toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni hamda “Madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qarori 10-bandiga muvofiq madaniyat va sanʼat sohasidagi ijodkorlarni har yili bir marotaba taqdirlash maqsadida Madaniyat va sanʼat milliy mukofoti taʼsis etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin, shuningdek, Madaniyat vazirligining ushbu Milliy mukofotni “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” deb nomlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti (keyingi oʻrinlarda — Milliy mukofot) bilan taqdirlashni har yili anʼanaviy tarzda bir marta ijodkorlar oʻrtasida oʻtkazish;
Milliy mukofot nominatsiyalarini (jami 20 ta nominatsiya) Milliy mukofot komissiyasi xulosasi va keng jamoatchilik tanlovi asosida har yili 10-yanvardan 10-fevralgacha tanlab olish;
tanlab olingan Milliy mukofot nominatsiyalarini har yili 1-martgacha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish;
mukofotlash uchun nomzodlarni har yili 1-noyabrgacha Madaniyat vazirligi (ishchi organ)ga taqdim etish;
ishchi organ tomonidan har yili 1 — 10-noyabr kunlari nomzodlarga oid hujjatlarni koʻrib chiqib, qaror qabul qilish uchun Komissiyaga taqdim etish;
Komissiya tomonidan har yili 10 — 15-noyabr kunlari nomzodlarga oid hujjatlarni koʻrib chiqib, eng yaxshi natija koʻrsatgan 3 nafar nomzodlarni (har bir nominatsiya boʻyicha) saralash;
eng yaxshi natija koʻrsatgan 3 nafar nomzodlar roʻyxatini (har bir nominatsiya boʻyicha) Milliy mukofot gʻolibini aniqlash uchun har yili 15-dekabrdan kelgusi yilning 10-yanvar kuniga qadar ijtimoiy tarmoqlarga keng jamoatchilik ovoz berishi uchun joylashtirish;
joriy yil gʻoliblarining Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining buyrugʻi asosida taqdirlanishini kelgusi yil 25-yanvar kuni tashkil etish.
3. “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofotiga taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar Milliy mukofotning statuetkasi va sertifikatlar namunasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, mukofotlash va sertifikat blankasini tayyorlash uchun zarur mablagʻlar 2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda Madaniyat vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida, shuningdek, Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratiladi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-oktabr,
594-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 594-son qaroriga
1-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom mamlakatimiz madaniyati va sanʼatini yuksaltirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishda salmoqli, serqirra ijodi bilan katta hissa qoʻshgan isteʼdodli ijodkorlarni “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti (keyingi oʻrinlarda — Mukofot) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Mukofot bilan taqdirlash har yili anʼanaviy tarzda bir marta ijodkorlar oʻrtasida oʻtkaziladi.
3. Mukofotga teatr, sirk, musiqa sohasining estrada, anʼanaviy, akademik, folklor, bastakorlik, kompozitorlik, raqs, shuningdek, tasviriy va amaliy sanʼat, badiiy ijod hamda madaniyat va sanʼatning boshqa yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan soha vakillari orasidan nomzodlar koʻrsatilishi mumkin.
4. Mukofotga munosib nomzodlar “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) xulosasi hamda keng jamoatchilik tanlovi asosida tanlab olinadi.
Komissiya jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Komissiyaning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) hisoblanadi.
Komissiya tomonidan ishchi organ taqdim etgan nomzodlar haqidagi hujjatlar va maʼlumotlar puxta koʻrib chiqilib, Mukofotga tavsiya etish boʻyicha qaror qabul qilinadi.
Komissiya qarori yigʻilish bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
5. Mukofot uchun nomzodlarni tanlab olish jami 20 ta tegishli nominatsiyalar asosida tashkil etiladi hamda ularni aniqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) har yili 10-yanvardan 10-fevralga qadar madaniyat va sanʼatning barcha yoʻnalishlaridagi nominatsiyalar keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi hamda jamoatchilik tomonidan eng koʻp ovoz toʻplagan 15 ta nominatsiya har yilgi Mukofotga tavsiya etiladi;
b) jamoatchilik tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiq ovoz berish natijasiga koʻra Komissiya 10 kun muddatda tegishli qaror asosida qolgan 5 ta nominatsiyani tanlab oladi.
Aniqlangan nominatsiyalar roʻyxatiga Komissiyaning tegishli tavsiyasiga koʻra qoʻshimcha nominatsiyalar kiritilishi mumkin.
6. Jamoatchilik va Komissiya tomonidan aniqlangan nominatsiyalar haqidagi tegishli maʼlumotlar har yili 1-martga qadar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar joylashtirish orqali eʼlon qilinadi.
7. Nomzodlarni koʻrib chiqish va tanlab olish quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — madaniyat va sanʼat sohasidagi ijodkorlarni yil yakuni boʻyicha ijodiy faoliyatida erishgan yutuqlaridan kelib chiqqan holda nomzodlarni koʻrib chiqish va tanlab olish Komissiya tomonidan amalga oshiriladi;
ikkinchi bosqich — Komissiya xulosasiga asosan eng yuqori baholangan ijodkorlar jamoatchilik tanlovidan oʻtkaziladi.
8. Mukofot bilan taqdirlash ushbu Nizomning ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Mukofot bilan taqdirlash uchun nomzodlarni tanlab olish mezonlari
9. Mukofot bilan taqdirlash uchun tavsiya etilayotgan nomzodlar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
jahon miqyosidagi koʻrik-tanlov va festivallarda yuqori oʻrinlarni egallaganligi;
oʻzbek sanʼati va madaniyatini dunyo sahnalarida muntazam ravishda muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotganligi;
munosib ijodiy kadrlarni tayyorlaganligi, oʻzining oʻquv adabiyotlari, ilmiy ishlari, katta amaliy tajribasi bilan ularni tarbiyalashga salmoqli hissa qoʻshganligi;
ijodiy asarlar madaniyatimizning oʻziga xosligi, yuksak darajadagi mahorati va saviyasi, milliy sanʼatimizning yuksak namunalaridan boxabarligi bilan alohida ajralib turganligi, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, mustaqillik gʻoyalarini, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan madaniy-maʼrifiy islohotlar mohiyatini sanʼat vositasida targʻib etishga xizmat qilayotgan yuksak darajada yaratilgan ijodiy asarligi;
yil davomida ijodiy asarning ommalashganligi;
yil davomida ijodkorlarni turli mahalliy va targʻibot-tashviqot tadbirlarida qoʻlga kiritgan yutuqlari yoki eʼtirof etilganligi;
ijodiy asarlarga yuksak badiiy did bilan yondashilganligi.
3-bob. Mukofotga nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish tartibi
10. Sanʼat sohasidagi ijodkorlar (nomzod) oʻzi (qonuniy vakili) yoki faoliyat yuritayotgan tashkiloti orqali har yili 1-noyabrga qadar arizalarni belgilangan tartibda ishchi organga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi (anketa);
maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) nusxasi (mavjud boʻlsa);
nomzodga berilgan ijodiy tavsifnoma (tasdiqlangan);
ommaviy axborot vositalarida nomzod haqida berilgan telekoʻrsatuv va radioeshittirishlarning yoki mamlakatimizda va chet ellarda chop etilgan maqolalar havolasi (mavjud boʻlsa);
nomzodning ijodiy ishlari, faoliyati va erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi hujjatlar (mualliflik asarlari yoki repertuar roʻyxati, video va audio albomlari, turli tadbirlarda qoʻlga kiritgan sovrinli oʻrinlar uchun sertifikat va diplomlar nusxasi) toʻplami.
Belgilangan muddatdan kech taqdim etilgan hujjatlar qabul qilinmaydi.
11. Taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Nizomning 10-bandiga muvofiqligi ishchi organ tomonidan har yili 1 — 10-noyabr kunlari oʻrganiladi hamda koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Komissiyaga taqdim etiladi.
12. Komissiya har yili 10 — 15-noyabr kunlari har bir nominatsiyadan eng yuqori natijalarga erishgan 3 nafar nomzodlarni saralaydi.
13. Komissiya nominatsiyalar boʻyicha taqdim etilgan nomzodlarning ijodiy va mehnat faoliyati samaradorligi mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan mezonlarga toʻliq mos kelmagan taqdirda, ushbu nominatsiyalarga gʻoliblarni aniqlanmaslik yuzasidan xulosa qabul qilishi mumkin.
14. Komissiyaning tegishli qarori bilan Mukofotga munosib deb topilgan uch nafar nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik orasida ovoz berilishi uchun joylashtiriladi.
Har bir nominatsiya boʻyicha nomzodlarga jamoatchilik tomonidan berilgan jami ovozlar sonidan 30 foizi inobatga olinib, Komissiyaning yakuniy xulosasiga qoʻshiladi va natijalar umumlashtiriladi.
15. Ovoz berish jarayoni ijtimoiy tarmoqlarda har yili 15-dekabrdan kelgusi yilning 10 kuniga qadar oʻtkaziladi.
16. Ishchi organ Komissiya xulosasi va jamoatchilik ovoz berish natijalarini umumlashtiradi hamda Mukofotga munosib deb topilgan nomzodlar Mukofotni tantanali topshirish marosimiga qadar jamoatchilikka eʼlon qilinmaydi.
17. Nomzodlarning umumiy natijalari teng boʻlib qolgan holatda Komissiya raisi hal qiluvchi ovozga ega.
18. Mukofotga sazovor boʻlgan ijodkorlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining tegishli buyrugʻi asosida ushbu buyruq qabul qilingan kunda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida Madaniyat vazirligiga ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida, shuningdek Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bir martalik pul mukofoti bilan moddiy ragʻbatlantiriladi va ularga Mukofot maxsus statuetkasi hamda sertifikati topshiriladi.
4-bob. Taqdirlash marosimini tashkil etish va oʻtkazish
19. Mukofotni topshirish marosimi joriy yil gʻoliblarini taqdirlash kelgusi yil yanvar oyida Toshkent shahrida oʻtkaziladi.
20. Mukofot bilan taqdirlanadigan madaniyat va sanʼat vakillari roʻyxati respublika ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
21. Ushbu Nizom talablari buzilishi boʻyicha kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofoti bilan taqdirlash
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofotiga taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya, keng jamoatchilik

Mukofot nominatsiyalarini aniqlaydi

Har yili 10-yanvardan 10-fevralgacha

2-bosqich

Komissiya

Nominatsiyalarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qiladi

Har yili 1-martgacha

3-bosqich

Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda tegishli vazirlik va idoralar yoki nomzodlar

Ariza va hujjatlarni Madaniyat vazirligi — ishchi organga taqdim etadi

Har yili 1-noyabrgacha

4-bosqich

Madaniyat vazirligi — ishchi organ

Taqdim etilgan nomzodlar hujjatlarini oʻrganadi hamda tegishli qaror qabul qilish uchun Komissiyaga taqdim etadi

Har yili 1 — 10-noyabr kunlari

5-bosqich

Komissiya

Taqdim etilgan nomzodlarni saralaydi

Har yili 10 — 15-noyabr kunlari

6-bosqich

Komissiya, keng jamoatchilik

Har bir nominatsiya boʻyicha eng yuqori natijalarga erishgan 3 nafar nomzodlar roʻyxatini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiradi hamda keng jamoatchilik orasida ovoz beriladi

Har yili 15-dekabrdan kelgusi yilning 10-yanvar kuniga qadar

7-bosqich

Madaniyat vazirligi

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining tegishli buyrugʻi asosida mukofotlanadi va uni tantanali ravishda topshiriladi

Joriy yil gʻol�blarini taqdirlash kelgusi yil yanvar oyida

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 594-son qaroriga
2-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” madaniyat va sanʼat milliy mukofotiga taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya
TARKIBI

1.

A. Abduxakimov

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya raisi

2.

O. Nazarbekov

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

M. Hojimatov

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

4.

A. Nuridinov

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi

5.

S. Sayidov

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi

6.

R. Abdullayev

Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi

7.

M. Yoʻlchiyeva

Oʻzbekiston qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti

8.

F. Zokirov

Oʻzbekiston xalq artisti

9.

A. Ismoilov

Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli badiiy rahbari, Oʻzbekiston xalq artisti

10.

Z. Madrahimova

“Bahor” davlat raqs ansambli badiiy rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist

11.

O. Matyoqubov

Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti dotsenti, baxshi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist

12.

K. Oʻrinboyev

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi rektori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist

13.

I. Yuldashev

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori

14.

Sh. Toxtasimov

Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori

15.

A. Mansurov

Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti rektori

16.

B. Abdulpattayev

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshligʻi, Komissiya masʼul kotibi

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/594/0922-son)