toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻini tashkil qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 20-martdagi PQ-4247-son qarori ijrosini taʼminlash, tabiat bogʻi hududida ekologik tizim holatini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonlarning noyob turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat ekologiya qoʻmitasi) va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoʻngʻirot tumani hududida davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida umumiy maydoni 1 447 143 gektar boʻlgan “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻini (keyingi oʻrinlarda — tabiat bogʻi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻining umumiy maydoni 1-ilovaga muvofiq;
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻiga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladigan yer uchastkalarining maydoni 2-ilovaga muvofiq;
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida foydalanish zonalari uchun ajratiladigan yer maydoni 3-ilovaga muvofiq;
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
a) tabiat bogʻining xoʻjalik maqsadida foydalanish zonalaridagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi;
b) tabiat bogʻi Davlat ekologiya qoʻmitasining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;
v) tabiat bogʻi faoliyatini moliyalashtirish:
2020-yilda Davlat ekologiya qoʻmitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
Oldingi tahrirga qarang.
2021-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti mablagʻlari, Davlat ekologiya qoʻmitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(3-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Davlat ekologiya qoʻmitasi ikki oy muddatda:
tabiat bogʻining nizomi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
tabiat bogʻi shtatlar jadvali tasdiqlanishini va malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
5. Davlat ekologiya qoʻmitasi raisiga tabiat bogʻining ijro etuvchi apparati xodimlarining cheklangan umumiy soni hamda mehnatga haq toʻlash fondi doirasida tabiat bogʻi shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda tabiat bogʻi ijro etuvchi apparati uchun Qoʻngʻirot shahrida bino ajratilishini;
tabiat bogʻiga ajratilgan yer uchastkalarida joylashgan infratuzilma obyektlarining keyinchalik tegishliligi va ulardan foydalanish masalalari hal etilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda belgilangan tartibda tabiat bogʻi uchun yer uchastkalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
Davlat ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda tabiat bogʻining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida hamda boshqa tarzda foydalanish zonalari chegaralarini belgilanishini;
kadastr hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
7. Davlat ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi K.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-noyabr,
707-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 707-son qaroriga
1-ILOVA
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻining umumiy maydoni

Hudud nomi

Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar

Yer uchastkalari maydoni (ga)

Yer toifalari

Qoʻngʻirot tumani

Qoʻngʻirot davlat oʻrmon-ov xoʻjaligi yerlari

282650

Oʻrmon fondi yerlari

Xoʻjayli davlat oʻrmon xoʻjaligi yerlari

43577

Oʻrmon fondi yerlari

“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi yerlari

97827

Suv fondi yerlari

Zaxira yerlar

1023089

Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlar

Jami:

1447143

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 707-son qaroriga
2-ILOVA
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻiga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladigan yer uchastkalarining maydoni

Hudud nomi

Oldingi yerdan foydalanganlar

Beriladigan yer uchastkalari maydoni (ga)

Berilayotgan yerlarning toifalari

Qoʻngʻirot tumani

Zaxira yerlar

1023089

Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlar

Jami:

1023089

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 707-son qaroriga
3-ILOVA
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida foydalanish zonalari uchun ajratiladigan yer maydonlari

Zonalarning nomlari

Yer maydoni, ga

Yer toifalari

Qoʻriqxona zonasi

934584

Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlar (zaxira yerlar)

Rekreatsiya zonasi

69515

Qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlar (zaxira yerlar)

Xoʻjalik maqsadida foydalanish zonasi

443044

Oʻrmon va suv fondi yerlari hamda qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlar (zaxira yerlar)

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 707-son qaroriga
4-ILOVA
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bogʻi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni — 38 nafar,
shu jumladan, boshqaruv xodimlari — 31 nafar,
xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — 7 nafar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2020-y., 09/20/707/1498-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)