toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, unda fuqarolar ishtiroki rolini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 27-avgustdagi PF-6300-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
“Davlat auditi” dasturiga fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin boʻlgan nazorat obyektlari roʻyxatini kiritish;
fuqarolar tomonidan eng koʻp marotaba tanlangan nazorat obyektlarida nazorat tadbirini oʻtkazish tartib-taomillari;
davlat moliyaviy nazorati organi va ichki audit xizmatlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholash tartibi.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi hamda vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari nazorat ishlarining yillik rejasini fevral oyning 10 sanasidan kechiktirmay, shuningdek, fuqarolar ishtirokidagi audit boʻyicha oʻtkazilgan nazorat tadbirining natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorak yakunlariga koʻra, chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay “Davlat auditi” dasturida jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2023-yil davomida iqtisodiyot va moliya yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida vazirlik va idoralarda ichki audit xizmatlarini rivojlantirishning oʻziga xos xususiyatlari yuzasidan amaliy seminarlar oʻtkazish grafigini tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 10-iyun,
326-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi 326-son qaroriga
ILOVA
Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash hamda davlat moliyaviy nazorati organi va vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizom talablari Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) hamda vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — ichki audit xizmatlari), barcha budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar uchun tatbiq etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Davlat auditi” dasturi — Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturiy kompleksi;
vakolatli tuzilma — Inspeksiya hamda ichki audit xizmatlari;
nazorat obyekti — budjet tashkiloti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar;
nazorat tadbirlari — ichki audit xizmatlari tomonidan oʻtkaziladigan audit tadbirlari hamda Inspeksiya tomonidan oʻtkaziladigan qonunchilikda belgilangan moliyaviy nazorat shakllari;
fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi — fuqarolar tomonidan tanlangan nazorat obyektlarini saralash, ularda nazorat tadbirlarini oʻtkazish hamda natijalarini eʼlon qilib borish jarayoni.
2-bob. Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash tartibi
4. Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan nazorat obyektini aniqlash ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
5. Nazorat obyektini aniqlashda ishtirok etish uchun fuqarolar “Davlat auditi” dasturida roʻyxatdan oʻtadilar.
6. Fuqarolarni “Davlat auditi” dasturida autentifikatsiyalash elektron raqamli imzo vositalari, mobil telefon raqamlari, shaxslarning biometrik maʼlumotlari, Mobil-ID, Face-ID shuningdek boshqa usullar bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Fuqarolar tomonidan kelgusi yil uchun tanlanishi mumkin boʻlgan nazorat obyektlari roʻyxati vakolatli tuzilmalar tomonidan har yili 31-dekabr sanasiga qadar joriy yil uchun tasdiqlangan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilari sifatida belgilangan vazirlik va idoralar kesimida shakllantiriladi hamda “Davlat auditi” dasturiga kiritiladi.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)
Bunda, ichki audit xizmatlari mavjud boʻlmagan vazirlik va idoralar boʻyicha nazorat obyektlari roʻyxati Inspeksiya tomonidan kiritiladi.
8. Fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin boʻlgan nazorat obyektlari roʻyxatiga quyidagilar kiritilmaydi:
vakolatli tuzilmalarning yillik rejasiga kiritilgan nazorat obyektlari;
faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvida alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilari sifatida eʼtirof etilgan idoralar hamda ular tizimidagi nazorat obyektlari;
oxirgi ikki yil mobaynida fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali tanlangan va nazorat tadbirlari oʻtkazilgan nazorat obyektlari;
moliyalashtirish davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir sifatida eʼtirof etilgan vazirlik va idoralar hamda ular tizimidagi nazorat obyektlari.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvida alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan idoralar roʻyxati Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)
9. “Davlat auditi” dasturiga kiritilgan roʻyxat tarkibidan nazorat obyekti fuqarolar tomonidan nazorat tadbirini oʻtkazish zarurligining sababi keltirilgan holda tanlanadi.
Bunda, fuqarolar tomonidan kalendar yil davomida bir nazorat obyektini bir marta tanlash amalga oshiriladi.
10. Fuqarolar tomonidan nazorat obyektini tanlash “Davlat auditi” dasturida har chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar amalga oshiriladi.
11. Fuqarolar tomonidan tanlangan nazorat obyektlari roʻyxati va ulardagi tanlashlar soni “Davlat auditi” dasturida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
12. Nazorat tadbirlari oʻtkaziladigan nazorat obyektlari roʻyxati va nazorat tadbirlari oʻtkazish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Davlat auditi” dasturida har chorak birinchi oyining 15 sanasiga qadar eʼlon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Har chorak oxirgi oyining 10 sanasiga qadar fuqarolar tomonidan tanlashlar soni 10 tadan ortiq boʻlgan nazorat obyektlari tarkibidan eng koʻp marta tanlangan uchtasida nazorat tadbiri oʻtkaziladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, eng koʻp marta tanlangan nazorat obyektlarida tanlashlar soni bir xil boʻlganda, ularning barchasida nazorat tadbirlari oʻtkaziladi hamda nazorat tadbirlari oʻtkazilgan obyektlar ikki kalendar yil davomida fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin boʻlgan nazorat obyektlari roʻyxatiga qayta kiritilmaydi.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
14. Nazorat tadbirlari tegishli vakolatli tuzilmalar tomonidan oʻtkaziladi.
Bunda, ichki audit xizmatlari mavjud boʻlmagan vazirlik va idoralar boʻyicha nazorat tadbirlari Inspeksiya tomonidan oʻtkaziladi.
15. Tanlov natijalariga koʻra roʻyxatdagi 10 tadan koʻp tanlangan nazorat obyekti soni faqat bitta boʻlgan hollarda, ushbu nazorat obyektida nazorat tadbiri oʻtkaziladi.
16. Tanlashlar soni boʻyicha uchta eng koʻp tanlangan nazorat obyektlari tarkibiga kirmagan nazorat obyektlari kalendar yili davomida keyingi chorakka oʻtkaziladi hamda natijalari saqlab qolingan holda tanlashga qayta qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Nazorat tadbirlari yakunlangandan soʻng 3 ish kuni ichida nazorat tadbirlari natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot “Davlat auditi” dasturida eʼlon qilinadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)
3-bob. Vakolatli tuzilmalar faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholash tartibi
18. Vakolatli tuzilmalar faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholash (keyingi oʻrinlarda — baholash) “Davlat auditi” dasturi orqali ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
19. Baholash mazkur Nizomning 2-bobida koʻrsatilgan tartibga muvofiq aniqlangan nazorat obyektlarida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijalari toʻgʻrisidagi eʼlon qilingan maʼlumot asosida fuqarolar tomonidan baholash orqali amalga oshiriladi.
20. Baholash uchun fuqarolarni “Davlat auditi” dasturida autentifikatsiyalash elektron raqamli imzo vositalari, mobil telefon raqamlari, shaxslarning biometrik maʼlumotlari, Mobil-ID, Face-ID shuningdek boshqa usullar bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Baholash vakolatli tuzilmalar tomonidan eʼlon qilingan nazorat tadbirlari natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot asosida nazorat tadbiri oʻtkazilgan chorakning oxirgi oʻn kunligida “Davlat auditi” dasturida amalga oshiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)
22. Baholash ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan maʼlumotga 1 dan 5 gacha (1 eng past va 5 eng yuqori ball) butun sonlardagi shkala asosida baho berish orqali amalga oshiriladi.
23. Baholash natijalarining oʻrtacha bahosi “Davlat auditi” dasturida avtomatik tarzda alohida sahifada yaxlitlash orqali aks ettirib boriladi.
24. Baholash natijalariga nazorat tadbirlarini oʻtkazgan vakolatli tuzilmalarning xodimlari natijasi sifatida qaraladi.
Bunda, 10 nafardan kam fuqarolar tomonidan baholangan nazorat tadbirlari baholash natijalarining oʻrtacha bahosini hisoblashda inobatga olinmaydi.
25. Baholash natijalarining oʻrtacha bahosidan kelib chiqib vakolatli tuzilmalar xodimlarining natijalari quyidagicha belgilanadi:
5 ball boʻlgan xodim — “ namunali”;
4 ball boʻlgan xodim — “yaxshi”;
3 ball boʻlgan xodim — “qoniqarli”;
3 ballgacha boʻlgan xodim — “qoniqarsiz”.
26. Baholash natijalarining reytingi boʻyicha:
“namunali” deb topilgan xodimga — lavozim maoshining 25 foizi;
“yaxshi” deb topilgan xodimga — lavozim maoshining 15 foizi;
“qoniqarli” deb topilgan xodimga — lavozim maoshining 5 foizi miqdorida pul mukofoti berish orqali ragʻbatlantirish amalga oshiriladi.
Bunda, xodimlarga pul mukofoti berish budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
27. Baholash natijalariga koʻra natijasi “qoniqarsiz” deb topilgan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan koʻrinishda choralar qoʻllaniladi.
28. Ragʻbatlantirish va chora koʻrish masalasi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Inspeksiya hamda ichki audit xizmatlari

Fuqarolar tomonidan tanlanishi mumkin boʻlgan nazorat obyektlari roʻyxatini “Davlat auditi” dasturiga kiritish.

har yili 31-dekabrga qadar

2-bosqich

Fuqarolar

1. “Davlat auditi” dasturida autentifikatsiyadan oʻtish.

1. Zaruratga koʻra

2. “Davlat auditi” dasturiga kiritilgan roʻyxatdagi nazorat obyektlarini tanlash.

2. Har chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar

3-bosqich

“Davlat auditi” dasturi*

“Davlat auditi” dasturi orqali avtomatik tarzda fuqarolar tomonidan tanlangan nazorat obyektlari roʻyxati va ulardagi tanlashlar sonini shakllantirish.

Har chorak birinchi oyining 10 sanasi (avtomatik tarzda)

4-bosqich

Inspeksiya hamda ichki audit xizmatlari

Nazorat tadbirlari oʻtkaziladigan nazorat obyektlari roʻyxati va nazorat tadbirlari oʻtkazish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Davlat auditi” dasturida eʼlon qilish.

Har chorak birinchi oyining 15 sanasi

5-bosqich

Inspeksiya hamda ichki audit xizmatlari

1. “Davlat auditi” dasturida shakllantirilgan roʻyxatdagi eng koʻp marta tanlangan nazorat obyektlarining uchtasida nazorat tadbirini oʻtkazish.

1. Har chorak oxirgi oyining 10 sanasiga qadar

2. Nazorat tadbirlari yakunlangandan soʻng ularning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Davlat auditi” dasturida eʼlon qilib borish.

2. Nazorat tadbirlari yakunlangandan soʻng 3 ish kuni ichida

*Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturiy kompleksi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)
Fuqarolar ishtirokidagi audit oʻtkaziladigan obyektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Vakolatli tuzilmalar faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholash
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Fuqarolar

1. “Davlat auditi” dasturida autentifikatsiyadan oʻtish.

1. Zaruratga koʻra

2. Vakolatli tuzilmalar faoliyati samaradorligini nazorat tadbirlari natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida “Davlat auditi” dasturida baholash.

2. Nazorat tadbiri oʻtkazilgan chorakning oxirgi oʻn kunligida

2-bosqich

“Davlat auditi” dasturi*

Vakolatli tuzilmalar faoliyati samaradorligini baholash natijalarining oʻrtacha bahosini alohida sahifada yaxlitlash orqali aks ettirib borish.

Nazorat tadbiri oʻtkazilgan chorakdan keyingi oyning birinchi kunida

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-iyuldagi 446-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2022-y., 09/22/326/0515-son; 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son)