toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 20.04.2015

Oʻzbekiston Respublikasi

Moliya vazirligi tomonidan

1999-yil 20-dekabrda 96-son bilan

“TASDIQLANGAN”

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat

soliq qoʻmitasi tomonidan 1999-yil

17-sentabrda 99-116-son bilan

“TASDIQLANGAN”

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy banki bilan 1999-yil

17-sentabrda 145-V-son bilan

“KELIShILGAN”

BUDJET OLDIDA BOQIMANDASI BOR XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNING BUDJET OLDIDAGI QARZLARINI UNDIRISh VA SOLIQ TOʻLOVChILARNING MABLAGʻI BOʻLMAGAN HOLATDA ULARNING DEBITOR QARZI ORQALI BUDJET OLDIDAGI QARZINI UNDIRISh TOʻGʻRISIDAGI
tartib
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 19-yanvarda 874-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining 2015-yil 9-apreldagi 29, 2015-13-sonli “Budjet oldida boqimandasi bor xoʻjalik yurituvchi subyektlarning budjet oldidagi qarzlarini undirish va soliq toʻlovchilarning mablagʻi boʻlmagan holatda ularning debitor qarzi orqali budjet oldidagi qarzini undirish toʻgʻrisidagi tartibni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 874-1, 15.04.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi “Muddatida toʻlanmagan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida”gi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 4-fevraldagi “Hisob-kitob mexanizmini takomillashtirish hamda respublika budjeti va mahalliy budjetlarga toʻlovlar tushishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va boshqa meʼyoriy hujjatlari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning debitor va kreditor qarzlarini kamaytirish hamda budjet oldidagi boqimandalarini undirish tartibini belgilaydi.
II. SOLIQLAR VA YIGʻIMLARNI OʻZ VAQTIDA VA TOʻLIQ TOʻLAMAGANLIKLARI UChUN INKASSO TOPShIRIQNOMALARI ORQALI UNDIRISh
1. Yuridik shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan muddatda soliq va majburiy toʻlovlarni davlat budjetiga oʻtkazmasa, Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi “Muddatida toʻlanmagan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasi 1-bandiga asosan soʻzsiz ravishda inkasso topshiriqnomasini soliq toʻlovchining bankdagi hisobraqamiga qarzlarni undirish uchun qoʻyiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 1999-yil 30-yanvarda 615-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtgan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning banklardagi hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarining toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomasiga asosan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning milliy valyutadagi mablagʻlari birinchi navbatdagi toʻlovlar boʻyicha qilingan talablarni qoplash uchun yetarli boʻlmasa, u holda xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan soliq xizmati organlarining yozma ravishdagi koʻrsatmasiga asosan xoʻjalik yurituvchi subyektning qoʻyilgan talablarni qondirish uchun kerakli boʻlgan ularning hisobvaraqlaridagi chet el valyutasini Respublika valyuta birjasiga sotish uchun qoʻyiladi.
3. Soliq toʻlovchining hisobraqamida va valyuta hisobvaragʻida mablagʻ boʻlmaganda inkasso topshiriqnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 1998-yil 8-oktabrda 496-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan, 2-kartotekada toʻlovni kutayotgan hujjatlar qatoriga joylashtiriladi.
III. BOQIMANDALARNI DEBITORLIK QARZGA QARATISh
4. Soliq toʻlovchilarning banklardagi barcha hisobvaraqlarida mablagʻi boʻlmasa, u holda soliq toʻlovchilar joylardagi Davlat soliq xizmati organlariga “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunning 5 va 6-moddasiga asosan oyiga bir marta keyingi oyning 10 sanasidan kechiktirmasdan kreditor va debitor qarzi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani 1-ilovaga muvofiq taqdim etadilar.
5. Bundan tashqari budjet oldida boqimandasi bor korxonalar debitor qarzdor korxonalar bilan solishtirma dalolatnomani tuzadi va debitor qarzlari roʻyxati bilan birgalikda oyiga bir marta keyingi oyning 10 sanasiga oʻzi roʻyxatdan oʻtgan davlat soliq xizmati organiga topshiradilar.
6. Joylardagi tijorat banklari Davlat soliq organlarining soʻrovnomasiga asosan soʻralgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning budjet oldidagi boqimandasini, debitor va kreditor qarzlarni kamaytirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 786-moddasi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-martdagi 146-son qaroriga asosan ularning barcha hisobvaraqlarida pul mablagʻlari qoldigʻi boʻyicha maʼlumotni DBF faylda yoki ruxsat berilgan tartibda, keyinchalik elektron pochta orqali kunlik maʼlumot beradi.
7. Joylardagi soliq organlari banklardan olgan maʼlumotlarni oʻz hududiga joylashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tegishli boʻlganini tahlil qilish bilan birga oʻsha kuni umumlashtirish uchun viloyat Davlat soliq boshqarmasiga elektron pochta orqali beradilar.
8. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi oʻz navbatida olgan maʼlumotni viloyat boʻyicha umumlashtirib, 3 kun ichida oʻz hududidagi DSIlariga va viloyat hududidan tashqaridagi korxonalarga qarashli maʼlumotlarni boshqa viloyatlarga Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi “Muddatida toʻlanmagan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida” Qonunining 8-moddasi ijrosini taʼminlash uchun elektron pochta orqali yuboradi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi budjeti daromadlari prognoz koʻrsatkichlarini oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash uchun, ushbu maʼlumotlarni joylardagi soliq xizmati organlari tahlil qiladi va mablagʻlari mavjud debitor xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisobvaragʻiga budjet oldida boqimandasi bor korxona nomidan oʻz vaqtida inkasso topshiriqnomalarini qoʻyadi.
10. Budjet oldida boqimandasi bor korxonalarning debitor qarzi uchun solishtirma dalolatnomasi asosida qoʻyilgan inkasso topshiriqnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 4-fevraldagi “Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish hamda respublika budjeti va mahalliy budjetlarga toʻlovlar tushishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 1999-yil 30-yanvarda 615-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning banklardagi hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini oʻchirish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaga asosan ijro etiladi.
IV. QARZDOR KORXONALARNING QARZLARINI ULARNING MOL-MULKI HISOBIDAN UNDIRISh
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 8-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulklari hisobidan undirib olinadi.
12. Qarzdor korxonaning budjetdan qarzini bir oy muddatda toʻlamasa, mulki hisobidan undirish uchun xoʻjalik sudiga murojaat qilishi haqida ogohlantiradi.
13. Qarzdor korxonaga ogohlantirish talabnomasi berilganidan keyin bir oy muddat oʻtgach, korxona qarzini qisman toʻlagan yoki toʻlamagan holda uning qarzini mol-mulki hisobidan undirish uchun xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi beriladi.
14. Xoʻjalik sudiga daʼvo ariza berishda soʻnggi hisobot davri uchun korxona balans nusxasi, budjetdan boʻlgan qarzlarini tasdiqlovchi solishtiruv dalolatnomalari, qarzdorning hisob-kitob, joriy, valyuta hisobraqamlarida mablagʻi yoʻqligi haqida bank maʼlumotnomasi, shaxsiy hisobraqamlardan koʻchirmalar taqdim etiladi.
V. JAVOBGARLIK
15. Tijorat banklari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va Davlat soliq xizmati organlarining masʼul xodimlari ushbu tartibni toʻgʻri va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida amal qilayotgan qonunlarda belgilangan tartibda javobgardir.
Moliya vaziri oʻrinbosari E. GADOYEV
Davlat soliq qoʻmitasi Raisi oʻrinbosari V. BEGANOV
Markaziy bank Raisi oʻrinbosari M. JUMAGALDIYEV
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat
soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston
Respublikasi Markaziy bankining
1999-yil 17-sentabrdagi 99-116,
145-V-son Tartibiga 1-sonli
ILOVA
‎Korxonaning toʻrtburchak muhri
______________________________ Davlatsoliq inspeksiyasiga

‎‎1999-yil “___”_____________________ga

‎‎Korxonaning debitor va kreditor qarzi
‎toʻgʻrisida tezkor maʼlumot

(ming soʻmda)‎
korxonani nomi‎ identifik raqami‎ roʻyxatdan oʻtgan DSI nomi‎ debitor qarzi‎ kreditor qarzi‎ summasi oʻtgan debitor qarzi summasi‎ qarzdorlik paydo boʻlgan muddati‎
Korxona rahbari‎‎‎
Bosh buxgalter

‎‎__________________________________

(‎‎imzo)

M.U.‎

__________________________________‎‎

(‎‎imzo) ‎‎

(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 2-son)