toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 23.03.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Qarori
Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 23-martdagi 1215-sonli “Saylov yoki referendum uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshirilishiga qulay sharoit yaratish hamda saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 29-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, fuqarolarga saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat:
faqat Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali;
doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzilining kadastr raqamini kiritish yoʻli bilan unga mutanosib ravishda koʻrsatiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaziy saylov komissiyasi bilan birgalikda joriy yilning 31-avgustiga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmatni toʻliq joriy etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi saylov kampaniyasi davrida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmatini doimiy ravishda ishlashini taʼminlash boʻyicha zaruriy choralarni koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari interfaol xizmatdan foydalanish tartibini aholi oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-avgust,
1101-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 20-avgustdagi 1101-son qaroriga
ILOVA
Saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat (keyingi oʻrinlarda — interfaol xizmat) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida (bundan Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan saylov uchastkasiga oʻzgartirish mustasno), harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan saylov uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Interfaol xizmat Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Markaziy saylov komissiyasi) rasmiy veb-sayti orqali koʻrsatiladi.
4. Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti, YIDXP va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — SJBAT) oʻrtasidagi idoralararo elektron axborot almashinuvi yordamida amalga oshiriladi.
5. Interfaol xizmatdan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manziliga ega boʻlgan, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari foydalanishlari mumkin.
6. Interfaol xizmat koʻrsatilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
7. Saylovchi interfaol xizmat koʻrsatilishining har qanday bosqichida undan bosh tortish huquqiga ega. Bunda, saylovchining soʻrovnomasi koʻrmasdan qoldiriladi.
2-bob. Saylov uchastkasini aniqlash boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi
8. Saylovchi saylov uchastkasini aniqlash boʻyicha interfaol xizmatdan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
9. Saylovchi saylov uchastkasini aniqlash uchun YIDXPdagi saylov uchastkasini aniqlash xizmatini tanlaydi va (yoki) unga biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va raqamini hamda tugʻilgan sanasini kiritadi.
10. Saylovchining ushbu maʼlumotlari SJBATdagi Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidagi maʼlumotlar bilan avtomatik tarzda tekshiriladi.
Maʼlumotlar mos kelgan taqdirda saylovchiga saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
11. Saylov uchastkasini aniqlash boʻyicha interfaol xizmat natijasi boʻyicha QR-kodli (matrik shtrixli kod) maʼlumotnoma YIDXPda rasmiylashtiriladi hamda uni elektron shaklda yuklab olish va chop etish imkoniyati mavjud boʻladi.
12. Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylov uchastkasini aniqlash saylovchining biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-karta seriyasi va raqami hamda tugʻilgan sanasini kiritish yoʻli bilan avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
13. Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylov uchastkasini aniqlash boʻyicha interfaol xizmatdan foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtish talab etilmaydi.
3-bob. Saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi
14. Saylovchi Oʻzbekiston Respublikasi Saylovchilarining yagona elektron roʻyxatidagi saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotlar bilan uning doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzili oʻzaro nomuvofiq boʻlgan taqdirda saylov uchastkasini oʻzgartirishi mumkin.
YIDXP yoki Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylov uchastkasini oʻzgartirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.
15. Saylovchi saylov uchastkasini oʻzgartirish haqida YIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda mustaqil ravishda ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Boshqa shaxsga tegishli maʼlumotlarni koʻrsatgan holda saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmatdan foydalanish taqiqlanadi.
Saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotlarga operator tomonidan aniqlik kiritilishi uchun saylovchi soʻrovnomani telefon raqami va unga bepul yuboriladigan maxsus kod bilan tasdiqlashi lozim.
Soʻrovnomaga saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi) bilan birga tushgan rasmi ilova qilinadi. Ilova qilinayotgan rasm shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchini identifikatsiya qilish imkonini berishi lozim.
Shundan soʻng, soʻrovnomada koʻrsatilgan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzilining kadastr raqamiga muvofiq interfaol xizmat foydalanuvchisiga oʻzgartirilayotgan saylov uchastkasi haqidagi maʼlumot dastlabki tarzda tanishib chiqishi uchun koʻrsatiladi va saylovchi maʼlumotlar bilan tanishib chiqqanidan keyin soʻrovnomani koʻrib chiqish uchun yuboradi.
16. Soʻrovnoma “UNICON.UZ” DUK qoshida tashkil etilgan Call-markaz operatoriga (keyingi oʻrinlarda — operator) kelib tushadi. Operator soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni aniqlashtiradi.
Shundan soʻng, saylovchining doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzili boʻyicha saylov uchastkasini oʻzgartirish operator tomonidan amalga oshiriladi.
17. Saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq sxema asosida belgilangan muddatlarda koʻrsatiladi.
18. Saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat natijasi boʻyicha QR-kodli (matrik shtrixli kod) maʼlumotnoma YIDXPda rasmiylashtiriladi hamda uni elektron shaklda yuklab olish va chop etish imkoniyati mavjud boʻladi.
Saylovchining interfaol xizmatdan foydalanishi natijasida saylov uchastkasidagi saylovchilar roʻyxatida yuz bergan oʻzgarishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar SJBATda koʻchirilgan saylovchilar tarixida oʻz aksini topadi.
19. Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmatini koʻrsatish YIDXPga havola qilish yordamida amalga oshiriladi.
20. Interfaol xizmat yordamida oʻzgartirilgan saylov uchastkasini saylovchining roziligisiz oʻzgartirish va saylovchilar roʻyxatiga tuzatishlar kiritish mumkin emas.
21. Quyidagi hollarda saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish rad etiladi:
soʻrovnomadagi maʼlumotlar toʻliq toʻldirilmasa;
saylovchining shaxsi identifikatsiya qilinmasa;
saylovga besh kundan kam muddat qolganida berilgan soʻrovlar;
notoʻgʻri maʼlumotlar kiritilsa;
soʻrovnomaga saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi) bilan birga tushgan rasmi ilova qilinmasa yoxud ilova qilinayotgan rasm saylovchini identifikatsiya qilish imkonini bermasa.
Interfaol xizmat koʻrsatishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
22. Markaziy saylov komissiyasi mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mazkur Nizomga muvofiq YIDXP orqali interfaol xizmat doimiy va uzluksiz koʻrsatilishini taʼminlash ustidan nazoratni amalga oshiradi.
24. Interfaol xizmat koʻrsatish natijasida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishi taʼminlanadi.
25. Saylovchi interfaol xizmatning koʻrsatilishi va natijalari yuzasidan sudga belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
26. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
27. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan.
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SADIKOV
Saylov uchastkasini aniqlash yoki oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali saylov uchastkasini oʻzgartirish boʻyicha
Soʻrovnoma

I. Saylovchi toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Familiyasi*:

2. Ismi*:

3. Otasining ismi*:

4. Tugʻilgan sanasi (yyyy.oo.kk)*:

5. Biometrik pasport yoki ID-kartasi seriyasi*:

6. Biometrik pasport yoki ID-kartasi raqami*:

7. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami*

8. Doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzilining kadastr raqami

9. Telefon raqami

10. Elektron pochta manzili

11. Saylov uchastkasini oʻzgartirish sababi

II. Ilova qilinadigan hujjat

saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi) bilan birga tushgan rasmi

*Ushbu maʼlumotlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali roʻyxatdan oʻtilgan maʼlumotlar asosida avtomatik tarzda toʻldiriladi.
Saylov uchastkasini aniqlash yoki oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali saylov uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish
SXEMASI


Bosqichlar



Subyektlar


Tadbirlar


Bajarish muddatlari



1-bosqich


Saylovchi


Interfaol xizmatdan foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtadi.


Xohishiga koʻra





2-bosqich




Saylovchi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali



Saylov uchastkasini aniqlash avtomatik tarzda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.


Avtomatik tarzda






3-bosqich



Saylovchi

Saylov uchastkasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani toʻldiradi.

Xohishiga koʻra





4-bosqich


Saylovchi



Saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotlarga operator tomonidan aniqlik kiritilishi uchun saylovchi soʻrovnomani telefon raqami va unga bepul yuboriladigan maxsus kod bilan tasdiqlaydi.

2 daqiqa ichida





5-bosqich




Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali


Soʻrovnomada koʻrsatilgan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzilining kadastr raqamiga muvofiq interfaol xizmat foydalanuvchisiga oʻzgartirilayotgan saylov uchastkasi haqidagi maʼlumot dastlabki tarzda tanishib chiqishi uchun koʻrsatiladi.

1 daqiqa ichida






6-bosqich


Saylovchi

Saylovchi maʼlumotlar bilan tanishib chiqqanidan keyin soʻrovnomani koʻrib chiqish uchun yuboradi

Xohishiga koʻra





7-bosqich



Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali



Soʻrovnoma “UNICON.UZ” DUK qoshida tashkil etilgan Call-markaz operatoriga kelib tushadi.


1 daqiqa ichida







8-bosqich




Operator


1. Soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni aniqlashtiradi.

2. Saylovchining doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzili boʻyicha saylov uchastkasini oʻzgartiradi.

Bir ish kuni ichida






9-bosqich


Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi




Saylovchining interfaol xizmatdan foydalanishi natijasida saylov uchastkasidagi saylovchilar roʻyxatida yuz bergan oʻzgarishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar SJBATda koʻchirilgan saylovchilar tarixida keltiriladi.



Saylov uchastkasi oʻzgarganidan soʻng 1 daqiqa ichida







10-bosqich





Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali



1. Saylovchining elektron manziliga uning saylov uchastkasi oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi xabar yuboriladi.

2. YIDXP orqali saylovchining shaxsiy kabinetiga QR-kodli maʼlumotnoma yuboriladi.


Saylovchining soʻrovnomasiga koʻra