toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 12.08.2021
Hujjat 10.05.2016 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT STATISTIKASI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 11-avgustdagi OʻRQ-707-sonli “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonun davlat statistikasini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi, davlat statistikasi organlarining vakolatlarini belgilaydi hamda yagona statistika axboroti tizimi yuritilishi uchun normativ asos yaratadi.
2-modda. Davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Davlat statistikasining asosiy vazifalari
Davlat statistikasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar hamda ularning natijalari toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini yigʻish, qayta ishlash, toʻplash, saqlash, umumlashtirish, tahlil etish va eʼlon qilish;
xalqaro standartlarga mos keluvchi yagona statistika uslubiyatini taʼminlash;
davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yuridik shaxslar, davlat muassasalari va xalqaro tashkilotlarni, shuningdek jamoatchilikni belgilangan tartibda statistika maʼlumotlari bilan taʼminlash;
statistika ishlarini tashkil etish uchun zarur boʻlgan iqtisodiy-statistika tasniflagichlar tizimini hamda Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish.
4-modda. Davlat statistikasining asosiy prinsiplari
Davlat statistikasining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ishonchlilik, xolislik, begʻarazlik;
dolzarblik, qiyosiylik va barqarorlik;
qulaylik, ochiq-oydinlik va oshkoralik;
statistika hisobotini yigʻish, qayta ishlash va umumlashtirish tartibiga har qanday aralashishni istisno etuvchi statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratish.
5-modda. Davlat statistikasi organlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi davlat statistikasi vakolatli organidir.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 3-yanvardagi OʻRQ-315-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 1-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistikasi vakolatli organi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi organlari davlat statistikasi organlari hisoblanadi. Davlat statistikasi vakolatli organining rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 8-yanvardagi 8-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 3-sentabrdagi OʻRQ-253-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-yil, 35-36-son 299-modda)
Davlat statistikasi organlari maʼlumotlar manbalarini, statistika usullarini, statistika maʼlumotlarining mazmuni, shakli, vaqti va tarqatilishini tanlashda mustaqildir. Davlat statistikasi organlarining faoliyatiga davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat statistikasi organlarini moliyalashtirish hamda moddiy-texnika jihatidan taʼminlash Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan statistika ishlariga haq toʻlash buyurtmachi tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Davlat statistikasi organlarining ayrim boʻlinmalari oʻz faoliyatini shartnoma asosida amalga oshirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
51-modda. Davlat statistikasi vakolatli organi
Davlat statistikasi vakolatli organi:
davlat statistikasi sohasidagi yagona siyosatni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, uni tashkil etishning samarali tizimini taʼminlaydi;
davlat statistikasi sohasida muvofiqlashtirib borish va funksional tartibga solishni amalga oshiradi;
yagona statistika uslubiyatini va davlat statistika kuzatuvlarining shakllarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda joriy etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining idoraviy statistika kuzatuvlari shakllarini kelishadi;
statistika koʻrsatkichlarining tezkorligi, ishonchliligi va xolisligini taʼminlaydi, statistika axborotidan foydalanish erkinligini, uning ochiqligi va oshkoraligini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritadi;
davlat statistikasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqadi va qabul qiladi;
boshqa davlatlarning statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida belgilangan tartibda bitimlar tuzadi.
Davlat statistikasi vakolatli organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(51-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 3-yanvardagi OʻRQ-315-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2012-y., 1-son, 1-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Davlat statistikasi organlarining huquqlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistikasi organlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, banklardan, boshqa yuridik shaxslardan (zarur hollarda ularning vakolatxonalari va filiallaridan) davlat statistika hisobotlarini olish hamda ulardan statistika maqsadlarida foydalanish;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatining davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish va olingan maʼlumotlardan statistika maqsadlarida foydalanish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, davlat tashkilotlaridan davlat statistika ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni (ularni tayyorlashning har qanday bosqichida), shuningdek ularga ilova qilinadigan tushuntirishlarni soʻrash va olish;
olinayotgan davlat statistika maʼlumotlarining toʻliqligi, xolisligi va ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish;
davlat statistika maʼlumotlarida qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish haqida koʻrsatmalar berish hamda jamlanma davlat statistika maʼlumotlariga tegishli tuzatishlar kiritish;
davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlardan Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini yuritish uchun zarur maʼlumotlarni olish;
Davlat statistika ishlari dasturiga kiritilmagan, statistika, tahliliy, axborot, noshirlik xizmatlari va boshqa xizmatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma asosida koʻrsatish;
Keyingi tahrirga qarang.
ayrim vazifalarni bajarish uchun funksional boʻlinmalar tashkil etish.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 3-yanvardagi OʻRQ-315-sonli Qonuni tahrirda — OʻR QHT, 2012-y., 1-son, 1-modda)
Davlat statistikasi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Davlat statistikasi organlarining majburiyatlari
Davlat statistikasi organlari:
davlat statistikasi prinsiplariga rioya etilishini va xalqaro standartlarga monand statistika uslubiyati birligini taʼminlashi;
Davlat statistika ishlari dasturlari bajarilishini taʼminlashi;
mamlakatni, uning mintaqalarini, iqtisodiyotning tarmoqlari va shuʼbalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarining bajarilish jarayoni ustidan davlat statistika kuzatuvlarini tashkil etishi;
davlat statistika hisobotlarini yigʻish ishini, uy xoʻjaliklarining statistika kuzatuvlarini roʻyxatga olish, bir marotabalik hisobga olish, soʻrovlar, tanlanma monografik va boshqa xil kuzatuvlar oʻtkazilishini tashkil etishi va taʼminlashi;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini belgilangan tartibda statistika maʼlumotlari va tahliliy axborot bilan taʼminlashi;
jamlanma statistika maʼlumotlari eʼlon qilinishini hamda yuridik va jismoniy shaxslarga ularning soʻrovlariga binoan shartnoma asosida taqdim etilishini taʼminlashi;
yakka tartibdagi statistika maʼlumotlarining maxfiyligini, davlat sirlari va yuridik shaxslarning tijorat sirlariga rioya etilishini, jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning egasi mavhumlashtirilishini taʼminlashi;
davlat statistikasi axborot tizimi davlatning boshqa axborot tizimlariga moslashuvchanligini hamda Oʻzbekiston Respublikasining yagona axborot makonida oʻzaro hamkorlik qilishini taʼminlashi;
xalqaro va mintaqalararo statistika qiyoslashlarini oʻtkazishi;
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini hamda davlat statistikasi uchun zarur boʻlgan tasniflash tizimini yuritishi shart.
Davlat statistikasi organlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Statistika kengashi
Statistika kengashi davlat statistikasi vakolatli organi huzuridagi davlat statistikasining rivojlantirilishi, faoliyat koʻrsatishi va muvofiqlashtirilishi muammolari boʻyicha kollegial maslahat organidir.
Statistika kengashi davlat statistikasining ayrim masalalarini koʻrib chiqish uchun ekspert komissiyalari tayinlashi mumkin. Statistika kengashi va ekspert komissiyalarining yigʻilishlariga ekspertlar taklif etilishi, yigʻilishlarda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar vakillarining davlat statistikasi masalalari boʻyicha axborotlari eshitilishi mumkin.
Statistika kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
9-modda. Davlat statistikasi organlarining boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar bilan oʻzaro hamkorligi
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistikasi organlari Davlat statistikasi ishlari dasturini bajarishda davlat statistikasi organlariga koʻmaklashishi shart boʻlgan boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar bilan statistika ishlarini hamkorlikda bajaradi, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik qilishdan foydalangan holda bajaradi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Davlat statistikasi organlari oʻzlarining vakolat doirasiga kiruvchi ayrim ishlarning boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar tomonidan bajarilishiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqa davlat organlari hamda yuridik shaxslar Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq davlat statistika kuzatuvlarini, shuningdek davlat statistikasi vakolatli organi bilan kelishilgan shakllarda idoraviy statistika kuzatuvlarini oʻtkazadi.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 3-yanvardagi OʻRQ-315-sonli Qonuni tahrirda — OʻR QHT, 2012-y., 1-son, 1-modda)
Idoraviy statistika kuzatuvlarining maʼlumotlari davlat statistikasi vakolatli organiga uning soʻroviga binoan taqdim etiladi.
10-modda. Davlat statistika ishlari dasturi
Davlat statistika ishlari dasturi mamlakatda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisida statistika axborotini tayyorlash uchun aniq yoʻnaltirilgan topshiriqlar hamda statistika ishlarini moliyalashtirish hajmlari qamrab olingan hujjatdir.
Davlat statistikasi vakolatli organi statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar talabini oʻrganish asosida koʻp yillik Davlat statistika ishlari dasturini ishlab chiqadi, bu dasturda davlat statistikasining istiqbolga moʻljallangan maqsadlari va yoʻnalishlari belgilab beriladi.
Davlat statistika ishlari koʻp yillik dasturini bajarish maqsadida davlat statistikasi vakolatli organi tomonidan davlat statistika ishlari yillik dasturi ishlab chiqilib, unda ishlarning bajarilish muddatlari, davlat statistika kuzatuvlari davriyligi va shakllari belgilab olinadi.
Davlat statistika ishlari dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda. Davlat statistika kuzatuvlari
Davlat statistika kuzatuvlari iqtisodiyotda va jamiyatda sodir boʻlayotgan hodisalar hamda jarayonlar toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarini muntazam ravishda yigʻib borishdan iborat boʻlib, ular birlamchi hisob hujjatlari asosida va bevosita kuzatuvlar yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish uslublari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat statistikasi vakolatli organi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat statistika kuzatuvlarining shakllari statistika maʼlumotlarini taqdim etuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, banklar, boshqa yuridik shaxslar (ularning vakolatxonalari va filiallari), jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun majburiydir.
Davlat statistikasi organlari davlat statistika kuzatuvlarini oʻtkazish uchun shartnoma asosida yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etishi mumkin.
Davlat statistika kuzatuvlari davlat statistikasi organlari tomonidan Davlat statistika ishlari dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar davlat statistika kuzatuvlari oʻtkazilayotganida qonun hujjatlariga muvofiq xizmat binolari va yer uchastkalariga kirishni taʼminlashi shart.
Uy xoʻjaliklari soʻrovi davlat statistika kuzatuvlarining turlaridan biridir va u qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Idoraviy statistika kuzatuvlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 3-yanvardagi OʻRQ-315-sonli Qonuni tahrirda — OʻR QHT, 2012-y., 1-son, 1-modda)
12-modda. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri
Davlat statistika organlari Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini, shuningdek toʻplanadigan maʼlumotlar hisobga olinishini va koʻrsatkichlar identifikatsiya qilinishini taʼminlaydigan statistika kuzatuvlari obyektlarining statistika registrlarini yuritadi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri axborot-maʼlumotnoma xususiyatidagi, vaqti-vaqti bilan yangilab turiladigan maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi avtomatlashtirilgan tizim boʻlib, korxonalar va tashkilotlar yagona tasniflash tizimi asosida davlat hisobiga olinishi va identifikatsiya qilinishini taʼminlaydi.
Yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar registrini va axborot bazalarini yaratadigan va yuritadigan davlat organlari hamda ularning tasarrufidagi tashkilotlar davlat statistikasi organlariga Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrini shakllantirish hamda uning dolzarbligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan axborotni bepul beradi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-sentabrdagi 274-son qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisida”gi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Statistika maʼlumotlarini taqdim etish
Statistika maʼlumotlari toʻliq, xolis, ishonchli boʻlishi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, banklar, boshqa yuridik shaxslar (zarur hollarda ularning vakolatxonalari va filiallari), jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan davlat statistikasi vakolatli organi tasdiqlagan muddatlarda va davlat statistika kuzatuvlari shakllari boʻyicha bepul taqdim etilishi kerak.
Davlat statistika kuzatuvlarining shakllari boʻyicha statistika maʼlumotlari qonun hujjatlariga muvofiq qogʻozda yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Buxgalteriya hisobi, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tartibga soluvchi, qonun hujjatlari bilan belgilangan normalar statistika hujjatlarini toʻldirish (statistika koʻrsatkichlari hisobi) uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 3-yanvardagi OʻRQ-315-sonli Qonuni tahrirda — OʻR QHT, 2012-y., 1-son, 1-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Statistika maʼlumotlaridan foydalanish
Statistika maʼlumotlaridan davlat manfaatlarini koʻzlab va ilmiy maqsadlarda, jamoatchilikni xabardor etish, bunday maʼlumotlardan foydalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun foydalaniladi.
Davlat statistikasi organlari yuridik shaxslardan, ularning vakolatxonalari va filiallaridan, jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlardan olgan birlamchi statistika maʼlumotlari faqat jamlanma statistika koʻrsatkichlarini tayyorlashda statistika maqsadlarida ishlatiladi hamda jamlanma holatda va egasi mavhumlashtirilgan tarzda eʼlon qilinadi.
Tarkibida davlat siri va tijorat sirlari boʻlgan statistika maʼlumotlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Nizolarni hal etish
Davlat statistikasi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Davlat statistika hisobotlarini buzib koʻrsatganlik, statistika maʼlumotlarini yashirganlik va davlat statistikasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzganlikda aybdor shaxslar qonunga muvofiq jinoiy, maʼmuriy va boshqa yoʻsinda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 12-dekabr,
441–II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 12-son, 219-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 376-modda; 2010-yil, 35-36-son, 299-modda; 2012-y., 1-son, 1-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)