1.06.00.00.00 Ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.08.00.00 Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish / 06.08.04.00 Reabilitatsiya (ijtimoiy, tibbiy, mehnat va h.k.);
2.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.07.00 Keksa yoshdagi shaxslar va nogironlarga tibbiy yordam ko‘rsatish / 14.01.07.01 Tibbiy hujjatlar;
3.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.08.00 Aholining sanitariya-epidemiologik sog‘lomligi / 14.01.08.04 Tibbiy ko‘rik]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya;
2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI AXBOROT TEXNOLOGIYALARI VA KOMMUNIKATSIYALARINI RIVOJLANTIRISH VAZIRLIGI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY GVARDIYASI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QO‘MITASINING
Qarori
Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari, davlat feldyegerlik xizmati xodimlari va ularning oila a’zolariga, shuningdek, prokuratura organlarining pensionerlari hamda davlat bojxona xizmati organlarining pensionerlari, Milliy gvardiya organlarining sobiq xodimlardan bo‘lgan pensionerlari va davlat feldyegerlik xizmati pensionerlariga va ularning oila a’zolariga Ichki ishlar vazirligining davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda sanatoriy-kurort ta’minoti haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 9-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3349]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 522-son “Ichki ishlar organlarida tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam va sanatoriy-kurort ta’minoti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari, Davlat feldyegerlik xizmati xodimlari va ularning oila a’zolariga, shuningdek, prokuratura organlarining pensionerlari hamda davlat bojxona xizmati organlarining pensionerlari, Milliy gvardiya organlarining sobiq xodimlardan bo‘lgan pensionerlari va Davlat feldyegerlik xizmati pensionerlariga va ularning oila a’zolariga Ichki ishlar vazirligining davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda sanatoriy-kurort ta’minoti haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Adliya vaziri R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-fevral,
2-son
Bosh prokuror N. YO‘LDOSHEV
Toshkent sh.,
2022-yil 30-yanvar,
3-QQ-son
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SHERMATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-yanvar,
31/1-son
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-fevral,
5QQ180222-son
Milliy gvardiya qo‘mondoni R. DJURAYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-fevral,
5-son
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A. MAVLONOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-fevral,
3/02-22-00036-son
Kelishildi:
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A. INOYATOV
2022-yil 10-yanvar
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2022-yil 8-fevraldagi 2-son, Bosh prokuraturasining 2022-yil 30-yanvardagi 3-QQ-son, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2022-yil 31-yanvardagi 31/1-son, Ichki ishlar vazirligining 2022-yil 8-fevraldagi 5QQ180222-son, Milliy gvardiyasining 2022-yil 3-fevraldagi 5-son va Davlat bojxona qo‘mitasining 2022-yil 2-fevraldagi 3/02-22-00036-son qaroriga ILOVA
Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari, Davlat feldyegerlik xizmati xodimlari va ularning oila a’zolariga, shuningdek, prokuratura organlarining pensionerlari hamda davlat bojxona xizmati organlarining pensionerlari, Milliy gvardiya organlarining sobiq xodimlardan bo‘lgan pensionerlari va Davlat feldyegerlik xizmati pensionerlariga va ularning oila a’zolariga Ichki ishlar vazirligining davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda sanatoriy-kurort ta’minoti haqidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 522-son “Ichki ishlar organlarida tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam va sanatoriy-kurort ta’minoti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari, Davlat feldyegerlik xizmati xodimlari va ularning oila a’zolariga, shuningdek, prokuratura organlarining pensionerlari hamda davlat bojxona xizmati organlarining pensionerlari, Milliy gvardiya organlarining sobiq xodimlardan bo‘lgan pensionerlari va Davlat feldyegerlik xizmati pensionerlariga va ularning oila a’zolariga Ichki ishlar vazirligining davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda sanatoriy-kurort ta’minotini ko‘rsatishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1. Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari, Davlat feldyegerlik xizmati xodimlari va ularning oila a’zolari, shuningdek prokuratura organlarining pensionerlari hamda davlat bojxona xizmati organlarining pensionerlari, Milliy gvardiya organlarining sobiq xodimlardan bo‘lgan pensionerlari va Davlat feldyegerlik xizmati pensionerlariga va ularning oila a’zolariga hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti kursantlariga (bundan buyon matnda biriktirilgan tarkib deb yuritiladi) ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalari, shuningdek faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiruvchi boshqa davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bepul tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy ta’minot beriladi hamda tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatiladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3469, 31.10.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son)
2. Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Davlat feldyegerlik xizmati tasarrufidagi bino va inshootlarda sanitariya nazoratini amalga oshirish hamda xodimlar orasida yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi xavfi bo‘lgan taqdirda tegishli sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi kurashish tadbirlarni o‘tkazish ichki ishlar organlari tizimidagi sanitariya-epidemiologiya nazorat markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam va sanatoriy-kurort ta’minoti ko‘rsatishni tashkil etish
3. Biriktirilgan tarkibga tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam va sanatoriy-kurort ta’minotini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiyot boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining tibbiyot bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.
4. Biriktirilgan tarkibga ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida ambulatoriya va statsionar sharoitlarda tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish, davolash, sog‘lomlashtirish, shuningdek ushbu muassasalar tomonidan ularga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha yashash joylariga borib ambulator tibbiy yordam ko‘rsatish bepul amalga oshiriladi.
5. Biriktirilgan tarkibga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tashkil etish maqsadida ginekologik, endokrin, teri, sil, onkologiya kasalliklari va 18 yoshga to‘lmagan bolalarning patologiyasi bo‘yicha tegishli ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan beriladigan yo‘llanma asosida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlariga yuboriladi.
6. Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari va Davlat feldyegerlik xizmati xodimlarini (bundan buyon matnda xodim deb yuritiladi) tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha tibbiy yordam olishi uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga yuborish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus komissiyasi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Bunda, xodimning tibbiy yordam olishi uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplash, xodim mehnat faoliyatini (xizmat) olib borayotgan organning o‘z mablag‘lari yoki budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, mazkur organning birinchi rahbari ruxsati bilan amalga oshiriladi.
7. Prokuratura organlari hamda adliya organlari (muassasalari) xodimlariga va ularning oila a’zolariga, prokuratura organlarining pensionerlariga, davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari va Davlat feldyegerlik xizmati pensionerlariga va ularning oila a’zolariga, shuningdek davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari va Davlat feldyegerlik xizmati xodimlarining oila a’zolariga mehnatga vaqtincha yaroqsizligi holatlarida vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik varaqasi va ma’lumotnomalari Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 2667, 2015-yil 17-aprel) talablari asosida ichki ishlar organlarining davolash-profilaktika muassasalari tomonidan beriladi.
8. Davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari va Davlat feldyegerlik xizmati xodimlariga xizmatga vaqtincha yaroqsizligi holatlarida vaqtinchalik xizmatdan ozod qilish varaqasi yoki ma’lumotnomasi ichki ishlar organlarining davolash-profilaktika muassasalari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari uchun belgilangan tartibda beriladi.
9. Xodim O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiyot muassasalarida davolangan hollarda unga mazkur muassasalar tomonidan berilgan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoki ma’lumotnomasi, vaqtinchalik xizmatdan ozod qilish varaqasi yoki ma’lumotnomasi tegishli ichki ishlar organining davolash-profilaktika muassasalarida ro‘yxatga olingan va tasdiqlangandan so‘ng tan olinadi.
3-bob. Tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam va sanatoriy-kurort ta’minotini amalga oshirish
10. Xodimlar har yili bir marotaba o‘zlari biriktirilgan davolash-profilaktika muassasasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.
Davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari va Davlat feldyegerlik xizmatining chuqurlashtirilgan profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladigan xodimlari haqidagi ma’lumotlar tegishli hududdagi Davlat bojxona xizmati organi, Milliy gvardiya organi va Davlat feldyegerlik xizmati tomonidan ushbu hududdagi ichki ishlar organiga taqdim qilinadi.
Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejasi tegishli organning mas’ul xodimlari tomonidan biriktirilgan davolash-profilaktika muassasasi rahbariyati bilan kelishilgan holda tuziladi.
11. Xodimni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijasi bo‘yicha xodimda mehnat faoliyatini (xizmatni) davom ettirishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar aniqlangan hollarda ushbu xodimlar haqidagi ma’lumotlar tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tibbiyot boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan mehnat faoliyatini (xizmat) olib borayotgan organga yuboriladi.
12. Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijasida xodim ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar bilan kasallanganligi aniqlanganda, ushbu xodim biriktirilgan davolash-profilaktika muassasasi mutaxassislari tomonidan nazoratga olinib, uni davolash va sog‘lomlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tegishli tibbiyot muassasalarida amalga oshiriladi.
13. Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek xodimning murojaati asosida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijasida aniqlangan bir yoki bir nechta kasallik (kasalliklar) bilan dispanser nazorat guruhida ro‘yxatga olingan xodimlarning sog‘lig‘i holatini kuzatib borish, ularda tegishli tibbiy tekshiruv va ko‘riklar hamda davolash va sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish ichki ishlar organlarining tegishli davolash-profilaktika muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Xodimlarga Ichki ishlar vazirligi tizimidagi sanatoriy-kurort muassasalarida sanatoriy-kurort sharoitida davolanish uchun yo‘llanmalar xodim mehnat faoliyatini olib borayotgan (xizmat o‘tayotgan) tegishli organ tomonidan beriladi.
15. Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari hamda Davlat feldyegerlik xizmati o‘zlarining xodimlari uchun Ichki ishlar vazirligi tizimidagi sanatoriy-kurort muassasalarida sanatoriy-kurort sharoitida davolanishni tashkil qilishi tegishli hududdagi ichki ishlar organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda tegishli organ o‘zi joylashgan hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda murojaat qilishi lozim.
16. Sanatoriy-kurort muassasalarida davolanishga muhtoj shaxslar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari mutaxassis shifokorlarining tashxisi asosida aniqlanadi.
17. Quyidagi shaxslar biriktirish ro‘yxatlari asosida ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalariga tibbiy xizmat olish uchun biriktiriladi va ularning alohida hisobi yuritiladi:
a) prokuratura organlarining darajali unvonga ega bo‘lgan xodimlari, ish o‘rganuvchilari, shuningdek prokuratura organlarining amaldagi kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar;
b) adliya organlarining (muassasalarining) martaba darajasiga ega bo‘lgan xodimlari;
v) davlat bojxona xizmati organlarining va Milliy gvardiya organlarining hamda Davlat feldyegerlik xizmatining maxsus unvonga ega xodimlari, shuningdek amaldagi kadrlar zaxirasiga kiritilib, boshqa tashkilotlarga yuborilgan xodimlar;
g) prokuratura organlari, davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari hamda Davlat feldyegerlik xizmatida 20 yil va undan ortiq xizmat qilgan yoki 25 yil mehnat stajiga ega bo‘lib, shundan kamida 12,5 yil prokuratura organlari, davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari hamda Davlat feldyegerlik xizmati tizimida xizmat qilgan pensionerlar;
d) xizmat muddatidan qat’i nazar, xizmat vazifasini bajarishda jarohat olish, kontuziya, yarador bo‘lish, kasallanish oqibatida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
e) qonunchilik hujjatlariga muvofiq ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tibbiy xizmatidan foydalanish huquqi saqlanib qoladigan 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, Chernobil AES falokati oqibatlarini tugatish bo‘yicha zararlangan zonada xizmat vazifasini o‘tagan shaxslar va yadro poligonlarida hamda boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar.
18. Mazkur Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan shaxslarning oila a’zolari ichki ishlar organlarining tegishli davolash-profilaktika muassasalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalariga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun biriktiriladi va ularning alohida hisobi yuritiladi.
19. Xodim tegishli organda mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki xizmatda bo‘lgan davrda qonuniy nikohda bo‘lgan xotini (eri) (nikoh bekor qilingan hollar bundan mustasno), 18 yoshgacha bo‘lgan bolalari (farzandlikka olinganlar), yoshidan qat’i nazar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalari ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tibbiy xizmatidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan oila a’zolari hisoblanadi.
Ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida statsionar tibbiy yordam 18 yoshdan boshlab ko‘rsatiladi.
20. Mehnat faoliyati yoki xizmat majburiyatini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki vafot etgan xodimlarning oila a’zolari ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tibbiy xizmatidan foydalanish huquqini saqlab qoladilar, shuningdek ularning pensiya yoshidagi yoki nogironligi bo‘lgan ota-onasi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun biriktiriladi.
21. Mazkur Nizom 17-bandida nazarda tutilgan shaxslarning boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini rasmiylashtirgan oila a’zolari ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tibbiy xizmatidan foydalanish huquqini saqlab qoladi.
22. Ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari xizmatidan foydalanish huquqini saqlab qolgan shaxslarning yashash joyi o‘zgarganda, ular shu hududdagi tegishli ichki ishlar organiga murojaat qiladi va ushbu ichki ishlar organi tibbiyot boshqarmasi yoki bo‘limlaridagi maxsus tibbiy komissiya qarori asosida mazkur davolash-profilaktika muassasalariga tibbiy xizmatga biriktiriladi.
23. Biriktirish ro‘yxatlari hamda pensionerlik guvohnomalari asosida tegishli ichki ishlar organining tibbiyot boshqarmasi yoki bo‘limlari tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun biriktirilgan tarkibga ichki ishlar organlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan tibbiy xizmatdan foydalanish uchun ruxsatnomalar beriladi.
24. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi ta’lim muassasalari kursant va tinglovchilariga tibbiy yordam ko‘rsatish mazkur ta’lim muassasalarining tibbiy xizmatida amalga oshiriladi. Ta’lim muassasalarining tibbiy xizmatida tegishli mutaxassislar va tibbiy tekshiruvlar o‘tkazish uchun tegishli tibbiy asbob-uskunalar bo‘lmagan hollarda ichki ishlar organlarining davolash-profilaktika muassasalari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3469, 31.10.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son)
25. Ichki ishlar organlari davolash-profilaktika muassasalarida zarur tibbiy xizmat turlari mavjud bo‘lmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarining pulli xizmatidan foydalanganlik xarajatlari xodim mehnat faoliyatini (xizmat) olib borayotgan organning o‘z mablag‘lari yoki budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mazkur organning birinchi rahbarining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
4-bob. Biriktirilgan tarkibni davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash
26. Biriktirilgan tarkib ambulator yoki statsionar sharoitda davolanishda dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan o‘zlari davolanayotgan ichki ishlar organlarining davolash-profilaktika muassasalari orqali yoki retsept asosida dorixonalar orqali ta’minlanadi.
27. Biriktirilgan tarkib yuqumli kasalliklarga qarshi rejali va epidemiologik ko‘rsatmalar bo‘yicha ichki ishlar organlari davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bepul emlanadi.
28. Ichki ishlar organlari davolash-profilaktika muassasalarini dori vositalari, vaksinalar, tibbiy buyumlar va uskunalar bilan to‘laqonli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining so‘roviga asosan Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiyasi hamda Davlat feldegerlik xizmati o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Ichki ishlar vazirligi Tibbiyot boshqarmasiga moliyaviy mablag‘lar ajratishi mumkin.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3469, 31.10.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son)
5-bob. Yakuniy qoidalar
29. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
30. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2022-y., 10/22/3349/0123-son; 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son)