toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BAHOUDDIN NAQSHBANDIY TAVALLUDINING 675 YILLIGIGA TAYYORGARLIK KOʻRISH VA UNI OʻTKAZISH HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koʻplab fuqarolar, ulamolar va Movarounnahr Musulmonlari idorasining 1993-yilda Sharq xalqlari tafakkuri taraqqiyotiga katta xissa qoʻshgan alloma Bahouddin Naqshbandiy tavalludining 675 yilligini nishonlash haqidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Yubiley komissiyasining tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin. Komissiya bir oy muddat ichida Bahouddin Naqshbandiy tavalludining 675 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tadbirlarini ishlab chiqib, bajarishga kirishsin.
*Ilova berilmaydi.
3. Buxoro viloyati hokimligi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Movarounnahr Musulmonlari idorasi va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tegishli tashkilotlar bilan birga 1993-yilda Buxoro shahrida Bahouddin Naqshbandiy tavalludining 675 yilligiga bagʻishlangan anjuman oʻtkazsinlar.
4. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Din ishlari boʻyicha qoʻmitasiga:
— mazkur sana munosabati bilan 1993-yilning sentabr oyida ilmiy konferensiya oʻtkazish;
— “Naqshbandiya taʼlimoti va uning jahonshumul ahamiyati” monografiyasini hamda Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, As-Safiyning “Rashohot ayn ul-hayot” asarlaridan naqshbandiya taʼlimotiga oid maʼlumotlarni tarjima etib, ularni ilmiy sharhlar bilan nashr etish topshirilsin.
5. Buxoro viloyati hokimligiga Buxoro shahrida va Bahouddin Naqshbandiy tugʻilgan Qasri Orifon qishlogʻida uning nomini abadiylashtirish tadbirlarini koʻrish yuklatilsin.
6. Mana shu tadbirlarini oʻtkazish uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan yigirma besh million soʻm ajratilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-oktabr,
497-son