Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Respublika aholisini qishloq xoʻjaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish, mol soʻyish, sut va sut mahsulotlari tayyorlash va sotishni tashkil etishda veterinariya-sanitariya qoidalariga qatiy rioya qilinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbeksavdo”, “Oʻzgoʻshtsutsanoat”, “Oʻztayyorlovsavdo” uyushmalari va ularning boʻlinmalari, qayta ishlovchi korxonalar, fuqarolar yigʻini raislari:
fuqarolar va fermerlarning mollari sanitariya talablariga toʻliq javob beradigan va mol soʻyish uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan mol soʻyish korxonalari yoki sexlarida soʻyilishini tashkil etishni taʼminlasinlar;
goʻsht veterinariya-sanitariya ekspertizasi oʻtkazilgandan keyingina soʻyilgan mol tanasiga maxsus muhr bosilgan holda korxonalarga va boshqa tashkilotlarga berilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar;
xoʻjaliklarda sogʻilgan, fermerlar va fuqarolar tomonidan sogʻib olingan sutni sut zavodlarida yoki sut qabul qilish punktlarida majburiy termik ishlovdan oʻtkazsinlar;
sut savdo korxonalariga, maxsus isteʼmolchilarga va boshqa tashkilotlarga sifati toʻgʻrisida guvohnoma mavjud boʻlgan taqdirdagina yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi barcha ishlab turgan va yangidan tashkil etilayotgan qushxonalarning ishlashi hamda mollar sanitariya talablariga toʻliq javob beradigan qushxonalarda soʻyilishiga maxsus ruxsatnoma berilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsinlar.
1995-yil 20-oktabrdan boshlab barcha dehqon bozorlarida, shahar va qishloq doʻkonlarida majburiy tartibda veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtgan, soʻyilgan mol tanasiga maxsus muhr bosilgan goʻsht sotilishi taʼminlansin. Oldindan veterinariya koʻrigidan oʻtkazilmagan goʻsht sotilishi qatʼiyan taqiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi veterinariya-sanitariya qoidalarini buzishga yoʻl qoʻyayotgan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oʻz hududlarida joylashgan barcha goʻsht va sut doʻkonlari va doʻkonchalari nazoratdan oʻtkazilishini hamda goʻsht va sut mahsulotlari veterinariya-sanitariya talablariga javob beradigan joylardagina sotilishini tashkil etsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.