toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish, ayrim shartnomalarni tuzishda o‘rnatilgan sun’iy cheklovlarni olib tashlash, shuningdek, shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021-yil 1-dekabrdan quyidagilarni bekor qilish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar) uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiqni;
davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to‘lovni belgilashga doir talabni;
qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talabni.
Ta’kidlansinki, ushbu bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan oldindan to‘lov va avans shartnoma taraflarining kelishuviga muvofiq belgilanadi.
2. Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida o‘zaro qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berilsin.
Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qarz shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun hamda qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summasini undirish bo‘yicha ijro xatlarini yozib berganlik uchun undiriladigan davlat boji miqdorini ikki baravar kamaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan:
a) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan auksion g‘olibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi. Bunda, mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablag‘lari yetarli bo‘lmaganda qarzdorlikni to‘lash majburiyati uning sobiq egasi — qarzdor zimmasida qoladi.
Auksion g‘olibi tomonidan mulkni qabul qilib olmaslikning quyidagi hollarida zakalat puli auksion g‘olibi murojaat qilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida qaytarib berilishi shart:
auksionda sotilgan mol-mulk auksion obyektining ko‘rsatilgan texnik tavsiflariga mos kelmasa;
mol-mulk auksionda sotilgunga qadar uchinchi shaxslarning egaligiga o‘tib ketgan bo‘lsa va bu holat auksion yakunlanganidan so‘ng aniqlansa;
b) shartnomaning tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni to‘la yoki qisman bajarishini qabul qilgan yoxud shartnomaning amal qilishini boshqacha tarzda tasdiqlaganda, ushbu shartnomani keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga, agar bunday talab halollik prinsipiga zid bo‘lsa, haqli emas;
v) xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bog‘liq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar belgilanadi.
Shartnomaning tarafi va u tomonidan jalb qilingan shaxslar (yordamchi pudratchi tashkilotlar, agentlar va taraflar nazorati ostidagi boshqa shaxslar) tomonidan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarga rioya etilmaganda, ikkinchi taraf shartnomani bir taraflama to‘xtatib turishga, bekor qilishga hamda zararni qoplab berishni talab qilishga haqli bo‘ladi;
g) yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘lanmaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka to‘lovchining hisobvaraqlaridagi qarzdorlik summasiga teng miqdordagi pul mablag‘larini muzlatib qo‘yish va ularni o‘ttiz kalendar kunidan so‘ng undirish to‘g‘risidagi farmoyishni bu haqda to‘lovchini xabardor qilgan holda yuboradi.
Xabarnoma olingan paytdan boshlab o‘ttiz kalendar kun ichida to‘lovchi tomonidan ushbu farmoyish ustidan sudga shikoyat qilingan taqdirda, mijozning hisobvarag‘idan pul mablag‘larini chiqarish yoki chiqarmaslik sudning qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
d) kommunal soha, energiya bilan ta’minlash, aloqa xizmati, yo‘lovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan so‘ng iste’molchilar bilan tuziladi.
4. Namunaviy shartnomalarni qonunosti hujjatlar bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinsin, qonun bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taraflar uchun majburiy bo‘lgan namunaviy shartnomalar tasdiqlanishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5. Quyidagilar:
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni tuzish va majburiyatlarni bajarishdagi munosabatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar namunalarini ishlab chiqish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasining elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdisi amalga oshirilayotganda va boshqa sohalarda bitimlar tuzishda eskrou tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
7. Fermer xo‘jaliklari va tayyorlov tashkilotlariga kontraktatsiya shartnomalarini axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish tavsiya etilsin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda kontraktatsiya shartnomalarini axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
8. Oliy sud sudlar tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqishda hamda shartnomalar shartlarini sharhlashda qonunchilik hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotini tizimli ravishda, lekin kamida yarim yilda bir marta, tahlil qilsin va natijasi yuzasidan yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish uchun sudlarga tegishli ko‘rsatmalar berib borsin.
9. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda kommunal soha va boshqa shu kabi sohalarda aholiga tovarlar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshiruvchi davlat korxonalari ikki oy muddatda aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan shartnomalar tuzishda axborot tizimlaridan keng foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Moliya vazirligi davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestriga:
tuzilgan shartnomalar hamda ularga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qo‘shimcha kelishuvlar bo‘yicha barcha hujjatlar va axborotlar;
shartnomaning amal qilish muddati tugaganda, shartnoma bajarilganda yoki u bekor bo‘lganda, davlat buyurtmachisi tomonidan shartnomaning bajarilishi yuzasidan hisobot majburiy ravishda joylashtirib borilishini ta’minlasin.
11. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalarni iste’molchilarning huquqlariga rioya etilganligi, taraflarning tengligi tamoyillariga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilsin hamda zaruratga ko‘ra ommaviy shartnomalarni qaytadan ishlab chiqish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan energetika, kon-metallurgiya, aloqa sohasidagi investitsiya shartnomasi loyihalarini ishlab chiqish va kelishish bosqichida yetakchi xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalarni jalb qilish hamda ularni moliyalashtirish manbalarini aniqlash bo‘yicha takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish bo‘yicha shartnomalarning axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzilishi amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
14. Adliya vazirligi:
Markaziy bank bilan birgalikda uch oy muddatda elektron tijoratni amalga oshirishda eskrou tizimidan foydalanish qoidalarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda axborot tizimi orqali shartnomalarni imzolash, saqlash va jo‘natish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish sohasiga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. Adliya vazirligi:
a) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo‘llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarni ishlab chiqsin va e’lon qilsin;
b) uch oy muddatda shartnomalar namunalarini “yurxizmat.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirsin va ularni qonunchilikka kiritiladigan o‘zgartirishlardan kelib chiqib nazorat holatida yuritsin;
v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda namunaviy shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonunosti hujjatlarni xatlovdan o‘tkazib, ushbu Farmonga nomuvofiq bo‘lgan qonunosti hujjatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish yuzasidan tegishli takliflarni ularni qabul qilgan organga kiritsin;
uch oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q. Davletov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-sentabr,
PF-6313-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-son Farmoniga
1-ILOVA
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni tuzish va majburiyatlarni bajarishdagi munosabatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI

T/r

Tadbirlarning nomlanishi

Amalga oshirish shakli

Amalga oshirish muddatlari

Mas’ul ijrochilar

Vazirlik va idoralardan

Vazirlar Mahkamasidan

1.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shu jumladan:

g‘olib nomiga chiqarilgan bayonnomani elektron almashinuv tizimi orqali kadastr, bank, notarial idoralar va majburiy ijro bo‘limlariga yuborgan holda yutib olingan mol-mulkka egalik qilish huquqini avtomatik ravishda rasmiylashtirish tizimini joriy qilish;

elektron auksion savdo oldi va savdo jarayonlarini avtomatlashtirish, jumladan zakalat pulini inson omilisiz qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yish;

elektron onlayn-auksion jarayonini ochiq va shaffof tashkil etish tartibini takomillashtirish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2021-yil 1-noyabr

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

(Ortiqov),

Bosh prokuratura

(Yo‘ldoshev),

Adliya vazirligi

(Davletov)

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

2.

Qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqish:

jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berish;

qarz shartnomasini notarial tasdiqlanganlik uchun hamda qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summasini undirish bo‘yicha ijro xatlarini yozib berganlik uchun amaldagi davlat boji miqdorini ikki marotaba kamaytirish.

Qonun loyihasi

2021-yil 1-dekabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

Markaziy bank

(Zoxidov),

Moliya vazirligi

(Ishmetov)

D. Kalandarov,

M. Yakubov

3.

O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunlariga xo‘jalik jamiyatining ijro etuvchi organi tomonidan yirik bitimlar yoki affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzish tartibi buzilishi natijasida jamiyatga zarar yetkazilganda va bunda jamiyat direktorining, boshqaruv a’zolarining yoki ishonchli boshqaruvchining aybi isbotlanganda, ular jamiyatning kreditorlarga yetkazgan zarardan kelib chiqadigan majburiyatlari bo‘yicha jamiyat bilan bir qatorda subsidiar tarzda o‘z mulklari bilan javob berishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.

Qonun loyihasi

2021-yil 1-dekabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

(Ortiqov)

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

4.

Elektron tijoratni hamda boshqa sohalarda oldi-sotdini amalga oshirishda eskrou tizimidan foydalanish qoidalarini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari

2021-yil 1-dekabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

Markaziy bank

(Zoxidov),

Savdo-sanoat palatasi

(Jasimov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

(Sadikov)

O. Umarov,

Sh. Rajabbayev

5.

Elektron tizimda shartnomalarning tuzilishi, o‘zgartirilishi, bekor qilinishi va ularning saqlanishi tartibini ishlab chiqish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2021-yil 1-dekabr

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

(Sharaxmetov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

(Sadikov)

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

6.

Tovar-xom ashyo birjalarida hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, bunda:

tovarlarning narxini sun’iy ravishda oshirilishiga qarshi choralarni belgilash;

oldindan kelishish va til biriktirishlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha choralarni ko‘rishni nazarda tutish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

2021-yil 1-dekabr

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

(Sharaxmetov),

Adliya vazirligi

(Davletov)

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

7.

Fuqarolik-huquqiy tusdagi namunaviy shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonunosti hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish va ularni qabul qilgan organlarga qonunosti hujjatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish bo‘yicha tegishli takliflarni kiritish.

Takliflar

2021-yil 1-noyabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

D. Kalandarov,

M. Yakubov

8.

Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida o‘tkaziladigan xaridlarning ochiqligini quyidagilar orqali ta’minlash:

davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan shartnomalar reyestriga tuzilgan shartnomalar hamda ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlarga oid barcha hujjatlar va axborotlarni;

shartnomaning amal qilish muddati tugaganda, shartnoma bajarilganda yoki u bekor bo‘lganda davlat buyurtmachisi tomonidan shartnomaning bajarilishi yuzasidan hisobotni joylashtirib borish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil 1-noyabr

Moliya vazirligi

(Ishmetov),

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ, davlat buyurtmachilari

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

9.

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonuniga chet davlatlarning elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida tan olish bo‘yicha qoidalarni kiritish.

Qonun loyihasi

2021-yil 1-dekabr

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

(Sadikov),

Tashqi ishlar vazirligi

(Kamilov),

Adliya vazirligi

(Davletov)

O. Umarov,

Sh. Rajabbayev

10.

O‘zbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarini chet davlatlarida tan olinishi yuzasidan takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil 1-dekabr

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

(Sadikov),

Tashqi ishlar vazirligi

(Komilov),

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

(Voitov)

O. Umarov,

Sh. Rajabbayev

11.

Aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan shartnomalar tuzishda axborot tizimlaridan keng foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil 1-noyabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, aholiga tovarlar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshiruvchi davlat korxonalari

O. Umarov,

Sh. Rajabbayev

12.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnomalar tuzishda foydalanish uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarni ishlab chiqish va e’lon qilish.

Ijrochilarning qo‘shma qarori

2021-yil 1-noyabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

(Burxanov),

Savdo-sanoat palatasi

(Jasimov)

D. Kalandarov,

M. Yakubov

13.

Tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalarni iste’molchilarning huquqlariga rioya etilganligi, taraflarning tengligi tamoyillariga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilish va natijasi yuzasidan axborot kiritish.

Tahliliy ma’lumot

2021-yil 1-dekabr

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

(Sharaxmetov),

Adliya vazirligi

(Davletov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

14.

Kontraktatsiya shartnomalarini axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil 1-dekabr

Qishloq xo‘jaligi vazirligi

(Xodjayev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

(Sadikov)

Sh. Ganiyev,

T. Rapikov

15.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga o‘qitish shartnomalarining axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron shaklda tuzilishi amaliyotini yo‘lga qo‘yish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

(Toshkulov),

oliy ta’lim muassasalari

B. Musayev,

M. Vaxobov

16.

Sudlar tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqishda hamda shartnoma shartlarini sharhlashda qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotini tizimli ravishda tahlil qilish va natijasi yuzasidan sudlarda yagona amaliyotni shakllantirish uchun tavsiyalar ishlab chiqish.

Chora-tadbirlar rejasi

2022-yil 1-fevraldan boshlab har yarim yilda

Oliy sud

(Komilov),

Adliya vazirligi

(Davletov),

manfaatdor vazirlik va idoralar

17.

O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunida mustahkamlangan davlat organlariga yuklatilgan xo‘jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni nazorat qilish kabi davlat aralashuvini o‘zida ifoda etuvchi vazifalarni chiqarib tashlash maqsadida, shuningdek, ushbu Qonundagi aksariyat qoidalar amaldagi qonunchilikdagi normalarni takrorlayotganligi bois, uni bekor qilish hamda zaruratga qarab shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik masalalarini O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida to‘liq aks ettirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Qonun loyihasi

2021-yil 1-dekabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

Bosh prokuratura

(Yo‘ldoshev),

Oliy sud

(Komilov),

Qishloq xo‘jaligi vazirligi

(Xodjayev),

Savdo-sanoat palatasi

(Jasimov)

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

18.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida debitorlik va kreditorlik qarz muddatlarini o‘tkazib yuborganlik, shuningdek, shartnoma intizomini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish.

Qonun loyihasi

2021-yil 1-noyabr

Adliya vazirligi

(Davletov),

Bosh prokuratura

(Yo‘ldoshev),

Oliy sud

(Komilov),

Moliya vazirligi

(Ishmetov),

Davlat soliq qo‘mitasi

(Kudbiyev)

J. Qo‘chqorov,

D. Xolmurodov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-son Farmoniga
2-ILOVA
Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar namunalarini ishlab chiqish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”

T/r

Namunaviy shartnoma loyihasi nomi

Ishlab chiquvchilar

Adliya vazirligiga taqdim qilish muddati

1.

Qarz

Markaziy bank

2021-yil 1-noyabr

Kredit

Ipoteka

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash

Bank omonati

Bank hisobvarag‘i

Garov

Kafillik

2.

Sug‘urta

Moliya vazirligi

2021-yil 1-noyabr

Tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi davlat kontrakti

Xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan shartnomalar

Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida shartnomalar

3.

Qurilish pudrati

Qurilish vazirligi

2021-yil 1-noyabr

Loyiha-qidiruv ishlari pudrati

Qurilish mahsulotlarini yetkazib berish

4.

Kontraktatsiya

Qishloq xo‘jaligi vazirligi

2021-yil 1-noyabr

Fermer xo‘jaligi tomonidan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish

Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) tomonidan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish

Moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish

Qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug‘oriladigan yerlar va lalmi yerlarni investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish

Yaylovlar, bo‘z yerlar, ko‘p yillik dov-daraxtlarniinvestitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish

5.

O‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi

2021-yil 1-oktabr

6.

Texnik suv yetkazib berish

Suv xo‘jaligi vazirligi

2021-yil 1-noyabr

Kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo‘yidagi tuproq uyumlari egallagan maydonlardan muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijaraga berish

Baliqchilik ahamiyatiga ega bo‘lgan suv havzalarida (suv omborlarida) xo‘jalik faoliyatini yuritish

7.

Elektr ta’minoti

Energetika vazirligi

2021-yil 1-dekabr

Subiste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish

Tabiiy gaz yetkazib berish

Aholiga suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish

Ijtimoiy soha obyektlariga suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish

Iste’molchiga maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish

8.

Transport vositalarining ijarasi

Transport vazirligi

2021-yil 1-noyabr

Temir yo‘lda yuk tashish (yuk turlari bo‘yicha)

Yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish

Shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish

Lizing

Transport ekspeditsiyasi

Aeroport xizmatlarini ko‘rsatish

9.

Binolar va inshootlar ijarasi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

2021-yil 1-noyabr

Korxonani ijaraga berish

Mol-mulkni ishonchli boshqarish

Davlat uy-joy fondidagi turarjoyni ijaraga olish

Obyektni baholash

10.

Turistlar va turistik guruhlarni kuzatib borish

Ichki ishlar vazirligi

2021-yil 1-oktabr

Turizm namoyishi obyektida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish

Fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash xizmatlarini ko‘rsatish

11.

Iste’molchilarga ichimlik va oqova suvi xizmatlarini ko‘rsatish

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi

2021-yil 1-oktabr

Iste’molchilarga transport orqali ichimlik suvi yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatish

Issiqlik ta’minoti, issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlash

Ko‘p kvartirali uyni boshqarish

12.

Jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi

2021-yil 1-oktabr

Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatish

Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish

Ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish

13.

Pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish

Xalq ta’limi vazirligi

2021-yil 1-oktabr

Darsliklarni ijaraga berish

Darsliklar va/yoki o‘quv-metodik qo‘llanmalarni bepul foydalanishga berish

14.

Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

2021-yil 1-oktabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-son Farmoniga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim farmonlari
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq xo‘jaligida hisob-kitoblar o‘z vaqtida o‘tkazilishi uchun korxona va tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1995-yil 12-maydagi PF-1154-son Farmonining 1-bandi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 9-avgustdagi PF-1504-son Farmonining 5-bandi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ba’zi farmonlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2003-yil 4-iyuldagi PF-3274-son Farmonining 1-bandi ikkinchi xatboshisi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2018-yil 12-iyuldagi PF-5476-son Farmoniga ilovaning 2-bandi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoniga 2-ilovaning 1-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 06/21/6313/0871-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)