toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi Vasiylik kengashining:
Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazini tugatish;
Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi negizida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi (keyingi oʻrinlarda — Respublika markazi) va uning hududiy boʻlimlarini tashkil etish;
Mavjud 197 ta Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlarini optimallashtirish hisobiga 29 ta Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlar (keyingi oʻrinlarda — markazlar), shu jumladan, 1 ta Respublika markazi, 14 ta hududiy markazlar va 14 ta namunali tumanlararo markazlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Markazlar boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlarining cheklangan soni 94 nafar, shu jumladan, markaziy apparatda 7 nafar etib belgilansin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi PF-146-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2026-y., 06/26/146/0811-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, hududiy markazlarda buxgalteriya xizmatlari mavjud shtat birliklari saqlab qolingan holda tugatiladi va mazkur markazlarga moliya-buxgalteriya xizmatlari Respublika markazida markazlashtirilgan tartibda koʻrsatiladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Markazlar faoliyatiga, zarur hollarda, tor doiradagi mutaxassislar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Respublika markazi va hududiy markazlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna va bank hisobvaraqlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhriga ega boʻladi;
markazlar oʻz faoliyatini anonimlik, axborotning maxfiyligi, kasbiy mahorat va xavfsizlik tamoyillari asosida amalga oshiradi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oʻz faoliyatini markazlar bilan ularning faoliyatiga aralashmagan holda yaqin hamkorlikda olib boradi;
markazlar oʻz faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida qonunchilik hujjatlariga muvofiq volontyorlarni (koʻngillilarni) jalb etishi mumkin.
4. Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam koʻrsatish;
ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar huquqlarining kafolatlarini taʼminlashga koʻmaklashish;
davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining xotin-qizlarning oʻz joniga qasd va suiqasd qilish holatlarini oʻrganish, bunday holatlarning oldini olish, shuningdek, oʻz joniga suiqasd qilgan xotin-qizlarni normal hayotga qaytarish boʻyicha faoliyatiga yaqindan koʻmaklashish;
“Ayollar daftari”ga kiritilgan psixologik va huquqiy maslahatga muhtoj xotin-qizlarni (tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar) har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularni “Ayollar daftari”dan chiqarish choralarini koʻrish;
nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishni va oʻz joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilish, umumlashtirish va ularga barham berish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki oʻz joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlar bilan profilaktik tadbirlarni oʻtkazish;
ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlarni kasb-hunarga yoʻnaltirishga koʻmaklashish;
dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash maqsadida jamoatchilik fikrini oʻrganish va ijtimoiy tadqiqotlarni tashkil etish;
zoʻravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, ushbu maqsadlarda ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlaridan keng foydalanish.
5. Belgilansinki, markazlarga quyidagilar joylashtiriladi:
zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari;
oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlar.
6. Markazlar:
hududiy ichki ishlar hamda tibbiyot boʻlinmalariga tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, shuningdek, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlar haqida zudlik bilan xabar beradi;
ichki ishlar organlariga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki oʻz joniga suiqasd qilgan yoxud oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlar hamda ularning farzandlari markazlarga kelib tushish sabablari, shuningdek, ularga koʻrsatilgan yordamlar toʻgʻrisidagi statistik-tahliliy maʼlumotlarni har oyning yakuni bilan kiritib boradi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Respublika markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
8. Quyidagilar markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. 2021-yil 1-iyundan eʼtiboran shunday tartib oʻrnatilsinki, unga binoan:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi:
(9-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
markazlarga metodik yordam koʻrsatadi va faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
zoʻravonlikning oldini olish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki oʻz joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi hamda ushbu yoʻnalishda ilgʻor xorijiy davlatlarning ijobiy tajribalarini joriy etish choralarini koʻradi;
b) Ichki ishlar vazirligi:
himoya orderi nusxasini olgan, yaʼni tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshiradi;
markazlarga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yoʻqotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish choralarini koʻradi;
v) Xalq taʼlimi vazirligi:
oʻz joniga qasd qilishga moyil qizlar, shuningdek, ruhiyatida oʻzgarish kuzatilgan oʻquvchi qizlar roʻyxatini shakllantirish, ularga tibbiy va psixologik koʻmak koʻrsatish boʻyicha manzilli ishlarni tashkil etadi;
markazlarga joylashtirilgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlarini eng yaqin hududdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga vaqtincha joylashtirish choralarini koʻradi;
g) Sogʻliqni saqlash vazirligi markazlarga keltirilgan xotin-qizlar va ularning farzandlariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, ularni koʻrikdan oʻtkazish hamda jabrlanganlarni oʻzining tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida bepul davolash choralarini koʻradi;
d) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan ish qidirayotgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, kasbga yoʻnaltirish choralarini koʻradi.
xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, kasbga yoʻnaltirish bilan bogʻliq xarajatlar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
e) “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti zoʻravonlikning kelib chiqish omillari va sabablarini chuqur oʻrganadi, oilalarda sogʻlom muhitni shakllantirish, xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, zoʻravonlikka uchragan yoki oʻz joniga suiqasd qilgan yoxud oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqadi;
j) “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishni va oʻz joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash boʻyicha soʻrovlar oʻtkazadi, tahlil qiladi, umumlashtiradi va ularga barham berish boʻyicha takliflar kiritadi;
z) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
tazyiq va zoʻravonlikka uchragan hamda fuqarolar yigʻinlariga murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilaydi hamda markazlar va ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar beradi;
mahalla hududida tazyiq va zoʻravonlik qilgan yoki qilishga moyilligi boʻlgan shaxslarni aniqlash va ular bilan olib boriladigan profilaktika ishlarida faol ishtirok etadi.
10. Bosh prokuratura, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan xotin-qizlarni turmushga tayyorlash, ularda farzand tarbiyasiga oid koʻnikmalarni mukammal shakllantirish, ularni turli tazyiq, zoʻravonlikdan himoya qilish, oilalarda suitsid va ajrimlarning oldini olish, xotin-qizlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, bandligini taʼminlash, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, tadbirkorlikka jalb etish maqsadida “AZIZ-AYOL.UZ” yagona interaktiv milliy platformasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga mazkur platformaning uzluksiz ishlashini taʼminlash va uni takomillashtirish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarni jalb qilib borish vazifasi yuklatilsin.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)
11. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi:
a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlar bilan oʻzaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam koʻrsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun moʻljallangan, 24 soat uzluksiz ishlaydigan “ishonch telefoni”ni (respublika doirasida yagona qisqa raqam) oʻrnatilgan tartibda yoʻlga qoʻysin va uning faoliyatidan aholini ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borsin;
“AZIZ-AYOL.UZ” yagona interaktiv milliy platformasiga “ishonch telefoni” raqamining kiritilishini va uning 24 soat uzluksiz ishlashini taʼminlasin;
b) Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga markazlar xodimlari hamda jabrlanganlarning xavfsizligini taʼminlash, markazlar binolarini qoʻriqlash choralarini koʻrish toʻgʻrisida asoslangan takliflar kiritsin.
12. Zoʻrlik hamda oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish, ushbu harakatlardan jabrlanganlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bir oy muddatda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
14. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev hamda mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri R.T. Mamatov belgilansin.
17. Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-may,
PQ-5116-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5116-son qaroriga
ILOVA
Zoʻrlik hamda oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish, ushbu harakatlardan jabrlanganlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

I. Normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish

1.

Qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat

2021-yil iyun

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

2.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2021-yil iyun

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi

3.

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki oʻz joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil boʻlgan shaxslar bilan ishlash tartibini tasdiqlash.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2021-yil avgust

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi

4.

Oʻz joniga qasd qilishning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Vazirlar Mahkamasi qarori

2021-yil iyul

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Yoshlar ishlari agentligi

5.

Markaz xodimlari hamda jabrlanganlarning xavfsizligini taʼminlash, Markaz binolarini qoʻriqlash choralarini koʻrish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2021-yil iyun

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

II. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyatini amaliy va uslubiy jihatdan taʼminlash

6.

1146 “ishonch telefoni”ga uchinchi shaxslarning, shu jumladan qoʻshnilar, kommunal xizmat xodimlari, tibbiyot muassasalari va dorixonalar xodimlari, maktab psixologlari hamda anonim shaxslar tomonidan oilaviy zoʻravonlik holatlari toʻgʻrisida xabar berish tartibini ishlab chiqish.

Maxsus yoʻriqnoma

2021-yil iyul

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

7.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish maqsadida oʻquv-seminarlar tashkil etish.

Amaliy chora-tadbirlar

Reja asosida

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, manfaatdor vazirlik va idoralar

8.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarining ichki ishlar organlari mahalla huquq-tartibot maskanlari profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjat

2021-yil iyul

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, Ichki ishlar vazirligi

9.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari mutaxassislari uchun “xavf-xatar guruhi”dagi xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish.

Metodik qoʻllanma

2021-yil iyul-avgust

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, manfaatdor vazirlik va idoralar

III. Jamiyatda zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirish

10.

“Biz zoʻravonlikka qarshimiz” gʻoyasini hayotga tatbiq etish maqsadida notinch va muammoli oilalarni oʻz vaqtida aniqlash, ulardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish.

Chora-tadbirlar rejasi

2021-yil avgust

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Yoshlar ishlari agentligi

11.

Oilaviy zoʻravonlikning oldini olish, ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish, shuningdek, vizual video-animatsion kliplar, qisqa metrajli filmlar va koʻrsatuvlar tayyorlash orqali zoʻravonlik qurbonlari uchun amaliy yordam olish boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish.

Amaliy chora-tadbirlar

Doimiy

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Bosh prokuratura, MTRK, EOAVMA, AOKA

12.

Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish.

Amaliy chora-tadbirlar

Doimiy

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, ommaviy axborot vositalari, manfaatdor vazirlik va idoralar

13.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasbga oʻqitish, bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida ularni hunarmandchilikka oʻrgatish boʻyicha oʻquv-kurslarini tashkil qilish.

Amaliy chora-tadbirlar

2021-yil davomida

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

14.

Nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishni va oʻz joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash boʻyicha soʻrovlar oʻtkazib borish.

Ijtimoiy soʻrovlar

Doimiy

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, ommaviy axborot vositalari

15.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari, “AZIZ-AYOL.UZ” yagona interaktiv milliy platformasi faoliyati hamda “ishonch telefoni”ni ommalashtirish maqsadida ular toʻgʻrisida maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Doimiy

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, ommaviy axborot vositalari

16.

Xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanish holatlarining oldini olish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida joylarda targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish.

Amaliy chora-tadbirlar

Reja asosida

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari, manfaatdor vazirlik va idoralar

17.

25-noyabr — Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan hududlarda “Biz zoʻravonlikka qarshimiz” mavzusi boʻyicha ijtimoiy videoroliklar tayyorlash va ommaviy axborot vositalari orqali aholi eʼtiboriga yetkazish.

Amaliy chora-tadbirlar

2021-yil noyabr

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, ommaviy axborot vositalari, manfaatdor vazirlik va idoralar

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2021-y., 07/21/5116/0471-son; 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son; 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son; 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son; 04.08.2026-y., 06/26/146/0811-son)