toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejim tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha maxsus rejimni joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 26-avgustdagi PQ-5234-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalari asosidagi innovatsion biznes-modellar, mahsulotlar va xizmat koʻrsatish usullarini rivojlantirish uchun qulay va maqbul ekotizim yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi PQ-5234-son qaroriga muvofiq sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat yurituvchi tashkilotlar uchun zaruriy tashkiliy-huquqiy sharoit yaratish, dasturiy mahsulotlarni tajribadan oʻtkazish va amaliyotga joriy qilish jarayonida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarda yengillik yaratish maqsadida Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha maxsus rejim joriy qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejim tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejimni (keyingi oʻrinlarda — maxsus rejim) qoʻllash va uning ishtirokchilari faoliyatini tashkil etish;
maxsus rejim ishchi organining faoliyatini tashkil etish, uning asosiy vazifa va funksiyalarini belgilash;
talabgorlarni maxsus rejim ishtirokchilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazish, ishchi organ tomonidan ariza shakli va talab etiladigan maʼlumotlar roʻyxatini tasdiqlash;
maxsus rejim ekspert kengashini tarkibini shakllantirish va faoliyatini yoʻlga quyish;
maxsus rejim ishtirokchilariga loyihalarni samarali tashkil qilish uchun amaldagi qonunchilik hujjatlarining tegishli normalarini tajriba-sinov loyihalari muddatida istisno qilish;
talabgorlarni maxsus rejim tarkibiga kiritish va tarkibidan chiqarish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
maxsus rejim ishtirokchilarining tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddati davomida tashkiliy-huquqiy va konsultativ jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga belgilangan imtiyoz va preferensiyalarni qoʻllash;
maxsus rejim ishtirokchilariga vakolatli davlat organi tomonidan tegishli faoliyatni amalga oshirishning kamaytirilgan talablari va shartlarini belgilash;
ishchi organ tomonidan tashkilotni maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish va bu haqidagi maʼlumotlarni maxsus rejim ishtirokchilarining yagona reyestriga kiritish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda maxsus rejim faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mohiyati va ahamiyati haqida tematik telekoʻrsatuvlar tashkil qilsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-noyabr,
717-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-noyabrdagi 717-son qaroriga
ILOVA
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejim tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejim (keyingi oʻrinlarda — maxsus rejim) tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartiblarini belgilaydi.
2. Maxsus rejim Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining (keyingi oʻrinlarda — IT-park) alohida boʻgʻini boʻlib, uning ishtirokchilari IT-park rezidentlari hisoblanadi va ular oʻz faoliyatini eksterritoriallik prinsipi asosida amalga oshiradi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maxsus rejim — sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar hamda ilmiy tashkilotlar uchun zarur tashkiliy-huquqiy sharoit yaratish, dasturiy mahsulotlarni tajribadan oʻtkazish va amaliyotga joriy qilish jarayonida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlarda yengillik yaratishga qaratilgan maxsus huquqiy rejim;
maxsus rejim ishtirokchilari — belgilangan tartibda maxsus rejim ishtirokchilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan va maxsus rejimning ishchi organi tomonidan yuritiladigan maxsus rejim ishtirokchilarining yagona reyestriga kiritilgan yuridik shaxs, shu jumladan ilmiy tashkilot;
maxsus rejim ishtirokchilarining yagona reyestri (keyingi oʻrinlarda — reyestr) — ushbu Nizomga muvofiq maxsus rejim ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilgan ochiq va umumfoydalaniladigan axborot resursi;
maxsus rejimning ekspert kengashi — tarkibi sohalar boʻyicha vakolatli davlat organlari bilan birgalikda har yili tasdiqlanadigan talabgorlar tomonidan taqdim etilgan loyihalarni ekspertizadan oʻtkazish maqsadida ustuvor yoʻnalishlar kesimidagi ekspert kengashlari;
Muvofiqlashtirish komissiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi;
tajriba-sinov loyihalari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-son qarori bilan tasdiqlangan sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha 2021-2022-yillarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalari hamda ustuvor tarmoqlar va sohalar doirasida amalga oshiriladigan va bajarish muddati bir yildan oshmaydigan loyihalar;
talabgorlar — maxsus rejim ishtirokchisi maqomini olishga ariza bergan yuridik shaxslar, shu jumladan, ilmiy tashkilotlar.
2-bob. Maxsus rejim ishchi organining faoliyatini tashkil etish
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maxsus rejimning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari ishchi organ rahbari, IT-park direksiyasi direktori esa ishchi organ rahbarining oʻrinbosari hisoblanadi.
5. Ishchi organ:
maxsus rejim ishtirokchisi maqomini olish uchun talabgorlar tomonidan taqdim etiladigan ariza shaklini va talab etiladigan maʼlumotlar roʻyxatini tasdiqlaydi va arizalar qabul qilinishini tashkil etadi;
maxsus rejim ekspert kengashining nizomi, shuningdek, uning ishtirokchilari bilan tuziladigan faoliyat shartlari toʻgʻrisidagi shartnoma shaklini tasdiqlaydi;
maxsus rejimning ekspert kengashi tarkibini manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda shakllantiradi va tasdiqlaydi;
maxsus rejim ishtirokchilari uchun tajriba-sinov loyihalari doirasida zarur boʻladigan maʼlumotlar roʻyxatini shakllantiradi;
maxsus rejim ishtirokchilarining loyihalari ishini samarali tashkil qilish uchun amaldagi qonunchilik hujjatlarining tegishli normalarini tajriba-sinov loyihalari muddatida istisno qilish, tegishli vakolatli davlat organiga taqdim qilish uchun maxsus rejim jarayonida normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, tajriba-sinov loyihalarini tatbiq etishda yuzaga keladigan toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida ishtirokchilarga maxsus rejim doirasida yengillik yaratish masalalari boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
talabgorlarni maxsus rejim tarkibiga kiritish va tarkibidan chiqarish boʻyicha takliflarni Muvofiqlashtirish komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi;
Muvofiqlashtirish komissiyasining xulosasiga asosan loyiha tashabbuskorlariga maxsus rejim ishtirokchisi maqomini berish, berishni rad etish yoki undan mahrum qilish boʻyicha qaror qabul qiladi;
maxsus rejim ishtirokchilari tomonidan muvaffaqiyatli tarzda olib borilayotgan loyihalar haqida tegishli vazirlik va idoralarga yillik rasmiy maʼlumotnoma kiritib boradi;
maxsus rejim ishtirokchilarining ilmiy faoliyatini kuzatib borishga Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti xodimlarini jalb qiladi;
maxsus rejim ishtirokchilarining tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddati davomida tashkiliy-huquqiy va konsultativ jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.
6. Maxsus rejimning ekspert kengash aʼzolari ishchi organ tomonidan bir yil muddatga tasdiqlanib, quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
talabgorlarning loyihasi va uning arizasini oʻrganib chiqadi;
ehtiyojdan kelib chiqib, loyiha taqdimotini oʻtkazish uchun talabgorni taklif qiladi;
koʻrib chiqilgan loyiha uchun maxsus rejim ekspert kengashining xulosasini ishchi organga kiritadi.
3-bob. Talabgorlarni maxsus rejim ishtirokchilari sifatida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
7. Talabgorlar maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun ishchi organ tomonidan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha barcha zarur maʼlumotlarni ilova qilgan holda, IT-parkning maxsus veb-platformasi orqali ariza topshiradi.
Talabgorlar IT-park rezidentlariga belgilangan imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish uchun Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarorida belgilangan talablarga asosan ariza topshirish jarayonida qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etadi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javobgarlik talabgorga yuklanadi.
Talabgorning arizasini qabul qilish va ishtirokchilarni roʻyxatga olish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Talabgorlarning taqdim etgan hujjatlarida ushbu Nizom talablariga nomuvofiqliklar aniqlangan holatlarda, talabgorlarga ishchi organ tomonidan bu haqda maʼlum qilingandan soʻng talabgorlar undagi kamchiliklarni bartaraf etib, arizani besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda qayta taqdim etishi mumkin.
Mazkur muddatda talabgorlar tomonidan nomuvofiqliklarning bartaraf etilmaganligi, talabgorlarni maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olishni rad etishga asos boʻladi.
9. Ishchi organ talabgorlardan kelib tushgan arizani besh ish kuni mobaynida dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkazadi. Texnik ekspertiza jarayonida talabgorlardan kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan maʼlumotlar talabgorlar arizasiga belgilangan talablarga mosligi jihatdan koʻrib chiqiladi.
10. Ishchi organ talabgorlar arizasi dastlabki texnik ekspertizadan oʻtgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni mobaynida tajriba-sinov loyihalarini tatbiq etishda yuzaga keladigan toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida ishtirokchilarga maxsus rejim doirasida yengillik yaratish boʻyicha takliflarni tayyorlaydi va maxsus rejimning ekspert kengashiga yuboradi.
11. Maxsus rejimning ekspert kengashi ishchi organdan talabgorlar loyihalari va ishchi organ tomonidan mazkur loyiha uchun yengillik yaratish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflarni qabul qilgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida ishchi organga loyihalar boʻyicha xulosa taqdim etadi.
Maxsus rejimning ekspert kengashi loyihalar taqdimotini oʻtkazish uchun talabgorlarni taklif qilish yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish huquqiga ega.
12. Ishchi organ maxsus rejimning ekspert kengashi xulosasiga koʻra taqdim etilgan loyihaning talablarga mosligidan kelib chiqib, uni Muvofiqlashtirish komissiyasiga taqdim etadi.
Muvofiqlashtirish komissiyasi ishchi organ tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan talabgorlarga maxsus rejimning ishtirokchisi maqomini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa beradi.
13. Muvofiqlashtirish komissiyasi xulosasiga muvofiq ishchi organ talabgorlarni ishtirokchi sifatida roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, reyestrga tegishli yozuvlarni besh ish kunida kiritadi va tegishli vazirlik va idoralarga talabgorlar maxsus rejim ishtirokchisi sifatida qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabar beradi.
Roʻyxatga olish rad etilganda, rad etishning sababini koʻrsatgan holda ariza beruvchiga ushbu qarordan koʻchirma taqdim etadi.
14. Talabgorlarni roʻyxatga olish rad etilgan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablarni bartaraf etishi hamda arizaga boshqa hujjatlarni ilova qilgan holda koʻrib chiqish uchun hujjatlarni qaytadan kiritishi mumkin.
15. Talabgorlarni maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, talabgorlar bilan maxsus rejim ishtirokchisining faoliyati boʻyicha shartnoma (keyingi oʻrinlarda — shartnoma) tuziladi.
Shartnomaning shakli ishchi organ tomonidan ommaviy oferta tarzida tasdiqlanadi.
Shartnomada talabgorlar loyihasining maqsadi, sohasi va faoliyatidan kelib chiqib, ommaviy ofertaga qoʻshimcha tarzda shartlar belgilanishi mumkin.
16. Quyidagilar talabgorlarni maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi mavjud boʻlganda;
Oldingi tahrirga qarang.
tashkilot toʻlovga qobiliyatsizlik va tugatish jarayonida boʻlganda;
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklarning berilgan muddat ichida bartaraf etilmasligi;
maxsus rejimning ekspert kengashi xulosasiga koʻra talabgorlar loyihasining maʼnaviy eskirgan, istiqboli yoʻq yoki ahamiyati katta boʻlmagan deb topilishi;
amalga oshirilishi taklif etilgan loyiha doirasida koʻrsatilgan faoliyat yoʻnalishlariga mos kelmasligi yoki uni joriy qilish belgilangan faoliyat yoʻnalishlaridan tashqariga chiqib ketishi;
talabgorlar tomonidan taqdim etilgan loyiha amaldagi maxsus rejim ishtirokchisi tomonidan bajarilgan yoki bajarilayotganligi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan sabablardan tashqari rad etish uchun asos boʻladigan boshqa sabablar yuzaga kelgan taqdirda, Muvofiqlashtirish komissiyasining talabgorlarni maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosasiga asosan ishchi organ rad etishning sababini koʻrsatgan holda qaror qabul qiladi va besh ish kuni mobaynida ariza beruvchiga ushbu qarordan koʻchirma taqdim qiladi.
17. Talabgorlarni maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar ular tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, ariza va boshqa hujjatlar ushbu Nizomning 7-8-bandlariga muvofiq qayta koʻrib chiqiladi.
18. Maxsus rejim ishtirokchisi maqomini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin ishchi organ uch ish kuni mobaynida:
talabgorlarning nomi, faoliyat turi, pochta va elektron manzillari koʻrsatilgan holda, reyestrga ularning roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida tegishli yozuv kiritilishini taʼminlaydi;
maxsus rejim ishtirokchisining loyihada koʻrsatilgan yoʻnalishlarga tegishli boʻlgan vazirlik va idoralarga talabgorlar maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida rasmiy xabarnoma yuboradi.
19. Maxsus rejim ishtirokchisi qayta tashkil etilgan yoki uning nomi oʻzgarganda, maxsus rejim ishtirokchisining xabarnomasi asosida ishchi organ reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlaydi.
20. Maxsus rejim ishtirokchisi quyidagi majburiyatlarga ega:
ishchi organ bilan tuzilgan maxsus rejim ishtirokchisining faoliyat shartlari toʻgʻrisidagi shartnomaga amal qilish;
loyihalar tajriba-sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazilgandan soʻng ishchi organning xulosasiga asosan ularni toʻliq amaliyotga joriy qilish;
tezlashtirilgan va soddalashtirilgan tartibda olingan ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarda belgilab berilgan talablar va majburiyatlarga toʻliq rioya qilish;
loyiha doirasida amalga oshirilayotgan faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni ishchi organ tomonidan tasdiqlanadigan muddatlarda va shaklga koʻra IT-parkning maxsus veb-platformasi orqali taqdim etish;
mahsulotni realizatsiya qilishda va xizmatlarni koʻrsatishda buyurtmachilarni tajriba-sinovdan oʻtkazilayotganligi toʻgʻrisida ogohlantirish va ularning tegishli roʻyxatini yuritish;
loyiha yakuni boʻyicha ishchi organga amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar boʻyicha hisobotlarini taqdim etishi;
IT-park rezidentlariga belgilangan imtiyozlar va preferensiyalar tatbiq etilgan taqdirda, Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarorida belgilangan majburiyatlarni bajarish.
Maxsus rejim ishtirokchisi oʻz loyihasidan kelib chiqqan holda, ishchi organ bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
21. Maxsus rejim ishtirokchilari ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum etiladi va ishchi organ xabarnomasiga binoan tegishli davlat organlari ushbu Nizomning 22-bandida koʻrsatilgan imtiyozlarning ularga nisbatan qoʻllanishini bekor qilish choralarini koʻradi.
4-bob. Maxsus rejim ishtirokchilariga belgilangan imtiyoz va preferensiyalar
22. Maxsus rejim ishtirokchilariga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar belgilanadi:
Maxsus rejim ishtirokchisi Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qaroridagi talablarga javob bergan taqdirda, unga nisbatan IT-park rezidentlariga berilgan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi;
oʻz xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlashga sarflangan xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qarorida belgilangan tartibda davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;
tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumot hamda hujjatlarni (davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir belgilari mavjud boʻlgan maʼlumotlar bundan mustasno), shuningdek, shaxsga doir egasizlashtirilgan maʼlumotlarni vazirlik, idora va tashkilotlardan olish huquqi beriladi;
ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarni olish uchun talab etiladigan hujjatlar roʻyxati tegishli vakolatli davlat organi tomonidan qisqartiriladi;
ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlarni olish uchun belgilangan toʻlov miqdorlari 2 baravarga kamaytiriladi;
vakolatli davlat organi tegishli faoliyatni amalga oshirishning kamaytirilgan talablari va shartlarini belgilaydi.
5-bob. Maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilishning asoslari va tartibi
23. Quyidagilar tashkilotni maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish asoslari hisoblanadi:
maxsus rejim ishtirokchisi maqomini olish uchun taqdim qilingan maʼlumot va hujjatlarda keyinchalik ularning toʻliqligi, xolisligi va toʻgʻriligi boʻyicha asosli kamchiliklar aniqlanishi;
maxsus rejim ishtirokchisining faoliyati loyiha doirasida koʻrsatilgan faoliyat turlariga muvofiq emasligi;
ishchi organ bilan tuzilgan maxsus rejim ishtirokchisining faoliyat shartlari toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan majburiyatlarni bajarmaslik;
ishchi organga taqdim etilgan hisobotlar va faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar belgilangan muddatlarda uzrli sabablarsiz taqdim etilmaganligi yoki ularda ishonchsiz maʼlumotlar koʻrsatilganligi;
IT-park rezidentlariga belgilangan imtiyozlar va preferensiyalar tatbiq etilib, Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarorida belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik;
Oldingi tahrirga qarang.
maxsus rejim ishtirokchisining bankrot deb eʼtirof etilishi;
(23-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
maxsus rejim ishtirokchisi ushbu maqomdan oʻz xohishi bilan voz kechishi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa asoslar.
24. Muvofiqlashtirish komissiyasi ishchi organ tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tahlil qilib, tashkilotni maxsus rejimning ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida xulosa berishi mumkin.
Ishchi organ Muvofiqlashtirish komissiyasi xulosasiga asosan tashkilotni maxsus rejimning ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilib, maxsus rejimning ishtirokchisiga bu haqda xabar yuboradi hamda reyestrga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
25. Ishchi organ tashkilotning maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilinganligi toʻgʻrisidagi yozuvni reyestrga kiritgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida tegishli vazirlik va idoralarga xabar beradi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Maxsus rejim faoliyatining muddati besh yilni tashkil etadi hamda uning faoliyat muddati Muvofiqlashtirish komissiyasining qarori asosida uzaytiriladi.
27. Maxsus rejim faoliyatidan norozi boʻlgan shaxslar ishchi organga apellatsiya berish huquqiga ega. Apellatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.
Ishchi organ tomonidan belgilangan muddatlarda apellatsiyalar koʻrib chiqiladi va qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beriladi.
28. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
29. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30. Maxsus rejim faoliyatini qayta tashkil etish va toʻxtatish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejim tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus rejimning ishtirokchilarini roʻyxatga olish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Ariza beruvchi (talabgor)

Maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olish uchun tasdiqlangan shakl boʻyicha zarur boʻlgan barcha hujjatlarni ilova qilgan holda, IT-park maxsus veb-platformasi orqali ariza beradi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

(Ishchi organ)

1. Ariza va hujjatlarni qabul qiladi hamda dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkazadi.

2. Ekspertiza natijalariga koʻra ariza beruvchiga arizada kamchiliklar borligini yoki kamchiliklar boʻlmasa, arizasi qabul qilingani haqida xabar beradi.

Ariza taqdim qilingan kundan boshlab, 5 ish kuni ichida

3-bosqich

Ishchi organ

1. Ishchi organ tomonidan ariza beruvchi loyihasi oʻrganib chiqilib, ekspert kengashi uchun loyiha taklif ishlab chiqadi.

2. Ishlab chiqilgan loyihani tegishli ekspert kengashiga xulosa olish uchun taqdim etadi

Ariza qabul qilingan kundan boshlab, 15 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda

4-bosqich

Maxsus rejimning ekspert kengashi

1. Kelib tushgan loyihani oʻrganilib, ishchi organga oʻz xulosalarini taqdim etadi.

2. Ekspert kengashi loyiha taqdimotini oʻtkazish uchun talabgorni taklif qilishi mumkin.

Ishchi organ tomonidan ariza kiritilgan kundan keyin 15 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda

5-bosqich

Ishchi organ

Ekspert kengashidan olingan xulosaga tayanib, loyiha hujjatlarini Muvofiqlashtirish komissiyasiga koʻrib chiqib, tegishli xulosa olish uchun taqdim etadi.

Ekspert kengashi xulosasi olingan kundan keyin 3 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda

6-bosqich

“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi

(Muvofiqlashtirish komissiyasi)

Hujjatlarni koʻrib chiqadi va ishtirokchi sifatida roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qiladi.

Ishchi organ hujjatlarni kiritgan kunidan boshlab 20 ish kun ichida

7-bosqich

Ishchi organ

1. Muvofiqlashtirish komissiyasi xulosasiga muvofiq ishtirokchi sifatida roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

2. Roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchilarining yagona reyestriga tegishli yozuvlarni kiritadi.

3. Tegishli vazirlik va idoralarga talabgor maxsus rejim ishtirokchisi sifatida qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabar beradi.

4. Roʻyxatga olish rad etilganda, rad etishning sababini koʻrsatgan holda ariza beruvchiga ushbu qarordan koʻchirma taqdim etadi.

Qaror qabul qilingan kundan keyin 5 ish kuni ichida

8-bosqich

Talabgor

Roʻyxatga olish rad etilgan taqdirda, maxsus rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatga olishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablarni bartaraf etadi hamda arizaga boshqa hujjatlarni ilova qilgan holda koʻrib chiqish uchun IT-park maxsus veb-platformasi orqali hujjatlarni va qaytadan rasmiylashtirilgan arizani kiritadi.

Zaruratga koʻra

9-bosqich

Maxsus rejim ishtirokchisi

Talabgor maxsus rejim ishtirokchilarining yagona reyestriga qayd etilgandan soʻng, maxsus rejim ishtirokchisi sifatida imtiyoz va periferensiyalardan foydalangan holda oʻz loyihasi doirasida belgilangan muddatlarda loyiha ustida ish olib borib, loyiha yakuni boʻyicha ishchi organda hisobot taqdim etadi.

Maxsus rejim ishtirokchisi loyihasining shartnomasida belgilangan muddatlarda

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2021-y., 09/21/717/1107-son; 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)