1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.16.00 Tanlovlar. Ko‘riklar. Festivallar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“ShARQ TARONALARI” XALQARO MUSIQA FESTIVALINI O‘TKAZISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-apreldagi 354-sonli “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sharq mamlakatlari xalqlari milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, milliy musiqa an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida san’atga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, go‘zallikni, chin insoniy qadriyatlarni tarannum etish, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi, “O‘zteleradio” kompaniyasi va Bastakorlar uyushmasi hamda Samarqand viloyati hokimligining “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
festival har ikki yilda bir marta Samarqand shahrida, birinchisi 1997-yilning 25-avgustidan 2-sentabriga qadar o‘tkaziladi;
festivallar oralig‘idagi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi amalga oshiradi.
(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
(1-bandning birinchi va to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 156-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda)
2. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi tarkibi 1-ilovaga, festivalni o‘tkazish tartibi haqidagi nizom 2-ilovaga, festivalning sarf-xarajatlari smetasi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-3-ilovalar berilmaydi.
3. Tashkiliy qo‘mita tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tadbirlari rejasini;
festival bosh direksiyasi tuzilmasi va shtatlar jadvalini;
festival dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda homiylar ro‘yxatini aniqlasin.
4 O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat ishlari vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi bilan birgalikda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini YUNESKOning xalqaro madaniyat tadbirlari rejasiga kiritish masalasini belgilangan tartibda hal qilsin.
5. Toshkent shahar hokimligiga poytaxtda to‘xtab o‘tadigan festival qatnashchilarini kutib olish, joylashtirish va jo‘natishni tashkil etish topshirilsin.
6. Samarqand viloyati hokimligi:
festival bosh direksiyasining faoliyatini ta’minlash tadbirlarini ko‘rsin;
1997-yil 1-avgustgacha festival tadbirlari o‘tkaziladigan sahna maydonlari va zallarni tayyorlasin;
shaharda tegishli obodonchilik ishlarini amalga oshirsin.
7. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi:
festival qatnashchilari va mehmonlari uchun bosh direksiya buyurtmasiga muvofiq, mehmonxonalardan joy ajratsin;
xorijiy qatnashchilar va mehmonlardan yashash haqini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan narxlarda summalarda qabul qilsin.
8. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi festival qatnashchilari va mehmonlarini bosh direksiya buyurtmasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tarif asosida so‘m hisobida avia va temir yo‘l chiptalari bilan ta’minlasinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xorijiy ishtirokchilar va ularning yuklarini bojxona, viza va aeroport to‘lovlaridan ozod etsinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi festival o‘tadigan joylarda xavfsizlikni ta’minlasin.
11. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi va “O‘zbekyengilsanoat” uyushmasi festivalga bag‘ishlangan sovg‘a buyumlari chiqarishni yo‘lga qo‘ysinlar, festivalda ishtirok etuvchi mamlakatlarning davlat bayroqlarini tayyorlab bersinlar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarning respublika budjetidan va homiylar hisobidan 70:30 nisbatda qoplanishini nazarda tutgan holda mablag‘ ajratsin hamda tegishli mablag‘larni festival bosh direksiyasi hisobiga o‘tkazib bersin.
Belgilab qo‘yilsinki, festival ishtirokchilarining kelib-ketishi bilan bog‘liq transport xarajatlari 50 foizdan 100 foizgacha qoplanadi.
Homiylarning foydadan to‘laydigan soliq bo‘yicha bazasi ularning festival hisobiga o‘tkazadigan mablag‘i miqdoriga monand qisqartirilishi nazarda tutilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xalqaro festival ehtiyojlari uchun zarur so‘mlarni erkin muomaladagi valyutaga ayirboshlashni ta’minlasin.
14. “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi festival bosh direksiyasi buyurtmasiga muvofiq transport xizmati ko‘rsatsin
15. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqaro festival ishtirokchilariga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi festivalga bag‘ishlangan reklama nashrlarini o‘z vaqtida chop etsin.
17. “O‘zteleradio” kompaniyasi, O‘zA va boshqa ommaviy axborot vositalariga festivalga tayyorgalikning borishini va o‘tkazilishini muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 11-mart,
132-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 132-son qaroriga 2-ILOVA
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi haqida
NIZOM
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali Sharq mamlakatlari milliy musiqa san’atining eng yaxshi namunalarini keng targ‘ib qilish, sharqona nafosatli, milliy musiqiy an’analarni asrab-avaylash va rivojlantirish, yoshlarda san’atga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, ijodiy aloqalar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish, tinchlik, do‘stlik, hamjihatlik g‘oyalarini ulug‘lash, o‘zaro madaniy-ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida ta’sis etilgan.
Festival har ikki yilda bir marta Samarqand shahrida o‘tkaziladi.
I. FESTIVAL TUZILMASI
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi, “O‘zteleradio” kompaniyasi, bastakorlar uyushmasi va Samarqand viloyati hokimligi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining asosiy muassislaridir.
II. FESTIVAL TADBIRLARI
Festival doirasida quyidagi tadbirlar o‘tkaziladi:
“Eng yaxshi milliy qo‘shiq ijrosi” uchun tanlov;
ilmiy-ijodiy konferensiya;
gala konsert.
III. FESTIVAL ShARTLARI
Festival tadbirlarida har bir mamlakatdan jami 9 nafargacha, ijodiy delegatsiya (7 kishigacha badiiy jamoa, 1 musiqashunos, 1 faxriy mehmon) qatnashishi mumkin.
Ijodkorlarning o‘z hisoblaridan festivalda ishtirok etishlari cheklanmaydi.
Ishtirok etuvchilar tashkiliy qo‘mitaga belgilangan muddatda musiqiy dasturlarini taqdim etadilar. Dastur 30 daqiqadan oshmasligi va quyidagi yo‘nalishlardan iborat bo‘lishi lozim:
1. Xalq musiqa ijodiyoti namunalari;
2. Mumtoz milliy musiqiy asarlar;
3. Zamonaviy milliy musiqiy asarlar.
IV. FESTIVALNI O‘TKAZUVChI TOMONNING MAJBURIYATLARI
Hay’at a’zolari va ularning bir nafar hamrohining festivalda ishtirok etishi bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlarini, shu jumladan, festivalga kelib-ketish transport xarajatlarini 50 foizdan 100 foizgacha qoplash;
Har bir mamlakat uchun belgilangan kvota doirasida (III-band) festival ishtirokchilarining mehmonxonada yashash, ovqatlanish, O‘zbekiston hududida transportda yurish xarajatlarini to‘lash.
Zarur hollarda tibbiy xizmat ko‘rsatish.
V. “ENG YaXShI MILLIY QO‘ShIQ IJROSI UChUN” TANLOV ShARTLARI
Tanlovda professional va havaskor badiiy jamoalar hamda yakkaxon xonandalar qatnashishlari mumkin.
Tanlov uch bosqichdan iborat bo‘ladi.
Birinchi bosqich saralovchi sifatida oldindan o‘tkaziladi va unda tanlovda qatnashishga istak bildirgan ijrochilarning audio-videokassetalarga yoki lazer disklariga yozilgan uchta qo‘shig‘i tinglanadi. Qo‘shiqlar ijrosi 15 daqiqadan oshmasligi va ilgari boshqa xalqaro tanlovlarda ijro etilmagan bo‘lishi shart. Audio-videokassetalar ijodkorlar tomonidan tashkiliy qo‘mitaga belgilangan muddatda yuborilishi lozim.
Ikkinchi va uchinchi bosqichlarda qo‘shiqlar “jonli” holda tarkibi 7 kishidan oshmagan sozandalar jo‘rligida yoki — 1 (minus 1) fonogramma yordamida ijro etilishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar ko‘rsatilgan namuna bo‘yicha 1997-yil 30-iyungacha quyidagi manzilga yuborilishi shart:
O‘zbekiston, Toshkent shahri, 700011, Navoiy ko‘chasi, 30, Madaniyat ishlari vazirligi.
VI. XALQARO HAY’AT
Tanlovni baholash uchun 11 kishidan iborat xalqaro hay’at tuziladi.
Qo‘shiqlarning yorqin milliy xususiyatlari, mazmundorligi, xonandalarning yuksak ijro mahorati, ko‘rkam sharqona libosi va sahna xatti-harakatlari baholashda asosiy mezon bo‘lib hisoblanadi.
VII. MUKOFOTLAR
Tanlov g‘oliblari uchun quyidagi mukofot ta’sis etiladi:
Gran Pri 10000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti;
1-mukofot (2 ta) har biri 5000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti;
2-mukofot (2 ta) har biri 3500 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti;
3-mukofot (3 ta) har biri 2000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti.
Muassislar, ijodiy uyushmalar, jamg‘armalar va boshqa tashkilotlar maxsus mukofot ta’sis etishlari mumkin.
Tanlov g‘oliblari ijrosidagi asarlardan iborat lazer disklari tayyorlanadi.
Shuningdeq, har bir qatnashchiga maxsus diplom beriladi.
VIII. KONFERENSIYA
Festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa san’atining mushtarakligi” mavzuida xalqaro ilmiy-ijodiy konferensiya o‘tkaziladi.
Ma’ruzalarning to‘la matni yoki tezislari belgilangan muddatda yarim bosma taboqqacha bo‘lgan hajmda festival tashkiliy qo‘mitasiga yuboriladi.
Ma’ruzachilar matni maxsus to‘plam holida nashr qilinadi.
O‘zbek, arab, ingliz va rus tillari konferensiyaning ishchi tillari hisoblanadi.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ko‘rik-tanlovida ishtirok etish uchun ARIZA