toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIK OSOYIShTALIK VA JAMOAT SALOMATLIGI XIZMATINING
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishidan muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0034-22-son SanQvaN)ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 14-sentabrda hisobga olindi, hisob raqami 109]
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son “Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 912-son “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishidan muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0034-22-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi hududini odamlar uchun xavfli boʻlgan karantinli va boshqa yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishidan muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari va meʼyorlari (0161-04-son SanQvaN) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-sentabr,
25-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Bosh direktori I. ERGAShEV
2022-yil 27-avgust
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi A. MAVLONOV
2022-yil 29-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi B. NORKOBILOV
2022-yil 30-avgust
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2022-yil 27-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 8-sentabrdagi 25-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishidan muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0034-22-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishidan muhofaza qilish boʻyicha sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi (profilaktik) talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu sanitariya qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Davlat chegarasi — Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasini (quruqlikda, suvda, yer ostida, havo boʻshligʻida) belgilovchi chiziqdan va bu chiziq boʻylab oʻtuvchi vertikal sathdan iborat;
sanitariya-karantin nazorati — oʻtkazish punktlarida Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy boʻlinmalari tomonidan Davlat chegarasi orqali kelgan shaxslar, transport vositalari va tovarlarga nisbatan amalga oshiriladigan kompleks tadbirlar;
oʻtkazish punkti — xalqaro aloqalar uchun ochiq boʻlgan chegaradosh temir yoʻl stansiyalari va avtomobil yoʻllari, daryo portlari, aeroportlar (aerodromlar)ning hududi (hududining bir qismi), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk, chorva mollari, urugʻlik, ekish materiali, hayvonot va oʻsimliklarning boshqa mahsulotlarining chegara, bojxona va nazoratning boshqa turlari amalga oshiriladigan hamda oʻtkaziladigan maxsus jihozlangan joy;
sanitariya-karantin punktlari — Davlat chegaralarini quruqlikda (avtomobil va temir yoʻllari), havo va suv yoʻllari orqali kesib oʻtish joylaridagi chegara-bojxona majmualarida tashkil etiladigan ixtisoslashgan profilaktik muassasa.
2. Mazkur sanitariya qoidalari davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan quyidagi holatlarda tatbiq etiladi:
a) quyida koʻrsatilgan insonlar uchun karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar aniqlanganda:
chin chechak (V 03);
yovvoyi turdagi poliovirus keltirib chiqaradigan poliomiyelit (A 80.1, A 80.2);
yangi turdagi gripp virusi keltirib chiqaradigan odam grippi (J 10; J 11);
ogʻir oʻtkir respirator sindromi (atipik pnevmoniya);
vabo (A 00: A 00.0, A 00.1, A 00.9);
oʻlat (A 20: A 20.0, A 20.1, A 20.2, A 20.3, A 20.7, A 20.8, A 20.9);
sariq isitma (A 95: A 95.0, A 95.1, A 95.9);
kontagiozli virusli gemorragik isitmalar (lassa (A 96.2), marburg (A 98.3), ebola (A 98.4) virusli gemorragik isitmalari, gʻarbiy nil isitmasi (A 92.3), qrim-kongo gemorragik isitmasi (A 98.0), denge isitmasi (A 90, A 91), rift-valli isitmasi (A 92.4);
bezgak (V 50, V 51, V 52, V 53.0).
b) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga insonlar uchun karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklar mavjud boʻlgan transport vositalari, tovarlar va yuklarning kirishi bilan bogʻliq holatlarda.
2-bob. Oʻtkazish punktlariga qoʻyiladigan sanitariya-epidemiologik talablar
3. Oʻtkazish punktlarida sanitariya talablariga javob beradigan ichimlik suvi, ovqatlanish obyektlari hamda jamoat hojatxonalari boʻlishi lozim.
4. Oʻtkazish punktlarida Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining (bundan buyon matnda Sanitariya-epidemiologiya xizmati deb yuritiladi) tuman (shahar) boʻlimlari yoki uning tarkibidagi sanitariya-karantin punktlari (bundan buyon matnda sanitariya-karantin punktlari deb yuritiladi) tomonidan rejali profilaktik yoki epidemik koʻrsatmalarga asoslangan holda, dezinfeksiya, dezinseksiya hamda deratizatsiya tadbirlari oʻtkazilishi lozim.
5. Oʻtkazish punktida sanitariya-karantin punktlari tomonidan aholi uchun xavf tugʻdiruvchi yuqumli va parazitar kasalliklarning kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish, shuningdek inson uchun xavf tugʻdiruvchi tovarlar, kimyoviy, biologik va radioaktiv moddalar hamda yuklar olib kirilishining oldini olishga qaratilgan sanitariya-karantin nazorati oʻtkaziladi.
6. Sanitariya-karantin punktlarida navbatchi mutaxassis xonasi, izolyator xonasi, maishiy xona, dezinfeksiyalovchi moddalar va uskunalarni saqlash xonasi hamda sanitariya toʻxtash joyi yoki maydonchasi boʻlishi lozim.
7. Sanitariya-karantin punktlari xodimlari yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlarni tekshirishda yoki epidemiyaga qarshi birlamchi chora-tadbirlar oʻtkazishda kombinizon, rezina etik, tibbiy qalpoq (kapyushon), tibbiy niqob, rezina qoʻlqop, himoya koʻzoynagi kabilarda boʻlishi talab etiladi.
3-bob. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish chora-tadbirlari
8. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda, transport vositalari, tovarlar yoki yuklarda mazkur sanitariya qoidalarida koʻzda tutilgan tegishli kasallik belgilarining mavjudligi yuqumli kasallikka gumon qilish va epidemiyaga qarshi birlamchi chora-tadbirlar oʻtkazish uchun asos boʻladi.
9. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda tana haroratining koʻtarilishi, toshmalar toshishi, qaltirash, bosh ogʻrigʻi, holsizlik, bel, baʼzida qorin sohasida qattiq ogʻriq va qusish kabi kasallik belgilarining kuzatilishi chin chechak kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi. Bunda, sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan ushbu kasallikning yashirin davri oʻrtacha oʻn toʻrt kunni tashkil etishi inobatga olinishi lozim.
10. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda tana haroratining koʻtarilishi, holsizlik, bosh ogʻrigʻi, qusish, boʻyin muskullarining tirishishi, qoʻl va oyoqlarning quyi qismlarida ogʻriq kabi kasallik belgilarining kuzatilishi yovvoyi turdagi poliovirus keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi. Bunda, sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan ushbu kasallikning yashirin davri oʻrtacha yigirma bir kunni tashkil etishi inobatga olinishi lozim.
11. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda haroratning birdan koʻtarilishi, bosh va mushaklarning ogʻrishi, kuchli holsizlik, tomoq ogʻrigʻi, rinit alomatlari, quruq yoʻtal, konʼyunktiva va shilliq qavatlarning qizarishi kabi kasallik belgilarining kuzatilishi yangi turdagi gripp virusi keltirib chiqaradigan gripp kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi. Bunda, sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan ushbu kasallikning yashirin davri oʻrtacha yetti kunni tashkil etishi inobatga olinishi lozim.
12. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda tana haroratining koʻtarilishi, yoʻtal, nafas olishining qisqa (yuzaki) boʻlishi va qiyinlashuvi kabi kasallik belgilarining kuzatilishi ogʻir oʻtkir respirator sindromi kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi. Bunda, sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan ushbu kasallikning yashirin davri oʻrtacha oʻn kunni tashkil etishi inobatga olinishi lozim.
13. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda quyidagi kasallik belgilarining kuzatilishi oʻlat kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi:
oʻtkir respirator sindromlar (kasallikning yoʻtal bilan oʻtkir, toʻsatdan boshlanishi, oʻpka yetishmovchiligi, tana haroratining koʻtarilishi (3800S va undan yuqori) bilan kechadigan isitma);
limfadenit sindromlari (regional limfa tugunlarining kattalashuvi (tugunlar kuchli ogʻriqli, qizargan, konsistensiyasi qattiqlashgan va harakatsiz).
Bunda, sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan ushbu kasallikning yashirin davri oʻrtacha olti kunni tashkil etishi inobatga olinishi lozim.
14. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda oʻlat kasalligining oʻpka yetishmovchiligi turi aniqlanganda, ushbu shaxslar hamda ular bilan muloqotda boʻlganlar haqidagi tezkor maʼlumot tibbiy-sanitariya nazoratini oʻtkazgan sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan darhol Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparatiga va hududiy boʻlinmalariga yetkaziladi.
15. Oʻtkazish punkti orqali olib oʻtilayotgan transport vositalari quyidagi hollarda oʻlat kasalligi bilan zararlanmagan deb hisoblanadi:
transport vositalari oʻlat kasalligi boʻyicha noxush mamlakatlardan kelgan boʻlsa-da, ular yoʻlga chiqqan sanada, keyingi olti kun davomida hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan vaqtida haydovchilar va yoʻlovchilar orasida oʻlat kasalligi aniqlanmagan boʻlsa;
transport vositasida oʻlgan kemiruvchilar va ularning ektoparazitlari aniqlanmasa.
16. Sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan sanitariya nazorati oʻtkazilayotgan vaqtda transport vositalarida oʻlgan kemiruvchilar aniqlansa, ular yigʻilib, maxsus konteynerlarga joylashtirilgan holda laboratoriya tahlillari oʻtkazilishi uchun Respublika oʻlat profilaktika markaziga, uning filiallariga yoki filiallar boʻlinmalariga yuboriladi.
17. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda oʻtkir diareya sindromlari, oʻtkir diareya belgilarining (qusish, ich ketish) kuchli namoyon boʻlishi, organizmning suvsizlanishi kabi belgilarning kuzatilishi vabo kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi. Bunda, sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan ushbu kasallikning yashirin davri oʻrtacha besh kunni tashkil etishi inobatga olinishi lozim.
18. Oʻtkazish punktidan oʻtayotgan transport vositasida vabo kasalligi belgilari aniqlansa, undagi suv, oziq-ovqat mahsulotlari (yuklardan tashqari), najas, oqava suvlar kabi zararlangan deb hisoblangan barcha tashqi muhit obyektlari va maishiy chiqindilar zararsizlantirilishi va utilizatsiya qilinishi lozim.
Shuningdek, vabo kasalligi belgilari aniqlangan daryo kemasidagi suv hamda baliq mahsulotlari saqlanadigan idishlar, oziq-ovqatlarni saqlash va qayta ishlashda foydalaniladigan jihozlar dezinfeksiya qilinishi lozim.
19. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda quyidagi kasallik belgilarining kuzatilishi sariq isitma kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi:
bosh ogʻrigʻi, ensa sohasida va orqa mushaklardagi ogʻriq;
koʻngil aynishi va aksariyat hollarda qon aralash qusish;
yuz, boʻyin, koʻkrakning yuqori qismlari terisining qizarishi;
konʼyunktiva va shilliq qavatlarning qizarishi;
kasallikning 3 va 4 kuni tana haroratining birdaniga koʻtarilishi (39 °S gacha va undan yuqori);
koʻz shox pardasining sargʻayishi;
milk va burunlardan qon ketishi.
20. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda quyidagi kasallik belgilarining kuzatilishi kontagiozli virusli gemorragik isitmalar kasalligiga gumon qilish uchun asos boʻladi:
oʻtkir isitma bilan boshlanib, uch haftadan kam davom etadi;
gemorragik toshma yoki gemorragik purpura;
umumiy intoksikatsiya;
balgʻam va najasda qon boʻlishi;
boshqa gemorragik simptomlar.
Bunda, sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan ushbu kasallikning yashirin davri oʻrtacha olti kunni tashkil etishi inobatga olinishi lozim.
21. Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslarda quyidagi kasallik belgilarining kuzatilishi chivinlar orqali yuqadigan bezgak va boshqa yuqumli kasalliklarga gumon qilish uchun asos boʻladi:
bezgak kasalligiga gumon qilinishiga asos boʻladigan isitmali sindromlar:
tez koʻtariladigan isitma xuruji, qaltirash, bosh ogʻrigʻi, mushaklarda ogʻriq, ularning 5 — 7 soat davom etishi va har kuni yoki kunora (uch kunlik bezgak) yoki har ikki kundan keyin (toʻrt kunlik bezgak) qaytalanib turishi;
toʻsatdan isitmalash, ogʻir intoksikatsiya, bosh ogʻrigʻi, alahsirash, qaltirash, kollaps yoki teri osti gemorragiyasi, oʻpka, oshqozon-ichakdan qon ketishi bilan kechishi (tropik bezgak);
bemorni bezgak kasalligi tarqalgan hududdan kelganligi.
Sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan Davlat chegarasidan oʻtayotgan shaxslar bezgak va boshqa yuqumli kasalliklarga chalingan deb gumon qilingan hollarda mazkur sanitariya qoidalarining 25-bandida qayd etilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim.
22. Zararlangan hududlardan kelgan barcha transport vositalarida chivinning (Aedes aegypti, Aedes-A.Leucocelaceus, Aedes-A.affricanus, Aedes-A.Simpsoni va boshqa turlari) borligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlsa, ushbu transport vositalarida dezinseksiya tadbirlari oʻtkazilishi lozim.
23. Sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan bezgak kasalligi tarqalgan hududlarda boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan yoki oʻsha hududlardan qaytgan transport vositalari bezgak kasalligi qoʻzgʻatuvchisini tashuvchi chivinlar (anofeles) mavjudligiga tekshirilishi, agarda chivinlar aniqlansa, ularning sonidan va turidan qatʼi nazar dezinseksiya oʻtkazilishi lozim.
24. Oʻtkazish punktidan oʻtayotgan yoʻlovchilar oqimida mazkur sanitariya qoidalarining 2-bandida nazarda tutilgan kasalliklar belgilari aniqlanganda quyidagi chora-tadbirlar qoʻllaniladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 912-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomda nazarda tutilgan choralar koʻriladi;
sanitariya-karantin punkti xodimlari kasallikka gumon qilingan shaxslar bilan muloqotda boʻlgan, zararlanish xavfi kam deb hisoblangan qolgan barcha yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolari haqida Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy boʻlinmalariga, hududiy boʻlinmalar esa hududiy davolash-profilaktika muassasalariga xabar beradi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy boʻlinmalari hamda hududiy davolash-profilaktika muassasalari tomonidan zararlanish xavfi kam deb hisoblangan qolgan barcha yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolari kasalliklarning yashirin davri muddatlarini inobatga olgan holda (kasallik aniqlangan kundan boshlab) tibbiy kuzatuvga olinadi.
25. Chegara-bojxona punktidan (posti) oʻtayotgan transport vositalari va yoʻlovchilar oqimida ushbu sanitariya qoidalarida koʻrsatilmagan boshqa kasallik belgilari boʻlgan shaxslar aniqlansa, ushbu kasallik shaxslarning hayotiga xavf tugʻdirish xususiyatiga ega, transport vositasida birga kelgan yoʻlovchilarga va boshqa shaxslarga yuqishi mumkin yoki xalqaro ahamiyatga ega kasallik boʻlsa, bu haqda sanitariya-karantin punktlari xodimlari tomonidan Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy boʻlinmalariga xabar beriladi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan darhol kasallik oʻchogʻini bartaraf etish boʻyicha epidemiyaga qarshi va profilaktik tadbirlar amalga oshirilishi lozim.
26. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ilovada keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga karantinli, oʻta xavfli va boshqa yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishidan muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari va normalariga
ILOVA

Ishlab chiquvchilar roʻyxati:

Saidaliyev S.S.

Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Respublika oʻlat profilaktika markazi direktori, t.f.n.;

Mirzabayev D.S.

Respublika oʻlat profilaktika markazi direktorining epidemiologiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari, t.f.n.;

Qurbonbekov F.B.

Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Oʻta xavfli yuqumli kasalliklar boʻlimi boshligʻi, oliy toifali epidemiolog;

Turdiyeva L.R.

Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Standartlash va metrologiya boʻlimi boshligʻi;

Taqrizchilar:

Atabekov N.S.

Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻining oʻrinbosari, t.f.d.;

Iskandarova G.T.

Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining “Epidemiologiya” kafedrasi mudiri, t.f.d., professor.