Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Transport xizmatlari koʻrsatish, ulgurji savdo sohasida raqobatli muhit yaratish va korxonalarning monopolistik faoliyatini cheklash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda xoʻjalik birlashmalarining transport xizmatlari koʻrsatish, ulgurji savdo sohasidagi faoliyatini tahlil qilsinlar hamda ayrim monopolistlarning tovar va xizmatlarning muayyan bozoridagi ustunlik mavqei zaminlarini bartaraf etish boʻyicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
Xoʻjalik birlashmalari ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga, tashkilotlarga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga (ishlarga, xizmatlarga), oʻz faoliyati samaradorligini hisobga olgan holda, bozor konyunkturasi asosida erkin narxlarni shakllantirishda yordam koʻrsatsinlar.
2. “Oʻzbeksavdo”, “Oʻzbekbirlashuv” uyushmalari, “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi tizimidagi tovarlar va xizmatlar bozorida ustunlik mavqeini egallab turgan ombor xoʻjaliklari korxonalari, birlashmalari, ulgurji savdo va avtotransport korxonalari 1-ilovaga
* muvofiq monopoliyadan chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar maʼqullansin.
3. Monopoliyadan chiqarish boʻyicha idoralararo komissiya tarkibi 2-ilovaga
* muvofiq tasdiqlansin.
Komissiyaga quyidagilar yuklatilsin:
tovar va xizmatlar bozorida monopol mavqeni egallab turgan korxonalar faoliyatini ekspertiza qilish materiallarini koʻrib chiqish;
ekspertiza materiallari boʻyicha monopol korxonalarni maydalashtirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar qabul qilish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda, oʻzlarining ustunlik mavqeini suiisteʼmol qilishayotgan xoʻjalik yurituvchi monopolist subyektlarni aniqlash maqsadida, xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlaridagi raqobatli muhitni muntazam ravishda tadqiq qilib borishni amalga oshirsinlar.
Tadqiqotlar natijalari boʻyicha Idoralararo komissiyaga, yangi tadbirkorlarning bozorga kirishlari uchun zamin yaratish, raqobatni rivojlantirish uchun, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning monopolistik faoliyatini toʻxtatish va bartaraf qilishga doir takliflar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.