toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining
Qarori
Qurilish ishlarini tashkil qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0022-22-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 6-iyunda hisobga olindi, hisob raqami 89]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qaror qiladi:
1. Qurilish ishlarini tashkil qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0022-22-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qurilish ishlarida va qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish boʻyicha gigiyenik talablarning sanitariya qoidalari (0289-10-son SanQvaN, 2010-yil 15-noyabr) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. YuSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 17-may,
0022-22-son
Kelishildi:
Qurilish vaziri B. ZAKIROV
2022-yil 27-aprel
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. OBLOMURADOV
2022-yil 14-may
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 17-maydagi 0022-22-son qaroriga
ILOVA
Qurilish ishlarini tashkil qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0022-22-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) qurilish ishlarini tashkil qilishda ishchilar hamda ushbu hudud atrofida yashovchi aholining hayoti va sogʻligʻiga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararli omillarni oldini olish va ularning taʼsirini kamaytirishga oid talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalari bino va inshootlarni qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik qayta jihozlash, mukammal taʼmirlash va buzish boʻyicha faoliyat olib boruvchi barcha jismoniy va yuridik shaxslar uchun moʻljallangan.
2. Qurilish ishlarini amalga oshiruvchi barcha subyektlar ishchilarning sogʻligʻiga qurilish ishlari bilan bogʻliq zararli omillar taʼsir etishi va kasb kasalliklari yuzaga kelishini oldini olish maqsadida sanitariya-profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishlari lozim.
3. Bino va inshootlarda qurilish ishlari boshlanishidan oldin ShNQ-3.01.01 “Qurilish ishlab chiqarishini tashkil qilish” da nazarda tutilgan tayyorgarlik ishlari oʻtkaziladi.
Xavfli ishlab chiqarish omillari taʼsiri ostida boʻlgan qurilish maydonlari va uchastkalari GOST 23407 “Qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan qurilish maydonlari va uchastkalarini toʻsiqlar bilan oʻrash” talabiga muvofiq himoya toʻsiqlari bilan, yashirin (potensial) xavfli ishlab chiqarish omillari taʼsirida boʻlgan zonalar esa GOST 12.4.059 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Qurilish. Xavfsizlik toʻsiqlari. Umumiy texnik shartlar” talabiga muvofiq boʻlgan toʻsiqlar bilan oʻralgan boʻlishi, shuningdek GOST ISO 3864-1 “Grafik belgilar. Signal ranglari va xavfsizlik belgilari.1-qism. Signal va belgilarni loyihalashtirish tamoyillari”ga muvofiq boʻlgan xavfsizlik belgilari oʻrnatilishi lozim.
4. Bino va inshootlarda qurilish ishlarini boshlashdan avval qurilish maydoni barcha turdagi chiqindilardan tozalanadi.
5. Qurilish maydonida vaqtinchalik elektr, yoritish, suv va oqova suv tarmoqlari tashkil etiladi.
6. Qurilish maydonlari va ish joylarining bir xilda yoritilishi taʼminlanadi. Qurilish ishlari olib boriladigan maydonlar va binolar ichidagi sunʼiy yoritilganlik darajasi ShNQ 2.01.05 “Tabiiy sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
7. Qurilish maydonlari va joylarini yoritish uchun statsionar va koʻchma yoritish moslamalaridan (ochiq gaz razryadli va kolbali chugʻlanma chiroqlardan foydalanmagan holda) foydalaniladi. Koʻchma yoritish moslamalari qurilish maydonining ish joylarida va transport yoʻllarida joylashtiriladi.
2-bob. Ish joylarining sanitariya-gigiyenasi boʻyicha umumiy talablar
1-§. Shovqin, mikroiqlim va tebranishga qoʻyiladigan talablar
8. Qurilish ishlari olib borilishida mikroiqlim holati SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimining sanitariya-gigiyena normalari”da belgilangan miqdorda boʻlishi kerak.
9. Qurilish jarayonidagi chang hosil boʻlishi mumkin boʻlgan ishlarda chang hosil boʻlishiga va tarqalishiga yoʻl qoʻymaydigan yoki chang miqdorini kamaytirishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar belgilanadi:
qurilish maydoni atrofiga chang tarqalishiga toʻsqinlik qiladigan qurilmalar oʻrnatish;
qurilish maydonidan chiqishdan oldin qurilish texnikalari va transport vositalarini, shu jumladan ularning gʻildiraklarini yuvish uchun qurilish maydonida transport vositalarini yuvish shaxobchasi tashkil etish;
binodagi qurilish ishlarini chang tarqalishiga yoʻl qoʻymaydigan materiallar bilan oʻralgan holda olib borish lozim.
10. Tarkibida asbest boʻlgan toʻsiq va konstruksiyalarni buzish va taʼmirlash, shuningdek ularni qurilish maydonlariga oʻrnatish boʻyicha ishlar ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan yoki qurilish ishchilari tomonidan texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Tarkibida asbest boʻlgan mahsulotlar namlangan holda tashilishi hamda ikkilamchi chang hosil boʻlishining oldini olish uchun barcha asbest chiqindilari nam holatda chiqarib tashlanishi lozim.
11. Zararli kimyoviy moddalar hosil boʻlishi bilan bogʻliq ishlar havo almashishi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan xonada olib boriladi.
12. Ish joylari havosidagi zararli moddalar miqdori SanQvaN 0294-11 “Ish joylari havosidagi zararli moddalar ruxsat etilgan miqdorining gigiyena normativlari”da belgilangan miqdordan oshmasligi kerak.
13. Atrof-muhitga chang zarralarining tarqalishi natijasida ishchilar hamda mazkur hududda yashovchi aholining nafas olish tizimiga jiddiy zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida, qurilish ishlari olib borilayotgan joylardagi transport vositalari yuradigan yoʻllar chang hosil qilmaydigan qoplamalari (asfalt, beton) bilan qoplangan bilan qoplangan boʻlishi kerak.
14. Qurilish maydoni va hududida uskuna va qurilmalar ishlashi natijasida hosil boʻladigan shovqin darajasi SanQvaN 0325-16 “Ish joylarida ruxsat etilgan shovqin darajasi boʻyicha sanitariya meʼyorlari”da belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
15. Qurilmalarni ishlatishda ish joylaridagi shovqin darajasining zararli taʼsirini kamaytirish maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi maqsadga muvofiq:
qurilmadagi shovqin hosil qiladigan manbadagi va ish joylaridagi shovqin darajasini ruxsat etilgan miqdordan yuqori boʻlishining oldini oladigan texnologik jarayonlarni tatbiq qilish yoki boshqa texnik vositalardan foydalanish;
masofaviy boshqarish;
shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish;
mehnat qilish va dam olishning oqilona tartibini tanlash, ish joylaridagi shovqinning taʼsir vaqtini qisqartirish va boshqa tashkiliy tadbirlarni oʻtkazish.
16. Shovqin darajasi 80 dBA dan yuqori boʻlgan joylarda xavflilikni koʻrsatuvchi belgilar oʻrnatiladi va shu toifadagi ish joylarida ishchilar shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda ishlashi lozim.
17. Ishchilarning salomatligiga jiddiy zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida qurilish ishlari shovqin darajasi 135 dBA dan yuqori boʻlgan joylarda olib borilmaydi.
18. Ish joylarida tebranish darajasi SanQvaN 0326-16 “Ish joylarida umumiy va mahalliy tebranish boʻyicha sanitariya meʼyorlari”da belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
19. Tebranishning zararli taʼsirini bartaraf etish uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim:
konstruktiv yoki texnologik choralar orqali hosil boʻlish manbasidagi tebranishni kamaytirish;
tebranishni alohidalash va tarqalishini kamaytirish;
masofaviy boshqarish;
shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish;
mehnat qilish va dam olishning oqilona tartibini tanlash va boshqa tashkiliy tadbirlarni oʻtkazish.
20. Boʻyoq va boshqa shu kabi zararli moddalar ishlatiladigan va tayyorlanadigan ish joylaridagi havoning almashib turishi uchun ShNQ 2.04.05 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” talablariga muvofiq boʻlgan mexanik ventilatsiya tizimi bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
2-§. Qurilish mahsulotlari va xomashyolarini saqlash va tashish
21. Tarkibida zararli moddalar boʻlgan kukun va boshqa sochilib ketuvchi qurilish mahsulotlari germetik yopiq idishda saqlanadi.
22. Qurilish maydonida qurilish mahsulotlari va xomashyolaridan ularning hudud boʻylab sochilib ketishi va oqib ketishiga yoʻl qoʻymagan holda foydalaniladi.
23. Qurilish maydoniga mahsulot va xomashyolarni yetkazib berish yoki ularni qurilish maydoni hududida saqlash va tashish boʻyicha barcha ishlar jarohatlanishlar, ishchilarning jismoniy toliqishi, shuningdek ularni zararli moddalar bilan bevosita aloqasini istisno etadigan va ogʻir mehnatni imkon qadar kamaytiruvchi usullar bilan olib borilishi lozim.
24. Ogʻirligi 50 kg dan ortiq boʻlgan, shuningdek 2 metrdan yuqori balandlikka koʻtariladigan yuklarni ortish va tushirish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan usul orqali amalga oshirilishi lozim.
3-§. Payvandlash va kesish ishlarini bajarish
25. Oʻrta va kichik hajmdagi buyumlar maxsus jihozlangan joylarda payvandlanadi. Maxsus jihozlangan joyning ustki qismi ochiladigan va yonmaydigan materialdan tayyorlanadi. Bitta payvandlash joyi uchun eng kamida 3 m2 maydon, payvandlanadigan jihozlarni saqlash, payvandlash uskunalari, stol, mahalliy suruvchi ventilatsiya qurilmasini joylashtirish uchun esa yetarli miqdorda joy ajratiladi.
26. Kasb kasalliklari kelib chiqishining oldini olish maqsadida, mahalliy suruvchi ventilatsiya tizimi oʻrnatilgan yopiq va maydoni cheklangan payvandlash oʻtkazish joylarida havodagi zararli moddalar miqdori ruxsat etilgan miqdordan yuqori boʻlmasligi kerak.
27. Yuqori nur qaytarish xususiyatiga ega boʻlgan mahsulotlarni (alyumin, asosi titan boʻlgan qotishma, zanglamaydigan poʻlat) payvandlashda elektr payvandlovchilar va yaqin atrofda ishlovchilarni optik nurlanish taʼsiridan himoya qilish maqsadida payvandlashdan himoyalash uchun ekran (koʻchma yoki oʻrnatilgan) oʻrnatiladi va payvandlanadigan mahsulotlar yuzasi yopiladi.
28. Vertikal holatda turli xil darajada payvandlash ishlari bajarilganda, mazkur ishlar payvandlash darajasidan pastda ishlaydigan ishchilarni tasodifan tushadigan buyumlar, elektrod qoldiqlari, metall boʻlaklari va boshqa narsalardan himoya qilishni taʼminlagan holda amalga oshiriladi.
4-§. Izolatsiya ishlarini bajarish
29. Kimyoviy moddalar ajraladigan izolatsiya ishlarini olib borish boshqa ishlardan alohida xonada (binoda) amalga oshiriladi.
30. Izolatsiya ishlari qurilma yoki xona ichida bajarilganda, ish joylari mexanik ventilatsiya tarmogʻi va mahalliy yoritish uskunasi bilan taʼminlanadi.
31. Issiq bitumdan foydalangan holda izolatsiya ishlari olib borilganda, ishchilar oyoq kiyim, brezentdan tayyorlangan shim va kostyum bilan taʼminlanadi.
32. Shisha qipiqli matolar, asbest qoldiqlari va sementlar ish joylariga sochilib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida maxsus idishlarda yetkazib beriladi.
33. Emirilishga qarshi ishlar suruvchi-chiqaruvchi ventilatsiya tarmogʻi bilan taʼminlangan holda mexanizatsiyalashtirilgan texnologik jarayonlarda olib boriladi.
5-§. Boʻyash ishlarini bajarish
34. Qurilish maydonida boʻyash ishlarini olib borish uchun foydalaniladigan bino havosidagi zararli moddalar miqdori SanQvaN 0294-11 “Ish joylari havosidagi zararli moddalar ruxsat etilgan miqdorining gigiyena normativlari”da belgilangan miqdordan oshmasligi kerak.
Boʻyash ishlari olib borilayotgan binoda ShNQ 2.04.05 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” talabiga muvofiq ventilatsiya tarmogʻi oʻrnatiladi hamda yuvuvchi vositalar va issiq suv bilan taʼminlanadi.
Boʻyoq tarkibini tayyorlashga moʻljallangan koʻchma qurilmalardan foydalanish ventilatsiya tarmogʻi tashkil etilgan joylarda amalga oshiriladi.
35. Boʻyoq tarkibini tayyorlash ishlari ishchilar salomatligiga zarar yetishining oldini olish maqsadida ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan texnik talablar hamda sanitariya-epidemiologik talablarga muvofiq boʻlgan eritmalardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
36. Qurilishning texnologik jarayonlari oʻzgarishiga olib kelmaydigan hollarda, ishlatiladigan zararli moddalarni quyida koʻrsatilgan zararlilik darajasi kam boʻlgan va xavfsiz moddalar bilan almashtiriladi:
benzolni — benzin, spirt, ketonlar va boshqa zararlik darajasi kam boʻlgan erituvchilarga;
epoksid lak-boʻyoqlarini qattiqlashtiruvchi geksametilenaminni — zararlik darajasi kam boʻlgan qattiqlashtiruvchilar (polietilen-poliamin, poliamid va boshqa)ga;
organik erituvchilar bilan suyultiriladigan lak-boʻyoqlarni suv bilan suyultirishga.
37. Boʻyash ishlari tarkibida qoʻrgʻoshin mavjud boʻlmagan lak-boʻyoqlardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
38. Boʻyashga tayyorlashda ishlatiladigan boʻyoq mahsulotlaridan ishchi birikmalarini tayyorlash jarayoni ventilatsiya tarmogʻidan va shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda maxsus qurilmalarda amalga oshiriladi.
39. Ogʻirligi 10 kg dan ortiq boʻlgan boʻyoq qorishmalarini tayyorlashda idishlar mexanizatsiyalashtirilgan holda toʻldiriladi yoki quyiladi.
40. Ish joylarini tashkil qilishda lak-boʻyoqlar bilan ishlashni yengillashtirish va boʻyalgan mahsulotlar (konteynerlar, aylanuvchi doiralar, stollar) tegishiga yoʻl qoʻymaydigan moslamalarni oʻrnatish koʻzda tutiladi.
41. Mexanizatsiyalashtirilgan boʻyash ishlari respirator va himoya koʻzoynagidan foydalanilgan holda olib boriladi.
42. Bino va inshootlarda ishlar rezina qoʻlqopda olib boriladi, boʻyoq qoldiqlari metall qutida yigʻilib, oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilish uchun xonadan olib chiqiladi.
43. Boʻyash ishlari boʻyash jarayonida hosil boʻladigan aerozol va erituvchi changlar taʼsiridan himoyalanish uchun havo oqimiga qarab olib boriladi.
44. Ish jarayonini mexanizatsiyalashda ishchilarga ortiqcha ogʻirlik tushmasligi maqsadida boʻyoq purkagichlar ogʻirligi 1 kg gacha, bosim kuchi esa 10 N gacha boʻlishi kerak.
3-bob. Bino va inshootlarni buzish, taʼmirlash va kengaytirish ishlarini tashkil etish va bajarish
45. Bino va inshootlarni buzish ishlari ob-havoning qulay sharoitlarida (er muzlagan, tuman va yomgʻirli vaqtlar, ish joyining koʻrinish darajasi past boʻlgan hamda shamol tezligi 15 m/s va undan yuqori boʻlgan hollardan tashqari) amalga oshiriladi.
46. Bino va inshootlarni buzishda hosil boʻladigan jismlardan himoya qilish uchun ishchilarda maxsus kiyimlarga qoʻshimcha ravishda himoya koʻzoynagi boʻlishi maqsadga muvofiq.
47. Bino va inshootlarni buzishda hamda chiqindilardan tozalashda chang hosil boʻlishini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻriladi.
Havodagi chang va mikroorganizmlardan (mogʻor, zamburugʻ, mikrob sporalari) ishchilarning nafas olish yoʻllarini himoya qilish uchun ular himoya vositalari bilan taʼminlanadi.
48. Gaz yoki zararli moddalar paydo boʻlishi mumkin boʻlgan joylarda ish boshlanishidan oldin bino va inshootlarning havosini almashtirish yoki zararsizlantirish choralari koʻriladi.
49. Bino va inshootlar buzilganda hosil boʻlgan jihozlar, shuningdek, qurilish chiqindilari yopiq idishlarda yuk kranlari orqali tushiriladi va chiqindilar tashlanadigan joyning atrofi oʻraladi.
4-bob. Tashqi muhitni muhofaza qilish
50. Qurilish ishlari olib borishda atrof-muhit ifloslanishining oldini olish maqsadida chiqindisiz, kam chiqitli qurilish materiallarini qayta ishlash va utilizatsiya qilish texnologiyalaridan foydalaniladi.
51. Tarkibida zararli moddalari boʻlgan chiqindilarni yigʻish va yoʻqotish ishlari yopiq idishlar yoki qalin qoplarda amalga oshiriladi. Oqova suvlar tashqi muhitni ifloslantirishga olib kelmaydigan sigʻimlarda yigʻiladi.
52. Tarkibida zararli moddalar boʻlgan qayta ishlanmaydigan chiqindilarni utilizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Qurilish chiqindilarini yoqish ishlari qurilish olib borilayotgan maydonlarda amalga oshirilishi mumkin emas.
53. Shahardagi qurilish maydonidan chiqadigan maishiy-xoʻjalik oqova suvlari kanalizatsiya tarmogʻiga ulanadi, kanalizatsiya tarmogʻi mavjud boʻlmagan qishloq joylarida maishiy-xoʻjalik oqova suvlar maxsus betonlangan va suv oʻtkazmaydigan chuqurga yigʻiladi va maxsus mashinalarda tozalash inshootlariga olib chiqiladi.
54. Yoqilgʻi-moylash mahsulotlari, bitumni saqlash va tarqatish uchun sigʻimlar betonlangan va suv oʻtkazmaydigan maxsus maydonchaga oʻrnatiladi hamda toʻkilgan yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini yigʻish uchun maxsus betonlangan chuqur yoki rezervuarlar tashkil etiladi.
55. Qurilish maydonlari ifloslanishining va unda ishlovchi ishchilarning salomatligiga jiddiy zarar yetishining oldini olish maqsadida, qurilish va maishiy chiqindilar toʻplanadigan joylar (maydonchalar) tashkil etiladi hamda chiqindilar qurilish maydonlaridan muntazam ravishda olib ketilishi lozim.
56. Qurilish chiqindilarini vaqtincha saqlash joylari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
qurilish chiqindilari obyektlar hududida yoki unga bevosita yaqin boʻlgan uchastkada joylashgan boʻlishi, shuningdek turar joy binolarining derazalari, taʼlim va sogʻliqni saqlash tashkilotlari, dam olish majmualari uchastkalarining chegarasidan 20 metrdan kam boʻlmagan masofada joylashtirilishi;
maxsus transport vositalari, mashina va mexanizmlarning erkin harakatlanishi hisobga olingan holda joylashtirilishi hamda atrofi perimetri boʻylab (kirish yoʻlidan tashqari) vaqtinchalik himoya vositalari bilan oʻralgan boʻlishi;
qayta ishlanadigan va takroriy foydalaniladigan chiqindilarni saqlashda yogʻingarchilik va shamol taʼsiridan himoyalangan boʻlishi kerak.
5-bob. Tibbiy-profilaktik xizmat koʻrsatish
57. Mehnat sharoitlari bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish maqsadida qurilish sohasida ishlaydigan ishchilar Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) talablari asosida davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
58. Qurilish ishlari epidemiologik vaziyat noqulay boʻlgan joylarda olib borilganda ishchilar yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlanadi.
59. Mehnat faoliyatining xususiyatlariga va tibbiy koʻrik natijalariga koʻra, qurilish sohasida ishlaydigan ishchilar uchun davolash, profilaktik va sogʻlomlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.
60. Qurilish maydonlari va maishiy binolar birlamchi tibbiy yordam vositalari bilan jihozlanadi. Birlamchi tibbiy yordam koʻrsatiladigan xona yoritilgan boʻlishi, osonlik bilan kirish, qurilish mahsulotlari bilan toʻsib qoʻyilmagan, himoya malhamlari, zaharlarga qarshi antidotlar, bogʻlov va shaxsiy himoya vositalari zaxirasi yaratilgan boʻlishi kerak.
6-bob. Maxsus kiyim, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash
61. Ishchilarga berilgan shaxsiy himoya vositalarini saqlash uchun maxsus xonalar tashkil etiladi.
62. Ish beruvchi shaxsiy himoya vositalarining toʻgʻri saqlanishini, maxsus kiyim va poyabzallarni hamda boshqa shaxsiy himoya vositalarini kimyoviy tozalash, yuvish, taʼmirlash, changdan tozalash, gazsizlantirish va zararsizlantirish ishlarini amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Ish sharoiti talabidan kelib chiqib, maxsus kiyim va poyabzallarni quritish, changdan tozalash hamda shaxsiy himoya vositalarini gazsizlantirish va zararsizlantirish uchun moslamalar tashkil etiladi.
63. Tana ifloslanishi bilan bogʻliq ish bilan shugʻullanadigan ishchilar uchun yuvuvchi va zararsizlantiruvchi vositalar boʻlishi lozim.
Qoʻl yuvish joyiga sovun qoʻyilishi, sochiq doimiy ravishda almashtirilib borilishi yoki qoʻlni quritish qurilmasi oʻrnatilishi lozim. Qoʻl terisiga taʼsir qiladigan moddalar bilan ishlaganda, ishchilar profilaktik pastalar va malhamlar hamda yuvuvchi va zararsizlantiruvchi vositalar bilan taʼminlanadi.
64. Umumiy zararli boʻlgan ishlab chiqarish ifloslanishidan va mexanik shikastlanishdan himoya qilish uchun quyidagilar nazarda tutiladi:
terining umumiy ifloslanishdan, mexanik shikastlanishdan va namlikdan himoya qilish uchun maxsus kiyimlar (fartuk, qoʻlqop, qattiq taglikli charm poyabzal va boshqalar), shu jumladan, erkaklar va ayollar uchun kostyumlar (kurtka, shim yoki yarim kombinezon);
payvandlovchilar uchun kostyum, charm etik, dielektrik taglikli sirpanmaydigan maxsus poyabzal;
changdan yuqori darajada himoya qilish xususiyatiga ega boʻlgan maxsus kiyimlar, rezinali matodan qilingan fartuklar, suvni oʻtkazmaydigan qoʻlqoplar;
namlikdan himoya qilish maqsadida boʻyash va suvash ishlarini bajaruvchilar uchun suv oʻtkazmaydigan matodan kostyum;
beton tayyorlovchi, burgʻulash ishlari bilan shugʻullanuvchi, portlatuvchi va shunga oʻxshash soha mutaxassislariga suv oʻtkazmaydigan matodan kostyum, yengli kurtka, shim, rezina etik.
65. Boʻyoqlar, erituvchilar, neft mahsulotlari va boshqa kimyoviy moddalar bilan ifloslanishdan himoya qilishda, suv oʻtkazmaydigan matodan ishlangan, kimyoviy moddalarning taʼsiriga chidamli, oson tozalanadigan va zararsizlantirish mumkin boʻlgan kostyumlardan, brezentdan tayyorlangan yoki kislotadan himoya qiluvchi qoʻlqoplardan foydalaniladi.
66. Ish holatining xususiyati boʻyicha ish joylarida ishlayotganlarga (asfaltbeton qoruvchilar, pollarda parket teruvchilar va boshqalar) maxsus kiyim majmuasiga tizzani himoya qiluvchi moslamalari qoʻshiladi.
67. Respirator xonasi respiratorlarni qabul qilish, tarqatish va taʼmirlash uchun stollar, changdan tozalash va chang qarshiligini nazorat qilish moslamasi, yuvish va quritish uchun uskunalar hamda respiratorlarni saqlash uchun maxsus shkaf bilan jihozlanadi.
7-bob. Maishiy binolarga qoʻyilgan talablar
68. Qurilish qilinadigan bino va inshootlar ishlari boshlanishidan oldin ushbu hududda maishiy binolar tashkil etiladi.
69. Maishiy binolarning tarkibi ShNQ 2.09.04 “Korxonaning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq qurilish jarayoni va ularning xususiyatlarini hisobga olgan holda aniqlanadi.
70. Maishiy binolarning joylashishi va jihozlanishida qurilish maydonida ishlayotgan ishchilar soni, ish joyidan uzoqligi, smena soni, tushlik va smenalar oraligʻidagi tanaffuslar, shuningdek, ayrim turdagi sanitariya-texnik vositalardan foydalanishlar hisobga olinadi.
71. Qurilish ishlari olib borishda maishiy binolar tashqi muhitdagi chang, zararli moddalar chiqaradigan joylardan kamida 50 metr masofada tashkil etiladi, bunda ularni shamol esadigan tomonda joylashtirilishi maqsadga muvofiq boʻladi.
72. Maishiy binolarga oʻtish xavfli hududlarni (qurilayotgan binolar, signalizatsiya moslamasi boʻlmagan temir yoʻllar, minora kranlari, yukni ortish-tushirish qurilmalari va boshqa) kesib oʻtmagan holda amalga oshiriladi.
73. Oshxona, yuvinish, choʻmilish va kir yuvish xonalari, hojatxona hamda ayollarning shaxsiy gigiyena xonasi pollari namlikka chidamli jihozlardan, suv oqib ketish imkoni boʻladigan qilib tashkil etiladi.
Devorlar, devor oraligʻi va jihozlari namlikka chidamli, oson tozalanadigan va dezinfeksiya qilinishiga imkon beradigan mahsulotlardan tayyorlanadi.
Maishiy binolar ShNQ 3.01.01 “Qurilish ishlab chiqarishini tashkil qilish” da talablari asosida ishlab chiqarilgan loyiha hujjatlariga rioya qilgan holda tashkil etiladi.
74. Maishiy binoning koʻchadan kirish qismida poyabzallarni tozalash va yuvish uchun moslamalar oʻrnatiladi.
75. Choʻmilish va yuvinish xonalari, hojatxona hamda kiyimlarni saqlash xonalari erkak va ayollar uchun alohida tashkil etiladi.
76. Maishiy bino xonalarda suv, kanalizatsiya va isitish tarmoqlari tashkil etiladi.
77. Qurilish ishchilari “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” O'z DSt 950-son davlat standarti talabiga javob beradigan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
Ichimlik suvi qurilmalari (favvoralar va boshqa) ish joyidan 75 metrdan uzoq boʻlmagan masofada, quyosh nurlari va yogʻingarchilikdan saqlanadigan joyda oʻrnatiladi.
Balandlikda ishlaydigan ishchilar, shuningdek, tuproq qazish va yoʻl qurish texnikalari haydovchilari va boshqalar ishlash sharoitiga koʻra ish joyini tark etish imkoniyati boʻlmasa, ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
Ichimlik suvi bilan taʼminlashning imkoni boʻlmagan qurilish maydonlarida qaynatilgan suvni tayyorlash qurilmasi oʻrnatiladi. Bunda, ichimlik suvining harorati 8°C dan kam 20°C dan yuqori boʻlmasligi hamda uning miqdori qishda bir ishchi uchun oʻrtacha 1,0 — 1,2 litrni, yozda 3,0 — 3,5 litrni tashkil etishi inobatga olinadi.
78. Maishiy binoda ishchilar soni hisobidan uy va maxsus kiyimlarni alohida saqlash joylari (shkaf va kiyim ilgich) tashkil etiladi. Bunda, toza va ifloslangan kiyimlarning alohida saqlanishi taʼminlanadi. Shuningdek, binoda kundalik tozalash hamda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlarni oʻtkaziladi.
79. Maxsus kiyim va poyabzallarni smena boshlangunga qadar toʻliq quritish imkoniyatiga ega boʻlgan maxsus kiyim va poyabzallarni quritish xonalari tashkil etiladi.
Maxsus kiyimlar bir oyda kamida ikki marta yuvilishini hisobga olgan holda kir yuvish xonalari tashkil etiladi. Agar ishning xususiyatiga koʻra, maxsus kiyimlar juda ham iflos boʻlishi mumkin boʻlsa, unda kiyimlar tez-tez yuvib turiladi. Kukunsimon va zararli moddalar bilan ishlaydigan ishchilarning maxsus kiyimlari boshqa kiyimlardan alohida har bir smenadan soʻng yuviladi, qish faslida esa kimyoviy usulda tozalanadi.
80. Maishiy binolar maxsus kiyimlarni changdan tozalash, zararsizlantirish, kimyoviy tozalash va taʼmirlash xonalaridagi ifloslangan havoni boshqa xonalarga oʻtishiga yoʻl qoʻymaydigan ventilatsiya tarmogʻini hisobga olgan holda loyihalashtiriladi.
81. Maishiy binolarda terining zamburugʻ kasalliklari kelib chiqishining oldini olish choralari koʻriladi. Kiyimlarni almashtirish va choʻmilish xonalarining devorlari, pollari va jihozlari har bir smenadan keyin yuviladi va dezinfeksiya qilinadi.
82. Qurilish ishchilariga xizmat koʻrsatadigan tibbiyot xonalari ShNQ 2.09.04 “Korxonaning maʼmuriy va maishiy binolari”da belgilangan talablarga muvofiq maishiy bino tarkibida tez yordam mashinasi uchun qulay boʻlgan kirish joyida tashkil etiladi.
83. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati mazkur sanitariya qoidalarining ilovasida keltirilgan.
Qurilish ishlarini tashkil qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga
ILOVA
Ishlab chiquvchi tashkilot:
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati.