1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.09.00 Oʻrta taʼlim]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish koʻnikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, ularni maʼnaviy va jismonan sogʻlom boʻlib voyaga yetishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qarori bilan:
a) davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasining shakllari;
davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi tasdiqlanganligi;
b) 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarning davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy hisoblanishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi 558-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2022-y., 09/22/558/0887-son)
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi 558-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2022-y., 09/22/558/0887-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar hududlar kesimida 2022/2023 oʻquv yilida davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun maktab formalariga boʻlgan ehtiyojni aniqlasin.
4. “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
2022-yil 10-iyunga qadar maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni belgilashda ularning texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlari va hududiy joylashuvini (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududida) inobatga olgan holda, maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar roʻyxatini hududlar boʻyicha shakllantirish;
2022-yil 1-avgustga qadar hududlar boʻyicha maktab formalarini ishlab chiqarishni tashkil etish tavsiya etilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
qonunchilikda belgilangan tartibda kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar farzandlari uchun maktab formasini mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yeshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan sotib olinishida koʻmaklashishni taʼminlasin;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-son “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida ”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 637-son “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qoʻshimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2022-yil 10-avgustdan boshlab maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida respublikaning har bir tuman (shahar) markazida aholiga qulay joylarda, maktab yarmarkalarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalarini tashkil etsin va ularning joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qarorigailovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati, maktab formasi joriy qilinishining oʻquvchilar oʻrtasida ijtimoiy tenglikni mustahkamlashga va sifatli taʼlim-tarbiya olish uchun sharoit yaratishga xizmat qilishi ommaviy axborot vositalarida, jumladan, ijtimoiy roliklar orqali muntazam va keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-may,
271-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-maydagi 271-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-banddagi “2024/2025 oʻquv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanadi” soʻzlari “2022/2023 oʻquv yilidan boshlab esa toʻliq joriy etiladi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 6-banddagi ““Oʻzstandart” agentligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 7-bandning uchinchi xatboshisidagi “2024/2025 oʻquv yilidan boshlab” soʻzlari “2022/2023 oʻquv yilidan boshlab” soʻzlari bilan almashtirilsin.
“11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2022-y., 09/22/271/0433-son; 04.10.2022-y., 09/22/558/0887-son)