1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.01.00 Umumiy masalalar. Tashqi iqtisodiy aloqalar subyektlari]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNI RAG‘BATLANTIRISh, ChET EL INVESTITSIYaLARINI JALB ETISh VA ULARNI HIMOYA QILISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-martdagi 137-sonli “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish, chet el investitsiyalarini jalb etish va ularni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga binoan, respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va tashqi iqtisodiy faoliyatni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda investitsiyalar yo‘naltiriladigan respublika hayotining eng dolzarb muammolarini hal etishni, uning iqtisodiy qudratini va eksport imkoniyatlarini jadal rivojlantirishni ta’minlaydigan o‘ta ahamiyatli loyihalarning ro‘yxati va texnikaviy-iqtisodiy tavsifini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining chet el investitsiyalarini himoya qilishni ko‘zda tutuvchi va shu masalalar bo‘yicha nizolarni hakamlik sudida ko‘rib chiqish tartibini belgilovchi tegishli xalqaro-huquqiy bitim va ahdlashuvlarga qo‘shilishi haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda bir oy muddat ichida chet el investitsiyalarini himoya qilish milliy sug‘urta jamg‘armasi haqidagi nizom loyihasini, chet el kapitali ishtirok etadigan sug‘urta kompaniyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va chet el investitsiyalarini sug‘urta qilish bo‘yicha a’mollar o‘tkazgan paytda mazkur kompaniyalardan soliq olishda ularga beriladigan qo‘shimcha imtiyozlar haqidagi takliflarni ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar.
4. O‘zbekiston “Savdo” davlat-aksionerlik uyushmasi:
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining roziligi bilan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda so‘m va valyutaga chet el tovarlari sotadigan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarni va fuqarolarni jalb etuvchi savdo korxonalari tarmog‘ini barpo etish uchun zarur bo‘lgan obyekt (bino, xona)lar ro‘yxatini aniqlasin, chet el firmalari bilan O‘zbekiston Respublikasida savdo uylari, firma do‘konlari ochish yuzasidan tegishli ish olib borsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 10 kun muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasiga tovar sotish va xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Istiqbolni belgilash va statistika Davlat qo‘mitasi “O‘zshartnomasavdo” davlat uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga litsenziyalanadigan tovarlar, (ishlar, xizmatlar)ni birjalar orqali sotish kvotalarini belgilash tartibi haqida takliflar taqdim etsin.
6. Litsenziyalanadigan eksport va import tovarlari ro‘yxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi ikki hafta muddat ichida litsenziyalari kimoshdi savdosida sotilishi mo‘ljallangan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni litsenziyalash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-martdagi 129-son qarori bilan 6-bandning O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish taqiqlangan buyumlar va xalq iste’mol mollari ro‘yxati, savdodan tashqari oborotda qo‘llaniladigan bojxona to‘lovlari stavkalariga tegishli qismi o‘z kuchini yo‘qotdi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 25-martdagi 163-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda xorijiy kompaniyalar va xalqaro moliya tashkilotlarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda xalqaro paxta birjasini tashkil etish masalasini o‘rganib chiqsin. Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddat ichida tegishli takliflarni taqdim etsin;
Tashqi savdo a’mollariga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish maqsadida O‘rta Osiyo temir yo‘l boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi, O‘zbekistonning “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddat ichida transport-ekspeditorlik aksionerlik kompaniyasini tuzsin va uning xalqaro transport-ekspeditorlik muassasalari va tashkilotlari tizimiga kirishiga doir chora-tadbirlarni ko‘rsin.
9. Quyidagilar tasdiqlansin:
2-ilovaga* muvofiq ayrim tovarlar, materiallar eksporti va importi uchun bojxona to‘lovlarining vaqtinchalik stavkalari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-martdagi 129-son qarori bilan 9-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish taqiqlangan buyumlar va xalq iste’mol mollari ro‘yxati, savdodan tashqari oborotda qo‘llaniladigan bojxona to‘lovlari stavkalariga tegishli qismi o‘z kuchini yo‘qotdi.
10. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish cheklab qo‘yilgan xalq iste’mol mollari ro‘yxati Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “O‘zshartnomasavdo” davlat uyushmasi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi tomonidan, savdodan tashqari oborotda qo‘llaniladigan bojxona to‘lovlari stavkalari, bojxona ishlari uchun haq esa — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan kelishib, zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi bilan yagona bojxona ittifoqi tuzgan yoki erkin savdo zonasiga kiradigan davlatlardan chiqadigan tovarlarga nisbatan import uchun boj to‘lovlari bo‘yicha ularni bunday to‘lovdan ozod qilish shaklidagi imtiyozlar joriy etish to‘g‘risida, stavkalarni o‘zgartirish yoki imtiyozli olib kirish uchun kvotalar belgilash haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 25-martdagi 163-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
13. Dunyo jamoatchiligini, xorijiy ishbilarmonlar doiralarini respublikada jamiyatni yangilash, uni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilish, savdo, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni ko‘zda tutuvchi huquqiy asoslarni yaratish, O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan texnikaviy hamkorligini axborot xizmati bilan taminlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan keng miqyosda tanishtirish maqsadida, shuningdek, mahalliy va xorijiy sheriklar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni ta’minlaydigan konsultatsiyaviy va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalarini axborot bilan ta’minlovchi xo‘jalik hisobidagi idoralararo Markaz tuzish maqsadga muvofiq deb topilsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga, Adliya vazirligiga, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasiga, Matbuot davlat qo‘mitasiga, Davlat teleradioeshittirish kompaniyasiga, Milliy axborot agentligiga boshqa manfaatdor respublika va chet el tashkilotlari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalarini axborot bilan taminlovchi Markaz tashkil qilishda hissa qo‘shish asosida ishtirok etish tavsiya qilinsin.
Mazkur Markazga noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilsin, unga respublikada va chet ellarda tarqatish maqsadida maxsus davriy nashrlar, axborot va reklama mahsulotlari chiqarishga ruxsat etilsin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalarini axborot bilan ta’minlash Markazining manzili qilib mazkur kompleksning obyekti huquqlari bilan Respublika xalqaro savdo obyektlari kompleksi belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalarini axborot bilan taminlash Markazini kerakli telekommunikatsiya aloqasi jihozlari bilan shartnoma asosida taminlasin.
Vazirliklar, idoralar, konsernlar, urshmalar, ittifoqlar, mahalliy boshqaruv organlari Markazga uning ustavida ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur axborotlarni olishida yordam ko‘rsatsinlar.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari o‘rtoq B.S. Hamidovga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1992-yilning dekabr oyida ko‘rib chiqilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV