toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.08.2024
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
Qarori
Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish va texnika bilan jihozlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qayd etilsinki, “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi tegishli 595-sonli qarorini ijro etish yuzasidan Xalq banki va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan jamgʻarib boriladigan pensiya tizimini amalda joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Respublikaning barcha mintaqalaridagi Xalq banki boʻlimlarida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning taqdimnomasi boʻyicha fuqarolar uchun yakka tartibdagi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochilgan, shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchalari berilmoqda, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyishning elektron maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimliklari hamda boshqa tegishli organlari tomonidan fuqarolarning shaxsiy kodini berish, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlar, xususan fermer xoʻjaliklari tomonidan xodimlarni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish uchun Xalq banki filiallariga maʼlumotlar taqdim etish ishlari hali talab darajasida tashkil etilmagan.
Aholi oʻrtasida jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining afzalliklari toʻgʻrisidagi tushuntirish ishlari yetarlicha olib borilmayapti, pensiya jamgʻarmalarini fuqarolar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mablagʻlari hisobiga emas, balki davlat budjetiga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlardan ajratmalar hisobiga shakllantirish mexanizmi va xususiyatlari sust yoritilmoqda.
Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining barqaror ishlashini va texnika bilan tegishli darajada jihozlanishini taʼminlash maqsadida:
1. Fuqarolarning yakka tartibdagi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallar jismoniy shaxslar daromad soligʻining budjetga yoʻnaltiriladigan bir qismi hisobidan amalga oshirilishi hamda budjetga toʻlanadigan soliqlar va majburiy toʻlovlarga tenglashtirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2005-yilning 1-iyulidan boshlab barcha yuridik shaxslar fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga badallar ajratishni jismoniy shaxslar daromad soligʻini budjetga belgilangan shakl va muddatlarda toʻlash bilan birga amalga oshiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki Xalq banki bilan birgalikda ikki hafta muddatda ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning yakka tartibdagi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qoʻshish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi zimmasiga yuridik shaxslar tomonidan majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarining toʻgʻriligi, toʻliq hisoblanishi va oʻz vaqtida oʻtkazilishi hamda fuqarolarning yakka tartibdagi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qoʻshilishi ustidan nazorat oʻrnatish vazifasi yuklansin.
Belgilansinki, fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga badallar oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilmaganligi uchun aybdor shaxslarga nisbatan soliqqa oid amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq taʼsir choralari qoʻllaniladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1792-moddasi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlarning hokimliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari Moliya vazirligi, Xalq banki, Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi, Matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda:
aholi oʻrtasida jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining mexanizmi va afzalliklari toʻgʻrisidagi tushuntirish ishlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini doimiy asosda amalga oshirib borsinlar, bunda fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlarni budjetga ajratmalarni kamaytirish hisobiga shakllantirish hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning manfaatlarini kamsitmaydigan tartibiga alohida eʼtibor bersinlar;
jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining prinsipial xususiyatlari hamda uni joriy etishning ijobiy tajribasini yoritishda ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan keng foydalansinlar.
5. 2005-2006-yillarda jamgʻarib boriladigan pensiya tizimining barqaror ishlashi uchun Xalq bankini bosqichma-bosqich zamonaviy kompyuter texnikasi hamda programmalari bilan taʼminlash tadbirlari va xarajatlarning prognoz koʻrsatkichlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilab qoʻyilsinki, xarajatlarning uzil-kesil cheklangan miqdorlari tender savdolarining natijalariga qarab oʻrnatiladi, tejab qolingan mablagʻlar jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga xizmat koʻrsatish uchun Xalq bankini qoʻshimcha ravishda jihozlashga yoʻnaltiriladi.
6. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
1-ilovada koʻrsatilgan xarajatlarning 51 foizi — budjet ssudasi hisobiga;
49 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining foydasi hisobiga moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Xalq banki buyurtmanomalari boʻyicha oʻz foydasi hisobidan 6,9 mlrd. soʻm, shu jumladan 2005-yilda 4,6 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Xalq banki oʻrnatilgan tartibda oʻzining ustav jamgʻarmasini oʻz muassislarining qonun hujjatlarida belgilangan ulushlariga muvofiq koʻpaytirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2005-2006-yillarda Xalq bankining asosli buyurtmanomalari boʻyicha 5 yil muddatga Narxlarni tartibga solish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 7,2 mlrd. soʻm, shu jumladan 2005-yilda 4,8 mlrd. soʻm foizsiz budjet ssudasi ajratishni, 2008-yilning 1-aprelidan boshlab uning har chorakda teng ulushlarda toʻlab borilishini nazarda tutsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovlarini olish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan 7,6 mln. soʻm miqdorda mablagʻ ajratsin.
8. Xalq bankini kompyuter texnikasi bilan jihozlash va programmalari bilan taʼminlash boʻyicha tadbirlar Dasturini amalga oshirishga oid idoralararo komissiya tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Idoralararo komissiya:
tasdiqlangan tadbirlar Dasturining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin;
oʻn kun muddatda kompyuter texnikasi xarid qilish boʻyicha tender hujjatlarini tayyorlasin va belgilangan tartibda tender savdolarini oʻtkazsin, tender shartlarida gʻolibning yetkazib beriladigan kompyuter texnikasi 3 yil mobaynida uzluksiz ishlashini hamda servis xizmati koʻrsatilishini taʼminlash majburiyatini nazarda tutsin;
2005-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlangan tadbirlar Dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida axborot bersin.
9. Xalq banki va uning filiallari rahbarlari zimmasiga xarid qilinayotgan kompyuter texnikasining saqlanishi va maqsadga muvofiq foydalanilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi hamda jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga xizmat koʻrsatish boʻyicha moddiy-texnika bazasining oʻz vaqtida shakllantirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
10. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi Xalq bankida tashkil etiladigan jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi respublika yagona elektron maʼlumotlar bazasining holatini har yili tahlil etib, uni takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Moliya vazirligiga xulosalar va takliflar berib borsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
 LexUZ sharhi
10-bandga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoniga asosan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Rus tili matnga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 595-sonli qaroriga 3-ilovaga** muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
**3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-iyun,
PQ-110-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 25-26-son, 179-modda; 2005-y., 37-38-son, 284-modda; 2013-y., 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda)