1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.03 Gʻallachilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 2-fevraldagi PQ-4973-son qaroriga muvofiq, shuningdek, respublikada sholi yetishtirish, saqlash, qayta ishlashning uzluksiz va samarali tizimini takomillashtirish, urugʻlik sholi yetishtirish sohasini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun talabgorlardan hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilib olish;
urugʻlik sholi yetishtiruvchi talabgorlar oʻrtasida tanlov oʻtkazish tartibi va muddatlari, shu jumladan, superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish huquqini olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish hamda uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilish;
superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlgan subyektlarning hujjatlarini yuritish;
urugʻlik sholi yetishtiruvchilarning vazifalari, shuningdek, ushbu talablar urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlgan subyektlar tomonidan bajarilmasligi oqibatlari.
2. Belgilansinki:
superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun tanlov fermer xoʻjaliklari, sholichilik klasterlari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlar) oʻrtasida oʻtkaziladi;
urugʻlik sholi maydonlari hamda ekiladigan navlari va yetishtiriladigan urugʻlik sholi hajmlari urugʻlik yetishtiruvchilar takliflaridan kelib chiqib tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalarining buyurtmanomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan belgilanadi;
superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun urugʻlik sholi yetishtiruvchilar oʻrtasida tanlov tuman (Quvasoy shahar) hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari boshchiligida sohaga tegishli boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi tomonidan oʻtkaziladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmalarining takliflarini inobatga olgan holda tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi tanlov oʻtkazish vaqtini hamda joyni mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoki tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimining rasmiy veb saytida eʼlon qiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda urugʻlik sholi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari oʻrtasida tanlov oʻtkazishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 18-iyun,
381-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-iyundagi 381-son qaroriga ILOVA
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi (keyingi oʻrinlarda — urugʻlik sholi) yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
superelita urugʻlik — nav muallifi yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs tomonidan yetishtirilgan va keyinchalik koʻpaytirish uchun moʻljallangan urugʻliklar;
elita urugʻlik — superelita urugʻliklarni izchil koʻpaytirish yoʻli bilan olingan urugʻliklar;
keyingi avlod urugʻlik — elita urugʻliklardan olinadigan keyingi avlod urugʻliklar kiradi.
3. Urugʻlik sholi yetishtirish uchun tanlov fermer xoʻjaliklari, sholichilik klasterlari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlar) oʻrtasida oʻtkaziladi.
4. Urugʻlik sholi maydonlari, shuningdek, ekiladigan navlari va yetishtiriladigan urugʻlik sholi hajmlari urugʻlik yetishtiruvchilar takliflaridan kelib chiqib tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalarining buyurtmanomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan belgilanadi.
5. Urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun urugʻlik sholi yetishtiruvchilar oʻrtasida tanlov tuman (Quvasoy shahar) hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari boshchiligida sohaga tegishli boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan tuman ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — tuman ishchi guruhi) tomonidan oʻtkaziladi.
6. Tuman ishchi guruhi tarkibi mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan namunaga muvofiq tuman hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
Tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi tuman ishchi guruhi faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlaydi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmalarining takliflarini inobatga olgan holda tuman ishchi guruhi (tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi) tanlov oʻtkazish vaqtini hamda tanlov oʻtkaziladigan joyni mahalliy ommaviy axborot vositalarida, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi yoki tuman hokimligining rasmiy veb saytida eʼlon qiladi.
8. Urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun tashkilotlar oʻrtasida tanlov oʻtkazish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlarni taqdim etish
9. Urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlarni taqdim etish haqidagi eʼlon har yili 20-fevralga qadar beriladi.
10. Tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon qilingan kundan boshlab yigirma ish kunida tanlovda ishtirok etuvchilardan hujjatlar qabul qilinadi.
11. Urugʻlik sholi yetishtiruvchilar tuman ishchi guruhiga tanlovda ishtirok etish uchun ariza bilan birga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
yer maydoni tuproq unumdorligi toʻgʻrisida tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimining maʼlumotnomasi;
yer maydonining suv taʼminoti toʻgʻrisida tuman (Quvasoy shahar) irrigatsiya boʻlimining maʼlumotnomasi;
urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlar rahbarining mutaxassisligi va maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi hamda qishloq xoʻjaligi sohasidagi umumiy ish staji toʻgʻrisida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturidan olingan maʼlumot;
urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotning qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlanganlik darajasi (qishloq xoʻjaligi texnika vositalarining texnik pasportlari) toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — Oʻzagroinspeksiya) tuman boʻlimi maʼlumotnomasi.
(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
12. Hujjatlar tuman ishchi guruhiga bevosita, pochta orqali yoki elektron shaklda tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimining elektron pochta manziliga taqdim etiladi.
Hujjatlar tuman ishchi guruhi kotibi tomonidan qabul qilinadi, bunda topshirilgan hujjatlarning betlari soni raqamlangan va shnurlangan maxsus daftarga qayd etib boriladi.
Tuman ishchi guruhiga pochta orqali yoki elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlanganda tuman ishchi guruhi kotibi bu toʻgʻrisida uch ish kunidan kechiktirmasdan talabgorning tegishli elektron pochta manziliga xabar yuboradi.
13. Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlarni qabul qilish tanlov eʼlon qilingan kunning yigirmanchi kuni soat 18.00 dan keyin toʻxtatiladi. Agar oxirgi kun dam olish va bayram kuniga toʻgʻri kelsa, dam olish kunidan keyingi birinchi ish kuni soat 18.00 da toʻxtatiladi.
3-bob. Urugʻlik sholi yetishtiruvchi talabgorlar oʻrtasida tanlov oʻtkazish
14. Tuman ishchi guruhi urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlar oʻrtasida hujjatlarni qabul qilish yakunlangan kundan boshlab oʻn ish kun davomida tanlov oʻtkazadi.
Tuman ishchi guruhi aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda kvorum shakllanadi hamda tanlov oʻtkazish uchun asos boʻladi.
15. Tanlovda urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlarning imkoniyatlari oʻrganiladi va ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq reyting ballar shkalasiga asosan baholanadi.
16. Tuman ishchi guruhiga taqdim etilgan maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaganda yoki maʼlumotlarni soxtalashtirish holatlari aniqlanganda urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotning tanlovda qatnashish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilmaydi.
17. Tanlovda urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotning koʻrsatkichlari va imkoniyatlari baholanadi hamda toʻplangan ballar yigʻindisi hisoblab chiqariladi.
18. Tanlovda ishtirok etgan urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlarning ekin maydoni koʻrsatilgan holda ularning toʻplagan bali boʻyicha eng yuqori balldan boshlab eng past ballgacha talabgorlar roʻyxati shakllantiriladi.
Eng yuqori ball toʻplagan urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlardan boshlab tumanda urugʻlik uchun ekiladigan sholi maydoni qamrab olingungacha boʻlgan urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlar tanlov gʻolibi deb topiladi.
19. Tanlov yakuni boʻyicha mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha ikki nusxada bayonnoma tuziladi va tuman ishchi guruhi aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda tuman (Quvasoy shahar) hokimligiga taqdim etiladi.
20. Tuman (Quvasoy shahar) hokimligi tuman ishchi guruhi bayonnomasini tasdiqlaydi, tanlov natijalari boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi va tanlov gʻoliblarini uch ish kunida mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoki tuman hokimligining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
21. Tuman (Quvasoy shahri) hokimining qarori va tuzilgan bayonnoma nusxasi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligiga va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) hududiy boshqarmalariga hamda urugʻlik sholi yetishtirish huquqini olgan tashkilotlarga yuboriladi.
Urugʻlik sholi yetishtirish huquqini beruvchi hujjatning amal qilish muddati bir yil etib belgilanadi.
4-bob. Urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun tanlov oʻtkazish boʻyicha hujjatlarni yuritish
22. Urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun talabgorlarni tanlash va tanlov oʻtkazish boʻyicha hujjatlar tuman ishchi guruhi kotibi tomonidan yuritiladi.
23. Tuman ishchi guruhi urugʻlik sholi yetishtiruvchi tashkilotlar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan barcha hujjatlarni alohida yigʻma jildlarga tikilgan holda tanlov yakunlangandan keyin oʻn ish kunidan kechiktirmasdan Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boshqarmalariga topshiradi.
Har bir yigʻma jildda quyidagi hujjatlar tikiladi:
tuman ishchi guruhi tarkibi haqidagi maʼlumotning tasdiqlangan nusxasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalarining tuman hokimliklari bilan kelishilgan holda tanlovga hujjat qabul qilish va tanlovni oʻtkazish muddatlari, tanlov oʻtkaziladigan joyni belgilash toʻgʻrisidagi hujjatlari nusxasi;
tuman ishchi guruhining tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonlari nusxasi;
tanlovda ishtirok etuvchi talabgorlarni roʻyxatga olish uchun tikilgan hamda betlar soni koʻrsatilgan maxsus daftar;
tanlovga talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar;
har bir ishchi guruh aʼzosi tomonidan toʻldirilgan tanlov varaqasi;
tanlov yakuni boʻyicha qoʻyilgan ballar hisob-kitobi;
oʻtkazilgan tanlov yakuni boʻyicha tuman ishchi guruhining bayonnomasi nusxasi, tuman (Quvasoy shahri) hokimining tegishli qarori nusxasi;
Yigʻma jildga reyting ballarini berish uchun asos boʻlgan barcha hujjatlar tikilishi shart.
24. Tuman ishchi guruhining faoliyatiga doir hujjatlarning toʻliq yuritilishi, saqlanishi va belgilangan muddatda Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalariga saqlash uchun topshirilishiga tuman ishchi guruhi rahbari va kotibi shaxsan masʼul etib belgilanadi.
25. Markaz urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar haqidagi maʼlumotlarni umumlashtiradi va ularning reyestrini shakllantiradi, yagona elektron bazaga kiritadi.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda:
(26-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
urugʻlik sholi seleksiya navi va avlodlari boʻyicha alohida ekilishini, vegitatsiya davrida sugʻorish, oʻgʻitlash, begona oʻtlardan tozalash kabi agrotexnik tadbirlarning oʻtkazilishi monitoringini olib borishni;
urugʻlikka ekilgan sholi navdorlik sifat koʻrsatkichlarini aniqlash boʻyicha dala aprobatsiya koʻrigidan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
5-bob. Urugʻlik sholi yetishtiruvchilarning vazifalari
27. Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirishning quyidagi tartib-qoidalariga rioya qilinadi:
nav mualliflari va nav originatorlari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda sifatli qilib oʻtkazishni taʼminlash;
urugʻlik sholi yetishtirishda texnika bilan ishlov berishga qulay konturlarni tanlash, yer unumdorligi yuqori boʻlgan, suv bilan yaxshi taʼminlangan dalalarga joylashtirish;
almashib ekish tizimini joriy etish;
rayonlashtirilgan, serhosil, nav tozaligi yuqori boʻlgan sholi navlari yuqori avlodlaridan urugʻlik sholi yetishtirish;
urugʻlik sholi maydonlarida nav tozaligi boʻyicha nav tozalash ishlarini olib borish va dala aprobatsiya koʻrigini oʻtkazishni tashkil etish;
urugʻlik sholini oʻrib-yigʻib olish talablariga amal qilish.
Mazkur talablarga amal qilmagan tashkilotlarning urugʻlik sholi yetishtirish huquqi bekor qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Sholichilikka ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot tashkiloti, ularning filiallari hamda ilmiy-tajriba stansiyalari sholining yangi, istiqbolli va respublika hududida ekishga tavsiya etilgan (rayonlashtirilgan) navlarining birlamchi urugʻlarini tanlovda ishtirok etmasdan yetishtirish huquqiga ega.
29. Tanlov ishtirokchilari tanlov natijalaridan norozi boʻlgan hollarda belgilangan tartibda sudga yoki yuqori turuvchi organlarga murojaat qilishga haqli.
30. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun tanlov oʻtkazish boʻyicha tuman ishchi guruhining namunaviy
TARKIBI
Lavozimi boʻyicha
—
tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari
Lavozimi boʻyicha
—
tuman qishloq xoʻjaligi boʻlim boshligʻi, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari
Lavozimi boʻyicha
—
tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi
Lavozimi boʻyicha
—
tuman statistika boʻlimi boshligʻi
Lavozimi boʻyicha
—
tuman irrigatsiya boʻlimi boshligʻi
Lavozimi boʻyicha
—
viloyat urugʻchilikni rivojlantirish markazi mutaxassisi
Lavozimi boʻyicha
—
tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari, ishchi guruh kotibi
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Superelita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlar oʻrtasida tanlov oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Tuman ishchi guruhi
(Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi)
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish boʻyicha tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida mahalliy ommaviy axborot vositalarida, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi yoki tuman hokimligining rasmiy veb saytida eʼlon qiladi.
Urugʻlik sholi yetishtirish uchun har yili 20-fevralga qadar
2-bosqich
Talabgor
(Urugʻlik sholi yetishtirish istagida boʻlgan fermer xoʻjaliklari, sholichilik klasterlari va boshqa tashkilotlar)
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish boʻyicha tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimiga (tuman ishchi guruhiga) ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni topshirish.
Tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab 20 ish kunida
3-bosqich
Tuman ishchi guruhi
(Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi)
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtiruvchi subyektlar oʻrtasida tanlov oʻtkazish.
Hujjat qabul qilish yakunlangandan keyin 10 ish kunida
4-bosqich
Tuman ishchi guruhi
(Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi)
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish boʻyicha oʻtkazilgan tanlovning yakuniy natijalari boʻyicha komissiya xulosasini tuman hokimligiga taqdim etish.
Tanlov oʻtkazilgandan soʻng 5 ish kunda
5-bosqich
Tuman hokimligi
Urugʻlik sholi yetishtirish boʻyicha oʻtkazilgan tanlovning yakuniy natijalari boʻyicha taqdim etilgan tuman ishchi guruhining xulosasi asosida tuman hokimining tegishli qarorini qabul qilish va tanlov gʻoliblarini eʼlon qilish.
Hujjatlar taqdim etilgandan keyin 3 ish kunida
6-bosqich
Tuman ishchi guruhi
(Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi)
Tanlov yakunlari boʻyicha qabul qilingan tuman hokimining qarori nusxasini, tuman ishchi guruhining bayonnomasini viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmalariga va urugʻchilikni rivojlantirish markaziga taqdim etish.
Tanlov yakuni eʼlon qilingandan keyin 5 ishkunida
7-bosqich
Viloyat urugʻchilikni rivojlantirish markazining hududiy boshqarmalari
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish boʻyicha oʻtkazilgan tanlov yakunlari boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlarni umumlashtirish, reyestrini shakllantirish va Qishloq xoʻjaligi vazirligiga axborot taqdim etish.
Hujjatlar taqdim etilgandan soʻng 10 kun muddatda
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Urugʻlik sholi yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun tanlov oʻtkazishda fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining imkoniyatlarini baholaydigan
Talabgorning qishloq xoʻjaligi sohasidagi ish staji
15 yil va undan yuqori
10 ball
Mehnat daftarchasi
10 yildan 15 yilgacha
8 ball
5 yildan 10 yilgacha
6 ball
3 yildan 5 yilgacha
4 ball
1 yildan 3 yilgacha
2 ball
5.
Talabgorning qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlanganligi
Lazer yer takislagich uskunasi
8 ball
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining tuman boʻlimi maʼlumotnomasi
Sholi oʻrish kombayni
7 ball
Haydov traktori
6 ball
Sholi ekish seyalkasi
5 ball
Yer tekislagich — greyder, chizel (mola, borona komplektda)
4 ball
6.
Soʻnggi 3 yildagi sholi hosildorligining oʻrtacha koʻrsatkichi
70 sentner va undan yuqori
10 ball
Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi maʼlumotnomasi
50 sentnerdan 70 sentnergacha
5 ball
49 sentner va undan kam
2 ball
Izoh. Fermer xoʻjaligi yoki boshqa qishloq xoʻjaligi subyektining imkoniyatlarini baholashda har bir yoʻnalish uchun eng yuqori ball 10 balldan oshmagan holda belgilanadi.
Superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
___________________ viloyati ____________ tumanida superelita, elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik sholi yetishtirish uchun urugʻchilik xoʻjaliklarini tanlash boʻyicha ishchi guruhning _________-sonli yigʻilishi bayoni
________ viloyati ________ tumani
20__ yil “___”_______
Raislik qildi:
___________________________________
___________________________________
Qatnashdilar:
___________________________________
___________________________________
___________________________________
___________________________________
Kun tartibi
_________________urugʻchilik xoʻjaliklari oʻrtasida oʻtkazilgan tanlov yakunlari toʻgʻrisida. Kun tartibidagi masala yuzasidan ishchi guruh raisi__________________________________________________ _________________________________________________________________________________________________________________________________ axboroti eshitildi.
Kun tartibidagi masalani muhokama qilib komissiya
QAROR QILADI:
___________________________urugʻchilik xoʻjaliklari oʻrtasida oʻtkazilgan tanlov yakunlari quyidagicha tasdiqlansin.
T/r
Tanlov gʻolibining nomi
Maydoni, gektar
Toʻplagan ball
1.
2.
3.
Ishchi guruh raisi:
_______________
______________
(F.I.O)
(imzo)
Ishchi guruh aʼzolari:
_______________
_______________
(F.I.O)
(imzo)
_______________
_______________
(F.I.O)
(imzo)
_______________
_______________
(F.I.O)
(imzo)
Ishchi guruh kotibi:
_______________
_______________
(F.I.O)
(imzo)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2021-y., 09/21/381/0575-son; 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)