1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.20.00 Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq hoʻjaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi PF-5853-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi va “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga muvofiq respublika hududlarida suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy sugʻorish texnologiyalari joriy etiladigan maydonlarni kengaytirish, ushbu jarayonlarga xalqaro moliya institutlarining investitsiyalarini keng jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Roehren-und Pumpenwerk Bauer Gesellschaft.m.b.N.” kompaniyasi (Avstriya Respublikasi) (keyingi oʻrinlarda — “Bauer” kompaniyasi) oʻrtasida “Bauer” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish boʻyicha imzolangan kelishuvga muvofiq “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) moliyalashtirish uchun “UniCredit Bank Austria AG” banki tomonidan 26 yil 6 oyga 8 yillik imtiyozli davri bilan 7,9 mln yevro miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida kredit berish maʼqullaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
a) “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasini moliyalashtirish uchun “UniCredit Bank Austria AG” bankining krediti boʻyicha asosiy qarzni, unga hisoblanadigan foizlar va boshqa toʻlovlarni qaytarish prognoz jadvali 1-ilovaga muvofiq;
b) quyidagilarni nazarda tutuvchi Zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi sugʻorish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlarning manzilli roʻyxatini shakllantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari rahbarligida ishchi guruh tuzadi;
sugʻorish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlar eʼlon berilgan kundan boshlab bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga sugʻorish texnologiyalarini joriy etishi toʻgʻrisida belgilangan shakldagi ariza hamda sugʻorish texnologiyalari joriy etiladigan yer uchastkasi va joriy qilinadigan sugʻorish texnologiyalari toʻgʻrisida maʼlumotlarni taqdim etadi;
ishchi guruh sugʻorish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi taqdim etilgan hujjatlarni besh ish kunida koʻrib chiqadi hamda manzilli roʻyxatni shakllantiradi.
3. Belgilansinki:
loyiha respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi;
loyiha doirasida jalb etiladigan kreditga xizmat koʻrsatish yuzasidan ehtimoldagi tavakkalchiliklarni qoplash maqsadida mazkur kreditni qayta kreditlashda Oʻzbekiston Respublikasi marjasi 0,35 foiz miqdorda boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Burgʻilash xizmati” MChJ — loyiha ijrochisi hisoblanadi;
loyiha ijrochisi loyihani boshqarish va toʻliq amalga oshirish hamda “UniCredit Bank Austria AG” bankidan jalb etilayotgan kredit boʻyicha asosiy qarz, hisoblanadigan foiz va boshqa toʻlovlarni 1-ilovaga muvofiq belgilangan muddatlarda toʻlanishi uchun masʼuldir;
“Unicredit Bank Austria AG” bankidan jalb etiladigan kredit boʻyicha asosiy qarz, hisoblanadigan foizlar va boshqa toʻlovlar (1-ilovaga muvofiq) qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim shartlari asosida loyiha ijrochisi tomonidan qoplanadi;
loyiha ijrochisi tomonidan qayta kreditlangan qarz mablagʻlari boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda, ushbu qarzdorlik Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari loyihani samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, Avstriya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq tegishli hisobot hamda zarur hujjatlarni oʻz vaqtida tayyorlash va taqdim etishni tashkil etishga shaxsan javobgardirlar.
5. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq suvni tejaydigan (tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret va boshqa) sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan yerlarga suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan eʼtiboran besh yil muddatga soliq solinmasligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qaroriga muvofiq qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish xarajatlarini va ushbu texnologiyalarni xarid qilishga ajratiladigan bank kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar taqdim etilishi hamda suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilgan yer maydonlari kamida besh yil mobaynida maqbullashtirilmasligi;
Vazirlar Mahkamasining “Fermer xoʻjaliklarining nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetidan subsidiyalar ajratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 3-maydagi 320-son qaroriga asosan fermer xoʻjaliklarining nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan “UniCredit Banlc Austria AG” banki bilan “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasini moliyalashtirish boʻyicha qarz bitimini;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Burgʻilash xizmati” MChJ (loyiha ijrochisi) oʻrtasida qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Avstriya Respublikasining “UniCredit Banlc Austria AG” banki oʻrtasida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostidagi qarz bitimi boʻyicha yuridik xulosa belgilangan tartibda berilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
loyiha uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida sugʻorish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlar manzilli roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — manzilli roʻyxat) shakllantirish boʻyicha oʻzining rasmiy veb-saytida hamda axborot resurslarida eʼlon bersin hamda ikki oy muddatda manzilli roʻyxatni belgilangan tartibda tasdiqlasin;
ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq tasdiqlangan nizomda belgilangan tartibda loyiha ijrochisi bilan tashabbuskorlar oʻrtasida subloyiha shartnomalari imzolanishini hamda “Roehren-und Pumpenwerk Bauer Gesellschaft.m.b.N.” kompaniyasi (Avstriya Respublikasi) bilan sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish yuzasidan tegishli shartnoma imzolanishini taʼminlasin;
imzolangan shartnomalar ijrosi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin hamda har yarim yillik yakuni bilan Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot taqdim qilib borsin
9. Belgilab qoʻyilsinki:
tashabbuskorlarga subloyihani amalga oshirish uchun sugʻorish texnologiyalari uch yil imtiyozli davr bilan oʻn yil muddatga, yillik 2,5 foiz stavkada beriladi;
tashabbuskorlar shartnoma umumiy qiymatining kamida 15 foizi miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshiradi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining viza buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirishga jalb etiladigan chet ellik mutaxassislar uchun kirish vizalarini konsullik yigʻimlar va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga viza rasmiylashtirilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
12. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga3-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 14-iyul,
441-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyuldagi 441-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasini moliyalashtirish uchun “UniCredit Bank Austria AG” bankining krediti boʻyicha asosiy qarzni, unga hisoblanadigan foizlarni va boshqa toʻlovlarni qaytarish
* asosiy qarzni, unga hisoblanadigan foizlarni va boshqa toʻlovlarni qaytarish prognoz jadvali qarz bitimiga muvofiq oʻzgarishi mumkin;
** qarz bitimiga asosan bir martalik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlanadi va loyihani amalga oshirish davrida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan qoplab beriladi;
*** qarz bitimiga binoan asosiy qarz (7 904 254 yevro) va unga hisoblangan foizlar har 6 oyda (imtiyozli davrda har 3 oyda) toʻlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyuldagi 441-son qaroriga 2-ILOVA
Zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — loyiha) doirasida “Roehren-und Pumpenwerk Bauer Gesellschaft.m.b.N.” kompaniyasi (Avstriya Respublikasi) tomonidan ishlab chiqariladigan zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini (keyingi oʻrinlarda — sugʻorish texnologiyalari) tashabbuskorlarga yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilot — loyiha doirasida sugʻorish texnologiyalarini loyiha ijrochisiga yetkazib beruvchi hamda toʻliq oʻrnatuvchi tashkilot — “Roehren-und Pumpenwerk Bauer Gesellschaft.m.b.N.” kompaniyasi (Avstriya Respublikasi);
loyiha ijrochisi — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Burgʻilash xizmati” MChJ;
tashabbuskor — sugʻorish texnologiyalarini joriy etish istagini bildirgan qishloq xoʻjaligi tashkiloti.
3. Sugʻorish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlar manzilli roʻyxatini shakllantirish hamda sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Sugʻorish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlarning manzilli roʻyxatini shakllantirish hamda sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish tartibi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda-Vazirlik) sugʻorish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlar manzilli roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — manzilli roʻyxat) shakllantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari rahbarligida ishchi guruh tuzadi.
5. Vazirlik loyiha uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida manzilli roʻyxatni shakllantirish boʻyicha oʻzining rasmiy veb-saytida hamda axborot resurslarida eʼlon beradi.
6. Tashabbuskorlar eʼlon berilgan kundan boshlab bir oy muddatda Vazirlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
sugʻorish texnologiyalarini joriy etishi toʻgʻrisida mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza;
sugʻorish texnologiyalari joriy etiladigan yer uchastkasi va joriy qilinadigan sugʻorish texnologiyalari toʻgʻrisida ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi maʼlumotlar.
7. Vazirlik loyihani amalga oshirish doirasida talab etiladigan qoʻshimcha maʼlumotlarni idoralararo axborot tizimlari orqali oʻzaro hamkorlik qilish asosida olishi mumkin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari tashabbuskorlar tomonidan tegishli maʼlumotlar oʻz vaqtida va toʻliq taqdim etilishida Vazirlikka koʻmaklashadi.
9. Ishchi guruh tashabbuskorlar tomonidan Vazirlikka taqdim etilgan hujjatlarni oʻn ish kunida koʻrib chiqadi hamda manzilli roʻyxatni shakllantiradi.
Manzilli roʻyxatni shakllantirish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
tashabbuskorlarning ijara huquqi asosida ajratilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining mavjudligi;
sugʻorish texnologiyalarini joriy etish uchun suv va elektr taʼminotining mavjudligi yoki uning tashkil etilishi;
keng qamrovli sugʻorish texnologiyalari joriy etiladigan yer uchastkasi oʻrtacha qiyaligi 10 graduyeda ortiq boʻlmasligi va yaxlit konturda joylashganligi;
biznes-rejaning (investitsion davr mobaynida operatsion xarajatlarni qoplash manbai mavjudligi, subloyihani qoplash muddati va boshqalar) mavjudligi;
soliq hamda muddati oʻtgan kreditor qarzdorliklari mavjud emasligi.
Ishchi guruh zarur hollarda tashabbuskorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligini joyiga chiqqan holda oʻrganadi.
10. Ishchi guruh tashabbuskorlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha ularni manzilli roʻyxatga kiritish yoki kiritishni asoslantirilgan holda rad etishi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ishchi guruh qarori tegishli xulosa shaklida rasmiylashtiriladi. Xulosa ishchi guruhi aʼzolari tomonidan imzolanadi va ishchi guruh rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
11. Ushbu Nizomning 6-bandi talablariga javob bermagan va manzilli roʻyxatga kiritilmagan tashabbuskorlar ishchi guruh tomonidan bu toʻgʻrisida besh ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
Ishchi guruh qaroridan norozi boʻlgan tashabbuskorlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
12. Ishchi guruh. tasdiqlangan xulosalarga asosan uch ish kunida manzilli roʻyxatni shakllantiradi va tasdiqlash uchun vazirlikka kiritadi.
Manzilli roʻyxat ishchi guruh aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Tashabbuskorlarning takliflari hamda ishchi guruhning tasdiqlangan xulosalariga asosan manzilli roʻyxatga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13. Vazirlik tasdiqlangan manzilli roʻyxatni va tashabbuskorlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni uch ish kunida ishlab chiqaruvchi tashkilotga yetkazadi.
14. Ishlab chiqaruvchi tashkilot taqdim etilgan hujjatlar asosida ikki oy muddatda har bir tashabbuskor uchun tijorat takliflarini shakllantiradi va Vazirlikka taqdim etadi.
15. Vazirlik tijorat takliflarini besh ish kunida tashabbuskorlarga yozma yoki elektron shaklda davlat tilida taqdim etadi.
Tijorat takliflarida quyidagi shartlar nazarda tutiladi:
tashabbuskorlarga subloyihani amalga oshirish uchun sugʻorish texnologiyalari uch yil imtiyozli davr bilan oʻn yil muddatga, yillik 2,5 foiz stavkada beriladi;
tashabbuskorlar shartnoma umumiy qiymatining kamida 15 foizi miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshiradi;
sugʻorish texnologiyalari va ularning butlovchi qismlarini olib kirish bilan bogʻliq barcha soliqlar va majburiy toʻlovlar hamda bojxona yigʻimlari tashabbuskorlar tomonidan qoplanadi.
16. Tashabbuskorlar berilgan tijorat takliflarini oʻn kun muddatda koʻrib chiqadi, ularning shartlarini qabul qilishi yoki oʻzgartirish kiritishi yuzasidan oʻz takliflarini Vazirlikka bildiradi.
Vazirlik va tashabbuskorlarning oʻzaro kelishuvi asosida besh ish kunida yakuniy subloyiha buyurtmasi shakllantiriladi.
17. Vazirlik yakuniy subloyiha buyurtmasini oʻn ish kunida ishlab chiqaruvchi tashkilotga taqdim etadi hamda yakuniy tijorat takliflarini oladi.
18. Vazirlik yakuniy tijorat takliflarini tashabbuskorlar bilan shartnoma imzolash uchun bir ish kunida loyiha ijrochisiga taqdim etadi.
19. Loyiha ijrochisi oʻn ish kunida yakuniy tijorat takliflari asosida sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish toʻgʻrisidagi shartnoma loyihasini ishlab chiqadi hamda tashabbuskorlarga yozma yoki elektron shaklda yetkazadi.
20. Tashabbuskorlar bir oy muddatda shartnoma loyihalarini oʻrganib chiqadi hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda imzolaydi va loyiha ijrochisiga yozma yoki elektron shaklda yetkazadi.
Loyiha ijrochisi subloyiha shartnomalarini belgilangan tartibda imzolaydi va Vazirlikka taqdim qiladi.
21. Vazirlik imzolangan subloyiha shartnomalari asosida bir oy muddatda ishlab chiqaruvchi tashkilot bilan sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish boʻyicha shartnomani belgilangan tartibda imzolaydi.
22. Ishlab chiqaruvchi tashkilot imzolangan shartnomada belgilangan muddatlarda sugʻorish texnologiyalari va ularning butlovchi qismlarini loyiha ijrochisiga yetkazib beradi.
3-bob Loyihani moliyalashtirish tartibi
23. Loyiha ijrochisi ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan yetkazib berilgan sugʻorish texnologiyalari va ularning butlovchi qismlarini belgilangan tartibda qabul qilib oladi hamda bu haqda Vazirlikka yozma maʼlumot taqdim qiladi.
24. Vazirlik besh ish kunida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligini sugʻorish texnologiyalari va ularning butlovchi qismlarini qabul qilib olinganligi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
25. Ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan yetkazib berilgan sugʻorish texnologiyalari va ularning butlovchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va moliyalashtiruvchi bank oʻrtasida tuzilgan kredit bitimi shartlari asosida moliyalashtiriladi.
26. Loyiha ijrochisi sugʻorish texnologiyalarini shartnoma asosida tashabbuskorlarga yetkazib beradi.
Bunda tashabbuskorlar shartnoma umumiy qiymatining kamida 15 foizi miqdorini oldindan toʻlashi shart.
27. Yetkazib berilgan sugʻorish texnologiyalarining shartnoma qiymati yevroda belgilanib, subloyiha tashabbuskorlari tomonidan milliy valyutada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankning valyuta operatsiyalari boʻyicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy toʻlovlari uchun yevroning soʻmga nisbatan valyuta qiymatida qaytarish grafigiga muvofiq qaytariladi.
28. Belgilangan toʻlov jadvalining uchinchi yilidan boshlab asosiy qarz va unga hisoblangan foizlar toʻlovlari boʻyicha toʻlanmaslik xavfi tashabbuskorlar tomonidan toʻrt yil muddatga belgilangan tartibda sugʻurtalanadi.
29. Sugʻorish texnologiyalarini tabiiy ofatlardan va qasddan zarar yetish xavfi tashabbuskorlar tomonidan kamida uch yil muddatga belgilangan tartibda sugʻurtalanadi.
30. Loyiha doirasida tashabbuskorlarning yer uchastkasida toʻliq oʻrnatilgan sugʻorish texnologiyalari asosiy qarz va foiz toʻlovlari boʻyicha garov taʼminoti obyekti hisoblanadi.
4-bob. Sugʻorish texnologiyalarini tashabbuskorlarning yer uchastkalariga toʻliq oʻrnatish
31. Tashabbuskorlar yer uchastkalariga sugʻorish texnologiyalarini toʻliq oʻrnatish uchun zarur boʻladigan elektr va suv taʼminoti tarmoqlarini qurish ishlarini oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi.
32. Loyiha ijrochisi:
ishlab chiqaruvchi tashkilot bilan birgalikda sugʻorish texnologiyalarini tashabbuskorlarning yer uchastkasiga toʻliq oʻrnatadi;
tashabbuskorlar ishtirokida sugʻorish texnologiyalari sinovini belgilangan tartibda oʻtkazadi, mavjud kamchiliklarni bartaraf qiladi;
sugʻorish texnologiyalarini topshirish va qabul qilish ishlarini belgilangan tartibda dalolatnoma asosida amalga oshiradi;
tashabbuskorlar yer uchastkasida oʻrnatilgan sugʻorish texnologiyalariga oʻn yil muddat davomida shartnoma asosida texnik xizmat koʻrsatadi, shundan dastlabki ikki yili kafolatlangan muddat hisoblanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
33. Shartnomalarning bajarilishi boʻyicha nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
34. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan tomonlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Sugʻorish texnologiyalarini joriy qiluvchi tashabbuskorlarning manzilli roʻyxatini shakllantirish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyekt
Tadbir nomi
Ijro muddati
1-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Manzilli roʻyxatni shakllantirish boʻyicha oʻzining rasmiy veb-saytida hamda axborot resurslarida eʼlon berish.
2-bosqich
Tashabbuskorlar
Vazirlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etish: sugʻorish texnologiyalari joriy etishi toʻgʻrisida ariza;
sugʻorish texnologiyalari joriy etiladigan yer uchastkasi va joriy qilinadigan sugʻorish texnologiyalari toʻgʻrisida maʼlumotlar.
Eʼlon berilgan kundan boshlab bir oy muddatda
3-bosqich
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari
Tashabbuskorlar tomonidan tegishli maʼlumotlar oʻz vaqtida va toʻliq taqdim etilishida Vazirlikka koʻmaklashish.
Doimiy
4-bosqich
Ishchi guruh
Hujjatlarni koʻrib chiqish hamda manzilli roʻyxatni shakllantirish.
Tashabbuskorlarni manzilli roʻyxatga kiritish yoki kiritishni asoslantirilgan holda rad etishi toʻgʻrisida tegishli xulosa rasmiylashtirish.
Un ish kunida
Xulosani ishchi guruh aʼzolari tomonidan imzolash va ishchi guruh rahbari tomonidan tasdiqlash.
Manzilli roʻyxatga kiritilmagan
tashabbuskorlarni yozma yoki elektron shaklda xabardor qilish.
Besh ish kunida
Manzilli roʻyxatni shakllantirish.
Manzilli roʻyxatni ishchi guruh rahbari va aʼzolari tomonidan imzolash.
Uch ish kunida
5-bosqich
qishloq xoʻjaligi vaziri
Manzilli roʻyxatni tasdiqlash.
Tasdiqlangan manzilli roʻyxatni va tashabbuskorlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotga yetkazish.
Uch ish kunida
6-bosqich
Ishlab chiqaruvchi tashkilot
Har bir tashabbuskorlar uchun tijorat takliflarini shakllantirish va Vazirlikka taqdim etish.
Ikki oy muddatda
7-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Tijorat takliflarini tashabbuskorlarga yozma yoki elektron shaklda davlat tilida taqdim etish.
Besh ish kunida
8-bosqich
Tashabbuskorlar
Tijorat takliflarini koʻrib chiqish, ularning shartlarini qabul qilishi yoki oʻzgartirish kiritishi yuzasidan oʻz takliflarini Vazirlikka bildirish.
Un kun muddatda
9-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Tashabbuskorlar bilan oʻzaro kelishuv asosida yakuniy subloyiha buyurtmasini shakllantirish.
Besh ish kunida
Yakuniy subloyiha buyurtmasini ishlab chiqaruvchi tashkilotga taqdim etish hamda yakuniy tijorat takliflarini olish.
Un ish kunida
Yakuniy tijorat takliflarini tashabbuskorlar bilan shartnoma imzolash uchun loyiha ijrochisiga taqdim etish.
Bir ish kunida
10-bosqich
Loyiha ijrochisi
Sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish toʻgʻrisidagi subloyihaning shartnoma loyihasini ishlab chiqish hamda tashabbuskorlarga yozma yoki elektron shaklda yetkazish.
Oʻn ish kunida
11-bosqich
Tashabbuskorlar
Subloyiha shartnoma loyihasini oʻrganib chiqish hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda imzolash va loyiha ijrochisiga yozma yoki elektron shaklda yetkazish.
Bir oy muddatda
12-bosqich
Loyiha ijrochisi
Subloyiha shartnomalarini belgilangan tartibda imzolash va Vazirlikka taqdim qilish.
13-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Ishlab chiqaruvchi tashkilot bilan sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish boʻyicha shartnomani belgilangan tartibda imzolash.
Bir oy muddatda
14-bosqich
Ishlab chiqaruvchi tashkilot
Sugʻorish texnologiyalari va ularning butlovchi qismlarini loyiha ijrochisiga yetkazib berish.
Shartnomada belgilangan muddatlarda
15-bosqich
Loyiha ijrochisi
Sugʻorish texnologiyalari va ularning butlovchi qismlarini belgilangan tartibda qabul qilib olish hamda bu haqda Vazirlikka yozma maʼlumot taqdim qilish.
Shartnomada belgilangan muddatlarda
16-bosqich
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Moliya vazirligini sugʻorish texnologiyalari qabul qilib olinganligi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilish.
Besh ish kunida
17-bosqich
Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Yetkazib berilgan sugʻorish texnologiyalarini moliyalashtirish.
Belgilangan muddatlarda
18-bosqich
Loyiha ijrochisi
Sugʻorish texnologiyalarini shartnoma asosida tashabbuskorlarga yetkazib berish.
Belgilangan muddatlarda
19-bosqich
Tashabbuskorlar
Sugʻorish texnologiyalarini toʻliq oʻrnatish uchun zarur boʻladigan elektr va suv taʼminoti tarmoqlarini qurish ishlarini oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirish.
Shartnomada belgilangan muddatlarda
20-bosqich
Loyiha ijrochisi
Ishlab chiqaruvchi tashkilot bilan birgalikda sugʻorish texnologiyalarini tashabbuskorlarning yer uchastkasiga toʻliq oʻrnatish.
Jadval boʻyicha
Tashabbuskorlar ishtirokida sugʻorish texnologiyalari sinovini belgilangan tartibda oʻtkazish.
Jadval boʻyicha
Sugʻorish texnologiyalarini topshirish va qabul qilish ishlarini belgilangan tartibda dalolatnoma asosida amalga oshirish.
Jadval boʻyicha
Oʻrnatilgan sugʻorish texnologiyalariga shartnoma asosida texnik xizmat koʻrsatish.
Un yil muddat davomida
Zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(TASHKILOTNING RASMIY BLANKASI)
“_____” ____________ 20____ yil
№ ______
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri _______________________ga (F.I.O.)
Nusxasi:
________________ viloyati, _______________ tuman hokimi ______________________________________ga (F.I.O.)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” loyihasida ishtirok etishga hamda imtiyozli toʻlov shartlari asosida zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini xarid qilishga tayyorligimizni maʼlum qilamiz. Zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun _____________ viloyati, _____________ tumanining “__________________” massivi hududida joylashgan jami _______ gektar yer uchastkasi tanlangan. Ushbu yer uchastkasida zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun zarur boʻladigan barcha infratuzilma obyektlarini (elektr va suv taʼminoti, zarur sigʻimdagi suv tindirgich, nasos va boshqalar) barpo etishni oʻz hisobimizdan amalga oshirishga kafolat beramiz. Loyihada ishtirok etish uchun zarur maʼlumotlar ilova qilinadi.
Zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini yetkazib berish va toʻliq oʻrnatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari joriy etiladigan yer uchastkasi va sugʻorish texnologiyalari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
T/r
Hudud nomi (viloyat, tuman nomi)
Tashabbuskor tashkilot
(yer uchastka egasi)
Yer uchastkasi
Elektr taʼminoti
(mavjud yoki mavjud emas)
Sugʻorish manbai
(kanaldan oʻzi oqar, nasos bilan, sugʻorish qudugʻidan, boshqalar)
Yer uchastkasida joylashtiriladigan ekin turi
Joriy qilinadigan zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari
(keng qamrovli frontal yoki aylanma harakatlanuvchi, mobil (tirkamali yoki barabanli), statsionar va boshqalar)
nomi
rahbarining F.I.O. va tel raqami
joylashgan massiv nomi
kontur raqami
maydoni,
ga
1.
2.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-iyuldagi 441-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-apreldagi PQ-107-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2023-y., 07/23/107/0184-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 09/21/441/0671-son; 03.04.2023-y., 07/23/107/0184-son)