toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 22-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 11-sentabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi narkologik yordam sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilik
Narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
majburiy davolash — narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga nisbatan sudning qarori asosida majburiy davolash uchun mo‘ljallangan muassasalarda ko‘rsatiladigan narkologik yordam turi;
narkologik yordam — narkologik kasalliklar profilaktikasini, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tekshirishni, ularga maslahat berishni, tashxis qo‘yishni, ularni davolashni, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni o‘z ichiga oluvchi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam turi;
narkologik kasallik (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) — psixoaktiv moddalarga patologik ruju qo‘yish, ulardan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kasallik;
narkologik kasallikka chalingan shaxs — o‘ziga narkolog shifokor tomonidan narkologik kasallik tashxisi qo‘yilgan shaxs;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish — narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning hayot faoliyatiga doir cheklovlarni bartaraf etishga yoki kompensatsiya qilishga, yo‘qotilgan ijtimoiy aloqalarini hamda ijtimoiy maqomini tiklashga, mehnat va maishiy sharoitlarga moslashuvini ta’minlashga qaratilgan tibbiy, psixologik, tarbiyaviy, ta’limga oid, ijtimoiy, huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
narkologiya muassasalari — aholiga narkologik yordam ko‘rsatuvchi narkologiya markazlari, shifoxonalari, dispanserlari, psixonevrologiya dispanserlari tuzilmasidagi bo‘linmalar, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining narkologiya kabinetlari;
narkologik ekspertiza — tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalalarini, ma’muriy, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha ish yuritish jarayonida yuzaga keladigan boshqa masalalarni hal etish uchun narkologik kasallikka tashxis qo‘yishga qaratilgan shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish;
psixoaktiv moddalar — markaziy asab tizimiga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatadigan, muntazam ravishda iste’mol qilganda ruhan va jismonan qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy kimyoviy moddalar;
psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish — shaxslarda mastlik holatini aniqlashga qaratilgan tibbiy ko‘rik usullari va tibbiy tekshiruvlar majmui.
4-modda. Narkologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari
Narkologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari qonuniylik, maxfiylik, fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganligi, rahm-shafqat va insonparvarlikdan iboratdir.
2-bob. Narkologik yordam sohasini tartibga solish
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
narkologik yordam sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi hamda amalga oshirilishini ta’minlaydi;
davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining narkologik yordam sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 9, 12-moddalari.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
narkologik yordam sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
narkologik yordam sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mamlakatdagi narkologik vaziyatni o‘rganadi, narkologik kasalliklar tarqalganligi tahlilini amalga oshiradi;
narkologik yordam ko‘rsatish sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni ta’minlaydi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni erta aniqlash, ularga maslahat berish, ularni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash, profilaktika va dispanser kuzatuviga olish hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ijtimoiy moslashuviga va qayta ijtimoiylashuviga doir tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishini va narkologik kasalliklarning somatik asoratlarini tegishli ixtisoslashuvdagi davolash-profilaktika muassasalarida davolashni ta’minlaydi;
aholiga narkologik yordam ko‘rsatish samaradorligi monitoringini amalga oshiradi;
narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
narkologik yordam sohasidagi tarmoq dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
fuqarolarning, avvalo yoshlarning psixoaktiv moddalarni notibbiy ravishda iste’mol qilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi va bartaraf etadi;
psixoaktiv moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslarni aniqlaydi va ularni tibbiy tekshiruvdan o‘tishga olib boradi;
sog‘liqni saqlash organlari va muassasalarining xulosalari asosida narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish uchun hujjatlarning rasmiylashtirilishini ta’minlaydi, shuningdek ushbu shaxslarni sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida narkologiya muassasalariga olib borishga ko‘maklashadi;
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslarni jazoni ijro etish tizimining ixtisoslashtirilgan muassasalarida majburiy davolashni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasalarida davolanib chiqqan, shu jumladan majburiy tarzda davolanib chiqqan shaxslar ustidan kuzatuvni tashkil etadi hamda ularni ishga joylashtirishga va ularning maishiy moslashuviga ko‘maklashadi;
narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hamda narkologik yordam ko‘rsatuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
narkologik yordam sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
tegishli hududda narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtirishni hamda hamkorligini ta’minlaydi;
narkologik yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni va infratuzilmani yaratadi;
narkologiya muassasalari qoshida ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik faoliyatiga ixtisoslashtirilgan korxonalarni tashkil etishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etishga ko‘maklashadi, ularning infratuzilmasini rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashadi;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasalarida davolanib chiqqan, shu jumladan majburiy tarzda davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirishga va ularning maishiy moslashuviga doir tadbirlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining va ta’lim muassasalarining narkologik kasalliklar profilaktikasida ishtirok etishi
Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ta’lim muassasalari:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
ta’lim muassasalarining o‘quvchilari o‘rtasida narkologik kasalliklar profilaktikasiga doir tarmoq dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
ta’lim muassasalarining o‘quvchilari o‘rtasida psixoaktiv moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslarni aniqlash chora-tadbirlarini ko‘radi;
ta’lim muassasalarida psixoaktiv moddalarning tarqalishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi va bartaraf etadi;
ta’lim muassasalarining o‘quvchilarida sog‘lom turmush tarziga moyillik shakllantirilishini ta’minlaydi;
bolalarda psixoaktiv moddalarni iste’mol qilishga o‘rganib qolishga sabab bo‘luvchi ijtimoiy omillar ta’siriga bardoshlilikni shakllantirish bo‘yicha oilalar bilan ish olib boradi;
narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hamda narkologik yordam ko‘rsatuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ta’lim muassasalari qonunchilikka muvofiq narkologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Mehnat organlarining narkologik kasalliklar profilaktikasida ishtirok etishi
Mehnat organlari:
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning bandligini ta’minlashga doir ishlarda narkologiya muassasalari bilan hamkorlik qiladi;
majburiy davolanayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha tadbirlarni mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda narkologiya muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasalarida davolanib chiqqan, shu jumladan majburiy tarzda davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirishga ko‘maklashadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat organlari qonunchilikka muvofiq narkologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining narkologik kasalliklar profilaktikasida ishtirok etishi
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy hamda boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
(11-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
narkologik kasalliklarga chalingan, shu jumladan g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga moyil bo‘lgan shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga ko‘maklashadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq narkologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish
12-modda. Davlat tomonidan kafolatlangan narkologik yordam
Davlat:
psixoaktiv moddalardan o‘tkir zaharlanish, psixoaktiv moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq alkogolli psixozlar va zaharlanish natijasidagi psixozlar chog‘ida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishini;
Oldingi tahrirga qarang.
tekshiruvdan o‘tkazilishni, maslahat berilishini, tashxis qo‘yilishini, shuningdek narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va statsionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini kafolatlaydi.
(12-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 9-avgustdagi O‘RQ-861-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 03/23/861/0577-son)
13-modda. Aholiga narkologik yordam ko‘rsatuvchi sog‘liqni saqlash muassasalari
Davlat sog‘liqni saqlash tizimining narkologiya muassasalari yoki “Narkologiya” ixtisosligi bo‘yicha tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy tibbiyot muassasalari aholiga narkologik yordam ko‘rsatadi.
Narkologiya dispanserlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida, shuningdek mamlakatning yirik shaharlarida respublika, viloyat, shahar yoki tumanlararo darajada mustaqil davolash-profilaktika muassasalari sifatida tashkil etiladi.
Ambulatoriya sharoitlaridagi narkologik yordam tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etilgan narkologiya kabinetlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Statsionar sharoitlardagi narkologik yordam Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, narkologiya dispanserlari, psixonevrologiya muassasalarining narkologiya bo‘limlari, majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya shifoxonalari, narkologiya dispanserlarining majburiy davolash uchun mo‘ljallangan bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Psixoaktiv moddalardan o‘tkir zaharlanish chog‘ida shoshilinch tibbiy yordam hududiy shoshilinch tibbiy yordam markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.
14-modda. Narkologik kasalliklar profilaktikasi
Narkologik kasalliklar profilaktikasi psixoaktiv moddalarning tarqalishiga va notibbiy ravishda iste’mol qilinishiga, shu jumladan alkogolni suiiste’mol qilishga imkon beruvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, ularning shaxsiy, ijtimoiy va tibbiy salbiy oqibatlarining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy, ma’rifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar majmuidan iboratdir.
Narkologik kasalliklar profilaktikasi birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi profilaktikani o‘z ichiga oladi.
Narkologik kasalliklarning birlamchi profilaktikasi psixoaktiv moddalarni iste’mol qilishga o‘rganib qolishga sabab bo‘ladigan omillarni bartaraf etish yoki shaxsning ushbu omillar ta’siriga bardoshliligini oshirish orqali mazkur moddalarni birinchi marta notibbiy ravishda iste’mol qilishga urinishning oldini olishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
Narkologik kasalliklarning ikkilamchi profilaktikasi psixoaktiv moddalarni iste’mol qilishni bu moddalarga nisbatan qaramlik shakllanguniga qadar tugatishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
Narkologik kasalliklarning uchlamchi profilaktikasi narkologik kasallik avj olishining hamda uning ijtimoiy va tibbiy salbiy oqibatlari yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan tibbiy, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
4-bob. Narkologik kasallikka chalingan shaxslarga narkologik yordam ko‘rsatish
15-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlari
Narkologik kasallikka chalingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
o‘z huquqlari, o‘zidagi mavjud narkologik kasalliklarning xususiyati, qo‘llaniladigan davolash va reabilitatsiya qilish usullari to‘g‘risida axborot olish;
davolashni amalga oshirish sharoitlarini (ambulatoriya yoki statsionar), davolovchi ta’sir o‘tkazish hajmi va usullarini tanlashda, davolash va reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi rejasini tuzishda ishtirok etish, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
narkologiya muassasasi bilan tibbiy yordam va reabilitatsiya yordamini ko‘rsatish to‘g‘risida yozma shartnoma tuzish, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
tibbiy vositalar va usullarni sinash, ilmiy tadqiqotlar yoki o‘quv jarayonida o‘zidan obyekt sifatida foydalanilishiga, shuningdek foto-, video- yoxud kinotasvirga olinishga oldindan yozma rozilik berish yoki uni rad etish, shu jumladan istalgan bosqichda rad etish;
taklif qilinayotgan davolanishni rad etish yoki uni istalgan bosqichda to‘xtatish, bundan ushbu Qonunning 25-moddasida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
narkologiya muassasasining rahbariga yoki boshqa mansabdor shaxsiga, yuqori turuvchi sog‘liqni saqlash organiga yoki sudga murojaat qilish, o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun advokatni yoxud qonuniy vakilini jalb etish.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 32-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 66, 67-moddalari.
16-modda. Sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) va dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish)
Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) alkogolni muntazam ravishda iste’mol qiluvchi, giyohvandlik vositalarini yoki boshqa psixoaktiv moddalarni har zamonda iste’mol qiluvchi shaxslarda ruhan va jismonan qaramlikning klinik belgilarisiz narkologik kasallik rivojlanishining oldini olish maqsadida narkologiya muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisob) ostidagi shaxslarga nisbatan psixoaktiv moddalarga ruhan va jismonan qaramlikning shakllanishi xavfiga doir omillarni bartaraf etishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar majmui amalga oshiriladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) narkologiya muassasalari tomonidan ularga psixoaktiv moddalarni notibbiy ravishda iste’mol qilishdan tiyilishni va narkologik kasallikning tibbiy-ijtimoiy oqibatlarining oldini olishini ta’minlaydigan malakali narkologik yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshiriladi.
Narkologiya muassasasiga davolanishdan o‘tish uchun ixtiyoriy ravishda murojaat etgan narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning iltimosiga ko‘ra, ularning dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) belgilanmasligi mumkin.
Majburiy dispanser kuzatuviga (dispanser hisobiga) quyidagi shaxslar olinishi lozim:
shaxsiyatida narkologik kasallik bilan bog‘liq bo‘lgan aniq ko‘rinib turgan o‘zgarishlar bo‘lgan shaxslar;
alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixozlarni boshdan kechirgan shaxslar;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologik yordam so‘rab murojaat qilguniga qadar, davolanish davrida yoki davolanish tugallanganidan keyin g‘ayriijtimoiy xulq-atvor belgilarini namoyon etuvchi shaxslar;
bir yil mobaynida ikki va undan ortiq marta psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik va (yoki) o‘tkir zaharlanish holatida tibbiyot muassasalariga olib kelingan shaxslar;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, narkologik kasalliklari tufayli o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar;
narkologiya muassasasida davolanib chiqqanidan keyin bir yil mobaynida narkologik kasalligi ikki martadan ortiq qaytalangan shaxslar.
Narkologik kasallik tashxisini qo‘yish narkolog shifokorlarning mutlaq huquqidir. Profilaktika yoki dispanser hisobiga qo‘yish haqidagi qaror narkologiya muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) va dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
17-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsning davolanishga roziligi
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni davolash uning yozma roziligi yoki qonuniy vakilining yozma roziligi olinganidan keyin amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunning 25-moddasida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
 LexUZ sharhi
Qarang: ushbu Qonunning 19-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 182, 194-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonuni 16-moddasining ikkinchi qismi.
Shifokor davolanishga yozma rozilik olish uchun narkologik kasallikka chalingan shaxsga yoki uning qonuniy vakiliga kasallikning xususiyati, davolashning maqsadi va usullari, davolashning davomiyligi to‘g‘risida, shuningdek yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan asoratlar xavfi, nojo‘ya ta’sirlar va kutilayotgan natijalar haqida axborot berishi shart. Davolanish uchun yozma rozilik tibbiy hujjatlarga qo‘shib qo‘yiladi.
O‘n to‘rt yoshdan katta voyaga yetmagan shaxslar tibbiy aralashuvga ixtiyoriy yozma rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.
Narkologik kasallikka chalingan va ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan yoshga to‘lmagan shaxslarga hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga nisbatan davolanish uchun yozma rozilikni ularning qonuniy vakillari ushbu shaxslar sog‘lig‘ining holati haqidagi ma’lumotlardan xabardor qilingach beradi. Qonuniy vakillar yo‘qligida davolash to‘g‘risidagi qarorni shifokorlar konsiliumi qabul qiladi, konsilium yo‘qligida esa, qarorni davolovchi shifokor qabul qiladi.
18-modda. Narkologik yordamni rad etish
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar narkologik yordamni rad etishi mumkin.
Narkologik yordamni rad etish narkologik kasallikka chalingan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining arizasi bilan rasmiylashtirilib, davolovchi shifokor va bo‘lim mudirining imzolari bilan tasdiqlanadi.
Narkologik yordamni rad etgan shaxslarga yoki ularning qonuniy vakillariga narkologik yordamni rad etishning ehtimol tutilgan oqibatlari to‘g‘risida tushuntirilishi kerak.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni narkologik yordam olishni rad etishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
19-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsga o‘z roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz narkologik yordam ko‘rsatish
Narkologik kasallikka chalingan shaxsga o‘zining yozma roziligisiz yoki qonuniy vakilining yozma roziligisiz narkologik yordam ko‘rsatishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:
narkologik kasallikka chalingan shaxsda psixoaktiv moddalarni iste’mol qilishi oqibatida uning o‘zi va atrofidagi shaxslar uchun bevosita xavf soluvchi alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixozlar yuzaga kelganda;
hayotiy ko‘rsatmalarga ko‘ra kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy aralashuv zarur bo‘lganda;
ushbu Qonunning 25-moddasida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra majburiy davolash qo‘llanilganda.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonuni 14-moddasining beshinchi qismi.
Psixoaktiv moddalarni iste’mol qilish oqibatida yuzaga kelgan alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixoz holatidagi shaxsga uning yozma roziligisiz narkologik yordam ko‘rsatish zarurligi haqidagi qaror uni ko‘rikdan o‘tkazuvchi narkolog shifokor yoki psixiatr shifokor tomonidan qabul qilinadi. Alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixoz to‘xtatilganidan (bartaraf etilganidan) keyin narkologik kasallikni davolashni davom ettirish narkologik kasallikka chalingan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining ixtiyoriy yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.
20-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsga to‘liq hajmda narkologik yordam ko‘rsatishni rad etish yoki yordam ko‘rsatish muddatini kechiktirish
Narkologik kasallikka chalingan shaxsda tibbiy qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan taqdirda, unga to‘liq hajmda narkologik yordam ko‘rsatish rad etilishi yoki uni ko‘rsatish muddati kechiktirilishi mumkin.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsda rad etish yoki muddatini kechiktirish uchun asos bo‘lgan tibbiy qarshi ko‘rsatmalar bartaraf etilganda narkologik yordam to‘liq hajmda ko‘rsatilishi mumkin.
21-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni ambulatoriya yoki statsionar sharoitlarda davolashni o‘tkazishga doir tibbiy ko‘rsatmalar va qarshi ko‘rsatmalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash mazkur Qonunning 5-bobida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Narkologik yordamga muhtoj bo‘lmagan shaxslarning narkologiya muassasasiga asossiz ravishda yotqizilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan tibbiy vositalar va usullardan foydalaniladi.
Tibbiy vositalar va usullardan faqat davolash maqsadida foydalanilishi kerak hamda ular narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni jazolash vositasi sifatida xizmat qilishi mumkin emas.
Davolash narkologik kasallikka chalingan shaxsning o‘ziga xos shaxsiy xususiyatlari va ehtiyojlari hisobga olinadigan yakka tartibdagi rejaga asoslanadi, bu reja ushbu shaxsning o‘zi yoki uning qonuniy vakili bilan muhokama qilinadi.
Qo‘llaniladigan tashxis qo‘yish va davolash usullari, shu jumladan psixoterapevtik texnologiyalar haqidagi ma’lumotlar kasallik tarixiga yoki ambulatoriya kartasiga kiritiladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar boshqa davolash-profilaktika muassasalarida bo‘lgan taqdirda, ular maslahat tarzidagi narkologik yordam bilan ta’minlanadi.
Narkologiya muassasasida statsionar davolanishda bo‘lgan shaxslarga, zarurat bo‘lganda, boshqa mutaxassislarning maslahat berishi ta’minlanadi.
Narkologiya muassasasida statsionar davolanishda bo‘lgan shaxslarda boshqa ixtisoslikdagi davolash-profilaktika muassasalarida ko‘rsatiladigan shoshilinch tibbiy yordamni talab etadigan holatlar aniqlangan taqdirda, ular tez tibbiy yordam xizmati orqali zudlik bilan tegishli davolash-profilaktika muassasalariga o‘tkaziladi.
22-modda. Narkologiya muassasasida davolanishda bo‘lgan shaxsning majburiyatlari
Narkologiya muassasasida davolanishda bo‘lgan shaxs narkologiya muassasasining ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart.
Narkologiya muassasasida davolanishda bo‘lgan shaxs tomonidan narkologiya muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganlik uni davolash muassasasidan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun asos bo‘lishi mumkin, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
23-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish faqat narkologik kasallikka chalingan shaxsning ixtiyoriy yozma roziligi asosida, narkologiya muassasasi bilan tibbiy yordam va reabilitatsiya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida yozma shartnoma tuzilganidan keyin amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Narkologik kasalliklarga chalingan va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyadan o‘tish xohishini bildirgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi narkologiya muassasalari tomonidan reabilitatsiya qilish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
24-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar to‘g‘risidagi, shu jumladan ularni tekshiruvdan o‘tkazish natijalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ichki ishlar organlarida profilaktika kuzatuvi zarur bo‘lganda;
prokuratura, tergov, surishtiruv organlarining, shuningdek sudning tergov yoki sud muhokamasi o‘tkazilishi munosabati bilan so‘roviga ko‘ra;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning so‘roviga ko‘ra;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining so‘roviga ko‘ra;
(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 17-dekabrdagi O‘RQ-1102-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2025-y., 03/25/1102/1173-son)
majburiy davolash zarur bo‘lganda;
majburiy davolash tugallanganda;
davolanishdan o‘tish uchun takroran chaqirtirilganidan keyin shaxs narkologiya muassasasiga borishni rad etganda;
chaqiruvga qadar bo‘lgan yoshdagi va chaqiruv yoshidagi shaxslar harbiy-tibbiy komissiyadan o‘tayotganida;
nikohlanuvchi shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganida.
5-bob. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash
25-modda. Majburiy davolashni qo‘llash uchun asoslar
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy davolash atrofdagilarning xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan yoxud jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzayotgan, psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun bir yil ichida ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda ushbu Qonunga muvofiq majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilgan narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan sudning qaroriga asosan qo‘llaniladi. Bunda majburiy davolash dispanser kuzatuvi ostida (dispanser hisobida) bo‘lgan va ixtiyoriy davolanishni rad etayotgan narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.
(25-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: ushbu Qonunning 3-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 32 bobi, O‘zbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasi.
26-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni uning majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Hududiy ichki ishlar organining boshlig‘i narkologik kasallikka chalingan, psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun bir yil mobaynida ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsga nisbatan uning majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi haqida ogohlantirish chiqaradi.
(26-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxsga uning majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi to‘g‘risidagi ogohlantirish ichki ishlar organlari xodimi tomonidan e’lon qilinib, unga ogohlantirishning ko‘chirma nusxasi topshiriladi va bu haqda bayonnoma tuziladi.
Majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishning shakli O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
27-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar narkologiya dispanserlari tarkibida tuziladigan narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar yoki olis hududlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlarining buyrug‘i asosida tuziladigan narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida o‘tkaziladi.
(27-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan tibbiy xulosa chiqaradi.
(27-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa klinik tekshiruv jarayonida olingan ma’lumotlarga, shuningdek quyidagilar tomonidan taqdim etilgan ish materiallaridagi ma’lumotlarga asoslanadi:
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar tomonidan — shaxsni narkologik kasallikka chalingan deb topish haqidagi masalani hal etish uchun;
surishtiruv va tergov, prokuratura va sud organlari tomonidan — O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun.
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
(27-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
28-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni tayyorlash
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallar ichki ishlar organlari tomonidan narkologiya muassasalarining, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila a’zolarining yoki qarindoshlarining iltimosnomalariga asosan, shuningdek narkologik kasallikka chalingan shaxsning oila a’zolari xabardor qilingan holda, ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar organlari narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni tayyorlash maqsadida mazkur shaxsni narkologik ekspertizadan o‘tkazish uchun uning yashash joyidagi narkologiya dispanseriga yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaga olib boradi.
(28-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar organlari narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyaning yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosasini olgach, to‘plangan materiallarni mazkur shaxsning yashash joyidagi yoki narkologiya dispanseri joylashgan yerdagi sudga taqdim etadi. Mazkur materiallar sudga elektron hujjat tarzida ham yuborilishi mumkin.
(28-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi O‘RQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
29-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish tartibi
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan ushbu shaxs hozirligida qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsning sud majlisiga kelishi ichki ishlar organlari xodimi kuzatuvida amalga oshiriladi. Narkologik kasallikka chalingan shaxs rad etgan taqdirda, qonunchilikka muvofiq sudning qaroriga asosan majburan olib kelish amalga oshiriladi.
(29-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qarori o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi.
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qarori ustidan ushbu qaror o‘ziga nisbatan chiqarilgan shaxs yoki uning advokati, qonuniy vakili tomonidan 72 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi yoxud prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Majburiy davolashning davomiyligi narkologik kasallikka chalingan shaxs davolash uchun joylashtirilgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda narkologiya muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan klinik-tashxis qo‘yish standartlari va davolash bayonnomalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qo‘yish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalari.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash shaxs davolanayotgan narkologiya muassasasi tibbiy komissiyasining qarori asosida tugatiladi.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash davomiyligi o‘n sakkiz oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori ushbu shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
30-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun mo‘ljallangan muassasalar
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tuzilmasida majburiy davolash uchun bo‘lim tashkil etilgan narkologiya muassasalarida yoki majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya shifoxonalarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish tizimining ixtisoslashtirilgan muassasalarida amalga oshiriladi.
31-modda. Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish
Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Majburiy davolashni o‘tkazishga doir tibbiy qarshi ko‘rsatmalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
32-modda. Majburiy davolanayotgan shaxslarga nisbatan mehnat terapiyasini qo‘llash tartibi
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar majburiy davolanishda bo‘lishi davrida davolash maqsadida va ularning jismoniy holati hisobga olingan holda, shuningdek tibbiy ko‘rsatmalarga muvofiq ularga nisbatan mehnat terapiyasi qo‘llaniladi.
Mehnat terapiyasini o‘tkazish narkologiya muassasalari qoshida tashkil etiladigan, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladigan, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik faoliyatiga ixtisoslashtirilgan korxonalarda yoki sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi korxonalarida mehnat terapiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarning ish vaqti davomiyligi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan ish vaqti davomiyligi normalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
(32-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Mehnat jarayonini tashkil etish korxona ma’muriyati tomonidan narkologiya muassasasining tibbiyot xodimlari nazorati ostida amalga oshiriladi.
Majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarda mehnat daftarchasi mavjud bo‘lgan taqdirda, mehnat daftarchasiga majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasida bo‘lish davridagi mehnat faoliyati to‘g‘risida belgi qo‘yiladi, mehnat daftarchasi mavjud bo‘lmaganda esa ma’lumotnoma beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarga korxonalar tomonidan amaldagi normalar, narxlar, mehnatga haq to‘lash shartlaridan kelib chiqqan holda hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ish haqi hisoblanadi.
Korxonalar ishlangan vaqt uchun hisoblangan ish haqining o‘ttiz foizini majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lar maxsus hisobvarag‘iga o‘tkazadi, ish haqining qolgan qismi esa soliqlar, alimentlar va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ushlanmalar chegirib tashlangan holda mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb etilgan shaxsning o‘z shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Narkologiya muassasasiga mazkur shaxslarning familiyalari ro‘yxati ham bu shaxslarga o‘tkazilgan ish haqi summalari ko‘rsatilgan holda taqdim etiladi.
(32-moddaning oltinchi va yettinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lar maxsus hisobvarag‘ida hosil bo‘ladigan mablag‘lar ushbu muassasada davolanayotgan shaxslarning qo‘shimcha ovqatlanishiga, shuningdek bu muassasalarning binolari va inshootlarini kapital ta’mirlashga, ularning hududlarini obodonlashtirishga, tibbiy asbob-uskuna, xo‘jalik va madaniy ashyolarni olishga, davriy matbuot nashrlariga obuna bo‘lishga, kutubxonalar uchun adabiyotlar xarid qilishga, madaniy tadbirlarni o‘tkazishga sarflanishi mumkin.
33-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning majburiy davolash uchun mo‘ljallangan muassasalardagi xulq-atvori qoidalari va ularni saqlash shart-sharoitlari
Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida ushbu muassasalardagi narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar tomonidan tibbiy ko‘rsatmalar bajarilishini ta’minlovchi tartib, ularning o‘zboshimchalik bilan ketib qolish imkoniyatini istisno etuvchi doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Majburiy davolanayotgan shaxslarning narkologiya muassasasidan tashqariga chiqishiga faqat davolash-tashxis qo‘yish tadbirlarini o‘tkazish yoki mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun narkologiya muassasasining tibbiyot xodimlari va qo‘riqlash xodimlari kuzatuvida ruxsat beriladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanayotgan shaxslarga zarur moddiy-maishiy sharoitlar ta’minlanadi. Palatalar har bir yotoq-joy uchun kamida olti kvadrat metr maydon hisobga olingan, ko‘pi bilan to‘rtta yotoq-joyga mo‘ljallanilgan holda tashkil etilishi kerak.
Majburiy davolanayotgan shaxslar yotarjoy buyumlari va mavsumiy kiyim-bosh bilan ta’minlanadi.
Majburiy davolanayotgan shaxslar uchun ovqatlanish va moddiy-maishiy ta’minot normalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Majburiy davolanayotgan shaxslarga pul mablag‘larini, moddiy qimmatliklarni va saqlanishi taqiqlangan, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ashyolarni yonida saqlashga ruxsat berilmaydi. Olib qo‘yilgan pul mablag‘lari, moddiy qimmatliklar va saqlanishi taqiqlangan ashyolar qarindoshlariga qaytariladi, qarindoshlari yo‘q bo‘lgan taqdirda esa, majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining saqlash xonasiga topshirilib, bu yerda ularning but saqlanishi ta’minlanadi.
Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasida narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni saqlash sharoitlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ichki tartib-qoidalar bilan belgilanadi.
Majburiy davolanayotgan shaxslarga gazetalar, jurnallar va televideniyedan foydalanish ta’minlanadi. Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida kutubxonalar tashkil etiladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanayotgan ichki tartib-qoidalarni buzuvchi yoki davolanishdan bosh tortuvchi yoxud atrofidagilarning yoki bevosita o‘zining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan harakatlarni sodir etuvchi shaxslar maxsus palataga joylashtiriladi, shaxs maxsus palataga joylashtirilgan paytdan e’tiboran yigirma to‘rt soat ichida bu haqda prokuror xabardor qilinishi shart.
Ushbu moddaning to‘qqizinchi qismida nazarda tutilgan chora alohida hollarda qo‘llaniladi va majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasi rahbarining yozma farmoyishiga ko‘ra o‘n sutkagacha bo‘lgan muddatga amalga oshiriladi. Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining rahbari ish joyida bo‘lmagan taqdirda, maxsus palataga joylashtirish haqidagi qaror majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining lavozimi bo‘yicha yuqori turuvchi xodimi tomonidan qabul qilinib, keyinchalik majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining rahbariga axborot beriladi, rahbar maxsus palatada saqlab turish muddatini yozma farmoyish bilan belgilaydi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasini o‘zboshimchalik bilan tark etgan davri majburiy davolanish muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.
34-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlari
Narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasasida majburiy davolanayotgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining ichki tartib qoidalari va mazkur muassasada bo‘lishni tartibga soladigan boshqa hujjatlar bilan tanishish;
oziq-ovqat olish, moddiy-maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatilishi;
mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish;
o‘z shaxsiy hisobvarag‘ida turgan mablag‘lar hisobidan oziq-ovqat mahsulotlarini va eng zarur narsalarni, shuningdek majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining hududida saqlanishi va foydalanilishi taqiqlanmagan boshqa ashyolarni olish;
ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda yaqin qarindoshlari bilan uchrashish;
cheklovsiz xat yozish va xat olish;
ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda yo‘qlovlar olish, posilkalar yuborish va olish;
o‘z shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan pul o‘tkazmalarini olish;
ichki tartib qoidalariga va majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasida davolanayotgan boshqa shaxslarning huquqlariga rioya etgan holda diniy urf-odatlarni bajarish;
har kunlik sayr qilish;
yuqori turuvchi sog‘liqni saqlash organiga yoki sudga majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasi xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonunining 37-moddasi.
Narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasasida majburiy davolanayotgan shaxslar:
belgilangan ichki tartib qoidalariga rioya etishi;
majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasi ma’muriyatining va tibbiyot xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi;
tayinlangan davolashni qabul qilishi;
majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining mol-mulkini asrab-avaylashi;
majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasida tozalikni va tartibni saqlashi;
shaxsiy gigiyenaga rioya etishi shart.
35-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasida davolanayotgan shaxslarni muassasadan chiqarish asoslari va tartibi
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasida davolanayotgan shaxslar:
majburiy davolash muddati tugagach va shaxs sog‘lig‘ining klinik holatini hisobga olgan holda;
majburiy davolashni o‘tkazishga to‘sqinlik qiladigan qo‘shimcha og‘ir kasalliklar aniqlanganligi sababli muassasadan chiqariladi.
Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasidan chiqarilgan shaxslarga ulardan olib qo‘yilgan hujjatlar, pul mablag‘lari, moddiy qimmatliklar va ashyolar qaytarib beriladi.
Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasasining ma’muriyati narkologik kasallikka chalingan shaxs chiqarilishidan o‘n kun oldin ichki ishlar organlarini, mehnat organini, yashash joyidagi narkologiya muassasasini chiqarib yuborilgan narkologik kasallikka chalingan shaxslarning maishiy sharoitlarini yaxshilashga hamda ularni ishga joylashtirishga ko‘maklashish va ular ustidan kuzatuvni ta’minlash uchun xabardor qiladi.
36-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanib chiqqan shaxslarning kasallik qaytalanishiga qarshi terapiyadan o‘tishi
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanib chiqqan shaxslar narkologiya muassasasidan chiqarilganidan yoki jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilganidan keyin yashash joyidagi narkologiya muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda kasallik qaytalanishiga qarshi terapiyadan o‘tishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar kasallik qaytalanishiga qarshi terapiyadan o‘tishdan bosh tortgan taqdirda, ichki ishlar organlari tomonidan majburiy ravishda olib kelinadi.
37-modda. Majburiy davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash
Majburiy davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash ularning yashash joyi bo‘yicha amalga oshiriladi hamda yashash joyidagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari hamda narkologiya muassasalari zimmasiga yuklatiladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan va majburiy davolanishga yuborilgan shaxslarning avvalgi yashash joyi bo‘yicha uy-joy maydonidan foydalanish huquqi saqlanib qoladi.
6-bob. Narkologik ekspertiza va tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish
38-modda. Narkologik ekspertiza
Narkologik ekspertiza narkologiya muassasalarida:
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning qarori asosida;
majburiy davolashga muhtoj shaxslarga nisbatan ichki ishlar organlarining xodimlari tomonidan tayyorlangan materiallar asosida o‘tkaziladi.
39-modda. Psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish
Psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish narkologiya dispanserlari yoki boshqa davolash-profilaktika muassasalari tuzilmasida tashkil etilgan maxsus kabinetlarda amalga oshiriladi, bunday muassasalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki uning hududiy bo‘linmalari tomonidan belgilanadi.
Psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish narkolog shifokorlar yoki O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan boshqa ixtisoslikdagi shifokorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan usullar va vositalardan foydalaniladi.
Psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishga tashkiliy-uslubiy rahbarlik narkologiya dispanserlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishga yuborish va uni o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tibbiy tekshiruv natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar ushbu natijalar ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
(39-moddaning beshinchi va oltinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-bob. Narkologik yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlari
40-modda. Narkologik yordam ko‘rsatishga bo‘lgan huquq
Narkologiya bo‘yicha ixtisoslikka ega bo‘lgan shifokor narkologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega.
Narkologik yordam ko‘rsatishda ishtirok etadigan o‘rta tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar bilan ish olib borish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
41-modda. Tibbiyot xodimlarining narkologik yordam ko‘rsatish chog‘idagi majburiyatlari
Narkologik yordam ko‘rsatish chog‘ida tibbiyot xodimlari:
Oldingi tahrirga qarang.
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga ularning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari to‘g‘risida to‘liq axborot berishi;
(41-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etishi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning narkologiya muassasasida bo‘lishi davrida ularning xavfsizligini ta’minlashi, posilkalar va yo‘qlovlarning tarkibini nazorat qilishi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga yozishmalar, davlat organlari, muassasalar va tashkilotlarga murojaatlar yo‘llashi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
kasbiy tibbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishi;
narkologik kasallikka chalingan shaxs bilan uning psixoaktiv moddalarga ruhan va jismonan qaramligi muammosini, tekshiruvdan o‘tishga, davolanishga va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyaga doir yakka tartibdagi rejani muhokama qilishi;
narkologik kasallikka chalingan shaxsni tekshirish va uni davolash chog‘ida olingan axborotni oshkor etmasligi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
narkologik kasalliklarni davolashning O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan vositalari va usullaridan foydalanishi;
o‘z malakasini doimiy ravishda oshirib borishi shart.
42-modda. Narkologik yordam ko‘rsatishda ishtirok etuvchi tibbiyot xodimlariga va boshqa mutaxassislarga kafolatlar va imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik yordam ko‘rsatishda ishtirok etuvchi tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar alohida mehnat sharoitlarida faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlarni olish huquqiga ega.
Narkologik yordam ko‘rsatishda ishtirok etuvchi shaxsning sog‘lig‘iga zarar yetkazilib, bu uning mehnat qobiliyati vaqtincha yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan taqdirda, shuningdek nogironlik yuz berganda — ushbu shaxsga, u vafot etgan taqdirda esa — uning qaramog‘idagilarga zararning o‘rni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
(42-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
43-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik yordam sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(43-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
44-modda. Narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(44-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
45-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburiy davolash to‘g‘risida”gi 753-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 36-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Surunkali alkogolizm yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bemorlarni majburan davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 753a-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 37-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 73-I-sonli Qarorining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 121-modda) 250-bandi;
4) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 371-I-sonli Qarorining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 69-modda) 19-bandi;
5) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 26-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini to‘la yoki qisman o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 550-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 1, 17-modda) 37-bandi;
6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini amalga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi 714-I-sonli Qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 5-modda) ilovaning 14-bandi;
7) O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi 813-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 210-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 4, 138-modda, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 592-modda; 2020-yil, № 3, 203-modda) VI bobi;
8) O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi 175-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 23-modda) I bo‘limining 3-bandi;
9) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-542-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 267-modda) 5-moddasi.
46-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonuning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
47-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(47-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
48-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-oktabr,
O‘RQ-644-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.10.2020-y., 03/20/644/1415-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 10.08.2023-y., 03/23/861/0577-son; 17.12.2025-y., 03/25/1102/1173-son; 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)