toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 16-iyundagi PQ–5148-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
aholining barcha qatlamlari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida sport sinovlarini oʻtkazish;
aholining turli qatlamlariga nisbatan 11 ta yosh toifasi boʻyicha, sport sinovlarining murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablarni belgilash;
har yili yanvar — dekabr oylarida 6 ta bosqichdan iborat aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish;
sport sinovlarining ixtiyoriy (faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari bilan) va maxsus (I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonlari va qimmatbaho sovgʻalar, shuningdek bir yil mobaynida turli imtiyozlar bilan) talablarini bajargan gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirish;
sport sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbalari.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 16-iyundagi PQ–5148-son qarori 8-bandiga asosan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni taʼsis etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar:
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq;
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni guvohnomasining tavsifi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Turizm va sport vazirligining buyurtmasiga asosan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda hududlarda sport sinovlarining maxsus talablarini sifatli qabul qilinishini taʼminlash maqsadida har bir tuman va shaharda zarur sport jihozlari va anjomlari bilan taʼminlangan Sport sinovlarini topshirish markazini tashkil etish choralarini koʻrsin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 346-son qarori bilan tasdiqlangan Sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalari aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarning ish shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi nizomga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 28-apreldagi 253-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 15-yanvar,
23-son

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-son qaroriga

1-ILOVA

Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarini (keyingi oʻrinlarda — sport sinovlari) tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Sport sinovlarining maqsadi — aholining barcha qatlamlari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat.
3. Sport sinovlari quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
ixtiyoriylik va ommaviylik;
shaxsni jismoniy harakatlanishga yoʻnaltirish orqali aholi salomatligini mustahkamlash;
davriy ravishda tibbiy nazoratdan oʻtishni tashkil etish orqali salomatlikni nazorat qilish.
2-bob. Sport sinovlarining asosiy vazifalari
4. Sport sinovlarini oʻtkazishning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini muntazam oʻtkazish orqali aholini jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlariga jalb etish hamda sport bilan shugʻullanuvchi shaxslar safini kengaytirish;
jismoniy tarbiya va sogʻlomlashtirish tadbirlari orqali aholining salomatligi va jismoniy imkoniyatlari darajasini oshirish;
aholini jismonan baquvvat, barkamol va sogʻlom boʻlishiga, ularning sport bilan chiniqishiga, jismoniy tarbiya va sportni kundalik turmush tarziga aylantirishiga erishish;
aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish;
respublika hududida, shu jumladan olis hududlarda joylashgan qishloqlar, ovullar, mahallalarda sogʻlomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish;
yoshlarda iroda, oʻz kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash, ularda jasorat, vatanparvarlik va sadoqat xislatlarini rivojlantirish;
oʻsib kelayotgan yosh avlod tomonidan sogʻlom turmush tarziga amal qilish, maʼnaviy va jismoniy komillikka erishish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga qiziqishini oshirish;
aholining sportga boʻlgan qiziqishini oshirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish, immunitetini mustahkamlash, salomatligini taʼminlash hamda sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish;
havaskor va professional darajada sport bilan shugʻullanuvchilar sonini oshirish orqali joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof tizimini yaratish hamda sport terma jamoalari tarkibini sifatli toʻldirish, shuningdek, ularning zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali sportchilarni bosqichma-bosqich tayyorlash tizimini tatbiq etish;
yosh avlodni jismonan va ruhan sogʻlom, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni kelajagimizning munosib vorislari etib voyaga yetkazish, yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan intellektual salohiyati yuqori boʻlishini taʼminlash hamda Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlar tayyorlash;
davlat organlari va tashkilotlarining aholi salomatligini taʼminlash borasidagi masʼuliyati va rolini yanada oshirish hamda faoliyatini baholash tizimini joriy etish.
3-bob. Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi ishtirokchilarining asosiy vazifalari
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 16-iyundagi PQ-5148-son qarori bilan tashkil etilgan Sport sinovlarining oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar) hokimlari boshchilik qiladigan hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) va tuman (shahar) ishchi guruhlari tashkil etilgan holda sport sinovlarini joylarda muntazam oʻtkazilishi muvofiqlashtirib boriladi.
Hududiy va tuman (shahar) ishchi guruhlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-son Farmoniga asosan faoliyati yoʻlga qoʻyilgan “Sport targʻibotchilari”, ixtiyoriy ravishda bolalar va oʻsmirlar sport maktablarining trenerlari hamda har bir mahalla hududida joylashgan umumtaʼlim maktablarining jismoniy tarbiya oʻqituvchilaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
6. Respublika komissiyasi:
har yili mart oyiga qadar respublikaning barcha hududlarida, davlat organlari va tashkilotlarida sport sinovlarini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlaydi, zarur hollarda sport sinovlarini oʻtkazish muddatlariga oʻzgartirishlar kiritadi;
bir yilda kamida ikki marotaba (yarim yillik, yillik) hududiy ishchi guruhlar, barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrib boradi;
har yili sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarning eng yuqori natijalari qayd etib borilishini tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekistonda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining rekordlari nomli tahliliy maxsus kitobini chop etish choralarini koʻradi;
sport sinovlaridan professional sportga oʻtishni taʼminlash maqsadida havaskor sportchilarning jismoniy va psixologik tayyorgarligini yaxshilashga yoʻnaltirilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar olib borilishini yanada kuchaytiradi hamda bu boradagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi;
sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash haqidagi yakuniy xulosani tasdiqlaydi;
zarur hollarda sport sinovlari natijalarini bekor qilish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qiladi.
7. Hududiy ishchi guruhlari:
tegishli hududda sport aksiyalari, havaskorlik chempionatlari, konkurslar tashkil etish orqali sport sinovlari targʻibotini hamda oʻtkazilishini tashkil etadi;
sport sinovlari oʻtkaziladigan sana, oʻtish joyi, rejasi va shartlari boʻyicha maʼlumotlar toʻgʻrisida kamida bir oy oldin ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon berilishini taʼminlaydi;
maxsus sport sinovlari natijalarining rasmiylashtirilishini joylarda adolatli va shaffoflikni taʼminlagan holda tashkil etilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilar natijalari qayd etilgan bayonnomalar va videotasvirlarni koʻrib chiqadi;
sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash haqidagi yakuniy xulosani Respublika komissiyasiga kiritadi;
sport sinovlarining (ixtiyoriy va maxsus talablarini bajargan) gʻoliblarini taniqli sport va madaniyat namoyondalari ishtirokida festivallar tashkil etish orqali tantanali tarzda taqdirlash ishlarini amalga oshiradi.
8. Tuman (shahar) ishchi guruhlari:
tuman (shahar)larda mahalliy chempionlar ishtirokida sport aksiyalari, konkurslar va mahorat saboqlarini tashkil etish orqali sport sinovlari targʻibotini tashkil etadi;
sport sinovlarida qatnashish istagini bildirgan shaxslarni sport sinovlari shartlari bilan tanishtiradi, sport sinovlarida ishtirok etuvchilar roʻyxatini shakllantiradi va muntazam yuritadi;
tuman (shahar)larda jismoniy faollikni qoʻllab-quvvatlash va ommaviy sportni keng targʻib qilish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratadi;
tuman (shahar)larda sport sinovlarining maxsus talablarini qabul qilish uchun alohida markazlarni tashkil etadi;
sport sinovlarining ixtiyoriy talablarini qabul qilish uchun sport inshootlari roʻyxatini shakllantiradi hamda aholini yosh toifasi boʻyicha mahallalar kesimida biriktiradi;
sport sinovlarini oʻtish joyi, biriktirilgan trener va masʼullar toʻgʻrisida maʼlumotlarni hududiy ishchi guruhlariga taqdim etib boradi;
sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablari boʻyicha gʻoliblarni aholini yosh toifasi kesimida aniqlaydi (agar yosh toifasi boʻyicha gʻoliblarni umumiy natijasi bir xil boʻlganda, qurʼa tashlash tarzda sport mashqlaridan biri tanlanib, qaytadan sport sinovlari olinadi va gʻolib aniqlanadi);
har bir yosh toifasi boʻyicha oʻtkazilgan sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilar natijalari qayd etilgan bayonnomalar va videotasvirlarini uch kun muddatda hududiy ishchi guruhiga taqdim etib boradi;
sport sinovlarining (ixtiyoriy va maxsus talablarini bajargan) gʻoliblarini taqdirlash ishlarini tantanali ravishda amalga oshirish choralarini koʻradi;
zarur hollarda sport sinovlarini takomillashtirish va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi va hududiy ishchi guruhiga kiritadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi:
joylarda sport sinovlarini oʻtkazish davrida bildirilgan taklif va mulohazalar hamda mutaxassis va ekspertlarning xulosalarini inobatga olib, sport sinovlarining turlari va mezonlariga oʻzgartirish kiritib boradi;
sport sinovlarining sogʻlom shaxslar uchun ixtiyoriy va maxsus talab(sinov)lari hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtiyoriy va maxsus talab (sinov)larini tasdiqlaydi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
sport sinovlarini oʻtkazishda hududiy ishchi guruhlariga koʻmaklashadi, jumladan har yili yanvar-fevral oylarida mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan oʻz hududida istiqomat qiluvchi (doimiy yoki vaqtinchalik) uyushmagan yoshlar va aholining roʻyxati shakllantirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda sport sinovlari oʻtkaziladigan, ishtirokchilar joylashadigan, ovqatlanadigan, tashrif buyuradigan joylarda va ularning atrof-hududlarida jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati ishtirokchilari uchun ajratilgan avtotransport vositalarini yoʻl-patrul xizmati avtomashinalari yordamida kuzatish ishlarini amalga oshiradi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi sport sinovlari oʻtkaziladigan joylar (maydonlar va sport inshootlari)da hamda ularning atrofida favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha barcha zarur choralarni belgilangan tartibda amalga oshirilishini taʼminlaydi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
sport sinovlarini topshirishda ishtirok etadigan shaxslarni, shu jumladan barcha davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yurituvchi jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan shaxslarni hamda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazish boʻyicha masʼullarni davriy ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etadi;
sport sinovlarini topshirishda ishtirok etadigan shaxslarning tibbiy koʻrik natijalarini hududiy ishchi guruhlariga taqdim etadi hamda ishtirokchilarga yuqori saviyada tibbiy xizmat koʻrsatilishini, sport tadbirlari oʻtadigan joylarda zarur tibbiy anjomlar, dori vositalari hamda tez yordam avtomashinalari navbatchiligi tashkil etilishini taʼminlaydi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sport sinovlari oʻtadigan joylarning sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga mos boʻlishini taʼminlaydi.
4-bob. Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tartibi
13. Sport sinovlari erkaklar va ayollar uchun alohida hamda yosh guruhlari boʻyicha yiliga bir marta oʻtkaziladi.
Bunda, sport sinovlarini topshiruvchi har bir shaxsning natijalari “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining maxsus veb-saytiga kiritib boriladi.
14. Sport sinovlari ixtiyoriy va maxsus talablardan iborat.
15. Ixtiyoriy talablar murakkablik darajasi asosida quyidagi jismoniy sifatlarni rivojlantirishga qaratilgan:
tezlik va kuchlanish imkoniyatlarining rivojlanish darajasi;
harakatlarni muvofiqlashtiruvchi qobiliyatining rivojlanish darajasi;
egallagan amaliy koʻnikmalarining rivojlanish darajasi.
16. Maxsus talablar murakkablik darajasi asosida quyidagi jismoniy sifatlarni rivojlantirishga qaratilgan:
chidamlilik imkoniyatlarining rivojlanish darajasi;
kuch imkoniyatlarining rivojlanish darajasi;
egiluvchanlik imkoniyatlarining rivojlanish darajasi.
tezlik imkoniyatlarining rivojlanish darajasi.
17. Sport sinovlarining turlari va mezonlari respublika aholisining turli yosh guruhlari (7 yosh va undan katta yoshlilar) jismoniy tayyorgarligi darajasini aniqlaydi.
18. Sport sinovlari quyidagi 11 ta yosh toifasidagi guruhga boʻlinadi:
1-guruh — 7-8 yosh;
2-guruh — 9-10 yosh;
3-guruh — 11-12 yosh;
4-guruh — 13 — 15 yosh;
5-guruh — 16-17 yosh;
6-guruh — 18 — 29 yosh;
7-guruh — 30 — 39 yosh;
8-guruh — 40 — 49 yosh;
9-guruh — 50 — 59 yosh;
10-guruh — 60 — 69 yosh;
11-guruh — 70 yosh hamda undan katta yoshdagi shaxslar.
19. Sport sinovlarini oʻtkazish, gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirish hamda sport sinovlari yakunlarini umumlashtirish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashni tashkil etish va oʻtkazish sxemasiga muvofiq quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1-bosqichhar yili yanvar oyida tuman (shahar) profilaktika inspektorlari, trenerlar va jismoniy tarbiya oʻqituvchilari tomonidan 7 yosh va undan katta yoshli fuqarolar orasidan yosh toifalari boʻyicha sport sinovlarida ishtirok etadigan ishtirokchilar roʻyxati mahallalar kesimida shakllantiriladi;
2-bosqichhar yili fevral oyida tuman (shahar) oilaviy poliklinika shifokorlari va tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan sport sinovlarida ishtirok etuvchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi hamda sport sinovlarini topshirish uchun ishtirokchi arizasi toʻldiriladi;
3-bosqichhar yili mart — noyabr oylarida beshta yoʻnalishda hududlarga biriktirilgan trenerlar, jismoniy tarbiya oʻqituvchilari, tuman (shahar) ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhi vakillari tomonidan sport sinovi ishtirokchilaridan sport sinovlari (ixtiyoriy va maxsus talablar boʻyicha) quyidagi tartibda qabul qilinadi:
a) 1-yoʻnalish (mart-aprel oylarida) — 7 yoshdan 17 yoshgacha;
b) 2-yoʻnalish (aprel-may) oylarida — 18 yoshdan 29 yoshgacha;
v) 3-yoʻnalish (avgust-sentabr oylarida) — 30 yoshdan 49 yoshgacha;
g) 4-yoʻnalish (oktabr-noyabr oylarida) — 50 yosh va undan katta yoshdagi shaxslardan;
d) 5-yoʻnalish (noyabr oyida) — davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan;
4-bosqich — har yili may — dekabr oylarida beshta yoʻnalishda tuman (shahar) va hududiy ishchi guruhlari tomonidan sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilar quyidagicha ragʻbatlantirilib boriladi:
a) 1-yoʻnalish (may oyida) — 7 yoshdan 17 yoshgacha;
b) 2-yoʻnalish (iyun oyida) — 18 yoshdan 29 yoshgacha;
v) 3-yoʻnalish (oktabr oyida) — 30 yoshdan 49 yoshgacha;
g) 4-yoʻnalish (noyabr oyida) — 50 yosh va undan katta yoshdagi shaxslar;
d) 5-yoʻnalish dekabr oyining birinchi haftasida davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar.
Ixtiyoriy talablarni bajargan ishtirokchilarni ragʻbatlantirish yosh toifalar boʻyicha sport sinovlari tugashi bilan uch kun muddat ichida oʻtkaziladi;
5-bosqich — har yili dekabr oyining ikkinchi oʻn kunligida tuman (shahar) va hududiy ishchi guruhlari rahbarlari yil yakunlari boʻyicha amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini Sport sinovlarining oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasiga taqdim etadi;
6-bosqich — har yili dekabr oyining uchinchi oʻn kunligida Sport sinovlarining oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan tuman (shahar), hududiy ishchi guruhlari rahbarlari yil yakunlari boʻyicha amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi hisobotlar umumlashtiriladi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi barcha tashkilotlarning rahbar va xodimlari, instruktorlari, trenerlari, kursantlari, oʻquvchilari, sportchilari (sportchi pasporti yoki sport unvonlari va toifalariga ega shaxslar), shuningdek Turizm va sport vazirligi tizimidagi barcha sport taʼlim muassasalarining trenerlari, sportchi oʻquvchilari, shuningdek sportchilari (sportchi pasporti yoki sport unvonlari va toifalariga ega shaxslar) uchun sport sinovlari talablari tegishli sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda alohida ishlab chiqiladi va kelishilgan holda Turizm va sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda, sport sinovlari ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan tashkilotlarning har biri boʻyicha alohida tartibda, sport turlari boʻyicha federatsiya (assotsiatsiya)larning mutaxassislari biriktirilgan holda, belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi hamda natijalari qayd etilib, ragʻbatlantirish ishlari amalga oshiriladi.
21. Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan, oxirgi besh yilda sport toifalari va unvonlariga, sport ustaligiga nomzod va sport ustasi boʻlgan shaxslarning maxsus sport sinovlari natijalari mazkur Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan shaxslarning maxsus sport sinovlari natijalari bilan birgalikda umumlashtiriladi.
22. Sport sinovlarida ishtirok etuvchilar roʻyxati shakllantirilayotganda qatnashish istagini bildirgan shaxslar ixtiyoriy ravishda tuman (shahar) hokimliklarida tuzilgan ishchi guruhga ariza (yozma yoki elektron tarzda) bilan murojaat qiladi (arizada ixtiyoriy yoki maxsus talablarni bajarishi aniq koʻrsatiladi) va sogʻligʻi yuzasidan tegishli maʼlumotnomani (imkoniyati cheklangan shaxslar uchun majburiy) taqdim qiladi.
23. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun mazkur sport sinovlarining turlari va mezonlari (ixtiyoriy hamda maxsus talablarini bajarish) asosida, ota-onalar, vasiylar ishtirokida ixtiyoriy ravishda hamda shifokor tavsiyalari va qatʼiy nazorati ostida oʻtkaziladi.
24. Maxsus talablarni bajarish istagini bildirgan ishtirokchilardan sport sinovlarini qabul qilish natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Mazkur jarayonlar tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan toʻliq videotasvirga olinadi, videotasvirga olinmagan holatlar inobatga olinmaydi.
Har bir tuman miqyosida 11 ta yosh toifasiga (erkaklar va ayollar alohida) koʻra, eng yuqori natija qayd etgan (1, 2 va 3-oʻrinni egallagan) shaxslar (erkaklar va ayollar alohida) gʻolib va sovrindor deb topiladi.
25. Quyidagi holatlarda sport sinovlarini topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
sogʻligʻi holatiga koʻra roʻyxatda turuvchi shaxslar;
homiladorlik va tugʻish taʼtilida boʻlganlar.
26. Quyidagi holatlarda sport sinovlarida qoʻlga kiritilgan natijalar bekor qilinadi:
jismoniy va yuridik shaxslarning ishonchli (asosli) murojaatlari;
ishtirokchilarning natijalari qayd etilgan bayonnomalar va videotasvirlarni koʻrib chiqish asosida;
dopingga qarshi qoidalarning buzilishi, taqiqlangan moddalardan foydalanish aniqlanganda.
Oldingi tahrirga qarang.
Dopingga qarshi qoidalarning buzilishi, taqiqlangan moddalardan foydalanish holatlari hududiy ishchi guruhlarining talabnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi tomonidan berilgan xulosalarga asoslanadi.
(26-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-fevraldagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2026-y., 09/26/45/0153-son)
27. Sport sinovlarini oʻtkazish bilan bogʻliq shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun Turizm va sport vazirligi hamda hududiy ishchi guruhlari qarori asosida malakali mutaxassislardan (trenerlar, jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari hamda jamoatchilik vakillaridan) iborat besh kishidan kam boʻlmagan toq sonli tarkibda appelyatsiya komissiyasi tuziladi.
28. Sport sinovlari natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar sinov natijalari eʼlon qilingan kundan keyin bir ish kuni ichida appelyatsiya komissiyasiga yozma ariza bilan murojaat qilishi hamda uni koʻrib chiqishda ishtirok etishi lozim.
Murojaat davlat tilida va boshqa tillarda berilishi, murojaat etuvchining elektron pochta manzili, aloqa telefoni koʻrsatilishi mumkin.
29. Apellyatsiya komissiyasi ariza qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida arizani va sport sinovlari natijalarini koʻrib chiqib, hududiy ishchi guruhga yozma xulosa topshiradi. Bunda, masala murojaat etuvchi ishtirokida koʻrib chiqilishi shart.
30. Hududiy ishchi guruhi tomonidan koʻrib chiqish natijalariga koʻra qaror qabul qilinadi, bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi. Murojaatga javobni hududiy ishchi guruhi rahbari, u boʻlmagan taqdirda esa ishchi guruhi rahbari oʻrinbosari va Apellyatsiya komissiyasi raisi imzolaydi.
5-bob. Gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash
31. Sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan gʻolib va sovrindorlar barcha 11 ta yosh toifaning har bir yosh toifasida (erkaklar va ayollar alohida) faqat bir marta I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
Bunda, bir yosh toifasida (erkaklar va ayollar) maxsus talablarni takroran bajargan ishtirokchilarga koʻkrak nishonlari (guvohnomasi) berilmaydi, ularning qayd etgan natijalari boʻyicha Respublika komissiyasining qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi turizm va sport vazirining buyrugʻiga muvofiq bir yosh toifasida qoʻlga kiritilgan koʻkrak nishoni guvohnomasiga egallagan oʻrni qayd etiladi hamda faxriy yorliqlar, shuningdek, qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantiriladi.
Sport sinovlarining ixtiyoriy talablarini bajargan gʻolib va sovrindorlarga koʻkrak nishonlari berilmaydi, ular tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantiriladi.
32. Sport sinovlari oʻtkazib boʻlinganidan keyin maxsus talablarni bajargan ishtirokchilar natijalari boʻyicha bir oy muddat ichida gʻolib va sovrindorlar Respublika komissiyasining I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlash hamda mos oʻrniga va darajasiga qarab tegishli sport toifalari va unvonlari berilishi toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi.
Maxsus talablarni bajargan gʻolib va sovrindorlarni faxriy yorliqlar, shuningdek, qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirish tuman (shahar) hududiy ishchi guruhlari tomonidan tantanali ravishda tashkil etiladi.
Sport sinovlarining ixtiyoriy talablarini bajargan ishtirokchilarning yakuniy natijalariga koʻra gʻolib va sovrindorlarni musobaqalar tugashi bilan faxriy yorliqlar, esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirish hududiy ishchi guruhlar tomonidan tantanali ravishda tashkil etiladi.
33. Yosh koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli bajargan shaxslar bir yil mobaynida quyidagi imtiyozlar va ragʻbatlantirishlardan foydalanadi:
gʻolib va sovrindorlar (1, 2 va 3-oʻrin) safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat toʻlovining 50 foizini chegirma bilan toʻlaydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;
gʻoliblar (1-oʻrin) “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari oʻqishga qabul qilinadi;
gʻolib va sovrindorlar (1, 2 va 3-oʻrin) davlat tuman (shahar) koʻp tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik bepul chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtadi;
gʻoliblarga (1-oʻrin) umumiy foydalanishdagi davlat yoʻlovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali toʻlov bilan imtiyozli yurish imkoniyatini taqdim etadi (bundan taksi, shu jumladan yoʻnalishli taksi mustasno);
gʻolib va sovrindorlarning (1, 2 va 3-oʻrin) farzandlari oʻzlari yashayotgan joydagi umumtaʼlim maktabi, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shuningdek, yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;
gʻolib va sovrindorlarga (1, 2 va 3-oʻrin) ish joyi hisobidan dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yoʻllanmalar taqdim etiladi;
gʻolib va sovrindorlarga (1, 2 va 3-oʻrin) respublika miqyosida ishga yoki oʻqishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (oliy taʼlim muassasalari sport yoʻnalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashgʻulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashgʻulotlardan ozod qilinishi) beriladi.
34. Sport sinovlarining maxsus talablarini topshirish jarayonida rekordlar aniqlanadi hamda muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻi orqali eʼlon qilinib boriladi.
35. Sport sinovlarini tashkil etishda faollik koʻrsatgan sport va boshqa soha vakillari, hududiy ishchi guruh rahbar va aʼzolari, trener va jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, shuningdek, sport sinovlarining maxsus talablarini 4 ta yosh toifasidagi guruh boʻyicha topshirib, I, II va III darajali koʻkrak nishonlaridan birini qoʻlga kiritgan shaxslar “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoniga, 6 ta (va undan koʻp) yosh toifasidagi guruh boʻyicha topshirib I, II va III darajali koʻkrak nishonlaridan birini qoʻlga kiritgan shaxslar “Sogʻlom avlod uchun”, “Salomatlik”, “Sogʻlom turmush” orden va medallari hamda boshqa davlat mukofotlariga Turizm va sport vazirligi, shuningdek, manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etiladilar.
36. Sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham I, II va III darajali koʻkrak nishonlari bilan belgilangan tartibda taqdirlanishi mumkin.
6-bob. Sport sinovlarini oʻtkazish va tashkil etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar
37. Sport sinovlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar — Turizm va sport vazirligi hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklarining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshiriladi.
38. Turizm va sport vazirligi tomonidan har yili I, II va III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonlarini tayyorlash va tarqatish, gʻolib va sovrindorlarga beriladigan esdalik sovgʻalarini xarid qilish, Oʻzbekistonda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining rekordlari nomli tahliliy maxsus kitobini chop etish bilan bogʻliq xarajatlar — Sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida qoplanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
39. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.

Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sport sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga

ILOVA
Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashni tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Ishtirokchilar yosh toifalari

Chora-tadbirlar

Amalga oshirish muddati

Masʼullar

I. Ishtirokchilarni tanlab olish

1-bosqich

7 yosh va undan katta yoshlilar

Ishtirokchilar roʻyxatini mahallalar kesimida shakllantirish

Yanvar oyi

Tuman (shahar) profilaktika inspektorlari, trenerlar va jismoniy tarbiya oʻqituvchilari

2-bosqich

7 yosh va undan katta yoshlilar

Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ishtirokchi arizasini toʻldirish

Fevral oyi

Oilaviy poliklinika shifokorlari, tuman (shahar) ishchi guruhlari

II. Sport sinovlarini oʻtkazish

3-bosqich

1-yoʻnalish

(7 yoshdan 17 yoshgacha)

Jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlarini (ixtiyoriy va maxsus talablar boʻyicha) oʻtkazish

Mart-aprel oylari

Biriktirilgan trenerlar,
jismoniy tarbiya oʻqituvchilari,

tuman (shahar) ishchi guruhi vakillari,
hududiy ishchi guruhi vakillari

2-yoʻnalish

(18 yoshdan 29 yoshgacha)

Aprel-may oylari

3-yoʻnalish

(30 yoshdan 49 yoshgacha)

Avgust-sentabr oylari

4-yoʻnalish

(50 yosh va undan katta yoshdagilar)

Oktabr-noyabr oylari

5-yoʻnalish

(vazirlik va idoralar) *

Noyabr oyi

III. Gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirish

4-bosqich

1-yoʻnalish

(7 yoshdan 17 yoshgacha)

Jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilarni ragʻbatlantirish

(Ixtiyoriy talablar)
**

May oyi

Hududiy ishchi guruhi vakillari,
tuman (shahar) ishchi guruhi vakillari
Hududiy ishchi guruhi vakillari,
tuman (shahar) ishchi guruhi vakillari

2-yoʻnalish

(18 yoshdan 29 yoshgacha)

Iyun oyi

3-yoʻnalish

(30 yoshdan 49 yoshgacha)

Oktabr oyi

4-yoʻnalish

(50 yosh va undan katta yoshdagilar)

Noyabr oyi

5-yoʻnalish

(vazirlik va idoralar) *

Dekabr oyining 1-haftasi

IV. Sport sinovlari yakunlarini tahlil qilish va yakuniy hisobotlarni tayyorlash

5-bosqich

Tuman (shahar), hududiy ishchi guruhlari

Yil yakunlari hisobotini tahlil qilish va Respublika komissiyasiga taqdim etish

Dekabr oyining 2-oʻn kunligi

Tuman (shahar), hududiy ishchi guruhlari rahbarlari

6-bosqich

Respublika komissiyasi

Yil yakunlari hisobotini tahlil qilish va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish

Dekabr oyining 3-oʻn kunligi

Respublika komissiyasi, davlat organlari va tashkilotlari

* Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi barcha tashkilotlarning rahbar va xodimlari, instruktorlari, trenerlari, kursantlari, oʻquvchilari, sportchilar (sportchi pasporti yoki sport unvonlari va toifalariga ega shaxslar), shuningdek, Turizm va sport vazirligi tizimidagi barcha sport taʼlim muassasalarining trenerlari, sportchi oʻquvchilari, shuningdek sportchilar (sportchi pasporti yoki sport unvonlari va toifalariga ega shaxslar);
** ixtiyoriy talablarni bajargan ishtirokchilarni ragʻbatlantirish sport sinovlari tugashi bilan 3 kun muddat ichida oʻtkaziladi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-son qaroriga

2-ILOVA

“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni 3 ta darajali boʻlib, I darajali koʻkrak nishoni — oltin rangda, II darajali koʻkrak nishoni — kumush rangda va III darajali koʻkrak nishoni — bronza rangda. Koʻkrak nishonining ikki tomonlama teshigi mavjud boʻlib, ustki kiyimga kapalaksimon qadagʻich bilan taqiladi.
Koʻkrak nishoni diametri 3 santimetrli doira shaklida boʻlib, “SAM 1 — 4” eritmasidan tayyorlanadi. Koʻkrak nishonining qalinligi 2 millimetr.
Qirralarning atrofida xira toʻq kul rang doirasimon 0,35 sm qalinlikdagi qabariq fonida, tepa qismida, 0,14 sm oʻlchamdagi harflar bilan “JISMONIY TAYYORGARLIK DARAJASI”, pastki qismida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” yozuvi mavjud. Birinchi qabariq diametri 3 sm, ikkinchi qabariq diametri 2,4 sm, emali esa 0,3 sm.
Koʻkrak nishonining old tomoni oʻrta qismida 1,1 diametrlik doira ichida 0,48 sm. oʻlchamdagi “I” raqami va raqam atrofida dafna gulchambari joylashgan. oʻrta qismidagi doira tepa qismida dafna novdasi joylashgan.
Oʻrtadagi doira tagida 0,58 sm oʻlchamdagi 5 ta doirasimon piktogrammalar joylashgan. Piktogrammalarning birinchisida suzuvchi, ikkinchisida yuguruvchi, uchinchisida press mashqini bajaruvchisi, toʻrtinchisida yerdan qoʻlda gavdasini koʻtarish mashqini bajaruvchisi va beshinchisida turnikda tortilish mashqini bajaruvchisi tasvirlangan.

“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-son qaroriga

3-ILOVA
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni guvohnomasining tavsifi
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni guvohnomasi 100x70 millimetr oʻlchamdagi toʻrtburchak shaklida boʻlib, 350 g/kv.m qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni moviy rangda boʻlib, uning chegara qismidan 5 millimetr oraliqda eni 3 millimetr qalinlikda ichki toʻrtburchak shaklida boʻlgan toʻq koʻk rangli hoshiya bilan oʻralgan.
Guvohnomaning ustki qismi markazda ““Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishoni GUVOHNOMASI” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) soʻzlari yozilgan. Yozuvlar zarhal rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ikkinchi tomoni oq rangda boʻlib, 5 millimetr oraliqda eni 3 millimetr qalinlikda ichki toʻrtburchak shaklida boʻlgan toʻq koʻk rangli hoshiya bilan oʻralgan.
Guvohnomaning ikkinchi chap tomoni markazida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻkrak nishonining tegishli darajasiga oid rasmi qoʻyilgan.
Guvohnomaning ikkinchi oʻng tomoni yuqori qismi chekkasidan 12 millimetr pastda kirill alifbosida katta harflarda “GUVOHNOMA t/r. ____” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 12-kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻzlardan 15 millimetr pastda taqdirlanadigan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Undan 5 millimetr pastda markazda “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 17-kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda markazda ““20__y. “____” ______dagi ___-sonli buyrigʼiga asosan ____-darajadagi koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi”” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 12-kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 15 millimetr pastda chap tarafda “Vazir” soʻzi (“Times new Roman Bolt” shrifti, 12-kegl), undan 7 millimetr pastda chap tarafda “M.Oʻ.” soʻzi (“Times new Roman Bolt” shrifti, 12-kegl) yozilgan.
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari koʻkrak nishoni guvohnomasi

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi 23-son qaroriga

4-ILOVA

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-dekabrdagi 346-son qarori bilan tasdiqlangan Sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoalari aʼzolari boʻlgan sportchilarni tayyorlash uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislarning ish shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 7-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xorijiy mutaxassis mehnatiga har oylik haq toʻlashning moʻljallanayotgan summasi (shartnoma (kontrakt) tuzilgan kundagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 baravarigacha miqdorda, har oylik haq toʻlashning miqdori tomonlar tuzgan shartnoma (kontrakt) bilan aniqlanadi) mavjud boʻladi”.
2. 16-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash uchun budjet mablagʻlari ajratishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Ekspert komissiyasi bir vaqtning oʻzida ushbu mablagʻlar miqdorini belgilaydi (shartnoma (kontrakt) tuzilgan kundagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 baravarigacha). Bunda:”.
3. Quyidagi mazmundagi 171-band bilan toʻldirilsin:
“171. Ish beruvchi tomonidan taklif etilgan xorijiy mutaxassisning mehnatiga haq toʻlash miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 baravaridan koʻp boʻlgan taqdirda, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash boʻyicha tuzilgan Respublika komissiyasi raisining ruxsati bilan Davlat budjetidan qoʻshimcha moliyalashtirishga ruxsat beriladi”.
4. 25-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 09/22/23/0095-son; 06.02.2026-y., 09/26/45/0153-son)