toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-son hamda “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son farmonlariga muvofiq, shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatiladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
xizmat yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish va oʻzgartirish bepul amalga oshiriladigan davlat organlariga ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorida belgilangan tartibda beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-oktabrga qadar:
avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish jarayonining avtomatlashtirilishini;
avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati YIDXP orqali koʻrsatilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan axborot tizimlarining oʻzaro integratsiya qilinishini;
YIDXPda foydalanuvchining shaxsiy kabinetida shu foydalanuvchiga tegishli boʻlgan avtotransport vositasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda joylashtirilishi va real vaqt rejimida yangilanib borilishini;
davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun toʻlangan toʻlovlar Davlat bojlari va yigʻimlar summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi (keyingi oʻrinlarda — Yagona billing tizimi) orqali elektron tarzda amalga oshirilishini taʼminlasin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qaroriga muvofiq M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun quyidagi toʻlov stavkalari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
orqa yon oynalar boʻyicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorini va Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorini;
orqa va old yon oynalar boʻyicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini va Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining sakson baravari miqdorini tashkil etadi;
M2, M3 toifaga oid III klass avtotransport vositalari yon oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari ularning egalari huquqiy holati inobatga olingan holda, ushbu bandning uchinchi xatboshiga muvofiq belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) oid davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan koʻrsatilganda, ushbu xizmat uchun yigʻimlar Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorida koʻrsatilgan miqdorlarda toʻlanadi;
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) oid davlat xizmati uchun yigʻimlar davlat xizmati YIDXP orqali koʻrsatilganda, Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorida koʻrsatilgan miqdorlarning 90 foizi toʻlanadi.
Bunda ushbu toʻlovlar summasi quyidagicha taqsimlanadi:
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
88,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmati koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha ularning faoliyati yuzasidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan davlat xizmatini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolar qoʻllasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-iyul,
465-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyuldagi 465-son qaroriga
1-ILOVA
Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati;
ruxsatnoma — ariza beruvchiga vakolatli organ tomonidan QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan hujjat shaklida beriladigan avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma;
YIDXP — Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
4. Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) ishlari ruxsatnoma va tasdiqlangan davlat standartiga muvofiq avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
5. Avtotransport vositasi orqa oynasining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan koʻp boʻlmagan polosa shaklida yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
6. Ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) oid davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan koʻrsatilganda, ushbu xizmat uchun yigʻimlar Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorida koʻrsatilgan miqdorlarda toʻlanadi;
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) oid davlat xizmati uchun yigʻimlar davlat xizmati YIDXP orqali koʻrsatilganda, Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorida belgilangan miqdorlarning 90 foizi toʻlanadi.
Bunda ushbu toʻlovlar summasi quyidagicha taqsimlanadi:
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
88,75 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Davlat xizmati YIDXP orqali mazkur Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxema asosida, vakolatli organ tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri koʻrsatilganda 1.1-ilovada keltirilgan sxema asosida koʻrsatiladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
(2-bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Davlat xizmati vakolatli organ tomonidan “Avtomototransport” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan (keyingi oʻrinlarda — Tizim) foydalangan holda koʻrsatiladi.
Ariza beruvchi toʻgʻridan toʻgʻri vakolatli organga murojaat qilganda, vakolatli organ masʼul xodimi tomonidan ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan soʻrovnomani ariza beruvchi nomidan toʻldiradi.
Agar ariza beruvchi davlat xizmatidan YIDXP orqali foydalanmoqchi boʻlsa, u YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi hamda ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
10. Soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi axborot tizimlari yordamida avtomatik ravishda tekshiriladi.
Soʻrovnomada xato maʼlumotlar koʻrsatilgan taqdirda, soʻrovnoma avtomatik ravishda rad etiladi va bu haqda ariza beruvchiga onlayn rejimda avtomatik tarzda elektron shaklda javob qaytariladi.
11. Tizim orqali soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi tasdiqlangach, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qaroriga muvofiq ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari asosida elektron toʻlov varaqasi (invoys) shakllantiriladi.
12. Ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma uchun toʻlov 10 kun muddatda amalga oshiriladi.
13. Toʻlov belgilangan muddatda amalga oshirilmagan taqdirda (toʻlov toʻliq amalga oshirilmagan taqdirda) va/yoki soʻrovnomada maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan taqdirda, soʻrovnoma avtomatik ravishda rad etiladi hamda bu haqda ariza beruvchiga onlayn rejimda avtomatik tarzda elektron shaklda javob qaytariladi.
Boshqa asoslarga koʻra ruxsatnoma berish rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Vakolatli organ ariza beruvchi tomonidan toʻlov amalga oshirilgach, ikki soat davomida avtomatik ravishda QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan ruxsatnomani rasmiylashtiradi hamda ariza beruvchiga yoki uning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
15. Ariza beruvchi ruxsatnomaning amal qilish muddatidan qatʼi nazar, tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalardan foydalanishdan voz kechgan taqdirda, amalga oshirilgan toʻlov qaytarilmaydi.
16. Ruxsatnoma ushbu Reglamentga 3-ilovada nazarda tutilgan namunaviy shaklda taqdim etiladi.
17. Tizimga avtotransport vositasini hisobga olish (elektron) maʼlumotlariga avtomatik tarzda tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi (ruxsatnomaning seriyasi, raqami, berilgan joyi, vaqti va amal qilish muddati).
3-bob. Ruxsatnomani YIDXP orqali qayta rasmiylashtirish tartibi
18. Ruxsatnoma quyidagi holatlarda YIDXP orqali qayta rasmiylashtiriladi:
avtotransport vositasini hisobga olish maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritilganda (qayta jihozlash, davlat raqam belgisi va roʻyxatga olish guvohnomasi oʻzgartirilganda);
avtotransport vositasining mulkdori oʻzgarganda;
egasining maʼlumotlarida oʻzgarish boʻlganda (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgarganda, yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, uning joylashgan joyi (pochta manzili) yoki nomlanishi oʻzgartirilganda) qayta rasmiylashtiriladi.
19. Ruxsatnoma avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatigacha qayta rasmiylashtiriladi.
20. Avtotransport vositasining mulkdori oʻzgarganda yangi mulkdor ixtiyoriga muvofiq avvalgi ruxsatnomaning qolgan amal qilish muddatiga qoʻshimcha toʻlovlarsiz qayta rasmiylashtiriladi.
21. Ruxsatnoma YIDXP orqali quyidagi tartibda qayta rasmiylashtiriladi:
ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi hamda elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi;
soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi axborot tizimlari yordamida avtomatik ravishda tekshiriladi;
soʻrovnomada xato maʼlumotlar koʻrsatilgan taqdirda, soʻrovnoma avtomatik ravishda rad etiladi va bu haqda ariza beruvchiga onlayn tarzda elektron shaklda javob qaytariladi;
vakolatli organ ikki soat davomida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan, qayta rasmiylashtirilgan ruxsatnomani ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboradi;
ariza beruvchining ruxsatnomani qoʻshimcha toʻlov evaziga ruxsatnomaning boshqa turiga oʻtkazishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tizimga avtotransport vositasini hisobga olish (elektron) maʼlumotlariga (ruxsatnomaning seriyasi, raqami, berilgan joyi, vaqti va amal qilish muddati) avtomatik tarzda tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
22. YIDXP orqali ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilgani uchun toʻlov undirilmaydi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Davlat xizmati YIDXP orqali koʻrsatilganda ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan 15 kun oldin bu haqda ariza beruvchiga Tizim tomonidan elektron shaklda xabar yuboriladi.
24. Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari avtotransport vositasining oynalari tusi oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi ruxsatnomani Tizim orqali mustaqil tekshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ushbu Reglament talablari ijrosi boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat va monitoring qilib boradi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
26. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
27. Ushbu Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish tartibi
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Ariza beruvchi

1. Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma olish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtish.

2. Avtotransp�rt vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha soʻrovnomani toʻldirish va yuborish.

Murojaat qilingan vaqtda

2-bosqich

Davlat yoʻl harakati xavfsizlik xizmati “Avtomototransport” avtomatlashtirilgan axborot tizimi

1. Soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning toʻliqligini tekshirish.

2. Soʻrovnomada maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan yoki toʻlov toʻliq amalga oshirilmagan taqdirda, soʻrovnomani rad etish.

Avtomatik ravishda

3-bosqich

Davlat bojlari va yigʻimlar summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi

Soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning toʻliq va toʻgʻriligi tasdiqlangach, elektron toʻlov varaqasi (invoys)ni shakllantirish.

Avtomatik ravishda

4-bosqich

Ariza beruvchi

Ruxsatnoma uchun toʻlovni amalga oshirish.

10 kun mobaynida

5-bosqich

Davlat yoʻl harakati xavfsizlik xizmati “Avtomototransport” avtomatlashtirilgan axborot tizimi

1. QR kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan ruxsatnomani avtomatik ravishda rasmiylashtirish hamda uni ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuborish.

2. Avtotransport vositasini hisobga olish elektron maʼlumotlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish.

Toʻlov toʻliq amalga oshirilgan vaqtdan soʻng 2 soat davomida

Oldingi tahrirga qarang.
Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1.1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish tartibi
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Ariza beruvchi

1. Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma olish uchun vakolatli organga murojaat etish.

2. Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha soʻrovnoma vakolatli organ tomonidan ariza beruvchi nomidan toʻldirish.

Murojaat qilingan vaqtda

2-bosqich

Vakolatli organ

1. Davlat yoʻl harakati xavfsizlik xizmati “Avtomototransport” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali soʻrovnomaga kiritilgan maʼlumotlarning toʻliqligini tekshirish.

2. Soʻrovnomada maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan yoki toʻlov toʻliq amalga oshirilmagan taqdirda, soʻrovnomani rad etish.

Avtomatik ravishda

3-bosqich

Vakolatli organ

Davlat yoʻl harakati xavfsizlik xizmati “Avtomototransport” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ariza beruvchiga toʻlovni amalga oshirish uchun hisob raqamni taqdim etish

Avtomatik ravishda

4-bosqich

Ariza beruvchi

Ruxsatnoma uchun toʻlovni amalga oshirish.

10 kun mobaynida

5-bosqich

Vakolatli organ

1. QR kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan ruxsatnomani avtomatik ravishda rasmiylashtirish hamda uni ariza beruvchiga elektron shaklda yuborish.

2. Avtotransport vositasini hisobga olish elektron maʼlumotlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish.

Toʻlov toʻliq amalga oshirilgan vaqtdan soʻng 2 soat davomida

(1.1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi PQ-298-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son)
Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha
SOʻROVNOMA

I. Jismoniy shaxs toʻgʻrisida maʼlumot

1. F.I.O:

2. Tugʻilgan joyi va sanasi:

3.Pasport (ID-karta) maʼlumotlari (seriyasi va raqami):

4. Doimiy yashash manzili:

5. JShShIR:

6. Telefon raqami:

7. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa):

II. Yuridik shaxs toʻgʻrisida maʼlumot

1. Yuridik shaxs nomi:

2. STIR:

3. Joylashgan joyi (pochta manzili):

4. Telefon raqami:

5. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa):

III. Avtomototransport vositasi haqida maʼlumot

1. Avtomototransport vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi guvohnoma seriyasi va raqami:

2. Davlat raqami belgisi raqami:

3. Avval berilgan ruxsatnomaning seriyasi va raqami (ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilganda):

Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish):

Orqa yon oynalarni qoraytirish boʻyicha

Orqa va old yon oynalarni qoraytirish boʻyicha

Soʻrovnoma toʻldirish sababi:

Yangi ruxsatnoma olish

Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish

Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnomaning
NAMUNAVIY ShAKLI
Izoh. QR kodda (matrik shtrixli kodda) transport vositasi haqida asosiy maʼlumotlar va ruxsatnomaning amal qilish muddati shifrlangan koʻrinishda boʻladi, uni oflayn rejimda maxsus dastur orqali (maxsus kalit bilan) ochish mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyuldagi 465-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 8-son, 191-modda) bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
12-bandning “b” kichik bandidagi “erkin aylanishi uchun (import)” soʻzlari “erkin muomalaga chiqarish (import)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 7-son, 181-modda) 2-bandida:
a) “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“a) M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari orqa yon oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi — cheklanmagan darajada, old yon oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi — 50 foizdan kam boʻlmagan darajada, shuningdek, M2, M3 toifaga oid III klass avtotransport vositalari yon oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi — 50 foizdan kam boʻlmagan darajada oʻzgartirish (qoraytirish) tasdiqlangan davlat standarti boʻyicha, shuningdek, xorijiy davlatlarning ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan tusi yuqorida belgilangan meʼyorlardan ortiq boʻlmagan darajada oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar oʻrnatilgan, erkin muomalaga chiqarish (import) va vaqtincha olib kirish bojxona rejimlariga rasmiylashtirilgan avtotransport vositalaridan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 1 yil muddatga beriladigan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi”;
b) “v” kichik bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“v) M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, xorijiy davlatlarning ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar oʻrnatilgan, erkin muomalaga chiqarish (import) va vaqtincha olib kirish bojxona rejimlariga rasmiylashtirilgan ushbu toifadagi avtotransport vositalaridan foydalanishga ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari”;
v) “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“g) M2, M3 toifaga oid III klass avtotransport vositalari yon oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, xorijiy davlatlarning ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar oʻrnatilgan, erkin muomalaga chiqarish (import) va vaqtincha olib kirish bojxona rejimlariga rasmiylashtirilgan ushbu toifadagi avtotransport vositalaridan foydalanishga ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida belgilanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 09/21/465/0714-son; 29.06.2022-y., 07/22/298/0571-son; 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)