1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.03.00.00 Turizm. Ekskursiyalar. Mehmonxona xoʻjaligi / 14.03.01.00 Turizm]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Turizm]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini yanada qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining turizm hamda unga bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, viloyatdagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi mavjud muammolarni hal etish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash va diversifikatsiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-fevraldagi PF-6165-son Farmonining 9-bandiga muvofiq Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida budjetdan tashqari Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish va unga Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, istisno tariqasida, 200 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlarni ajratish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida budjetdan tashqari Jamgʻarma tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ikki hafta muddatda Jamgʻarmaga, istisno tariqasida, 200 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin.
3. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlar etib belgilansin:
Qashqadaryo viloyatidagi turizm salohiyatiga ega hududlarning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini tartibga keltirish;
turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish, modernizatsiya qilish ishlarini olib borish va obodonlashtirish;
oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish xarajatlarining bir qismini subsidiyalash;
turizm zonalarining bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarini tayyorlash, turizm koʻchalarini tashkil etish;
moddiy madaniy meros obyektlarini konservatsiya va restavratsiya qilish;
maxsus piyodalar va velosiped yoʻlaklarini yaratish;
turizm targʻiboti ishlarini tashkillashtirish;
Shahrisabz turizm va servis kollejini taʼmirlash.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi va yoʻnalishlari;
subsidiya ajratish tartibi va shartlari;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan hisobotni shakllantirish va nazorat oʻrnatish.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma mablagʻlaridan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi (A.A. Abduxakimov, J.A. Qoʻchqorov) tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasiga muvofiq foydalaniladi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 1-mart,
112-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-martdagi 112-son qaroriga ILOVA
Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma Qashqadaryo viloyati hokimligi (keyingi oʻrinlarda — Viloyat hokimligi) huzurida yuridik shaxs maqomisiz, mablagʻlardan keyinchalik turizm hamda unga bevosita bogʻliq boʻlgan infratuzilmani rivojlantirishda foydalanish uchun ularning jamlanishini taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.
3. Viloyat hokimligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Loyiha ofisi tashkil etiladi va ushbu Loyiha ofisiga Qashqadaryo viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi rahbarlik qiladi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari
4. Jamgʻarma quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 200 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklariga belgilangan tartibda depozitlarga Moliya vazirligi Gʻaznachiligiga buyurtmanomalar taqdim etish yoʻli bilan joylashtirishdan tushadigan daromadlar boʻyicha tushumlar;
qonun va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Jamgʻarmaga tushadigan mablagʻlar Viloyat hokimligi tomonidan ochiladigan milliy va chet el valyutasidagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
6. Viloyat hokimligi tomonidan 2021-yil uchun 20-mart kuniga qadar hamda keyingi yillar uchun 1-dekabr kuniga qadar ushbu nizomning 10-bandida belgilangan tadbirlarni amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha yillik manzilli dastur (keyingi oʻrinlarda — Dastur) loyihasi ishlab chiqiladi.
7. Dastur loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan majburiy tartibda kelishiladi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 278-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son)
8. Viloyat hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Dasturda belgilangan xarajatlardan kelib chiqib, Jamgʻarmaning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini 2021-yil uchun 10-aprel kuniga hamda keyingi yillar uchun 20-dekabr kuniga qadar ishlab chiqadi va Moliya vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 278-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Dasturda belgilangan chora-tadbirlarni daromadlar va xarajatlar smetasiga qatʼiy amal qilgan holda bajarilishini taʼminlash uchun tegishli mablagʻlarni ajratish toʻgʻrisida Qashqadaryo viloyati hokimining farmoyishi qabul qilinadi.
Bunda, Qashqadaryo viloyati hokimining farmoyishi asosida Loyiha ofisi rahbari tomonidan toʻlov topshiriqnomalari rasmiylashtiriladi va pul mablagʻlarini chiqarish uchun viloyat moliya boshqarmasiga taqdim etiladi.
10. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
a) viloyatning turizm salohiyati mavjud hududlarida muhandislik-kommunikatsiya va turizm infratuzilmasini yaxshilash, yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlarini olib borish (yoʻl, elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv taʼminoti, suv-oqava tizimlari, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari);
b) viloyatdagi moddiy madaniy meros obyektlarini konservatsiya va restavratsiya qilish;
v) turistik industriya, dor yoʻli, sihatgohlar va turizm zonalari va majmualari loyihalarining bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarini tayyorlash xarajatlarini qoplash;
g) aeronavigatsiya vositalari va kichik sigʻimdagi havo kemalari (vertolyotlar, kichik dvigatelli samolyotlar va boshqalar) uchun uchish-qoʻnish maydonchalarini tashkil qilish;
d) viloyatdagi oilaviy mehmon uylari yoʻnalishida faoliyatini tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlariga oilaviy mehmon uylari tashkil qilish xarajatlarining 30 foizgacha, lekin 10 mln soʻmdan oshmagan miqdorda, kamida 3 yil davomida faoliyat olib borish hamda belgilangan tartibda tashrif buyuruvchilarni avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturga kiritib borish sharti bilan subsidiyalar ajratish;
e) viloyatda zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari, turistik axborot markazlari yoki tashrif markazlari (“visitor center”) tashkil qilish hamda turistik xaritalar, yoʻl koʻrsatkichlarini oʻrnatish;
yo) suvenir, hunarmandchilik va oziq-ovqat mahsulotlari savdo shohobchalari joylashtirilishini nazarda tutuvchi turistik koʻchalar, shuningdek, viloyatdagi yoʻllarda maxsus piyodalar va velosiped yoʻlaklarini tashkil qilish;
j) “turizm mahallasi”, “turizm qishlogʻi” loyihalarini amalga oshirish doirasida obodonlashtirish va sayyohlar uchun folklor-etnografik chiqishlarni tashkil qilish xarajatlarini qoplash;
z) viloyat turizm salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni (targʻibot mahsulotlarini tayyorlash, xalqaro tadbirlar tashkil etish, xorijiy turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida axborot turlari (infoturlar) tashkil qilish, xalqaro va mahalliy turizm koʻrgazmalarida ishtirok etish) moliyalashtirish.
11. Qashqadaryo viloyati hokimi Jamgʻarma mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi. Bunda, Jamgʻarma mablagʻlarini “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga qatʼiy amal qilgan holda tasarruf etiladi.
12. Jamgʻarma mablagʻlaridan garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik va majburiyatlarni bajarishning boshqa usuli sifatida foydalanish, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ssudalar va kreditlar berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Subsidiya ajratish tartibi va shartlari
13. Subsidiya 2021-yil 1-maydan 2022-yil 31-dekabrga qadar oilaviy mehmon uylari tashkil qilgan xususiy yoki oilaviy tadbirkorlik subyektlariga ushbu Nizomning 10-bandi “d” kichik bandida belgilangan shartlarga muvofiq ajratiladi.
14. Jamgʻarma tomonidan subsidiya ajratish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
15. Subsidiya olish uchun tadbirkorlik subyektlari har oyning 1-sanasidan 5-sanasiga qadar Viloyat hokimligiga ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan shaklda subsidiya olish toʻgʻrisidagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
16. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ariza beruvchining nomi (F.I.O.), joylashgan joyi (pochta manzili), STIR va xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankidagi hisobvaragʻi rekvizitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestriga kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
oilaviy mehmon uyi tashkil qilishga ketgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar (shartnoma nusxasi, toʻlov cheklari/kvitansiyasi va boshqalar) nusxalari.
17. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning asosliligi Viloyat hokimligi tomonidan tekshiriladi.
18. Viloyat hokimligi ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning ushbu Nizom talablariga muvofiqligini oʻrganadi.
19. Viloyat hokimligi arizani koʻrib chiqqandan soʻng, bir ish kunida Qashqadaryo viloyati hokimi tomonidan subsidiya ajratish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va u bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Qarorning nusxasi qaror qabul qilingan kunda ariza beruvchiga yuboriladi.
20. Subsidiya ajratish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganda, belgilangan tartibda bir ish kunida tadbirkorlik subyektiga zarur summani unga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankidagi hisobvaragʻiga belgilangan tartibda oʻtkazib beriladi.
21. Subsidiya ajratish rad etilgan taqdirda, rad etish uchun asos boʻlgan sabablar aniq koʻrsatib oʻtilgan qaror nusxasi ariza beruvchiga ushbu qaror qabul qilingan kunda yuboriladi.
Ariza beruvchi qarorni olgan kundan boshlab koʻpi bilan ikki hafta muddatda koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda Viloyat hokimligiga takroran ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
22. Subsidiya ajratish quyidagi asoslarga koʻra rad etilishi mumkin:
ushbu Nizomning 16-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar taqdim qilinmagan yoki toʻliq hajmda taqdim qilinmaganligi;
taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning notoʻgʻriligi.
Subsidiya ajratishni ushbu bandda koʻrsatib oʻtilmagan boshqa asoslar boʻyicha rad etish mumkin emas.
23. Ariza takroran taqdim etilgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida Viloyat hokimligi tomonidan qayta koʻrib chiqiladi. Bunda yangi asoslar boʻyicha subsidiya ajratishni rad etish mumkin emas.
24. Ushbu Nizomning 21-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan muddat tugagandan keyin taqdim qilingan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
25. Loyiha ofisi Viloyat hokimligining rasmiy saytida Jamgʻarma mablagʻlaridan subsidiya ajratilgan holda tashkil etilgan oilaviy mehmon uylari va arizalari rad etilgan shaxslarning roʻyxatini yuritadi.
Bunda, tashkil etilgan oilaviy mehmon uylari toʻgʻrisida, ularning manzillarini koʻrsatgan va fotosuratlarini ilova qilgan holda, targʻibot ishlari tashkil etiladi.
5-bob. Loyiha ofisining faoliyatini tashkil etish
26. Quyidagilar Loyiha ofisining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) ushbu Nizomning 10-bandida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan yillik manzilli dastur loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ishlab chiqish uchun Qashqadaryo viloyatida oʻrganish oʻtkazish va Dasturni shakllantirish;
b) Dastur asosida Jamgʻarmaning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini shakllantirish;
v) Dastur hamda Jamgʻarmaning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihalarini Qashqadaryo viloyat hokimiga taqdim etish;
g) Dastur hamda Jamgʻarmaning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi va Madaniy meros departamentiga kelishish uchun hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish maqsadida tegishli hujjatlarni tayyorlash;
(26-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 278-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2022-y., 09/22/278/0439-son)
d) Dasturda belgilangan chora-tadbirlarni daromadlar va xarajatlar smetasiga qatʼiy amal qilgan holda amalga oshirish uchun tegishli mablagʻlarni ajratish boʻyicha Qashqadaryo viloyati hokimining farmoyishi loyihalarini tayyorlash hamda toʻlov topshiriqnomalarini rasmiylashtirish;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Dastur hamda Jamgʻarmaning yillik daromadlar va xarajatlar smetasining amalga oshirilishi boʻyicha doimiy monitoring olib borish va uning natijalari boʻyicha Qashqadaryo viloyati hokimiga axborot taqdim etish;
yo) Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisida, shu jumladan Dastur ijrosi va Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga toʻliq rioya etilayotgani boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladigan hisobotlarni tayyorlash;
j) Jamgʻarmaning maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, targʻibot ishlarini olib borish;
z) Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalangan holda amalga oshirilgan loyihalar toʻgʻrisida axborot tayyorlash va targʻibot ishlarini tashkil etish.
6-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan hisobot va nazorat
27. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanishni nazorat qilish har yil yakuni bilan keyingi yilning 1-fevral kuniga qadar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Moliya vazirligi tomonidan 10-fevral kuniga qadar amalga oshirilgan nazorat yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etiladi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2022-y., 09/22/431/0716-son)
28. Qashqadaryo viloyati hokimi va Viloyat hokimligi bosh buxgalteri buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishi, Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish boʻyicha belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
29. Qashqadaryo viloyati hokimi Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisida, shu jumladan Yillik dastur ijrosi va Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga toʻliq rioya etilayotgani boʻyicha har chorak yakuni bilan keyingi oyning 20-kuniga qadar Moliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etadi.
30. Jamgʻarmaning foydalanilmagan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksida belgilangan tartibda keyingi yilga oʻtadi va olib qoʻyilmaydi.
31. Qashqadaryo viloyati hokimi Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi.
32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan oilaviy mehmon uyi tashkil qilish uchun subsidiya ajratish
SXEMASI
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddati
Ariza beruvchi
Subsidiya olish uchun Hokimlikka yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
Ariza beruvchining xohishiga koʻra
Hokimlik
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.
5 ish kunida
Hokimlik
Subsidiya ajratish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Qarorning nusxasini qaror qabul qilingan kunda ariza beruvchiga yuboradi.
1 ish kunida
Ariza beruvchi
Rad etish toʻgʻrisidagi qarorni olgan taqdirda, kamchiliklarni bartaraf etib, tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda Hokimlikka takroran ariza bilan murojaat qiladi.
14 kunda
Hokimlik
Takroran taqdim etilgan arizani qayta koʻrib chiqadi.
3 ish kunida
Hokimlik
Subsidiya ajratish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganda, zarur summani ariza beruvchiga uning xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankidagi hisobvaragʻiga belgilangan tartibda oʻtkazib beradi.
1 ish kunida
Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Qashqadaryo viloyati hokimligiga
ARIZA
______________________________________________________________________________________________________________, (ariza beruvchining toʻliq nomi, F.I.O.) ______________________________________________________________________________________________________________
_____________________________________________________________________________________manzil boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan