toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 10.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
EKSPORTGA YOʻNALTIRILGAN MAHSULOTLAR AYRIM TURLARINI ISHLAB CHIQARISHNI KOʻPAYTIRISHNING BIRINCHI NAVBATDAGI LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jahon bozorida xaridorgir eksport mahsulotlarning ayrim turlarini ishlab chiqarishni koʻpaytirish, Oʻzbekiston Respublikasi sanoatining ustuvor tarmoqlarini eng qisqa muddatlarda jadal rivojlantirish uchun zarur boʻlgan koʻp valyuta talab etadigan import tovarlarning oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ayrim turlarini ishlab chiqarishning birinchi navbatdagi ustuvor loyihalari roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi 1-ilovada koʻrsatilgan loyihalarni Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritsin.
2. Amalga oshirish uchun qabul qilingan va ilovaga kiritilgan loyihalarni roʻyobga chiqaruvchi “Oʻzbekyengilsanoat”, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat”; “Oʻzkimyosanoat” uyushmalari, “Oʻzqurilishmateriallari” konserni, “Koʻmir” aksionerlik birlashmasi obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirishni taʼminlasinlar. Shu maqsadlarda:
“Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda tomat pastasi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar yetkazib berishga kontraktni rasmiylashtirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Koʻmir” aksionerlik birlashmasi bilan birgalikda kaolin fabrikasi qurilishi loyihasini mablagʻ bilan taʼminlash uchun Shveysariya kredit muassasalari bilan tegishli bitimni rasmiylashtirishni ikki oy muddatda tugallash chora-tadbirlarini koʻrsin.
3. “Maxsusqotishma” respublika birlashmasi ikki oy muddatda Chirchiq shahridagi Oʻzbekiston oʻtga chidamli va qiyin eriydigan metallar kombinati negizida molibden va volfram ishlab chiqarishni koʻpaytirish loyihasi boʻyicha hamkorlik sxemasini aniqlash masalasini ishlab chiqishni tugallasin.
4. “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmalari, va” “Maxsusqotishma” respublika birlashmasi ikki oy muddatda:
amalga oshirish rejalashtirilayotgan va 1-ilovaga kiritilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslashlarini ishlab chiqishni taʼminlasinlar;
texnik-iqtisodiy asoslashlar tayyorlanishiga koʻra ularni ekspertizadan oʻtkazish uchun “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasinlar.
5. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki yuqorida koʻrsatib oʻtilgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslashlari oʻz vaqtida ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasinlar. Bir oy muddatda ekspertiza yakunlangandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ularni mablagʻ bilan taʼminlash sxemasi va manbalariga oid takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda karbamid ishlab chiqarishni koʻpaytirish va melamin ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalarining Yevropa qayta qurish va taraqqiyot banki tomonidan mablagʻ bilan taʼminlanishi toʻgʻrisidagi masalani ishlab chiqsin.
6. Eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishning birinchi navbatdagi ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun:
ularni amalga oshirishda qatnashuvchi korxonalar oʻz moliyaviy mablagʻlaridan va moddiy-texnika resurslaridan eng koʻp darajada foydalanish chora-tadbirlarini koʻrsinlar;
Davlat mulki qoʻmitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “Oʻzbekinvest” milliy sugʻurta kompaniyasi bilan birgalikda toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb etish, shu jumladan loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi korxonalarning aksiyalarini chet el investorlariga sotish yoʻli bilan ularning negizida aksionerlik jamiyatlari tashkil etish orqali jalb etish masalasini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda respublikaga berilayotgan chet el kreditlaridan foydalanish masalasini ishlab chiqsin, Moliya vazirligiga 1-ilovaga muvofiq loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun chet el investitsiyalariga boʻlgan talab doirasida belgilangan tartibda Hukumat kafolatlari berishga ruxsat etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda bir oy muddatda Hukumat kafolatlaridan chet el kreditlari boʻyicha qarzlarni toʻlash uchun foydalanilgan taqdirda qarzdor korxonalar bilan oʻzaro hisob-kitoblar tartibini ishlab chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Moliya vazirligi bilan birgalikda qarzdor korxonalar tomonidan ularga 1-ilovaga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun berilgan kredit mablagʻlar oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan samarali va amaliy nazoratni taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tarmoq uyushmalari, konsernlar, korporatsiyalar, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining hududiy boʻlinmalari va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga eng kam mablagʻ sarflagan va mintaqalarning hududiy va tabiiy ustunliklaridan eng koʻp darajada foydalangan holda tashqi bozorda xaridorgir va raqobatga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida ishlab turgan eksportga yoʻnaltirilgan korxonalar modernizatsiyalash va texnika bilan qayta jihozlash yuzasidan takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-martdagi 101-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 23-avgust,
337-son