toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
So‘nggi yillarda respublikada turizm va sport sohalarini yanada rivojlantirish, aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, infratuzilmani yaxshilash, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash orqali turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan turizm, sport va madaniy meros sohalarini rivojlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik, shu jumladan xususiy sektorning ushbu yo‘nalishlardagi rolini oshirish bo‘yicha o‘z yechimini topmagan masalalar mavjud.
Turizm, sport va madaniy meros sohalarida zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribaga tayanib ushbu yo‘nalishlarda infratuzilmani jadal rivojlantirish, obyektlardan samarali foydalanish, aholiga yetarli shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi;
Oldingi tahrirga qarang.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tegishli hududiy bo‘linmalari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, shuningdek, Turizm va sport vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari tashkil etilsin.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
Turizm va sport vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Turizm va sport vazirligi turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Turizm va sport vazirligi o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli;
davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Turizm va sport vazirligining murojaatiga ko‘ra tegishli ma’lumotlarni o‘rnatilgan tartibda taqdim etadi;
turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Turizm va sport vazirligi bilan kelishiladi.
3. Turizm va sport vazirligining asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
a) turizm sohasida:
turizm obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
mamlakatning turizm salohiyatini tubdan oshirishga, turizm sohasida yagona davlat siyosati yuritilishiga yo‘naltirilgan turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish va amalga oshirish;
turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketing tadqiqotlari olib borishga, tarixiy-madaniy merosni keng targ‘ib qilishga, mamlakatimizning turizm qiyofasini saqlab qolish va rivojlantirishga, milliy turizm mahsulotlari va brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yo‘naltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;
ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan turizm infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb etish;
turizm turlarini diversifikatsiyalash, eng avvalo, ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, ta’lim va ilmiy turizmni hamda ularning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
turizm sohasida xizmatlarni litsenziyalash va sertifikatlashtirish hamda turizm xizmatlarining belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi bo‘yicha inspeksiya nazoratini amalga oshirish;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktorining 2023-yil 7-iyuldagi 05-1559-sonli “O‘z DSt 3220:2023 “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” O‘zbekiston Respublikasining davlat standartini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i.
turizm xizmatlarini tashkil etishda turistlarning xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlashga yo‘naltirilgan turizm xizmatlarini ko‘rsatish sifati va xavfsizligi standartlarini ishlab chiqish;
turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama ko‘maklashish, ushbu sohaga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish;
turizm obyektlarini joylashtirish uchun salohiyatli hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish ishlarini tashkil etish, ularga investorlarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
turizm faoliyati sohasida turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar hamda turizm sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xorijiy tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish;
turizm sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuqori darajada tashkil etish, tarmoq turizm fanlarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
b) jismoniy tarbiya va sport sohasida:
sport obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini ta’minlashga qaratilgan yagona siyosatni amalga oshirish;
vazirliklar va idoralarning jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublarining, sport federatsiyalarining (assotsiatsiyalari) faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublika maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, professional ta’lim hamda oliy ta’lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, instruktor va trenerlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish, ommaviy sport turlariga keng jalb qilish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish;
bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, bolalar sport ta’limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda sport obyektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish;
Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish), tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;
respublikadagi barcha vazirlik va idoralar (jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar) uchun sport normativlarini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha yagona siyosatni olib borish;
mamlakatimizda ommaviy va professional sportni, shu jumladan, sport o‘yinlari, ekstremal va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar ko‘rishni ta’minlash;
ommaviy va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanishni ta’minlash, sport asbob-uskunalari hamda inventarlarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda qatnashish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, ta’lim va sport-ta’lim muassasalarini yuqori malakali trenerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta’minlash;
xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro va davlatlararo aloqalarni kengaytirish hamda mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etish;
v) moddiy madaniy meros sohasida:
madaniy meros obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
davlat nazoratini amalga oshirish hamda moddiy madaniy meros obyektlarining, shu jumladan muzey ashyolari va kolleksiyalarining davlat hisobini yuritish, ularni muhofaza qilish, ilmiy tadqiq etish va ommalashtirish, shuningdek, ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, xususan, Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya talablari hamda YUNESKO va boshqa tegishli xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini samarali bajarish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, olimlar, ekspertlar hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik qilish;
alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va tarixiy mahallalarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolish;
chet ellarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasini yaratish va uni muntazam yangilab borishni tashkil qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2023-y., 06/23/114/0527-son)
5. Vazirlar Mahkamasi:
a) uch oy muddatda:
madaniy meros obyektlarining o‘ziga xos xususiyatini inobatga olib, ularga har qanday salbiy ta’sirlarni oldini olish, uzluksiz ravishda davlat va ilmiy-texnik nazorat olib borishni nazarda tutgan holda sohada davlat-xususiy sheriklikni joriy etish tartibini;
turizm, sport va madaniy meros obyektlari, shu jumladan ularning yer uchastkalari, binolari yoki qismlari va xonalarini davlat-xususiy sheriklik asosida berish yuzasidan xatlovdan o‘tkazilishini hamda uning natijalaridan kelib chiqib, ushbu obyektlarning ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda — ro‘yxat) tasdiqlanishini ta’minlasin;
b) ro‘yxatga kiritilgan har bir obyekt bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihasi va uning konsepsiyasi, bitimlari hamda tender hujjatlarini tayyorlasin.
Kengashga ro‘yxatga kiritilgan umumiy qiymati bir million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish asosida tender o‘tkazmasdan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzish yuzasidan ruxsat berish huquqi berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi negizida Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilsin.
Madaniyat vazirligining hududiy madaniyat boshqarmalari tuzilmalaridagi moddiy madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish bo‘limlari tugatilsin va ularning shtat birliklari tegishliligicha Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalariga o‘tkazilsin.
8. Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalar va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari va “Moziydan sado” jurnali mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan to‘liq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Madaniy meros agentligiga o‘tkazilsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki:
Madaniy meros agentligi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
2021-yilda va kelgusi yillarda Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologik ishlar xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lar Turizm va sport vazirligiga ajratiladi;
Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirish bo‘yicha Madaniy meros agentligi buyurtmachi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Turizm va sport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Kadastr agentligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar:
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
Turizm va sport vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, Madaniy meros jamg‘armasi, madaniy meros sohasiga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan maxsus elektron portalni yaratsin, ushbu portalga barcha sport va madaniy meros obyektlari haqidagi ma’lumotlarning (shu jumladan pasporti, davlat kadastri) joylashtirilishini va uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin;
barcha moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazsin hamda Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari davlat reyestri, elektron katalogini, pasporti va davlat kadastrini to‘liq shakllantirsin.
12. Transport vazirligining belgilangan shtat birliklari doirasida vazirning turizm sohasida transport logistikasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilsin.
13. Belgilansinki, transport vazirining turizm sohasida transport logistikasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi:
Kengashning taqdimnomasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi;
o‘z faoliyati davrida amalga oshirgan ishlari yuzasidan har oyda Kengashga hisobot berib boradi.
14. Belgilab qo‘yilsinki:
moddiy madaniy meros obyektining o‘zgartirilishi mumkin bo‘lmagan o‘ziga xos xususiyatlarini va uning tarixiy muhitini saqlab qolish maqsadida unga tutash hududdagi muhofaza tegralarida kapital qurilish ishlarini hamda ularga zarar yetkazish bilan bog‘liq faoliyatni;
ruxsatnoma olmasdan turib moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini konservatsiyalash, restavratsiya qilish, tuzatish, ta’mirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, shuningdek, ular bilan bog‘liq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
15. Turizm va sport vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) ikki oy muddatda moliyalashtirish manbalarini aniq ko‘rsatgan holda madaniy meros obyektlarini ularning muhofaza tegralari bo‘ylab o‘rab olish (to‘sib qo‘yish) va himoya qilish hamda qo‘riqlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) uch oy muddatda Bosh prokuratura bilan birgalikda madaniy meros obyektlarining qo‘riqlanadigan tegralarida noqonuniy qurilgan qurilmalar va bino-inshootlarni bartaraf etish, ularning yer maydonlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilasin;
v) 2022-yil 1-yanvarga qadar:
tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarini har birining joyiga borgan holda aniqlash, yangi obyekt bo‘yicha tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazish va ularni davlat muhofazasiga olishni ta’minlasin;
moddiy madaniy meros obyektlarining qo‘riqlanadigan tegralarini, shu jumladan muhofaza tegralari, imoratlar qurish va xo‘jalik faoliyatini tartibga solish tegralari, qo‘riqlanadigan tabiiy landshaft tegralarini belgilasin;
Oldingi tahrirga qarang.
(15-band “v” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) 2022-yil 1-aprelga qadar xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda madaniy meros, shu jumladan arxeologiya merosi obyektlari, madaniy boyliklarni olib kirish va olib chiqish, nomoddiy meros sohasiga oid qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar normalarini umumlashtirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi yagona qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoniga asosan “g” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari xodimlari sonini qisqartirish hisobiga Bosh prokuratura tuzilmasida 3 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Madaniy meros sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Bosh prokuratura hamda Turizm va sport vazirligining:
Bosh prokuraturaning Madaniy meros sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi negizida 7 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasini tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘yicha katta yordamchilari lavozimlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan Sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasiga qo‘shimcha shtat birliklarini ajratish hamda katta yordamchilarning shtat birliklarini shakllantirish Turizm va sport vazirligi tizimidagi sport-ta’lim muassasalarining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.
Sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalarida, shu jumladan, obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlariga ajratilgan Davlat budjeti mablag‘laridan oqilona, tejamkor va samarali foydalanilishini nazorat qilish Sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilansin.
Bosh prokuratura (N. Yo‘ldoshev):
a) bir oy muddatda:
Sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda katta yordamchilari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirsin;
Sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda katta yordamchilari lavozimlarini yuklatilgan vazifalarni yuqori va professional darajada bajarilishini ta’minlay oladigan malakali kadrlar bilan to‘ldirsin;
b) 2022-yil 1-aprelga qadar sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalaridagi qonunchilik ahvoli, shu jumladan ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari bilan yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan axborot va takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son)
17. Turizm va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jismoniy tarbiya va sport universitetiga qabul qilish talablarini qayta ko‘rib chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
18. Vazirliklar va idoralar hududlarda ishbilarmonlik turizmini (MICE-turizm) yanada rivojlantirish maqsadida 2021–2022-yillarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sport, madaniyat, ilm-ma’rifat, iqtisodiyot, investitsiya hamda boshqa yo‘nalishlardagi yirik xalqaro tadbirlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etish choralarini ko‘rsin.
19. Turizm va sport vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-aprel,
PF-6199-son
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6199-son Farmoniga
ILOVA
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI

1.

A.N. Aripov

Bosh vazir, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi

2.

A.A. Abduxakimov

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi o‘rinbosari

3.

O.A. Nazarbekov

madaniyat vaziri

4.

I.R. Maxkamov

transport vaziri

5.

B.O. Saidov

tashqi ishlar vaziri

6.

Sh.D. Kudbiyev

iqtisodiyot va moliya vaziri

7.

B.I. Zakirov

qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri

8.

A.Z. Sa’dullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori

9.

B.G. Abdikarimov

Madaniy meros agentligi direktori

10.

G.B. Israilova

Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi raisi

11.

Lavozimi bo‘yicha

Turizm qo‘mitasi raisi, Muvofiqlashtiruvchi kengash kotibi

Izoh: Kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2023-y., 06/23/114/0527-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.04.2021-y., 06/21/6199/0301-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 06/22/52/0029-son, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son; 27.07.2023-y., 06/23/114/0527-son)