1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.09.00 Tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.06.00 Sanoat ishlab chiqarishni mahalliylashtirish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
2.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Eksport va import]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 416-sonli “Tarif kvotalarini joriy etish va maʼmuriy boshqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkilotiga rasman aʼzo boʻlgan sanadan boshlab oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 21-avgustdagi PQ-4812-son qarorining ijrosini taʼminlash hamda bozor ehtiyojlarini qondirish, ishlab chiqarishni rivojlantirishni ragʻbatlantirish va tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning xalqaro eʼtirof etilgan usullarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga import qilinadigan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash shartlari;
kelib chiqishi boshqa mamlakatlardan boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi;
tarif kvotasini oʻrnatish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish va tarif kvotasi hajmini taqsimlash mexanizmi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda isteʼmol hajmlarini, ishlab chiqarish quvvatlarini, ichki bozor narxlarining oʻzgarishini va istiqbolda mahalliy ishlab chiqarish hajmlarini inobatga olgan holda tarif kvotalarini joriy qilish yuzasidan bir yilda kamida bir marta Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda uni amalga oshirish jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-dekabr,
728-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-dekabrdagi 728-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash va tarif kvotalari hajmlarini taqsimlash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
oʻxshash tovar — baholanayotgan tovar bilan har jihatdan bir xil boʻlmasa-da, u bilan oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlganligi va tarkib jihatidan oʻxshashligi tufayli bir xil vazifalarni bajara oladigan hamda tijorat nuqtai nazaridan, shu jumladan, sifati, bozordagi qadri, tovar belgisining mavjudligiga koʻra uning oʻrnini bosa oladigan mahsulot;
rezident — Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat yurituvchi subyekti;
oldingi davr — Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻxshash tovarlar isteʼmoli va tovarlar ishlab chiqarish hajmlarining tahlili oʻtkazilayotgan soʻngi uch yil;
real import hajmi — cheklovlar yoʻqligi sharoitida import hajmi;
tarif kvotasi — ayrim turdagi tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishning muayyan davri mobaynida belgilangan miqdorda import qilinadigan tovarlarga nisbatan import bojxona bojlaridan kam stavkalardan foydalanishni nazarda tutuvchi tartibga solish chora-tadbirlari, belgilangan miqdordan koʻp holatlarda import bojxona bojlarining amaldagi stavkalari qoʻllanilishi;
tarif kvotasi hajmi — ajratiladigan tarif kvotasi doirasida tovar miqdori;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.
2-bob. Tarif kvotalarini qoʻllash shartlari
3. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga tarif kvotasi doirasida belgilangan hajmda olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan bojxona tarifiga muvofiq tegishli import bojxona bojining pasaytirilgan yoki amaldagi stavkalari qoʻllanilishi mumkin.
4. Kelib chiqishi boshqa mamlakatlardan boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotasi hajmi, amal qilish muddati va import bojxona boji stavkasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bunda, tarif kvotasi hajmi shu turdagi tovarlarning ichki isteʼmoli va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida ishlab chiqariladigan oʻxshash tovarlar hajmlari oʻrtasidagi farqdan oshmaydi.
5. Tarif kvotalari hajmlari vakolatli organning qaroriga muvofiq import qiluvchilar oʻrtasida taqsimlanadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan hollar bundan mustasno.
6. Tarif kvotasi hajmini taqsimlash tarif kvotasini olishga nisbatan teng huquqlilikka asoslanadi hamda tashkiliy-huquqiy shakliga, roʻyxatdan oʻtish joyi yoki bozordagi mavqeyiga qarab kamsitishga yoʻl qoʻymasdan amalga oshiriladi.
7. Tarif kvotasi muddati davomida tovar yetkazib berishda rezidentning unga ajratilgan tarif kvotasi hajmidan toʻliq foydalanishiga toʻsqinlik qiluvchi shartlar belgilanmaydi.
8. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarni erkin muomalaga chiqarish uchun bojxona rasmiylashtiruvi vakolatli organ tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq taqsimlangan tarif kvotalari doirasida amalga oshiriladi.
9. Vakolatli organ Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda isteʼmol hajmlarini, ishlab chiqarish quvvatlarini va ichki bozor narxlarining oʻzgarishini inobatga olgan holda tarif kvotalarini joriy qilish boʻyicha bir yilda kamida bir marta Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
10. Ichki va tashqi bozorlardagi konyukturaning keskin oʻzgarishiga tezkor javob berish zarur boʻlgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yigʻilishi chaqiriladi hamda natijasi boʻyicha vakolatli organning qarori bilan tarif kvotasi joriy etilishiga ruxsat beriladi.
11. Tarif kvotasini belgilash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish jarayonida quyidagi shartlarga rioya etilishi lozim:
tarif kvotasini muayyan davr uchun belgilash (tarif kvotasini mamlakatlar oʻrtasida taqsimlash masalasini koʻrib chiqish natijalaridan qatʼi nazar);
barcha manfaatdor mamlakatlarni ularga ajratilgan tarif kvotasi hajmi yuzasidan xabardor qilish (tarif kvotasini mamlakatlar oʻrtasida taqsimlash haqida qaror qabul qilingan taqdirda);
tarif kvotasini belgilash, uning amal qilish muddati va miqdori, shu jumladan, tarif kvotasi hajmi, mamlakat yoki rezidentlar yoxud import qiluvchilar boʻyicha hajmlarni taqsimlash (mamlakatlar oʻrtasida tarif kvotasi hajmini taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda);
tarif kvotasi hajmi doirasida olib kiriladigan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan import bojxona bojlari stavkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish.
3-bob. Tarif kvotalarini qoʻllash tartibi va mexanizmi
12. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyekti, zaruratga koʻra, vakolatli organga Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga import qilinadigan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini belgilash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi.
14. Vakolatli organ tadbirkorlik subyekti tomonidan tarif kvotasini belgilash lozim boʻlgan tovar yoki tovarlar roʻyxati koʻrsatilgan arizani bir ish kunida qabul qiladi va tarif kvotasini belgilashni maqsadga muvofiqligi boʻyicha oʻn ish kunida:
Milliy statistika qoʻmitasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda respublikadagi barcha mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hamda ularning foydalanish darajasi, shuningdek, mazkur tovarlarning eksporti va importi hajmlarini tahlil qiladi;
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda arizada koʻrsatilgan tovarlar boʻyicha respublikada ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlaridan kelib chiqqan holda ichki bozorning toʻyinganlik darajasi va mavsumiylik omillarini oʻrganadi, shuningdek, kvota hajmlari, muddati va boj stavkasi toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi.
15. Vakolatli organ oʻrganish yakunlari boʻyicha tarif kvotalarini qoʻllash maqsadida kvota hajmlari, muddati va boj stavkasi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga ikki ish kunida tegishli takliflar kiritadi.
16. Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan takliflar asosida tarif kvotasi hajmlarini belgilash yoki belgilamaslik, ularning muddatlari va boj stavkasi toʻgʻrisida yakuniy xulosani qabul qiladi.
Bunda, zaruratga koʻra, manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalaridan qoʻshimcha maʼlumotlarni oladi hamda yakuniy xulosani vakolatli organga tegishli qaror qabul qilish uchun oʻn ish kunida yuboradi.
17. Vakolatli organ ikki ish kunida:
tarif kvotasini joriy qilish toʻgʻrisida ijobiy xulosa olingan taqdirda, bu toʻgʻrisida ariza beruvchini rasman xat hamda ommaviy axborot vositalari orqali va oʻzining rasmiy saytida tarif kvotalari joriy etilishi toʻgʻrisida;
tarif kvotasini joriy etish maqsadga muvofiq emas deb topilgan taqdirda, ariza beruvchini rasman xat orqali rad etish toʻgʻrisida sabablarini koʻrsatgan holda xabardor qiladi.
18. Vakolatli organ tarif kvotasini joriy qilish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida va oʻzining rasmiy saytida berilgan eʼlonga muvofiq tarif kvotasi hajmlarini taqsimlash boʻyicha oʻn ish kunida rezidentlardan arizalar qabul qiladi.
Tarif kvotalari taqsimoti rezidentning ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizasi asosida amalga oshiriladi.
Arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
19. Vakolatli organ Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda uch ish kunida:
belgilangan muddat ichida tushgan arizalarni koʻrib chiqadi va “eng yaxshi taklif” tamoyili (narx va hajm) asosida tadbirkorlik subyektlarini tanlab oladi.
Belgilangan muddat ichida zarur hajmlar boʻyicha arizalar tushmagan boʻlsa, tarif kvotasi hajmlarini taqsimlash boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkaziladi va mavjud import qiluvchilar orasida importdagi ulushiga mos ravishda taqsimlanadi.
20. Rezidentlar oʻrtasida tarif kvotasi hajmi vakolatli organ tomonidan belgilangan tarif kvotalari hajmlari doirasida taqsimlanadi yoxud ehtiyoj boʻlganda barcha muhim import qiluvchilar yoki rezidentlar bilan maslahatlashuv oʻtkazilishi mumkin.
21. Tarif kvotasining taqsimlanishi barcha muhim import qiluvchilar bilan maslahatlashuv natijalari asosida amalga oshirilmasa, rezidentlar oʻrtasida tarif kvotasi hajmini taqsimlash toʻgʻrisidagi qaror vakolatli organ tomonidan oldingi davr mobaynida tovarlar importi hajmini hisobga olgan holda qabul qilinadi.
Oldingi davrni tanlash imkoni boʻlmagan holatda tarif kvotasi real import hajmining ehtimoliy boʻlinishini baholash asosida taqsimlanadi.
22. Vakolatli organ tarif kvotasi hajmlarini rezidentlar oʻrtasida taqsimlash boʻyicha ikki ish kunida qaror qabul qiladi va tarif kvotalari belgilanishi munosabati bilan:
tarif kvotasining ajratilgan hajmi doirasida yetkazib berishga moʻljallangan tovarning umumiy miqdori yoki qiymati, tarif kvotasining boshlanish va tugash sanalari hamda undagi har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va oʻzining rasmiy sayti orqali eʼlon qilib boradi.
tovar yetkazib berishda, manfaatdor rezident soʻroviga koʻra, tashqi savdo faoliyati ishtirokchilari oʻrtasida tarif kvotasining taqsimlanishi usuli va tartibi, shuningdek, tarif kvotasining hajmi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.
23. Manfaatdor vazirliklar va idoralar eʼlon qilingan tarif kvotasi doirasida import qiluvchi tadbirkorlik subyektining maʼlumoti hamda vakolatli organning qaroriga tayangan holda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga nisbatan iqtisodiy choralar qoʻllaydi.
24. Tovar yetkazib berishda, manfaatdor rezidentning hamkorlik qiluvchi mamlakatining murojaatiga koʻra, Vazirlar Mahkamasi va vakolatli organ tomonidan quyidagi masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkaziladi:
ajratilgan tarif kvotasi hajmini qayta taqsimlash;
tanlangan oldingi davrni oʻzgartirish;
taqsimlangan tarif kvotasining hajmiga yoki undan cheksiz foydalanishga nisbatan bir tomonlama belgilangan shartlar, qoʻshimcha hujjatlar yoki boshqa qoidalarni bekor qilish zarurati kelib chiqqanda.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Ushbu Nizomni qoʻllash jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi PQ-4754-sonli “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
26. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 227 –– 22727-moddalari.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash
1. Tarif kvotalari qoʻllanilishi lozim boʻlgan tovarlarning roʻyxatini shakllantiradi.
2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (vakolatli organ)ga pochta yoki elektron shaklda tovarlar roʻyxati koʻrsatilgan arizani taqdim etadi.
Zaruratga qarab
2-bosqich
Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)
Tovarlar roʻyxati koʻrsatilgan arizalarni qabul qiladi.
1 ish kunida
3-bosqich
Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)
1. Arizani oʻrganib chiqish, xususan:
Milliy statistika qoʻmitasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda respublikadagi barcha mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hamda ulardan foydalanish darajasini, shuningdek, eksport va import hajmlarini oʻrganadi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda arizada koʻrsatilgan tovarlar boʻyicha respublikada ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlaridan kelib chiqqan holda ichki bozorning toʻyinganlik darajasi va mavsumiylik omillarini oʻrganadi, shuningdek, kvota hajmlari, muddati va boj stavkasi toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqadi.
1. Ariza roʻyxatga olingan kundan boshlab 10 ish kunida
2. Tarif kvotalarini qoʻllash maqsadida kvota hajmlari, muddati va boj stavkasi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritadi.
2. Oʻrganishlar yakuniga koʻra 2 ish kunida
4-bosqich
Vazirlar Mahkamasi
Vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan kelishilgan takliflarni oʻrganib chiqadi, tarif kvotalari hajmlarini belgilash yoki belgilamaslik, ularning muddatlari va boj stavkasi toʻgʻrisida yakuniy xulosani qabul qiladi.
Zaruratga koʻra, manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalaridan qoʻshimcha maʼlumotlar oladi hamda vakolatli organga tegishli qaror qabul qilish uchun yuboradi.
Vakolatli organ tomonidan kiritilgan kundan boshlab 10 ish kunida
5-bosqich
Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)
1. Tarif kvotasini joriy qilish toʻgʻrisida ijobiy xulosa olingan taqdirda, bu toʻgʻrisida ariza beruvchini rasman xat hamda ommaviy axborot vositalari orqali va oʻzining rasmiy saytida tarif kvotalari joriy etilishi toʻgʻrisida tadbirkorlik subyektlarini xabardor qiladi (tarif kvotasini joriy etish maqsadga muvofiq emas deb topilgan taqdirda, ariza beruvchini rasman xat orqali rad etish sabablarini koʻrsatgan holda xabardor qiladi).
1. Vazirlar Mahkamasining yakuniy xulosasi olingan kundan boshlab 2 ish kunida
2. Tarif kvotasini joriy qilish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va oʻzining rasmiy saytida berilgan eʼlonga muvofiq tarif kvotasi hajmlarini taqsimlash boʻyicha arizalarni qabul qiladi.
2. 10 ish kunida
6-bosqich
Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi),
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi
1. Belgilangan muddat ichida tushgan arizalarni koʻrib chiqish va “eng yaxshi taklif” tamoyili (narx va hajm) asosida tadbirkorlik subyektlarini tanlab oladi.
2. Belgilangan muddat ichida zarur hajmlar boʻyicha arizalar tushmagan boʻlsa, tarif kvotasi hajmlarini taqsimlash boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadi va mavjud import qiluvchilar orasida importdagi ulushiga mos ravishda taqsimlaydi.
3 ish kunida
7-bosqich
Vakolatli organ
(Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)
Tarif kvotasi hajmlarini rezidentlar oʻrtasida taqsimlash boʻyicha qaror qabul qiladi va uni ommaviy axborot vositalari va oʻzining rasmiy saytida eʼlon qiladi.
2 ish kunida
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
NAMUNA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga
ARIZA
_______________________________________ Sizdan _____ yil “____” ________________dagi _____-sonli
(tashkilot nomi)
eʼlonga muvofiq tarif kvotasi doirasida import qilishga ruxsat berilgan ____________________ mahsuloti (TIF TN kodi) boʻyicha _________________ miqdorda kvota ajratishingizni soʻraymiz.
Ariza beruvchining toʻliq nomi: __________________________________________ Joylashgan joyi (pochta manzili): ________________________________________ Ishlab chiqarish manzili: _______________________________________________ Ariza beruvchining asosiy iqtisodiy faoliyati: _____________________________ _____________________________________________________________________ Ariza beruvchining telefon raqami: _______________________________________
STIR:__________________________
KTUT:_________________________
Tarif kvotasi beriladigan xomashyodan ishlab chiqariladigan tovar nomi
Oʻlchov birligi
Ishlab chiqarish hajmi(Oxirgi uch yil)
Tayyor tovar tarkibida xomashyo ulushi, % da(tarif kvotasi doirasida import qilinadigan tovar)
Import qilinadigan davlat nomi
oxirgi 1-yil
oxirgi 2-yil
oxirgi 3-yil
Tashkilot rahbari
____________
F.I.O
(imzo)
M.Oʻ.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.12.2021-y., 09/21/728/1122-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)