toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-apreldagi 62-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli “Budjet tashkilotlari xarajatlarini moliyalashtirish va budjetdan tashqari jamgʻarmalarni shakllantirish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanishni taʼminlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni oʻzlashtirish hamda qayta foydalanishga kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilmaslik, xususan, yer uchastkalarini noqonuniy ajratish, yerdan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, ularda noqonuniy qurilmalar qurish, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash holatlari koʻplab uchrayotganligi ushbu sohadagi davlat nazorati samaradorligini, shu jumladan, bunga vakolatli idoralarning masʼuliyatini oshirishni taqozo etmoqda.
Yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishlariga qarshi keskin kurashish, davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlarni toʻliq va oʻz vaqtida undirishni taʼminlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 21-fevraldagi PQ-138-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltirilayotgan davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlardan, maʼmuriy va moliyaviy jazolardan ajratmalar miqdorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga prokuratura organlari tashabbusi bilan aniqlangan yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlari boʻyicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlarni undirishdan tushgan mablagʻlarning 10 foizini yoʻnaltirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga ichki ishlar organlari tashabbusi bilan aniqlangan yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlari boʻyicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlarni undirishdan tushgan mablagʻlarning 10 foizini yoʻnaltirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-dekabr,
706-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-dekabrdagi 706-son qaroriga
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-apreldagi 62-son qaroriga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISHLAR
a) 6-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

6.

Bosh prokuratura

Qonunchilikda belgilangan holatlarda davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni sotishdan olingan mablagʻlar

8**

Prokuratura organlarining tashabbusi bilan aniqlangan yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlari boʻyicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlarni undirishdan tushgan mablagʻlar

10

”;

b) 9-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

9.

Ichki ishlar vazirligi

Yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarima summasidan tashqari.

45

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarima summasi (tadbirkorlik subyektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari hamda tegishli ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun hamda bojxona organlari tomonidan undirilgan jarima summasi bundan mustasno).

50

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari qayd etgan xorijiy davlatlarning avtotransport vositalari tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan undirilgan jarima summasi.

25

Avtomototransport vositalari qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun toʻlov summasi.

8

Qonunchilik hujjatlarida belgilangan holatlarda davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni sotishdan olingan mablagʻlar.

8

Ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan aniqlangan yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlari boʻyicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlarni undirishdan tushgan mablagʻlar.

10

Chiqish va kirish vizalari berilganligi, ular muddatining uzaytirilganligi, vaqtincha turgan joy boʻyicha roʻyxatga olinganligi, doimiy yashash uchun hujjatlar rasmiylashtirilganligi uchun davlat bojlari.

8

Tadbirkorlik subyektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun undirilgan jarima summasi:

tizim joriy etilib, ishga tushirilgan kundan boshlab bir yil davomida;

10

tizim joriy etilib, ishga tushirilganidan bir yil oʻtgan kundan boshlab.

15

”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.12.2022-y., 09/22/706/1090-son)