toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 09.10.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLIKLAR, DAVLAT QOʻMITALARI, IDORALARNING UMUMIY-MAJBURIY TUSDAGI NORMATIV HUJJATLARINING HUQUQIY EKSPERTIZASI VA ULARNI DAVLAT ROʻYXATIGA OLISh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarining huquqiy ekspertizasi va ularni davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Adliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning normativ hujjatlarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun olinadigan yigʻim miqdorini belgilash huquqi berilsin. Huquqiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun olinadigan yigʻim summasining 80 foizi respublika budjetiga, 20 foizi esa Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining adliya muassasalari va sudlarni rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan vazirliklari, idoralari va davlat qoʻmitalari umumiy-majburiy tusdagi idoraviy normativ hujjatlari huquqiy ekspertizadan oʻtkazilganligi uchun yigʻim toʻlashdan ozod qilinadilar.
(qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 15-iyundagi 300-son qaroriga muvofiq 3-band bilan toʻldirildi)
4. Adliya vazirligi tomonidan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatiga olinmasdan qabul qilganligi yoki roʻyxatga olingandan soʻng kelishilmasdan ularga oʻzgartirish kiritganligi aniqlangan holda Vazirlik xalq sudi orqali ushbu hujjatlarning bekor qilinishini talab qilish, shuningdek, xoʻjalik sudi orqali aybdor tomondan eng kam ish haqining 20 baravari miqdorida jarima undirish huquqiga egadir. Ushbu summa respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Sudlarga bunday daʼvolar bilan chiqilganda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 15-iyundagi 300-son qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 17-iyun,
294-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 17-iyundagi
294-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarning umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarning huquqiy ekspertizasi va ularni davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1992-yil 8-yanvardagi Farmoniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 12-noyabrdagi 523-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi haqidagi nizomga muvofiq Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarning umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi va davlat roʻyxatiga oladi.
2. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, fuqarolar xatti-harakatlarining umumiy majburiy qoidalari joriy qilinayotgan, ushbu Tartibni buzganlik uchun biron-bir masʼuliyat belgilanayotgan, shuningdek, mazkur boshqaruv organi tizimiga kirmagan korxonalar va tashkilotlarning bajarishi majburiy boʻlgan normativ hujjatlar (buyruqlar, nizomlar, yoʻriqnomalar va boshqalar)ni tayyorlayotanlarida ularning loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishga majburdirlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirlik, davlat qoʻmitasi va idora taqdim etgan normativ hujjatning loyihasi olingandan keyin 30 kun mobaynida uni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish shart.
Normativ hujjatning loyihasi yigʻimlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlgan holda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun qabul qilinadi.
4. Vazirlik davlat qoʻmitasi, idoraning taqdim etgan normativ hujjat loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boʻlganda Adliya vazirligi uni davlat roʻyxatiga oladi. Agarda normativ hujjat loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid normalar mavjud boʻlsa, Adliya vazirligi tegishli xulosa bilan loyihani puxta ishlab chiqish uchun qaytaradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning davlat roʻyxatiga olingan umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarining maxsus reyestrini yuritadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari oʻzgarganda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralardan davlat roʻyxatiga olingan umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlari qonunga muvofiqlashtirilishini talab qilishga haqlidir. Bunday holda vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar bir oy muddatda hujjatlarga tegishli oʻzgarishlar kiritishlari va Adliya vazirligiga taqdim etishlari shart.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan normativ hujjatlarga oʻzgarishlar kiritilganda yoki ular bekor qilinganda vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar oʻzgarishlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etishlari lozim. Normativ hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgarishlar va qoʻshimchalarni ekspertizadan oʻtkazganlik uchun belgilangan yigʻimning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 1993-y.,6-son, 25-modda)