toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Auditorlarni sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonining shaffofligini ta’minlaydigan auditorlarni sertifikatlashning zamonaviy tizimini joriy etish, shuningdek, ushbu sohadagi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik va o‘zaro aloqalarni o‘rnatish maqsadida:
1. Moliya vazirligi va auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining (keyingi o‘rinlarda — auditorlarning jamoat birlashmalari) 2021-yil 15-avgustdan boshlab Moliya vazirligining quyidagi funksiyalarini auditorlarning jamoat birlashmalariga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini (keyingi o‘rinlarda — malaka imtihonlari) o‘tkazish;
auditorning malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish va uning amal qilishini tugatish;
auditorlarning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash.
2. Belgilansinki:
malaka imtihonlarini o‘tkazish reglamenti, auditorning malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish va uning amal qilishini tugatish tartibi, auditorlarning malakasini oshirish dasturlari auditorlarning jamoat birlashmalari tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
malaka imtihonlarining tashkil etilishi va tuzilishi, malaka imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun tavsiya etilgan materiallar va o‘quv dasturlari, shuningdek, malaka imtihonlari natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar auditorlar jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi;
malaka imtihonlarida qatnashish uchun talabgorlar va auditorning malaka sertifikatiga ega auditorlar haqida ma’lumotlar bazasi auditorlarning jamoat birlashmalari tomonidan yuritiladi.
3. Respublika hududlarida auditorlik faoliyati sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashning ilg‘or usullarini joriy etish va auditorlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Auditorlarning jamoat birlashmalariga quyidagi huquqlar taqdim etilsin:
malaka imtihonlarini tasdiqlangan tartib va reglamentga muvofiq o‘tkazish uchun mustaqil ravishda yoki birgalikda imtihon markazlarini tashkil etish;
respublikaning barcha hududlarida malaka imtihonlarini tashkil etish va auditorlar malakasini oshirish maqsadida hududlardagi tarmoqlarni rivojlantirish.
5. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis institutining (keyingi o‘rinlarda — tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalari) “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha pedagog kadrlarini akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida auditning xalqaro standartlari (keyingi o‘rinlarda — AXS) bo‘yicha tezlashtirilgan tarzda o‘qitish jadvalini tasdiqlasin;
2022-yil 1-avgustdan boshlab tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisligidagi “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha AXSni chuqur o‘rganishni nazarda tutuvchi yangilangan o‘quv dasturlarini ta’lim jarayoniga joriy etsin;
buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini 2022-yil 1-yanvarga qadar rasmiy veb-saytida e’lon qilsin va doimiy ravishda uni yangilab borsin.
6. Moliya vazirligi:
bir oy muddatda auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda auditorning malaka sertifikatini malaka imtihonini topshirmasdan berish va muddatini uzaytirish uchun asos bo‘ladigan buxgalterlarning xalqaro sertifikatlari ro‘yxatini tasdiqlasin;
auditorlarning jamoat birlashmalariga malaka imtihonlarini tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha texnik va uslubiy yordam ko‘rsatsin;
auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida imtihonlar o‘tkazish va natijalarni baholashning shaffofligini ta’minlovchi samarali auditorlarni sertifikatlash tizimini, shuningdek, malaka imtihonlari, auditorlarning malakasini oshirish va auditorlik faoliyatining tashqi sifat nazorati natijalari bo‘yicha axborot almashinuvini tashkil etsin;
2021-yil oxiriga qadar buxgalterlarni sertifikatlash sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda “Huquq” va “Soliqqa tortish” yo‘nalishlari bo‘yicha natijalari buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida qabul qilinadigan milliy malaka imtihonini o‘tkazish tizimini joriy etish masalasini ko‘rib chiqsin;
buxgalter va auditorlar uchun xalqaro ta’lim standartlarini tan olish va respublikada qo‘llash maqsadida buxgalterlarni sertifikatlash sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish choralarini ko‘rsin;
auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Mazkur qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, uning ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-avgust,
PQ-5210-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ-5210-son qaroriga
1-ILOVA
Respublika hududlarida auditorlik faoliyati sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashning ilg‘or usullarini joriy etish va auditorlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”

T/r

Tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Mas’ul ijrochilar

I. Respublika hududlarida auditorlik faoliyati sohasida mutaxassislar tayyorlash, auditorlar malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish va auditorlarning malakasini oshirishning ilg‘or usullarini joriy qilish

1.

Auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida tashkil etish maqsadida auditorlarning jamoat birlashmalarining hududiy tarmog‘ini rivojlantirish.

1. Auditorlarning jamoat birlashmalarining filiallari va imtihon markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.

2. Respublika hududlarida auditorlarni o‘qishi va malaka oshirishini ta’minlaydigan maxsus elektron o‘quv platformasini ishlab chiqish va uning talab darajasida ishlashini ta’minlash.

3. Zarur hollarda, hududlarda auditorlarning jamoat birlashmalarining qo‘shimcha filiallarini tashkil etish.

2021-2022-yillar

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

2

Tasdiqlangan jadvalga muvofiq pedagog kadrlarni auditning xalqaro standartlari (keyingi o‘rinlarda-AXS) sohasida masofaviy o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2022-yil oktabr

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov), tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalari, auditorlarning jamoat birlashmalari

3.

Xalqaro tashkilotlarning AXS sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish asosida “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va fan dasturlarini qayta ko‘rib chiqish.

1. AXS bo‘yicha xalqaro professional sertifikatlashtirish dasturlariga mos keladigan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;

2. AXSni chuqur o‘rganish, uni amalda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishni nazarda tutuvchi “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha yangilangan o‘quv dasturlarini tasdiqlash va ta’lim jarayoniga joriy qilish.

2022-yil avgust

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov), tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalar, auditorlarning jamoat birlashmalari

4.

Xalqaro standartlar asosida auditorlarni imtihondan o‘tkazish va sertifikatlash hamda auditorlar malakasini oshirishning, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutadigan zamonaviy tizimini yaratish:

auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish;

xalqaro modulli onlayn tizimlar negizida auditorning va soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini joriy qilish va keyinchalik uni respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etish;

auditorlarning masofadan turib malaka oshirishdan o‘tishi hamda ushbu jarayonni monitoring qilish imkoniyatini o‘z ichiga olgan, xalqaro ta’lim standartlari asosidagi auditorlarning malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

Doimiy

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

5.

Quyidagilarni amalga oshirish maqsadida Moliya vazirligining auditorlar jamoat birlashmalari bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish:

rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida auditorlarni sertifikatlashning imtihonlar o‘tkazish va natijalarni baholashning shaffofligini ta’minlaydigan, samarali tizimini joriy etish;

malaka imtihonlarini tayyorlash va o‘tkazishda texnik va uslubiy yordam ko‘rsatish;

auditorlarning malaka imtihonlari, malaka oshirishi natijalari bo‘yicha axborot hamkorligi, auditorlik faoliyatining tashqi sifat nazorati.

1. Auditorlarning jamoat birlashmalari bilan bitimlar tuzish

2. Auditorlik malaka sertifikatini olishga talabgorlarning kelgusida malaka imtihonlarida ishtirok etishi uchun Moliya vazirligi tomonidan ularning hujjatlarini taqdim etish.

3. Mazkur qaror kuchga kirgunga qadar auditor malaka imtihoniga ruxsat olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqqanlik uchun talabgorlar to‘lagan yig‘imlar summasini qaytarib o‘tkazib berish.

2021-yil sentabr

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

6.

Auditorlarni sertifikatlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magini jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqish.

Xalqaro ekspertlar bilan hamkorlik va grant kelishuvlarini imzolash masalasini muhokama qilish.

2021-yil noyabr

Auditorlarning jamoat birlashmalari, Moliya vazirligi (T. Ishmetov)

7.

Buxgalterlarni sertifikatlash sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan quyidagi maqsadlarda hamkorlikni kengaytirish:

buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida malaka imtihonlari ma’lumotlarini hisobga olgan holda “Huquq” va “Soliqqa tortish” yo‘nalishlari bo‘yicha milliy imtihon tizimini joriy etish;

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021- 2022-yillar

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

buxgalterlar va auditorlar uchun xalqaro ta’lim standartlarini respublikada joriy qilish va tan olish.

Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Buxgalteriya ta’limi xalqaro standartlari bo‘yicha kengashi bilan xalqaro ta’lim standartlarini joriy qilish borasida hamkorlikni kengaytirish.

II. Auditorlik faoliyati sohasida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish

8.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish:

auditorlarni sertifikatlash tizimini takomillashtirish va Moliya vazirligining auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish;

auditorlik tashkilotlari tomonidan auditorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilayotganligini yuzasidan “Audit” dasturiy majmuasi orqali masofaviy monitoring olib borish;

ijtimoiy ahamiyatga ega xususiyatni ifodalovchi sifat mezonlari asosida har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirish;

auditorlik tashkiloti tomonidan “Internet” tarmog‘ida veb-saytini yaratish va uni dolzarbligini ta’minlash.

auditorlarni sertifikatlash sohasidagi xorijiy mamlakatlarning qonunchilik hujjatlarini va ilg‘or tajribasini o‘rganish natijalari asosida qonun loyihasini ishlab chiqish

2021-yil oktabr

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Adliya vazirligi (A. Karimov), Iqtisodiyot vazirligi (I. Norqulov), SSP (A. Ikramov), auditorlarning jamoat birlashmalari

9.

Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llash uchun auditning xalqaro standartlarini tan olish tartibi to‘g‘risidagi Nizom loyihasini kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2021-yil noyabr

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

10.

Auditorlik tashkiloti faoliyati natijalarini tavakkalchilik tahlili asosida auditorlik tashkiloti ish sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish tartibini belgilash.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2021-yil oktabr

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

11.

Auditorlik tashkilotlari va auditorlarning jamoat birlashmalari bilan o‘zaro elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Audit” dasturiy majmuasi axborot tizimini takomillashtirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

Doimiy

Moliya vazirligi (T.Ishmetov)

12.

Auditorlarning jamoat birlashmalari bilan Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni, shu jumladan auditorlik tashkilotlariga AXS hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha uslubiy jihatdan faol qo‘llab-quvvatlash, AXSni qo‘llashning ilg‘or xalqaro tajribasini tarqatishni tashkil etish borasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

Doimiy

Auditorlarning jamoat birlashmalari

13.

Auditorlarning jamoat birlashmalari a’zolari faoliyatida auditorlik faoliyati standartlari buzilishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida ushbu birlashmalar tomonidan, shu jumladan quyidagilar orqali monitoring o‘tkazishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish:

auditorlar tomonidan Professional buxgalterning odob-axloq kodeksi buzilganda ta’sir choralarini qo‘llash masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mita tashkil etish;

auditorlik tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha auditorlik xizmatlari uchun boshlang‘ich qiymatni shakllantirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil dekabr

Auditorlarning jamoat birlashmalari

III. Auditorlarni sertifikatlash bo‘yicha yangi tizimni joriy qilishning ahamiyatini tushuntirish

14.

Mazkur qaror talablarini tushuntirish va yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni tashkil etish.

Ushbu sohadagi ma’lumotlarni veb-saytlarga joylashtirish

Media-rejaga muvofiq

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

15.

Quyidagilarni amalda qo‘llash bo‘yicha dolzarb masalalarni keng muhokama qilish:

Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining Buxgalteriya ta’limi xalqaro standartlari bo‘yicha kengashi tomonidan chop etilgan xalqaro ta’lim standartlari hamda ommaviy axborot vositalarida AXS mazmun va mohiyatini yoritib berish.

Ta’limning xalqaro standartlari va AXSni joriy etish va amalda qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan seminarlar, davra suhbatlari, tele va radio ko‘rsatuvlarni, shu jumladan xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tashkil qilish va o‘tkazish, uslubiy qo‘llanmalar nashr etish, bosma nashrlarda turkum maqolalar e’lon qilish.

Doimiy

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), auditorlarning jamoat birlashmalari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ-5210-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish
9-band “9” kichik bandining rus tilidagi matnida uchinchi — yettinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“osushestvlyayet v ustanovlennom poryadke vneshniy kontrol kachestva raboti auditorskix organizatsiy;
soglasuyet poryadok i reglament provedeniya kvalifikatsionnix ekzamenov dlya polucheniya kvalifikatsionnogo sertifikata auditora, tipovuyu programmu povisheniya kvalifikatsii auditorov, utverjdennie respublikanskimi obshestvennimi obyedineniyami auditorov;
vedet Reyestr auditorskix organizatsiy i Reyestr auditorov;
obespechivayet sovershenstvovaniye informatsionnoy sistemi programmnogo kompleksa “Audit”, prednaznachennogo dlya elektronnogo vzaimodeystviya s auditorskimi organizatsiyami i respublikanskimi obshestvennimi obyedineniyami auditorov;
osushestvlyayet analiz razvitiya auditorskix uslug;”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ-5210-son qaroriga
3-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari

RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-1245-son qaroriga 31-ilovaning 12-bandi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-1887-son qaroriga 35-ilovaning 12-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.08.2021-y., 07/21/5210/0756-son)