toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 23.03.2006

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy

banki Boshqaruvi tomonidan

“TASDIQLANGAN”

1998-yil 27-iyul, 413-son

AVTOMATLAShTIRILGAN BANK TEXNOLOGIYASI TIZIMIDAGI AXBOROTNI MUHOFAZA QILISh VA UShBU QOIDALARNING BAJARILIShIDA HISOB-KITOB KASSA MARKAZLARIDAGI MANSABDOR ShAXSLARNING JAVOBGARLIGI TOʻGʻRISIDAGI
nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 30-oktabrda 516-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2006-yil 17-yanvardagi 1/8-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari elektron tizimlarida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisida Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat № 1552, 2006-yil 13-mart) muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-yanvar 15-son “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining takliflari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan boʻlib, u Hisob-kitob kassa markazlarining balanslarida aks ettirilgan hamda Hisob-kitob kassa markazlarining elektron toʻlovlar tizimi orqali oʻtkazilgan toʻlov hujjatlaridagi maʼlumotlarni muhofaza qilish maqsadida joriy etilmoqda.
1. Bank amaliyot kuni natijalariga shaxsiy elektron hisoblash mashinalarida ishlov berilishini tashkil etish
1.1. Barcha Hisob-kitob kassa markazlarida amaliyot kuni natijalariga ishlov berish maqsadida barcha texnologik jarayonlarni Bank amaliyot kuni (BAK) dasturlari talablariga asosan bajaruvchi hamda memorial ordyerlarni yozuvga chiqarilishini oʻz ichiga olgan bank amaliyoti kuni tarmoq dasturi qoʻllanilib, u Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilib, amalga kiritilgan meʼyoriy hujjatlar talablariga javob berishi lozim.
1.2. Har bir masʼul ijrochi, boʻlim boshliqlari, bosh buxgalter oʻrinbosarlarining xonalariga oʻrnatilgan ishchi stansiyalari ularga kirish uchun — nomli parollarga ega boʻlishi va shu bilan birga global tarmoqqa ulanib ishlash vakolatiga ega boʻlgan xodimlarning ishchi stansiyalari mazkur tarmoqqa ulanishga ruxsat beruvchi dasturli — apparatli vositalar bilan jihozlanishi lozim.
1.3. Hisob-kitob kassa markazi (HKKM)ning bosh serveri HKKM ichki vakillik hisobvaragʻi qoldigʻi bilan hamda elektron toʻlov hujjatlari bilan toʻgʻri taqqoslanganligini koʻrsatuvchi fayllarni belgilangan tartibda dasturiy yoʻl bilan shakllantirishi lozim.
1.4. Bank amaliyot kuni butun kompleksini yil boshidan eʼtiboran oʻsib boruvchi yakunlar bilan har kuni dasturiy yoʻl bilan arxivlashtirishni tashkil qilish lozim, Arxivni saqlash muddati 10 yil.
1.5. HKKMlar tomonidan kamida ikkita qoʻshimcha arxiv saqlash punktlari tashkil etilishi va u yerda arxivlarning nusxalari saqlanishi lozim.
2. Bank amaliyot kunini tashkil etish hamda elektron toʻlovlar tizimi orqali banklararo hisob-kitoblarni amalga oshirish
2.1. Har bir HKKM undagi amaliyot kunini tashkil etish hamda elektron toʻlovlar tizimi orqali banklararo hisob-kitoblar amalga oshirish boʻyicha 1 va 2-ilovalarga muvofiq tuzilma tashkil etishi shart.
2.2. HKKMning rahbarlari, bosh buxgaltyerlari bank balansida va elektron toʻlovlar tizimi orqali oʻtkazilgan toʻlov hujjatlarida aks ettirilgan maʼlumotlarning qonuniyligi va but saqlanishi uchun, shuningdek maʼlumotlarning toʻgʻri arxivlashtirilishi uchun shaxsan javob beradilar.
2.3. Barcha kirim-chiqim ordyerlari alohida xonada joylashgan va lokal tarmoqqa ulangan printerda qogʻozga tushirilishi va belgilangan tartibda imzolar bilan rasmiylashtirilishi lozim.
2.4. HKKMning rahbarlari pul va tovar boyliklariga bevosita xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bilan amaldagi mehnat shartnomasiga muvofiq toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida yozma shartnoma tuzishlari lozim.
2.5. Agar yoʻl qoʻyilgan tartibbuzarliklar natijasida tijorat banki mijozlarga, Markaziy bankka, soliq organlariga jarima toʻlab zarar koʻrgan boʻlsa, aybdor shaxslar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda koʻzda tutilgan hajm va tartibda moddiy javobgarlikka tortiladi.
Agar xodim elektron toʻlovlar tizimi orqali mijozlarning hisobvaraqlardan yoki bankning ichki hisob varaqlaridan mablagʻlarni hisobdan chiqarmasdan elektron toʻlovlar hujjatlari fayllarini joʻnatganligi natijasida HKKMga zarar yetkazgan boʻlsa, zarar mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda undirib olinadi.
Ichki audit xodimi har kuni, bank amaliyot kuni tugab, buxgalteriya hujjatlari hisoblab chiqilib, ular kunlik aylanmalarning jamlama maʼlumotlari bilan solishtirilganidan keyin har bir hujjatni shaxsiy hisobvaraqlar bilan taqqoslab, haqiqatan ham mablagʻlar toʻlovchining hisobvaragʻidan chiqarilganini tekshiradi hamda birma-bir tekshiruv oʻtkazganini kundalik hujjatlar muqovasiga imzo chekish yoʻli bilan tasdiqlaydi. Mablagʻlarning hisobvaraqlardan notoʻgʻri chiqarilgani aniqlansa, bu haqda bank rahbariga yozma ravishda xabar beradi. Rahbar tafsilotlarni aniqlaganidan keyin aybdorlarga nisbatan yuqorida aytilgan choralarini qoʻllaydi. Takqoslash nihoyasiga yetkazilgach, ichki audit xodimi bankning kundalik hujjatlarini joriy arxivga topshirib, bu haqda maxsus daftarga imzo chektirib oladi. Shundan keyin mazkur daftarni har kuni boshqaruvchiga olib boradi, shu maqsadda ochilgan uning daftariga hujjatlar birma-bir tekshiriladi va arxivga topshirilgani toʻgʻrisida imzo chekadi.
2.6. Barcha kiruvchi va chiquvchi toʻlov hujjatlari har kuni HKKM tomonidan daxl etishga berilmaydigan koʻrinishida dasturiy arxivlanadi. Arxivning saqlanish muddati 10 yil.
2.7. 1-ilovada koʻrsatib oʻtilgan, HKKM tomonidan ochishga ruxsat etilmagan arxivlarni yigʻish uchun moʻljallangan arxivator (arxivator — axborotni bir marotaba yozish va koʻp marotaba oʻqish uchun moʻljallangan qurilma) kaliti Markaziy bankning Xavfsizlik va axborotni muhofaza qilish Departamenti xodimlarida saqlanadi.
HKKM tomonidan daxl etishga berilmaydigan arxiv dasturiy ravishda arxivatorga koʻchirilishi (nusxalanishi) va bunda arxivning qogʻozdagi yozuvi chiqarilishi shart. Yozma shaklda chiqarilgan arxivda uni chiqarilgan vaqti, sanasi, axborotning hajmi, yozuvning oxirida arxivlashtirgan shaxsning familiyasini, ismi-sharifini, imzosini hamda tashqi saqlovchi qurilmaning nomini oʻz ichiga olgan boʻlishi shart. Yozuvga chiqarilgan maʼlumot seyfda saqlanishi lozim.
2.8. HKKMda elektron arxiv maʼlumotlarini toʻgʻri yigʻish va saqlash uchun javobgar shaxslar bank buyrugʻi orqali tayinlanadi (BAK arxivlarini yigʻish va HKKM tomonidan daxl etishga berilmaydigan arxivni yigʻish uchun javobgarlar), bunda bosh buxgalter doimiy ravishda arxivlarni toʻgʻri yigʻilishini nazorat qilib boradi.
2.9. Markaziy bank Xavfsizlik va axborotni muhofaza qilish Departamenti xodimlari HKKMdagi rejali tekshiruvlarini amalga oshirish vaqtida, Bank amaliyot kuni kompleksining arxivlari va shifrlangan toʻlov fayllarini ochmasdan (rasshifrovka qilmay), ularni tanlov asosida nomi va sanasi boʻyicha tekshirib koʻrib, qogʻozga tushirilgan maʼlumotlar bilan solishtiradilar.
Zarur hollarda, avtomatlashtirilgan bank texnologiyasi tizimida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va qoidabuzarliklarning sababini aniqlash uchun komissiya tuziladi va HKKM tomonidan daxl etilishi ruxsat berilmagan arxivlar batafsil tekshirib chiqiladi.
Komissiya tarkibiga: Markaziy bankning vakolatli vakillari, HKKM rahbari, bosh buxgalteri, arxivlar uchun javobgar shaxs va tarmoq administratori kiritilishi shart.
2.10. Barcha elektron toʻlovlar joʻnatilish vaqtida elektron imzo bilan tasdiqlangan va shifratsiya bilan himoyalangan boʻlishi shart. HKKM tomonidan Hisob-kitoblar markaziga uzatish uchun tayyorlangan elektron toʻlov hujjatlari, bosh buxgalter tomondan ularning toʻliqligi va toʻgʻri tuzilganliga tekshirib chiqiladi. Elektron hujjatlar, bosh buxgalter tomonidan asl nusxalari bilan solishtirib, tekshirib chiqilganidan keyin (bosh buxgalter boʻlmagan vaqtida HKKM buyrugʻi bilan elektron imzo qoʻyish uchun bosh buxgalter oʻrinbosari tayinlanadi) elektron imzo bilan tasdiqlanadi (imzo elektron kartochkada yoki disketada boʻlishi mumkin).
2.11. Axborot avtomatik tarzda Bank amaliyot kunida shifratsiya jarayonidan oʻtish va Axborotlashtirish bosh markaziga, viloyatlarda Hududiy axborotlashtirish markaziga yuborilishi lozim. Elektron kartochkasidagi yoki disketadagi elektron imzo Bosh buxgalterda, uning muhrlanadigan seyfida saqlanishi lozim. Elektron imzoni boshqa xodimlarga berish qatʼiyan man qilinadi.
2.12. HKKMning masʼul xodimlari tomonidan elektron imzo bilan ishlash texnologiyasi tartibi buzilgan hollarda, aybdor shaxslar joriy qonunlar asosida javobgarlikka tortiladilar.
2.13. HKKM bilan viloyat axborotlashtirish markazlari orasidagi aloqa tarmoqlari buzilganda elektron axborotlar disketalar yordamida uzatilishi va qabul qilinishi mumkin.
2.14. Disketalar yordamida elektron axborotlarni uzatish, boshqa ruxsat etilgan usullardan foydalanish imkoniyati boʻlmagan favqulodda hollarda qoʻllanilib, u quyida keltirilgan tartibda amalga oshiriladi:
a) Hududiy axborotlashtirish markaziy yoki Bosh axborotlashtirish markazi bilan elektron axborotlarni disketalar yordamidagi almashuvini amalga oshirish uchun, almashuv tashabbuskori tomonidan axborotni qabul qiluvchi tashkilot boshligʻi nomiga xat yuboriladi. Xatga tashabbuskor rahbarning imzosi qoʻyilgan boʻlib, unda sanani, elektron axborotlarni disketa orqali oʻtkazilishining sababini, axborotni disketa orqali uzatuvchi yoki qabul qiluvchi xodimning familiyasini va lavozimini, disketa toʻgʻri tayyorlanganligining tasdigʻi olinganligini koʻrsatish lozim.
HKKMning hisoblash markaziga uzatish uchun tayyorlagan axboroti, uning bosh buxgalteri tomonidan tekshiriladi va mashina yozuviga chiqariladi.
b) Elektron axborotlarni disketa orqali uzatishga tayyorlashda, kamida ikkita disketa — asosiy va qoʻshimcha disketalar tayyorlanishi zarur va quyidagilarga rioya qilish lozim:
disketani MS DOS formatida formatlashtirish;
uzatishga moʻljallangan fayllarning nomi 8,3 formatda (8 bayt — fayl nomining uzunligi Z bayt — fayl kengaytmasining uzunligi) boʻlishi kerak;
axborot disketaga standart koʻchirish dasturlari orqali koʻchiriladi (MS DOS operatsion sistemasidagi SORY buyrugʻi, Norton Commander vositalari, Windows vositalari);
disketada uzatishga moʻljallanmagan axborotlar boʻlmasligi lozim;
disketadagi axborot viruslarning yoʻqligiga tekshirilgan boʻlishi zarur;
har bir disketaga ikkitadan maʼlumotnoma ilova qilinishi kerak boʻlib, ularda: disketaning taqqoslash raqami, yaʼni muvofiq disketaga qoʻyilgan raqam bilan mos tushadigan raqam, uzatishga moʻljallangan barcha fayllarning nomi, hajmi, fayllar yaratilgan sana va vaqti, maʼlumotnomaning olingan vaqti va kunini, ijro etuvchining, yaʼni maʼlumotnoma olgan xodimning familiyasi va lavozimi koʻrsatilgan boʻlishi kerak (maʼlumotning shakli 3-ilovada keltirilgan);
maʼlumotnomalarga javobgar shaxs va ijro etuvchi tomonidan imzo chekilgan boʻlishi kerak.
v) HKKM tomonidan Hududiy axborotlashtirish markaziga (Axborotlashtirish Bosh Markaziga) axborotni disketada yetkazuvchi sifatida bosh muxosib, bosh muxosib yordamchisi yoki vakolatli boshqa xodim boʻlishi mumkin.
g) Axborotni disketada qabul qilib oluvchi Hududiy axborotlashtirish markazi (Axborotlashtirish Bosh Markazi) xodimi quyidagilarni bajarishi zarur:
xatning mavjudligini va uning toʻgʻri tuzilganligini tekshirishi;
maʼlumotnomalarning mavjudligini va ularda zarur boʻlgan rekvizitlarning qayd qilinganligini tekshirishi;
disketani virus yoʻqligiga tekshirish;
disketadan oʻz programmasi orqali ikki nusxa maʼlumotnoma olish;
oʻzi olgan maʼlumotnomalarni disketa bilan birga keltirilgan maʼlumotnomalarga solishtirib koʻrishi lozim.
Maʼlumotnomalar bir-biriga mos kelishi zarur.
Yuqorida keltirilgan shartlar toʻliq bajarilmasa disketadagi axborot qabul qilinmaydi.
d) Barcha shartlarga rioya qilingandagina Hududiy axborotlashtirish markazi (Axborotlashtirish Bosh Markazi)ning axborotni disketada qabul qilib oluvchi xodimi quyidagilarni bajaradi:
disketadan axborotni kompyuterga oʻtkazadi;
toʻrtta maʼlumotnomaga imzo qoʻyadi;
disketa bilan birga taqdim etilgan maʼlumotnomalarning birini va qabul qilish vaqtida olingan maʼlumotnomaning bir nusxasini disketa bilan qoʻshib qaytarib beradi;
disketa orqali qabul qilib olingan maʼlumotni belgilangan tartibda joʻnatadi;
disketa bilan keltirilgan maʼlumotnomalarning va qabul qilish vaqtida olingan maʼlumotnomalarning ikkinchi nusxalarini kundalik hujjatlarga tikib qoʻyadi;
favquloddagi holatlar daftariga, axborotning disketa orqali qabul qilinganligini yozib qoʻyadi. Shu bilan birga daftarga axborotning qabul qilingan sanasi, vaqti, qabul qilingan fayllarning nomi va hajmi, axborot uzatuvchining rekvizitlari kiritib boriladi. Disketa orqali axborotni qabul qilgan xodim daftarga oʻz imzosini qoʻyadi;
disketa orqali qabul qilingan axborotlarni belgilangan joyga toʻgʻri uzatilishini nazorat qilib boradi.
e) Axborotni disketada qabul qilib oluvchi Hududiy axborotlashtirish Markazi (Axborotlashtirish Bosh Markazi) xodimi, oʻrnatilgan qoidalarga asosan qabul qilingan axborot mazmunining xatoligiga javobgar emas.
j) Hududiy axborotlashtirish Markazi (Axborotlashtirish Bosh Markazi)ning axborotni disketalar orqali uzatuvchi xodimi, uzatish qoidalarining barchasiga rioya qilgani holda, disketaning holatiga va vujudga kelgan yaroqsiz joylariga javobgar boʻlmaydi.
3. HKKMda elektron toʻlov tizimi orqali oʻtadigan toʻlov hujjatlari va bank balansida aks etgan axborotni himoyalashning tashkil qilinishi ustidan nazorat qilish
3.1. Markaziy bank hududiy bosh boshqarmalarining vakolatli buxgalteriya xodimlari har oyda bir marotaba HKKM tomonidan mazkur Nizom talablarining bajarilishi ustidan tekshiruv oʻtkazishadi.
Tekshirishlar natijasi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilib, unda keltirilgan qoidabuzarlik va kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilgan holda Bosh banklarga yuboriladi.
3.2. Mazkur Nizom talablarining bajarilishi yuzasidan tekshiruv Markaziy bankning ichki audit departamenti tomonidan kamida bir yilda bir marotaba olib boriladi.
3.3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Xavfsizlik va axborotlarni muhofaza qilish departamenti tomonidan muvofiqlashtirilgan reja-jadvallari asosida, HKKMlarda mazkur Nizom talablarini bajarilishi ustidan tekshiruvlar oʻtkaziladi.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari S.B. RAHIMOV
1-ILOVA
Bank amaliyot kunini tashkil etish hamda elektron toʻlovlar tizimi orqali banklararo hisob-kitoblar qilish boʻyicha Hisob-kitob kassa Markazining
FUNKSIONAL STRUKTURASI
2-ILOVA
Bankning bevosita kundalik balansidan axborot va iqtisodiy maʼlumotlar uzatilishini tashkil etish boʻyicha Hisob-kitob kassa markazining
STRUKTURASI
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish Bosh Markaziga (Hududiy Axborotlashtirish Markaziga) Hisob-kitob kassa markazidan disketada taqdim etiluvchi fayllar roʻyxati haqida
MAʼLUMOT

Faylning
‎nomi‎

Faylning
‎hajmi‎

Yaratilish
‎vaqti‎

Yaratilish
‎sanasi‎

‎‎
‎‎

Disketaning belgisi:_______________________‎‎

___________________________________‎‎

‎‎(vaqti, sanasi)