1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.29.00.00 Buxgalteriya hisobi. Moliyaviy hisobot / 07.29.01.00 Umumiy qoidalar;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.29.00.00 Buxgalteriya hisobi. Moliyaviy hisobot / 07.29.05.00 Moliyaviy hisobot]
[TSZ:
1.Moliya / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611-son qaroriga muvofiq:
aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari, davlat ulushi boʻlgan tegishli xoʻjalik jamiyatlari va yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar 2021-yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (keyingi oʻrinlarda — MHXS) asosida tayyorlashi va 2021-yil yakuniga qadar buxgalteriya hisobi xizmatini xalqaro sertifikatlash doirasida tegishli sertifikatga ega boʻlgan kamida uch nafar mutaxassis bilan taʼminlashi;
oliy taʼlim muassasalari “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha MHXSni chuqur oʻrganishni nazarda tutuvchi yangilangan oʻquv dasturlarini taʼlim jarayoniga joriy etishi, ushbu fanlar boʻyicha pedagog kadrlarning akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida MHXS boʻyicha oʻqitilishini taʼminlashi hamda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tajriba-sinov oliy taʼlim muassasalarida buxgalteriya hisobi va audit boʻyicha fanlar faqat xalqaro sertifikatlash doirasida tegishli sertifikatga ega boʻlgan oʻqituvchilar tomonidan oʻqitilishi;
2020 — 2025-yillar davomida oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari (“Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha), talabalari, bitiruvchilari (oʻqishni tugatgandan soʻng olti oy ichida) va davlat organlari xodimlarini akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida MHXS boʻyicha oʻqitish, shuningdek, ularni buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom*ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
* Mazkur Nizom 2025-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
MHXS boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlari tarkibi va ushbu xarajatlar qoplab beriluvchi shaxslar toifasi;
MHXS boʻyicha oʻqitish xarajatlarini qoplash tartibi;
buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi;
MHXS boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini moliyalashtirish manbalari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-yanvar,
38-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-yanvardagi 38-son qaroriga ILOVA
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisida
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (keyingi oʻrinlarda — MHXS) boʻyicha oʻqitish (keyingi oʻrinlarda — oʻqitish) hamda buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida (“MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot”, “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ACCA)” kurslari va boshqalar) imtihonlarni topshirish (keyingi oʻrinlarda — imtihon topshirish) xarajatlarini qoplash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom 2025-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
3. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. MHXS boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlari tarkibi va ushbu xarajatlar qoplab beriluvchi shaxslar toifasi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Moliya vazirligi) oʻqitish va imtihon topshirish xarajatlari qoplab beriladigan buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlar va xalqaro buxgalter sertifikatlari roʻyxatini belgilaydi.
5. Oʻqitish xarajatlarini qoplash buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotning (markaz faoliyati yoki tegishli fan (kurs)lar boʻyicha) akkreditatsiyasidan oʻtgan oʻquv markazlarida (keyingi oʻrinlarda — akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari) oʻqitish yakunlariga koʻra Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan xalqaro buxgalter sertifikatlari doirasidagi fanlar va (yoki) kurslar boʻyicha amalga oshiriladi.
6. Imtihon topshirish jarayonidagi quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:
Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan oʻtish xarajatlari (buxgalterlarning xalqaro sertifikatini beruvchi xalqaro tashkilotga jismoniy shaxsning aʼzo (talaba) boʻlishi uchun dastlabki bir martalik toʻlov);
Oʻzbekiston Respublikasida imtihon topshirish uchun birinchi va ikkinchi marta roʻyxatdan oʻtish xarajatlari.
7. Oʻqitish va imtihon topshirish xarajatlari quyidagi toifadagi shaxslar (keyingi oʻrinlarda — talabgorlar) uchun qoplab beriladi:
oliy taʼlim muassasalarining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha pedagog kadrlari;
oliy taʼlim muassasalarining talabalari;
oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari (oliy taʼlim muassasasini tugatgandan soʻng olti oy davomida);
davlat organlari xodimlari.
3-bob. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish xarajatlarini qoplash tartibi
8. Oʻqitish faqat buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotning akkreditatsiyasidan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
9. Oliy taʼlim muassasalari har yili 10-yanvarga qadar pedagog kadrlarni yillik oʻqitish jadvalini (muddatlarini koʻrsatgan holda fanlar (kurslar) boʻyicha) tasdiqlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ushbu maʼlumotlarni oliy taʼlim muassasalari boʻyicha umumlashtiradi va 31-yanvarga qadar Moliya vazirligiga taqdim etadi.
10. Davlat organlari har yili 10-yanvarga qadar oʻzining xodimlarini yillik oʻqitish jadvalini (muddatlarini koʻrsatgan holda fanlar (kurslar) boʻyicha) tasdiqlaydi hamda 31-yanvarga qadar Moliya vazirligiga taqdim etadi.
11. Oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari, shuningdek, davlat organlari xodimlari tarkibida oʻzgarishlar roʻy berganda oʻqitish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritiladi hamda ushbu oʻzgartirishlar tasdiqlangandan soʻng bu haqida besh ish kuni mobaynida Moliya vazirligiga axborot taqdim etiladi.
12. Talabgorlar akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarini mustaqil ravishda tanlaydi.
13. Talabgorlarni oʻqitish xarajatlari, ular oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan taqdirda, Moliya vazirligi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlariga qoplab beriladi.
14. Akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazi har bir oʻquv kursi boshlangan sanadan boshlab oʻn ish kuni mobaynida unda qatnashayotgan talabgorlar roʻyxatini Moliya vazirligiga taqdim etadi.
15. Oʻqitish, shu jumladan, interfaol usullarni qoʻllagan holda oʻqitish xarajatlari akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlariga oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan har bir ishtirokchi uchun oʻquv markazi tomonidan taqdim etilgan oʻqitish qiymati boʻyicha, biroq quyidagi miqdorlardan oshmaydigan summada qoplab beriladi:
“MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” kursi va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasidagi boshqa kurslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ikki baravari miqdorida;
“Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)” kursi uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida.
16. Akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazi oʻquv kursi yakunlangandan soʻng Moliya vazirligiga oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan talabgorlar uchun oʻqitish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan MHXS boʻyicha oʻqitish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisida ariza taqdim etadi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan talabgorlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
maʼlumotnomada koʻrsatilgan talabgorlar bilan oʻquv kursida taʼlim olish toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma nusxalari;
oʻquv kursi yuzasidan talabgorlarga taqdim etiladigan hisobvaraq-fakturalar nusxalari;
oʻquv kursini muvaffaqiyatli tugatganligi toʻgʻrisida talabgorlarga berilgan hujjat nusxalari;
oʻquv markazining yoki oʻquv kursining akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi;
davlat organi xodimi, oliy taʼlim tashkiloti pedagog kadri yoki talabasi ekanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi yoxud maʼlumotnoma;
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom nusxasi (ushbu hujjat faqat oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari uchun taqdim etiladi).
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 538-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/538/0862-son — 2022-yil 30-dekabrdan kuchga kiradi)
17. Ushbu Nizomning 16-bandida koʻrsatilgan hujjatlar akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan Moliya vazirligiga pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali taqdim etiladi.
Akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari taqdim etilgan hujjatlar hamda ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun javob beradi.
18. Moliya vazirligi ariza tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida oʻqitish xarajatlarining qoplab berilishi yoki qoplab berilishini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
19. Ushbu Nizomning 16-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan holda taqdim etilganda yoki taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki soxta maʼlumotlar mavjud boʻlganda oʻqitish xarajatlarini qoplab berish rad etiladi.
20. Oʻqitish xarajatlarining qoplab berilishi rad etilgan taqdirda, Moliya vazirligi akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazini, rad etish sabablarini koʻrsatgan holda, uch ish kuni ichida elektron shaklda xabardor qiladi.
21. Oʻqitish xarajatlarining qoplab berilishi rad etilgan akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazi rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan soʻnggina qayta ariza berishi mumkin.
4-bob. Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi
22. Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida faqat Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlari qoplab beriladi.
23. Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan oʻtish xarajatlari talabgorlarga toʻliq hajmda qoplab beriladi.
24. Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida har bir fan (kurs) boʻyicha imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish xarajatlari talabgorga quyidagi tartibda qoplab beriladi:
birinchi marta imtihon topshirganda (birinchi urinish) — roʻyxatdan oʻtish summasining 50 foizi imtihon topshirgunga qadar, qolgan qismi — imtihonni muvaffaqiyatli topshirgandan soʻng qoplab beriladi;
ikkinchi marta imtihon topshirganda (ikkinchi urinish) — roʻyxatdan oʻtish summasining 50 foizi imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda qoplab beriladi.
25. Imtihon topshirish xarajatlarini qoplash xalqaro sertifikatni olish uchun imtihon oʻtkazuvchi (xalqaro sertifikatni beruvchi) tashkilot tomonidan belgilangan toʻlov summasi miqdorida amalga oshiriladi.
26. Imtihon topshirish uchun toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet el valyutasida belgilangan hamda toʻlovlar chet el valyutasida amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu xarajatlarni qoplash chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiya sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha milliy valyuta — soʻmda qayta hisoblanadi va qoplanadi.
27. Imtihon topshirish xarajatlarini qoplash milliy valyuta — soʻmda amalga oshiriladi va talabgorning shaxsiy bank kartasiga oʻtkazib beriladi.
28. Talabgor imtihon topshirish xarajatlarining qoplab berilishi boʻyicha quyidagi hujjatlarni Moliya vazirligiga taqdim etadi:
ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan dastlabki roʻyxatdan oʻtish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisidagi ariza;
(28-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
oliy taʼlim muassasasining talabasi ekanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi yoki maʼlumotnoma (ushbu hujjatni faqat oliy taʼlim muassasasining talabalari taqdim etadi);
davlat organi xodimi, oliy taʼlim tashkiloti pedagog kadri ekanligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi yoki maʼlumotnoma;
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 538-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2022-y., 09/22/538/0862-son — 2022-yil 30-dekabrdan kuchga kiradi)
imtihonni muvaffaqiyatli topshirganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi (roʻyxatdan oʻtish summasining qolgan 50 foizi boʻyicha);
xizmat koʻrsatuvchi bank muassasasi va bank kartasining rekvizitlari.
29. Ushbu Nizomning 28-bandida koʻrsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan Moliya vazirligiga pochta, bevosita talabgorlarning oʻzi tomonidan yoki elektron aloqa vositalari orqali taqdim etiladi.
30. Moliya vazirligi ariza tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida imtihon topshirish xarajatlarining qoplab berilishi yoki qoplab berilishini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
31. Ushbu Nizomning 28-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan holda taqdim etilganda yoki taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoxud soxta maʼlumotlar mavjud boʻlganda, imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish rad etiladi.
32. Imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish rad etilgan taqdirda, Moliya vazirligi talabgorni rad etish sabablarini koʻrsatgan holda, uch ish kuni ichida elektron shaklda xabardor qiladi.
33. Imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish rad etilgan talabgor rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina qayta ariza berishi mumkin.
5-bob. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini moliyalashtirish manbalari
34. Oʻqitish va imtihon topshirish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
35. Oʻqitish va imtihon topshirish xarajatlarini qoplash uchun Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida zarur boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlaydi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
36. Ariza beruvchilar ular tomonidan taqdim qilingan arizalar hamda ularga ilova qilingan hujjatlar va maʼlumotlarda koʻrsatib oʻtilgan axborotning ishonchliligi uchun javob beradi.
37. Moliya vazirligi ushbu Nizomda nazarda tutilgan xarajatlarni qoplash maqsadida olingan ariza beruvchi toʻgʻrisidagi maxfiy maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlashi lozim.
38. Oliy taʼlim muassasalari va davlat organlari oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida oʻqishni tugatgan hamda imtihonlarni topshirgan xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning muntazam ravishda eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
39. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 1-ILOVA
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddati
I bosqich
Oliy taʼlim muassasalari, davlat organlari, akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari
Oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari, talabalari, bitiruvchilari va davlat organlari xodimlarining (keyingi oʻrinlarda — talabgorlar) oʻqish jadvali tasdiqlanadi va oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi.
Oʻqitish jadvali va oʻquv mashgʻulotlari jadvaliga muvofiq
II bosqich
Akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari, Moliya vazirligi
Akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari tomonidan oʻquv kursi yakunlangandan soʻng uni muvaffaqiyatli tugatgan talabgorlar uchun oʻqitish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha hujjatlar Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻquv kursi yakunlangandan soʻng oʻquv markazining xohishiga koʻra
III bosqich
Moliya vazirligi, akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari
Akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlariga talabgorlarni oʻqitish xarajatlari Moliya vazirligi tomonidan qoplab beriladi.
Hujjatlar koʻrib chiqilib, qaror qabul qilingandan soʻng 3 ish kunida
IV bosqich
Talabgorlar, akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlari
Talabgorlar buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
Buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida oʻtkaziladigan imtihonlar boʻyicha belgilangan roʻyxatdan oʻtish muddatlarida
V bosqich
Talabgorlar, Moliya vazirligi
Talabgorlar tomonidan buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan oʻtish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha hujjatlar Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtgandan soʻng talabgorning xohishiga koʻra
VI bosqich
Moliya vazirligi, talabgorlar
Talabgorlarga Oʻzbekiston Respublikasida dastlabki roʻyxatdan oʻtish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish xarajatlari Moliya vazirligi tomonidan qoplab beriladi.
Hujjatlar koʻrib chiqilib, qaror qabul qilingandan soʻng 3 ish kunida
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisida ARIZA
____________________________________ oʻquv markazi 20__ yil “__” ___________dan “__” _________gacha muddatda “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” yoki “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)” oʻquv kursini* oʻtkazdi. Ushbu oʻquv kursini “__” nafar oʻquvchi (ishtirokchi) muvaffaqiyatli yakunladi. Shu sababli oʻquv markazining ushbu kurs boʻyicha oʻqitish xarajatlarini qoplab berishingizni soʻraymiz. Oʻqitish xarajatlarini qoplash uchun jami _________ soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishi talab etiladi.
_____________________________________________ (ariza beruvchi rahbarining lavozimi, F.I.O.)
_______________ (imzo)
20___ yil _______________
* Tegishli kursning tagiga chizish orqali belgilash lozim.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 3-ILOVA
Oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan talabgorlar toʻgʻrisida maʼlumotnomalar shakllari*
I. ____________________________________ oʻquv markazida 20__ yil “__” _________dan “__” _________gacha oʻtkazilgan “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” yoki “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)” oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan oliy taʼlim muassasalarining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha pedagog kadrlari toʻgʻrisida MAʼLUMOT
T/r
Familiyasi, ismi va otasining ismi
JSHSHIR (PINFL) maʼlumotlari
Oliy taʼlim muassasasining nomi
Lavozimi
Tel.raqami
II. ____________________________________ oʻquv markazida 20__ yil “__” _________dan “__” _________gacha oʻtkazilgan “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” yoki “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)” oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan davlat organi xodimlari toʻgʻrisida MAʼLUMOT
T/r
Familiyasi, ismi va otasining ismi
JSHSHIR (PINFL) maʼlumotlari
Davlat organining nomi
Lavozimi
Tel.raqami
III. ____________________________________ oʻquv markazida 20__ yil “__” _________dan “__” _________gacha oʻtkazilgan “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” yoki “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)” oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan oliy taʼlim muassasalari talabalari toʻgʻrisida MAʼLUMOT
T/r
Familiyasi, ismi va otasining ismi
JSHSHIR (PINFL) maʼlumotlari
Oliy taʼlim muassasasining nomi
Taʼlim yoʻnalishi va bosqichi
Tel.raqami
IV. ____________________________________ oʻquv markazida 20__ yil “__” _________dan “__” _________gacha oʻtkazilgan “MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” yoki “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)” oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
T/r
Familiyasi, ismi va otasining ismi
JSHSHIR (PINFL) maʼlumotlari
Oliy taʼlim muassasasining nomi
Oliy taʼlim muassasasini bitirgan sanasi (yil, oy, kun )
Tel.raqami
* Ushbu maʼlumotnomalar akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazi tomonidan Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha oʻqitish va buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga
___________________________da yashovchi (yashash manzili) _________________________________ dan (ariza beruvchining F.I.O) _____________________________________ (telefon raqami) _____________________________________ (elektron pochta manzili)
Dastlabki roʻyxatdan oʻtish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisida ARIZA
Menga buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida (“MHXS boʻyicha moliyaviy hisobot” yoki “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR ASSA)”)* dastlabki roʻyxatdan oʻtish va imtihon topshirish uchun roʻyxatdan oʻtish xarajatlarini qoplab berishingizni soʻrayman.
Ish (oʻqish) joyi va lavozimi:__________________________________________________________________
* Tegishli fan (kurs)ning tagiga chizish orqali belgilash lozim.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.01.2021-y., 09/21/38/0068-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 29.09.2022-y., 09/22/538/0862-son)