toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 18.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-sentabrdagi 590-sonli “ Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 19-maydagi PF-5997-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
konservatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi yerlarini aniqlash va xatlovdan oʻtkazish tartibi;
qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi;
qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tadbirlarini moliyalashtirish.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda konservatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi yerlarini aniqlash ishlarini amalga oshiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-dekabr,
791-son

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-dekabrdagi 791-son qaroriga

ILOVA

Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom degradatsiyaga uchragan, kam mahsuldor hamda zaharli sanoat chiqindilari va radioaktiv moddalar bilan ifloslangan qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
degradatsiyaga uchragan yerlar — tabiiy va antropogen omillar, xoʻjalik va boshqa faoliyatning salbiy taʼsirlari natijasida tuproq sifati yomonlashgan qishloq xoʻjaligi yerlari;
yerlarni konservatsiya qilish — degradatsiyaga (shoʻrlanishga, choʻllanishga, botqoqlashishga uchrashi hamda yaylov va pichanzorlarda tuproq-oʻsimlik qoplami jiddiy tanazzulga) uchragan, kam mahsuldor, hosildorligi juda pasaygan va tabiiy xususiyatlari boʻyicha salbiy tavsiflarga ega tuproqlar, yuqori darajada zaharli sanoat chiqindilari, radioaktiv moddalar, ogʻir metallar va boshqa kimyoviy elementlar bilan ifloslangan qishloq xoʻjaligi yerlarining unumdorlik va tabiiy xususiyatlarini tiklash, buzilgan yerlarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini va degradatsiya surʼatlarini pasaytirish hamda oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun besh yildan kam boʻlmagan muddatga maqsadli foydalanishdan chiqarish;
yerlarni konservatsiya qilish loyihasi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyasining qarori;
kam mahsuldor yerlar — maqsadli foydalanish uchun ekologik xavfli va iqtisodiy jihatdan samarasiz deb topilgan, tuproq unumdorligi juda past va tabiiy xususiyatlari boʻyicha salbiy tavsiflanadigan qishloq xoʻjaligi yerlari;
kartografik (plan-kartografik) material — xaritalarni yaratish va yangilash uchun foydalanish mumkin boʻlgan yer uchastkasining fazoviy joylashishi toʻgʻrisidagi axborot va hujjatlar;
qishloq xoʻjaligi yerlari — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish (ishlab chiqarish) uchun doimiy foydalaniladigan ekin (haydalma) yerlar, pichanzor va yaylovlar, boʻz (tashlandiq) yerlar, koʻp yillik dov-daraxtlar (bogʻlar, tokzorlar, tutzorlar, mevali daraxt koʻchatzorlari, mevazorlar va boshqalar) egallagan yerlar.
3. Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ekologik talablar buzilishi natijasida tuproqlarning kuchli eroziyaga, shoʻrlanishga, choʻllanishga, botqoqlashishga uchrashi hamda yaylov va pichanzorlarda tuproq-oʻsimlik qoplami jiddiy tanazzulga uchraganda;
tuproqlarning inson salomatligi uchun xavfli darajada kimyoviy moddalar va boshqa turdagi ifloslantiruvchilar bilan zararlanishi yoki shoʻrlanishi yoki ishqorlilik darajasining oshishi natijasida yerlarning buzilishi yuzaga kelganda;
yerlarning kam mahsuldorligi, tuproq hosildorligi juda pasayganda va tabiiy xususiyatlari boʻyicha salbiy tavsiflarga ega boʻlganda;
yerlar yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan chegaraviy konsentratsiyalardan yuqori darajada zaharli sanoat chiqindilari, radioaktiv moddalar, ogʻir metallar va boshqa kimyoviy elementlar bilan ifloslanganda.
4. Yer uchastkasi jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishida yoki egaligida boʻlsa, qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) tashabbusiga koʻra amalga oshiriladi.
Agar qishloq xoʻjaligi yerlariga nisbatan foydalanish yoki egalik huquqi rasmiylashtirilmagan boʻlsa, yerlarni konservatsiya qilish tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari tashabbusiga koʻra amalga oshiriladi.
5. Konservatsiya qilingan yerlarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallanganligi boʻyicha turi konservatsiya qilingan barcha davrda oʻzgarmaydi va statistika hisobotlarida alohida satrda koʻrsatiladi.
6. Qishloq xoʻjaligi yerlarining buzilishga olib kelgan shaxslarni aniqlash va yetkazilgan zararni qoplash Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʻlgan hollarda yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Konservatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi yerlarini aniqlash va xatlovdan oʻtkazish
7. Konservatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi yerlarini aniqlash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Qishloq xoʻjaligi vazirligi), Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
8. Qishloq xoʻjaligi yerlarini xatlovdan oʻtkazish va konservatsiya qilinadigan qishloq xoʻjaligi yerlarini aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-apreldagi 299-son qarori bilan tasdiqlangan Yer resurslarini xatlovdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq har besh yilda umumiy koʻrikdan oʻtkazish, agrokimyoviy va geobotanik tadqiqotlar asosida amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari qishloq xoʻjaligi yerlarini xatlovdan oʻtkazish uchun plan-kartografik materiallar va yer uchastkasi toʻgʻrisidagi boshqa axborotlarni hamda ulardan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yer-axborot maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi yerlarining plan-kartografik va boshqa axborotlari hamda agrokimyoviy va geobotanik tadqiqotlar natijalari asosida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar tuproqlari holati toʻgʻrisida milliy, hududiy va mahalliy elektron maʼlumotlar bazasini shakllantiradi.
9. Umumiy koʻrik, agrokimyoviy va geobotanik tadqiqotlar natijalariga koʻra qishloq xoʻjaligi yerlari konservatsiya qilinadigan guruhga oʻtkaziladi.
10. Qishloq xoʻjaligi yerlarini degradatsiyaga uchragan, kam mahsuldor hamda zaharli sanoat chiqindilari va radioaktiv moddalar bilan ifloslangan konservatsiya qilinadigan guruhga oʻtkazishda ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan tuproq tarkibini tavsiflovchi taxminiy koʻrsatkichlardan foydalaniladi.
11. Mahsuldorligi boʻyicha qishloq xoʻjaligi yerlari toʻrt toifaga boʻlinadi:
a) qishloq xoʻjaligida foydalanishga yaroqli boʻlgan yerlar — oʻzining tabiiy hosildorligi buzilmagan holda saqlab qolingan yerlar;
b) qishloq xoʻjaligida foydalanishga yaroqsiz yerlar — soʻngi uch yil ichida yerlarning buzilishiga, tuproq unumdorligi (ozuqa hajmi) sifati yomonlashuviga olib keladigan jarayonlar bir oz taʼsir qilgan, tuproqning ball boniteti, geobotanik farqlar va boshqa usullar bilan belgilangan bazaviy normativlari 20 foizdan oshmaydigan yerlar;
v) kam mahsuldorligi oʻrta darajadagi qishloq xoʻjaligi yerlari — yerlarning buzilishiga olib keladigan jarayonlarga moyil boʻlgan, soʻngi uch yil ichida tuproq unumdorligining (ozuqa hajmi) sifati yomonlashuviga olib keladigan jarayonlar vujudga kelgan tuproqning boniteti, geobotanik farqlar va boshqa usullar bilan belgilangan bazaviy normativlari 20 — 40 foizni tashkil qiladigan yerlar;
g) kam mahsuldorligi yuqori darajadagi qishloq xoʻjaligi yerlari — tuproq unumdorligining pasayishiga olib keladigan jarayonlarga juda sezgir, soʻngi uch yil ichida tuproq unumdorligining (ozuqa hajmi) sifati yomonlashuviga olib keladigan jarayonlar vujudga kelgan tuproqning ball boniteti, geobotanik farqlar va boshqa usullar bilan belgilangan bazaviy normativlari — 40 foizdan ortiqni tashkil qiladigan yerlar.
3-bob. Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi
12. Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish ishlari ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
13. Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish agrotexnik va biologik tadbirlarni oʻz ichiga olgan yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha tasdiqlangan loyihalar asosida amalga oshiriladi.
Agrotexnik tadbirlarda yerni tekislash (rejalashtirish), qiyaliklarni shakllantirish, tuproqning yuza qatlamini olib tashlash, tuproqqa unumdor qatlamlarni yotqizish, gidrotexnik va melioratsiya inshootlarini qurish, zaharli yuza jinsni koʻmib tashlash hamda yerlar degradatsiyasi, atrof-muhitga buzilgan yerlarning salbiy taʼsirlarini oldini olish, istiqbolda yerlardan belgilangan va ruxsat etilgan maqsadda foydalanish uchun boshqa ishlarni amalga oshirish nazarda tutiladi.
Biologik tadbirlar tuproqlarning agrofizik, agrokimyoviy, biokimyoviy va boshqa xususiyatlarini yaxshilashga qaratilgan agrotexnik va fitomeleorativ tadbirlar majmuasini qamrab oladi.
14. Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) va tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari (qishloq xoʻjaligi yerlariga nisbatan foydalanish yoki egalik huquqi rasmiylashtirilmagan yerlar uchun) qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalariga konservatsiya qilish zarurati va sabablarini asoslantirgan holda tegishli ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
yer uchastkasidan foydalanish (egalik qilish) huquqni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
yer uchastkasi dalalari boʻyicha agrokimyoviy (yaylov va pichanzorlar uchun geobotanik) tadqiqotlar tahlili (konservatsiya qilish holatidagi qishloq xoʻjaligi yerlari boʻyicha);
shaxsiy kuzatuv materiallari (foto tasvir, video yozuv va boshqalar).
15. Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) va tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklarining (qishloq xoʻjaligi yerlariga nisbatan foydalanish yoki egalik huquqi rasmiylashtirilmagan yerlar uchun) arizasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari besh ish kuni ichida yerlarni joyiga chiqqan holda koʻrikdan oʻtkazish va ularni konservatsiya qilishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosani tayyorlash uchun komissiya tuzish haqida qaror chiqaradi.
Komissiya tarkibiga yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi), Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalari hamda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutining masʼul xodimlar kiritiladi.
Komissiya aʼzolari:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi — qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish ishlarini muvofiqlashtiradi va umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Suv xoʻjaligi vazirligi — qishloq xoʻjaligi yerlarining meliorativ holatini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarining ishchi holatini baholaydi;
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi — oʻrmon fondi tarkibidagi qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish holatlarini oʻrganadi;
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi — qishloq xoʻjaligi yerlarining zaharli sanoat chiqindilari va radioaktiv moddalar bilan ifloslanganlik darajasini aniqlaydi;
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi — qishloq xoʻjaligi yerlari va oʻrmon fondi yerlarining xoʻjalik va huquqiy rejimi, joylashgan joyi (manzili), chegarasi, kontur raqami, maydoni, yer toifalarini aniqlaydi.
16. Komissiya yerlarni oʻn besh ish kunida joyiga chiqqan holda koʻrikdan oʻtkazib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari vakillari tomonidan yerlarni konservatsiya qilishning maqsadga muvofiqligi va konservatsiya qilishga sabab boʻlgan omillar toʻgʻrisida hisobot va xulosa tayyorlaydi.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari oʻn ish kuni ichida taqdim etilgan materiallar va xulosalarni koʻrib chiqib, konservatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qabul qilingan qarorga muvofiq konservatsiya qilish boʻyicha ishchi yer tuzish loyihasi ishlab chiqiladi va unda yerlarni konservatsiya qilish usullari, konservatsiya qilish muddati, yerlardan foydalanish yoʻnalishlari belgilanadi.
18. Yerlarni konservatsiya qilish loyihasi alohida hujjat koʻrinishida tayyorlanadi.
19. Yerlarni konservatsiya qilish loyihasi quyidagilarni inobatga olgan holda ishlab chiqiladi:
buzilgan yer maydoni, degradatsiya darajasi va tavsiflari yerlarni koʻrikdan oʻtkazish natijasida aniqlangan salbiy holatlar;
atrof-muhitni muhofaza qilishga oid talablar, texnik reglamentlar hamda yer uchastkasi joylashgan joyi va hududning tabiiy-iqlim sharoitlari;
buzilgan yerlardan foydalanishning belgilangan va ruxsat etilgan maqsadi.
20. Yerlarni konservatsiya qilish loyihasi quyidagi boʻlimlardan tashkil topadi:
a) “Tushuntirish” boʻlimi, unda quyidagilar yoritiladi:
yerni konservatsiya qilishning dastlabki shartlari, uning maydoni, joylashgan joyi, yer degradatsiyasining darajasi va tavsiflari;
konservatsiya qilinadigan yer uchastkasining kadastr raqami, konservatsiya qilinadigan yerlar chegarasi va chegaradosh yerlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va yer tuzish xaritasi;
konservatsiya qilinadigan yer uchastkasidan foydalanish boʻyicha belgilangan maqsad va ruxsat etilgan yoʻnalish toʻgʻrisidagi axborotlar;
yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yer uchastkasining alohida shartlarda foydalaniladigan hududlar bilan chegaradoshligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
b) “Yerlarni konservatsiya qilishning ekologik va iqtisodiy asosnomasi” boʻlimi, unda quyidagilar yoritiladi:
konservatsiya qilish tugagandan soʻng yer uchastkasidan belgilangan maqsad va ruxsat etilgan yoʻnalishda foydalanilishini hisobga olgan holda, yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha rejalashtirilgan tadbirlar va texnik yechimlarning ekologik va iqtisodiy asosnomalari;
yerlarni konservatsiya qilish ishlarining parametrlari va sifat xususiyatlariga qoʻyilgan talablar tavsifi;
v) “Yerlarni konservatsiya qilish ishlari tarkibi, hajmi va muddatlari” boʻlimi, unda quyidagilar yoritiladi:
yerlarni koʻrikdan oʻtkazish natijalari asosida aniqlanadigan konservatsiya qilish boʻyicha ishlar tarkibi hamda yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha ishlarini amalga oshirish zaruratini asoslash uchun tuproq va boshqa dala tadqiqotlari, laboratoriya tahlillari, shu jumladan tuproq tarkibining fizik, kimyoviy va biologik koʻrsatkichlari hamda muhandislik-qidiruv natijalari;
yerlarni konservatsiya qilish ishlarini amalga oshirish ketma-ketligi va hajmi tavsifi;
yerlarni konservatsiya qilish ishlarini amalga oshirish muddati;
yerlarni konservatsiya qilish ishlarini yakunlash rejalashtirilgan muddat;
g) “Yerlarni konservatsiya qilish ishlarini oʻtkazish uchun xarajatlar smetasi” boʻlimi. Bunda yerlarni konservatsiya qilish ishlarining turi va tarkibi boʻyicha alohida va umumiy xarajatlar aks ettiriladi.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar (tumanlar, shaharlar) hokimliklari, yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) yerlarni konservatsiya qilish loyihalarining buyurtmachilari (keyingi oʻrinlarda — buyurtmachi) boʻlishi mumkin.
22. Yerlarni konservatsiya qilish loyihalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq yer tuzish ishlarini bajaruvchi yuridik va jismoniy shaxslarni jalb qilgan holda, yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Agar qishloq xoʻjaligi yerlariga nisbatan foydalanish yoki egalik huquqi rasmiylashtirilmagan boʻlsa, yerlarni konservatsiya qilish loyihalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq yer tuzish ishlarini bajaruvchi yuridik va jismoniy shaxslarni jalb qilgan holda, tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
(22-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
23. Yerlarni konservatsiya qilish loyihasi tasdiqlangunga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishiladi.
24. Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) kelishish uchun yerlarni konservatsiya qilish loyihasini ilovalari va xat bilan birgalikda taqdim qiladi. Yerlar degradatsiyasi darajasini pasaytirish, buzilgan yerlarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish va kelgusida degradatsiyaga uchrashining oldini olish maqsadlariga erishish uchun yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha nazarda tutilgan tadbirlarning yetarliligi va asoslanganligi loyihani kelishish predmeti hisoblanadi.
25. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari yerlarni konservatsiya qilish loyihasi taqdim etilgan kundan boshlab oʻn besh kun davomida loyihaning kelishilganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida rasmiy xat berishi zarur.
Agar yerlarni konservatsiya qilish loyihasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼul xodimlari tomonidan asossiz ravishda oʻn besh kun davomida koʻrib chiqilmasa, loyiha kelishilgan deb hisoblanadi.
26. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari quyidagi holatlardan birida yerlarni konservatsiya qilish loyihasini kelishishni rad etish toʻgʻrisida xabarnoma yuborishi mumkin:
yerlarni konservatsiya qilish loyihasida nazarda tutilgan tadbirlar yerlar degradatsiyasi darajasini pasaytirish, atrof-muhitga salbiy taʼsirlarni va yerlarning keyinchalik degradatsiyasining oldini olish maqsadlariga erishishni taʼminlamasa;
yerlarni konservatsiya qilish loyihasida koʻrsatilgan yer uchastkalari va konservatsiya qilinadigan yerlar maydonlari konservatsiya qilish talablariga nomuvofiq boʻlsa;
yerlarni konservatsiya qilish loyihasining “Tushuntirish” boʻlimida yerlar va yer uchastkalarini konservatsiya qilinishi toʻgʻrisida ishonchsiz va shubhali maʼlumotlar mavjud boʻlsa;
konservatsiya qilish davrida yer uchastkalaridan belgilangan va ruxsat etilgan maqsadda foydalanish buzilishiga taalluqli tadbirlar belgilangan boʻlsa.
27. Yerlarni konservatsiya qilish loyihasini kelishishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada yerlarni konservatsiya qilish loyihasini qayta koʻrib chiqish boʻyicha rad etish sabablari va tavsiyalar asoslangan holda koʻrsatiladi.
28. Yerlarni konservatsiya qilish loyihasi rad etish sabablari bartaraf etilgandan soʻng yerlarni konservatsiya qilish loyihasini kelishib berishni rad etish toʻgʻrisida xabarnoma olgan kundan boshlab uch oydan kechikmasdan qayta kelishish uchun taqdim etilishi mumkin.
Yerlarni konservatsiya qilish loyihasida koʻrsatilgan yer uchastkalari va konservatsiya qilinadigan yerlar maydonlari konservatsiya qilish talablariga nomuvofiq boʻlsa, loyiha qayta kelishish uchun qabul qilinmaydi.
29. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari qayta kiritilgan yerlarni konservatsiya qilish loyihasini besh ish kunida kelishadi.
30. Yerlarni konservatsiya qilish loyihalarini texnik loyihalar (dasturlar) ekspertizasidan oʻtkazish talab etilmaydi.
31. Qishloq xoʻjaligi vazirligining hududiy boʻlinmalari uch ish kunida yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha tayyorlangan tegishli materiallarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
32. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiya oʻn kundan kechikmasdan yerlarni konservatsiya qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
33. Yerlarni konservatsiya qilish loyihalarining buyurtmachilari yerlarni konservatsiya qilish loyihalarining nusxasini yer tuzish hujjatlarining mahalliy fondida saqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalariga taqdim etadi.
Yerlarni konservatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish davrida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari masʼul xodimlari ishtirokida konservatsiya qilinayotgan yer uchastkasi chegarasiga konservatsiya qilinganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
34. Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish ishlarini amalga oshirish muddati yerlarni konservatsiya qilish loyihasida belgilanadi va ushbu muddat besh yildan yigirma besh yilgacha belgilanadi.
Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish boʻyicha konservatsiya qilish loyihasini amalga oshirishda mualliflik nazoratini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
35. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning hududiy boʻlimlari qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish loyihalarining amalga oshirilishi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 23-dekabrdagi 496-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida yer monitoringi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq monitoring olib boradi.
36. Yerni konservatsiya qilish boʻyicha konservatsiya qilish loyihasida belgilangan muddat tugagandan soʻng bir oy muddat ichida yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi), Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari hamda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutining masʼul xodimlaridan iborat konservatsiya qilingan yerni joyiga chiqib koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiya tuziladi.
37. Komissiya konservatsiya qilingan yerni joyiga chiqib koʻrikdan oʻtkazadi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalariga yerlarni foydalanish boʻyicha avvalgi maqomga qaytarish, konservatsiya muddatini uzaytirish yoki undan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikka yoʻnaltirilgan boshqa takliflar toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
38. Konservatsiya qilingan yerni joyiga chiqib koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiya xulosasiga muvofiq yigirma besh yildan kam muddatga konservatsiya qilingan qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish muddatini uzaytirishga ruxsat etiladi.
39. Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) oʻzi aybdor boʻlmagan holatda iqtisodiy samarasiz, ekologik xavfli va texnogen ifloslangan yer uchastkasi oʻrniga xuddi shu yer uchastkasiga teng qiymatdagi yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaga murojaat qilish huquqiga ega.
Tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiya yer uchastkasidan foydalanuvchining (egalik qiluvchining) talabini tuman zaxirasidagi yerlar hisobidan qanoatlantirishi lozim.
Zaxira yerlar mavjud boʻlmagan taqdirda, yer uchastkasidan foydalanuvchining (egalik qiluvchining) talabi rad etilishi mumkin.
40. Konservatsiya amalga oshirilayotgan vaqtda yer uchastkasining moʻljallangan maqsadini oʻzgartirish va yerlarni konservatsiya qilish loyihalarida nazarda tutilgandan tashqari har qanday faoliyat taqiqlanadi.
41. Konservatsiya davrida yer uchastkasidan foydalanuvchining (egalik qiluvchining) yerga nisbatan ijara (egalik) huquqlari saqlab qolinadi va Yer uchastkalari qishloq xoʻjaligi foydalanishidan chiqariladi.
Yer uchastkasidan foydalanuvchining (egalik qiluvchining) xohishiga koʻra konservatsiya qilinayotgan yerlar zaxira yerlar tarkibiga oʻtkazilishi mumkin.
42. Har yili 1-yanvar holatiga koʻra konservatsiya qilingan maydonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligiga taqdim etib boriladi.
4-bob. Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tadbirlarini moliyalashtirish
43. Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari, yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
44. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan quyidagilar moliyalashtiriladi:
tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarida nazarda tutilgan yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish;
yer va tuproqlarni konservatsiya qilish uchun izlanishlar oʻtkazish;
alohida qimmatga ega boʻlgan unumdor sugʻoriladigan yerlarni konservatsiya qilish loyihalarini ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish doirasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
konservatsiya qilingan qishloq xoʻjaligi yerlari monitoringini olib borish;
qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilishni ragʻbatlantirish tadbirlari.
45. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan quyidagilar moliyalashtiriladi:
yerlardan foydalanish va muhofaza qilish boʻyicha hududiy dasturlarida nazarda tutilgan yerlarni konservatsiya qilish tadbirlar;
yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha hududiy dasturlarda nazarda tutilgan yerlarni konservatsiya qilishni ragʻbatlantirish tadbirlari.
46. Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) mablagʻlari hisobidan:
qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilishgacha boʻlgan hujjatlarni tayyorlash;
yer uchastkasidan foydalanuvchining (egalik qiluvchining) aybi bilan ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan yer buzilishi holatlari yuzaga kelganda, yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha barcha tadbirlar moliyalashtiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
47. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.

Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

1-ILOVA

Tabiiy-qishloq xoʻjaligi mintaqalaridagi yerlarni konservatsiya qilishda zarur sharoitlarni va tuproq tarkibini tavsiflovchi

TAXMINIY KOʻRSATKICHLAR

T/r

Tuproq xususiyatlari va belgilari

Oʻlchov birliklari

Tuproq xususiyatlari koʻrsatkichlari (mintaqaviy joylashuvini hisobga olgan holda)

1.

Eroziyaga uchraganligi (yuvilgan va deflyatsiyaga uchragan)

Tuproqning eroziyaga uchraganlik darajasi

Xiralashgan, kuchli va oʻrtacha darajada yuvilgan, kuchli va oʻrtacha darajada deflyatsiyaga uchragan

2.

Tarkibiy tuzilishi

Oʻlchami 3 mm togʻ jinsi siniq (qoldiq)lari miqdori, foiz hisobida

Tuproqlar hajmidan > 26 foiz (30 sm lik tuproq qatlamlarida)

3.

Yengil mexanik (granulometrik) tarkibi

Fizik loy (gil)lar miqdori (0,01 mm dan kichik diametrdagi zarrachalar), foiz hisobida

Har uchala (choʻl, yarimchoʻl, togʻoldi va togʻosti) mintaqalarida 05 dan 2530 foizgacha

4.

Tuproqning ustki qatlamida ogʻir mexanik (granulometrik) tarkib

Fizik loy (gil)lar miqdori (0,01 mm dan kichik diametrdagi zarrachalar), foiz hisobida

45 foiz dan koʻp

5.

Gumuslilik

Gumus miqdori, tuproq massasiga nisbatan foiz hisobida

a) choʻl mintaqasida — 0,5 kam;

b) yarim choʻl mintaqasida 0,5 — 1,0 kam;

v) togʻ va togʻoldi mintaqalarda 1,0 — 2,0 foiz

6.

Tuproq ishqorliligi

rN

Barcha mintaqalarda

a) 7,0 dan kam (nordon)

b) 8,0 dan yuqori (ishqoriy)

7.

Harakatchan aluminiy miqdori

100 g tuproqda mg-ekv

3,0 dan yuqori

8.

Harakatchan fosfor miqdori

-

-

9.

Almashuvchan kaliy miqdori

-

-

10.

Gumus (chirindi) miqdori

-

-

11.

Singdirilgan natriy miqdori

Singdirilgan asoslarning umumiy miqdoridan, foiz

10 mg-ekv. dan kam (shoʻrlanmagan).

10 mg-ekv. dan koʻp (shoʻrlangan)

12.

Shoʻrlanganligi

Zaharli tuzlar miqdori boʻyicha hisoblanganda tuproq massasiga nisbatan foiz hisobida

a) sodali — 0,1 foizdan koʻp;

b) sulfat-xloridli — 0,2 foizdan koʻp;

v) sulfatli — 0,4 foizdan koʻp

13.

Fizik degradatsiyaga uchraganligi

Massa hajmi, g/sm3

a) loy va gilsimon tuproqlar uchun — 1,5 dan koʻp;

b) qumli va qumloq tuproqlar uchun — 1,7 dan koʻp

14.

Organogenli (torfli) tuproqning joylashish chuqurligi

Organogenli qatlamning qalinligi, sm

30 dan kam

15.

Ikkilamchi suv bosishi (botqoqlashishi)

Grunt (sizot) suvlari sathi, m

1,0 dan yuqori

16.

Kimyoviy ifloslanish

Oxirgi darajada ruxsat etilgan konsentratsiya

Harakatchan shakldagi ruxsat etilgan konsentratsiyaning oxirgi darajadan oshishi (ammoniy-atsetatli modda)

17.

Radiatsiyali ifloslanish

Ifloslanish qalinligi

Seziy — 137

Stronsiy — 90 KOI/kv.km

Cs137 — 15 dan koʻp;

Sr90 — 3 dan koʻp.

Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

2-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi yerlarini konservatsiya qilish ishlarini amalga oshirish

SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) yoki tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalariga yerlarni konservatsiya qilish zarurligi boʻyicha (konservatsiya qilish sabablarini koʻrsatgan holda) rasmiy murojaat qilish.

Yil davomida

2-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari

Yer uchastkasidan foydalanuvchining (egalik qiluvchining) arizasiga asosan yerlarni joyiga chiqqan holda koʻrikdan oʻtkazish va ularni konservatsiya qilishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosani tayyorlash uchun komissiya tuzish.

Yerlarni joyiga chiqqan holda koʻrikdan oʻtkazish va yerlarni konservatsiya qilishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida hisobot va xulosa tayyorlash.

Taqdim qilingan materiallar va komissiya xulosalarini koʻrib chiqish va konservatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.

30 Ish kunida

3-bosqich

Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) yoki tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari

Yerlarni konservatsiya qilish loyihasini ishlab chiqish.

Yerlarni konservatsiya qilish loyihasini Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (oʻrmon xoʻjaligi yerlarida), Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari va tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari bilan kelishish.

30 Ish kunida

4-bosqich

Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boʻlimlari

Yerlarni konservatsiya qilish loyihasini kelishish yoki rad etish boʻyicha rasmiy xulosa tayyorlash va taqdim etish.

15 Ish kunida

5-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari

Yerlarni konservatsiya qilish boʻyicha tayyorlangan tegishli materiallarni mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaga tasdiqlash uchun taqdim etish.

3 Ish kunida

6-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyasining yerlarni konservatsiya qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.

10 Ish kunida

7-bosqich

Yer uchastkasidan foydalanuvchi (egalik qiluvchi) yoki tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari

Yerlarni konservatsiya qilish loyihasini amalga oshirish (realizatsiya qilish).

Loyihada belgilangan muddatda

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2020-y., 09/20/791/1635-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)