqdim etish, qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, rasmiylashtirish, hisobga olish hamda monitoring qilishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
“E-arxiv” interaktiv xizmati — tovarlarni elektron shaklda deklaratsiyalashni shakllantirishga asos hisoblangan elektron hujjatlarni taqdim etish hamda saqlash uchun moʻljallangan va deklaratsiyalash jarayoni va bojxona rasmiylashtiruvi davomida bojxona organlari bilan axborot almashinuviga qaratilgan bir martalik elektron arxivni yaratish imkonini beruvchi xizmat;
Oldingi tahrirga qarang.
joʻnatuvchi bojxona organi — qaysi bojxona organi faoliyat koʻrsatish zonasida tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish boshlanadigan boʻlsa, oʻsha bojxona organi;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
identifikatsiya kodi — bojxona organlariga taqdim qilingan tranzit deklaratsiyasiga “E-tranzit” AAT orqali berilgan yagona elektron kod;
munosabat belgisi — davlat nazorat organlari tomonidan “E-tranzit” AATga qoʻyiladigan belgi;
Oldingi tahrirga qarang.
tovar kelib tushadigan bojxona organi — qaysi bojxona organi faoliyat koʻrsatish zonasida tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish tugallanadigan boʻlsa, oʻsha bojxona organi;
(2-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
tranzit operatsiyalari — tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida tovarlarga va transport vositalariga nisbatan davlat nazorat organlari va (yoki) vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladigan harakat.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tovar va transport vositalarini bojxona tranziti bojxona rejimiga joylashtirish “E-tranzit” AATda yoki “us-uz.gov.uz” axborot tizimida tranzit deklaratsiyasini bojxona organiga elektron tarzda taqdim etish va uni rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
4. Tranzit deklaratsiyasi bir yoki bir nechta tovarning kuzatuv hujjatlari boʻyicha tashiladigan tovarning har bir turkumi yoki tovarlarning bir nechta turkumi uchun rasmiylashtiriladi. Bunda tovarning bir nechta turkumi boʻyicha bitta tranzit deklaratsiyasini rasmiylashtirish uchun ular bir transport vositasida bitta transport hujjati bilan bitta joʻnatuvchidan bitta qabul qiluvchining manziliga tashilayotgan boʻlishi lozim.
5. Tranzit deklaratsiyasining bojxona rasmiylashtiruvi quyidagi ikki bosqichda ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxema boʻyicha amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda deklaratsiyalovchi shaxs tovarlar boʻyicha tranzit deklaratsiyasini joʻnatuvchi bojxona organlariga elektron shaklda taqdim etadi. Taqdim etilgan tranzit deklaratsiyasi bojxona organlarida roʻyxatga olinib, unga davlat nazorat organlari tomonidan munosabat belgisi qayd etiladi va tranzit operatsiyasi boshlanadi. Bunda, bojxona, veterinariya va fitosanitariya organlarining nazorat tartibotlari xavfni boshqarish tizimining topshirigʻiga asosan amalga oshiriladi;
ikkinchi bosqichda bojxona tranziti bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan tovar va transport vositalari belgilangan joylarga yetkazib beriladi, tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi fakti tasdiqlanadi va kuzatuv hujjatlari taqdim etilgandan soʻng tovar kelib tushadigan bojxona organi tomonidan tranzit operatsiyalari yakunlanadi.
2-bob. Tranzit deklaratsiyasi va tovarning kuzatuv hujjatlarini taqdim etish
6. Tranzit deklaratsiyasi quyidagi hollarda taqdim etiladi:
tovarlarni bojxona hududiga olib kirishda yoki bojxona hududi orqali tranzit olib oʻtishda — tovar va transport vositasi bojxona chegarasini kesib oʻtgunga qadar yoki kesib oʻtish vaqtida;
bojxona hududida turgan tovarlarni bojxona nazorati ostida yetkazib berishni nazorat qilishda — tovarlar transport vositasiga yuklanishidan avval taqdim etiladi;
bojxona hududida turgan bojxona nazorati ostidagi transport vositasini tovar sifatida yetkazib berishni nazorat qilishda — yuk operatsiyalarini amalga oshirishdan oldin.
Agar tranzit deklaratsiyasi joʻnatuvchi bojxona organi tomonidan roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida unda koʻrsatilgan tovarlar deklaratsiya roʻyxatga olingan bojxona organiga taqdim etilmagan boʻlsa, tranzit deklaratsiyasi berilmagan deb hisoblanadi va avtomatik tarzda bekor qilinadi.
7. Bojxona organiga tranzit deklaratsiyasini taqdim etish quyidagi holatlarda talab etilmaydi:
Oldingi tahrirga qarang.
tovar va transport vositalari respublika hududidan olib chiqilayotganda, bundan reeksport bojxona rejimidagi tovarlar olib chiqilishi mustasno;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
jismoniy shaxslar tomonidan qoʻl yuki yoki kuzatib boriladigan bagajida tovarlar olib oʻtilayotganda, bundan tijorat maqsadida olib oʻtilayotgan tovarlar mustasno;
yuksiz transport vositalari oʻtganda hamda yoʻlovchilar tashilganda, transport vositasini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar sifatida olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasining hududi orqali tovar sifatida tranzit olib oʻtish holatlari bundan mustasno;
Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini qoʻllagan holda Yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi bojxona Konvensiyasiga (1975-yil 14-noyabr, Jeneva,) muvofiq tovarlar Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasi asosida dastlabki axborotni taqdim etish orqali tashilganda;
Vaqtincha olib kirish toʻgʻrisidagi konvensiyaga (1990-yil 26-iyun, Istanbul) muvofiq tovarlar ATA karneti asosida bojxona organlariga dastlabki axborotni taqdim etish orqali tashilganda;
davlat sirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan tashqi savdo kontraktlari boʻyicha olib kelinayotgan tovarlar tashilganda;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tranzit deklaratsiyasi joʻnatuvchi bojxona organiga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda elektron shaklda “E-Tranzit” AAT orqali deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan taqdim etiladi.
Tranzit deklaratsiyasi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan taqdim etilganda, deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan taqdim etilgan tranzit deklaratsiyasi jamiyatning masʼul xodimi tomonidan umumlashtiriladi va bitta temir yoʻl transporti tarkibi doirasida bojxona organiga oʻziga biriktirilgan elektron raqamli imzosi orqali taqdim etiladi.
Bunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining masʼul xodimiga tranzit deklaratsiyasi tovarga vakolatli shaxs yoki u bilan shartnoma tuzgan bojxona brokeri nomidan bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis tomonidan oʻziga biriktirilgan elektron raqamli imzosi orqali taqdim etilishi mumkin.
Tranzit deklaratsiyasi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati masʼul xodimiga deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan taqdim etilganda mazkur Nizomning 11-bandida qayd etilgan talablar boʻyicha tranzit deklaratsiyasidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi va unga ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi uchun javobgarlik tranzit deklaratsiyasini toʻldirgan va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati masʼul xodimiga taqdim etgan deklaratsiyalovchi shaxsda qoladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
9. Tovar va transport vositalarining kuzatuv hujjatlari “E-Tranzit” AATga “E-arxiv” interaktiv xizmati orqali ilova qilinadi. Bunda “E-Tranzit” AATning tegishli maydoniga “E-arxiv” interaktiv xizmati orqali hujjatlarga berilgan maxsus raqam qoʻyiladi.
Deklarant tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi kabinetidagi “E-arxiv” interaktiv xizmatidan foydalangan holda elektron arxivni shakllantirib, unga oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlagan bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etiladigan hujjatlarning elektron shakllarini joylashtiradi.
Elektron arxivga joylashtirilgan hujjatlarga avtomatik tarzda maxsus raqam beriladi va bu haqda deklarantga tasdiqlangan elektron xabarnoma yuboriladi.
10. Tovar va transport vositalarining kuzatuv hujjatlari “E-Tranzit” AATga “E-arxiv” interaktiv xizmati orqali ilova qilinganda, ushbu hujjatlarni bojxona va boshqa rasmiylashtiruv jarayonlarida davlat nazorat organlariga qaytadan taqdim etish talab etilmaydi, sifatsiz (xira, boʻyalgan, tushunarsiz va hokazo) hujjatlar bundan mustasno.
11. Deklaratsiyalovchi shaxs tranzit deklaratsiyasidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi va unga ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi uchun javobgar hisoblanadi, deklaratsiyani toʻldirish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning notoʻgʻriligi bilan bogʻliq holatlar bundan mustasno.
12. Deklarant taqdim etilgan hujjatlardagi (tranzit deklaratsiyasi bundan mustasno) maʼlumotlarning toʻgʻriligi va amalda olib oʻtilayotgan tovarlar va transport vositalariga oʻzaro muvofiqligi uchun javobgar hisoblanadi.
3-bob. Tranzit deklaratsiyasini rasmiylashtirish
1-§. Tranzit deklaratsiyasini rasmiylashtirishning birinchi bosqichi
13. Tranzit deklaratsiyasi quyidagi hujjatlarning elektron nusxasi bilan birga joʻnatuvchi bojxona organiga taqdim etiladi:
a) avtotransport vositasida tashilganda:
Yoʻl harakati toʻgʻrisida Konvensiyaga (Vena, 1968-yil 8-noyabr) muvofiq avtotransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida guvohnoma;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi, chiqishi va tranzit oʻtishi uchun vakolatli organning ruxsatnomasi;
Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish shartnomasi toʻgʻrisidagi Konvensiya (Jeneva, 1956-yil 19-may) talablariga muvofiq tovar-transport yukxati;
tijorat hujjatlari;
tovarlar bojxona chegarasi orqali olib oʻtilishi bilan bogʻliq taqiq va cheklovlarga rioya etilishini tasdiqlovchi hujjatlar, agar bunday hujjatlar mavjud boʻlganda olib oʻtishga yoʻl qoʻyilsa;
b) temir yoʻl transportida xalqaro tashuvlarda:
Xalqaro temir yoʻl yuk yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitimga (1951-yil 1-noyabr) muvofiq hujjatlar;
tijorat hujjatlari;
temir yoʻlning harakatdagi tarkibiga doir topshirish qaydnomasi;
tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakatlanishida taqiqlar va cheklovlarga rioya qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar, agar bunday harakatlanish ushbu hujjatlar mavjudligida ruxsat berilgan taqdirda;
Oldingi tahrirga qarang.
v) havo transportida xalqaro tashish chogʻida:
yuk qaydnomasi;
avia yuk xati;
tijorat hujjatlari;
tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakatlanishida taqiqlar va cheklovlarga rioya qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar, agar bunday harakatlanish ushbu hujjatlar mavjudligida ruxsat berilgan taqdirda.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qaroriga asosan “v” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Tranzit deklaratsiyasi bojxona organiga taqdim qilinib, “E-Tranzit” AATda yoki “us-uz.gov.uz” axborot tizimida roʻyxatga olingandan soʻng tizim orqali avtomatik tarzda identifikatsiya kodi beriladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)
Tranzit deklaratsiyasi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida deklaratsiyalovchi shaxsga elektron tarzda maʼlumot yuboriladi.
15. Tranzit deklaratsiyasi “E-Tranzit” AATda roʻyxatga olingan paytdan boshlab yuridik ahamiyatga molik faktlardan dalolat beruvchi hujjatga aylanadi.
16. Tovar va transport vositalari joʻnatuvchi bojxona organiga yetib kelgandan soʻng tashuvchi tovar va transport vositalarining kuzatuv hujjatlari bilan birga identifikatsiya kodini bojxona organiga taqdim etadi.
Taqdim etilgan identifikatsiya kodi asosida tranzit deklaratsiyasi bojxona organi tomonidan qabul qilinadi va bu haqda deklaratsiyalovchi shaxsga elektron xabarnoma yuboriladi.
17. Bojxona organlari xodimi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda bojxona qonunchiligida belgilangan harakatlarni bajaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Tovar va transport vositalarini bojxona tranziti bojxona rejimiga rasmiylashtirishda toʻlanishi lozim boʻlgan barcha turdagi toʻlovlar va yigʻimlarni toʻlash tranzit deklaratsiyasi rasmiylashtirilgunga qadar yoki bojxona hududida amalga oshiriladi.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 210-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2024-y., 09/24/210/0286-son)
Mazkur toʻlovlar va yigʻimlar tranzit deklaratsiyasi bojxona organlarida roʻyxatdan oʻtgan kunda amalda boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyutalarning rasmiy ayirboshlash kursi yoki bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi hamda shu maqsadda ochilgan bank hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻtkazilgan toʻlov va yigʻimlar besh ish kuni mobaynida avtomatik tarzda davlat nazorati organlarining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 210-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2024-y., 09/24/210/0286-son)
19. Joʻnatuvchi bojxona postida faoliyat olib boruvchi davlat nazorati organlari toʻlanishi lozim boʻlgan tegishli toʻlovlar va yigʻimlar toʻgʻri hisoblanganligini tegishliligi boʻyicha nazorat qiladi.
20. Joʻnatuvchi bojxona organida faoliyat olib boruvchi davlat nazorat organlari oʻziga yuklatilgan vazifalaridan kelib chiqib, taqdim etilgan hujjatlar hamda tranzit deklaratsiyasidagi maʼlumotlar bilan tanishib, oʻzining munosabat belgisini qayd etgandan soʻng tranzit operatsiyalari boshlanadi.
Tranzit operatsiyalari boshlanganligi haqida deklarant yoki deklaratsiyalovchi shaxsga elektron xabarnoma yuboriladi. Bunda joʻnatuvchi bojxona postida tranzit deklaratsiyasi rasmiylashtirilganligi va tovarni yetkazib berish muddati bilan bogʻliq maʼlumotlar xabarnomada aks ettiriladi.
2-§. Tranzit deklaratsiyasini rasmiylashtirishning ikkinchi bosqichi
Oldingi tahrirga qarang.
21. Tashuvchi tomonidan tovar va transport vositasi belgilangan manzilga yetkazib berilgandan hamda chegara bojxona postida hisoblangan yigʻimlar toʻlangandan soʻng bojxona organi axborot tizimida tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi hamda yigʻimlar toʻlanganligi tasdiqlanadi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-oktabrdagi 522-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2023-y., 09/23/522/0748-son)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Axborot tizimida tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi fakti tasdiqlangandan soʻng bojxona tranziti bojxona rejimi yakunlanadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
Oldingi tahrirga qarang.
23. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida tovarning kuzatuv hujjatlariga bojxona organlari tomonidan belgi qoʻyilishi koʻzda tutilgan hollarda mazkur Nizomning 21-bandi talablari bajarilgandan soʻng tashuvchi kuzatuv hujjatlarini tovarlar kelib tushadigan bojxona organiga belgi qoʻyish uchun taqdim etadi.
Kuzatuv hujjatlari taqdim etilgandan soʻng tovar kelib tushadigan bojxona organi tegishli belgini qoʻyadi va tashuvchiga qaytarib beradi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Bojxona tranziti bojxona rejimi yakunlangan paytdan eʼtiboran tranzit deklaratsiyasidagi bojxona hududida turgan tovar “vaqtincha saqlash” bojxona rejimida turgan tovar maqomini oladi, bundan “bojxona ombori” bojxona rejimida bojxona nazorati ostida turgan vaqtda bir bojxona omboridan boshqasiga bojxona nazorati ostida yetkazib berilgan tovarlar mustasno. Bunda “vaqtincha saqlash” bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish talab etilmaydi.
Agar tovarlar “bojxona ombori” bojxona rejimida turgan vaqtda bir bojxona omboridan boshqasiga yetkazib berilgan boʻlsa, tovarlarni “bojxona ombori” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun takroran bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
(24-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-yanvardagi 40-sonli qaroriga asosan birinchi va ikkinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2026-y., 09/26/40/0112-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Vaqtincha saqlash” maqomida turgan tovarlarni belgilangan muddatda boshqa bojxona rejimiga joylashtirishga masʼul shaxsning maʼlumotlari deklarant yoki uning nomidan ish koʻruvchi vakolatli shaxs tomonidan Bojxona qoʻmitasining “Bojxona va yuk operatsiyalari” axborot tizimida tasdiqlanadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
4-bob. Tranzit deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish
25. Tranzit deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlarga deklarant tomonidan oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar kiritilishi, topshirilgan tranzit deklaratsiyasi esa qaytarib olinishi mumkin.
Tranzit deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish va (yoki) uni qaytarib olish tranzit deklaratsiyasi bojxona organi tomonidan qabul qilinguniga qadar amalga oshiriladi.
26. Tranzit deklaratsiyasi qabul qilinganidan soʻng uni oʻzgartirish, qoʻshimcha kiritish, qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va (yoki) bekor qilish deklarant bojxona organiga murojaat etganidan keyin amalga oshiriladi.
27. Bojxona rasmiylashtiruvi tugallanganidan keyin tranzit deklaratsiyasi bojxona organi tomonidan roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran uch yil ichida tranzit deklaratsiyasiga bojxona organining talabi bilan yoki bojxona organi deklarant tomonidan koʻrsatilgan sabablarni asosli deb topsa, uning arizasiga koʻra oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish mumkin.
28. Deklarantning murojaatiga asosan tranzit deklaratsiyasiga bojxona organlari tomonidan ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bunda tranzit deklaratsiyasiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan stavkalar boʻyicha yigʻim undiriladi.
29. Tranzit deklaratsiyasini toʻldirish, bojxona organlariga taqdim etish, rasmiylashtirish, oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni bekor qilish va qaytarib olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
30. Deklarant yoki deklaratsiyalovchi shaxs bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida va undan soʻng bojxona xizmati organlari tomonidan tranzit deklaratsiyasida qoidabuzarliklar aniqlangunga qadar bojxona toʻlovlarini hisoblashga yoki taqiq, cheklovlar qoʻllanilishiga taʼsir etmaydigan qoidabuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bojxona organi ruxsati bilan tuzatish huquqiga ega, bundan qonunchilikda deklarant yoki deklaratsiyalovchi shaxsning murojaatiga asosan tranzit deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qaytarib olish va bekor qilish taqiqlangan holatlar mustasno.
(30-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 24-oktabrdagi 560-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 09/23/560/0796-son)
Ushbu holatlarda deklarant va deklaratsiyalovchi shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid protsessual hujjatlar rasmiylashtirilmaydi.
31. Deklarantning nomidan u ishonch bildirgan shaxs bojxona organlariga bojxona rasmiylashtiruvi uchun hujjatlarning elektron shakllarini taqdim etishi, tranzit deklaratsiyasini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish boʻyicha murojaat etishi mumkin. Bunda u qonunchilik hujjatlarida belgilangan deklarantning huquq va majburiyatlariga ega boʻladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Chegara bojxona postlarida veterinariya va fitosanitariya organlarining nazorat tartibotlarini xavfni boshqarish tamoyili asosida tashkil etishda veterinariya, fitosanitariya va bojxona organlari oʻrtasida oʻzaro maʼlumot almashinuvi joriy etiladi.
33. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
34. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Ishtirokchilar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Deklaratsiyalovchi shaxs

Tranzit deklaratsiyasi hamda taqdim etiladigan hujjatlarni tayyorlaydi, elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi va “E-tranzit” AAT orqali bojxona organlariga yuboradi.

Nizomning 6-bandi
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida belgilangan muddatlarda

“E-Tranzit” AAT

1. Tranzit deklaratsiyasini roʻyxatga oladi va identifikatsiya kodini beradi.

2. Tranzit deklaratsiyasi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida deklaratsiyalovchi shaxsga elektron xabarnoma yuboradi.

Real vaqt rejimida

Deklarant

1. Tovar va transport vositalarining kuzatuv hujjatlari bilan birga identifikatsiya kodni bojxona organiga taqdim etadi.

Bojxona hududiga kirib kelayotganda — tovarlar va transport vositalari joʻnatuvchi bojxona organiga kelgandan soʻng.

Ichki hududda — tayyor boʻlishga koʻra.

2. Tegishli bojxona toʻlovlari va yigʻimlarni toʻlaydi.

Tranzit deklaratsiyasi rasmiylashtirilgunga qadar yoki bojxona hududida

Davlat nazorati organlari

Taqdim etilgan hujjatlar hamda tranzit deklaratsiyasidagi maʼlumotlar bilan tanishib, oʻzining munosabat belgisini qayd etadi.

Chegara bojxona postida — uch soat ichida
Ichki hududda — bir ish kunida

“E-Tranzit” AAT

Vakolatli organlarning munosabat belgilari qayd etilgandan soʻng tranzit operatsiyalari boshlanganligi haqida deklarant yoki deklaratsiyalovchi shaxsga elektron xabarnoma yuboradi.

Real vaqt rejimida

2-bosqich

Bojxona organi axborot tizimi

Tashuvchi tomonidan tovar va transport vositasi belgilangan manzilga yetkazib berilgandan hamda chegara bojxona postida hisoblangan yigʻimlar toʻlangandan soʻng bojxona organi axborot tizimida tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi hamda yigʻimlar toʻlanganligi tasdiqlanadi hamda bojxona tranziti bojxona rejimi yakunlanadi.

Real vaqt rejimida

Tashuvchi

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida tovarning kuzatuv hujjatlariga bojxona organlari tomonidan belgi qoʻyilishi koʻzda tutilgan hollarda mazkur Nizomning 21-bandi talablari bajarilgandan soʻng tashuvchi tovarlar kelib tushadigan bojxona organiga belgi qoʻyish uchun taqdim etadi.

Ish vaqtida uch soat ichida

Tovarlar kelib tushadigan bojxona organi

Kuzatuv hujjatlari taqdim etilgandan soʻng tovar kelib tushadigan bojxona organi tegishli belgini qoʻyadi va tashuvchiga qaytarib beradi.

30 daqiqa ichida

Izoh. Tovar va transport vositalari bilan tranzit operatsiyalarini amalga oshirish sxemasida belgilangan muddatlarni istisno etadigan holatlar Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 8-fevral)
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 55-sonli qaroriga asosan 2-ilovaning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 4-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 09/23/737/0004-son; 04.10.2023-y., 09/23/522/0748-son; 25.10.2023-y., 09/23/560/0796-son; 18.04.2024-y., 09/24/210/0286-son; 03.02.2025-y., 09/25/55/0102-son; 07.11.2025-y., 09/25/700/1022-son; 05.02.2026-y., 09/26/40/0112-son; 21.07.2026-y., 09/26/393/0764-son)