1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MAHALLIY SANOAT” DAVLAT KORPORATSIYASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 18-avgust 405-sonli “Mahalliy sanoatni boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 3-sentabrdagi 469-son Farmonga muvofiq va bozor iqtisodiyoti munosabatlariga oʻtish sharoitida mahalliy sanoat korxonalari va tashkilotlari ish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasining tuzilishi 1-ilovaga muvofiq konsernlar, muassasalar va tashkilotlardan iborat tarkibda tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga hisob berib turadi;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga amal qilgan holda, shuningdek, korporatsiyaning Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan Ustavi asosida amalga oshiradi;
muassasalar tomonidan berilgan huquqlarni hisobga olgan holda oʻz moliyaviy-iqtisodiy, xoʻjalik va ijtimoiy faoliyati masalalarini mustaqil ravishda hal etadi, korporatsiya Kengashi qarori asosida markazlashtirilgan ehtiyot, zaxira va boshqa xil jamgʻarmalarni tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalliy sanoat vazirligi ilgari tuzgan barcha shartnomalar va ular yuzasidan qabul qilingan majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻladi;
korporatsiya tarkibiga kirgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqaradi, korporatsiyaga tegishli mol-mulkka egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini, agar bu huquqga Oʻzbekiston Davlat jamgʻarmasi vakolat bergan boʻlsa, amalga oshiradi;
iqtisodiy jihatdan maqsadga qanchalik muvofiq ekanligini hamda mahalliy sanoat davlat korxonalari va tashkilotlari mehnat jamoalarining manfaatlarini hisobga olib ularni mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
davlat ehtiyojlari uchun buyurtmalarni bajarish maqsadida korporatsiyaga markazlashtirilgan tartibda ajratiladigan kapital mablagʻlar va moddiy-texnika resurslari limitlarining fond egasi hisoblanadi;
markazlashtirilgan tartibda ajratiladigan valyuta mablagʻlarini taqsimlaydi.
3. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi markaziy apparati tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Korporatsiya boshqaruvining yuqori organi Kengash boʻlib, u boshqaruvni saylaydi, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlari va tizimini belgilaydi.
Boshqaruv raisi va uning oʻrinbosarlari korporatsiya Kengashi tomonidan saylanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Korporatsiyaga raisning toʻrtta oʻrinbosari, shu jumladan, bitta birinchi oʻrinbosari, aʼzolari 11 kishidan iborat boʻlgan boshqaruvga va 105 kishidan iborat boshqaruv apparatiga ega boʻlish tavsiya qilinsin.
Korporatsiya boshqaruvining raisi maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari va rais oʻrinbosarlari tegishli ravishda vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
4. Hududiy sanoat-savdo konsernlarining namunaviy tuzilishi 3-ilovaga* muvofiq hamda ulardagi boshqaruv apparati xodimlarining cheklangan soni 302 nafardan iborat qilib tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, hududiy sanoat-savdo konsernlari:
yuridik shaxs hisoblanadi, yigʻma balansga ega boʻladi, “Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari toʻgʻrisida”gi Qonun hamda boshqa qonun va meʼyoriy hujjatlarga muvofiq faoliyat koʻrsatadi;
oʻz faoliyatini taʼsis shartnomalari va ustavlar asosida amalga oshiradi, “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasiga nisbatan, uning Ustaviga muvofiq, muassislar sifatida huquqlarini roʻyobga chiqaradi va javob beradi;
yuklatilgan vazifalarni bajarish yuzasidan oʻz muassislari oldida javob beradi;
konsern apparati tuzilishini va xodimlari sonini, ish haqi fondini ijro apparati taʼminotiga ajratiladigan, konsern Kengashi tasdiqlagan mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda belgilaydi.
Konsernlar boshqaruvlarining raislari ularning Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda saylanadi va “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi.
5. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi ikki hafta muddat ichida korporatsiyaning Ustavini va sanoat-savdo konsernining namunaviy ustavini ishlab chiqsin va ularni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib olsin.
Mahalliy sanoat birlashmalari, korxonalari va tashkilotlari sanoat-savdo konsernlarining taʼsis hujjatlarini ishlab chiqishda, hokimlar esa ularni roʻyxatdan oʻtkazishda ana shu namunaviy tuzilma va namunaviy ustavga amal qilsinlar.
6. “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda bir hafta muddat ichida mahalliy sanoat davlat birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish yuzasidan kelishib olingan takliflarni amaldagi qonunlarga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulki qoʻmitasi mahalliy sanoat davlat korxonalari va tashkilotlarini aksiyali korxona va tashkilotlarga aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda davlat mulkida boʻlgan aksiyalarga egalik qilish hududini “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasiga berish taomili qoʻllansin.
7. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi apparati Toshkent shahar, Namoyishlar xiyoboni koʻchasi, 5-uydagi Oʻzbekiston Respublikasi Mahalliy sanoat vazirligi egallab kelgan binolarga joylashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Avtomobil transporti vazirligi, Aloqa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalliy sanoat vazirligi uchun 1992-yilga belgilangan kapital mablagʻlar, moliya va transport vositalari limitlari, aloqa va telefon turlarini “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi uchun saqlab qolsinlar.
9. “Oʻzshartnomasavdo”, “Oʻzdavyengilsanoatsavdo” 1992-yil va undan keyingi yillar uchun moddiy-texnika resurslariga ajratmalarni koʻrib chiqishda “Mahalliy sanoat” korporatsiyasiga respublika Hukumati boshqarib turadigan mahsulotlar roʻyxati boʻyicha materiallar, asbob-uskunalar va buyumlar ajratishni nazarda tutsinlar.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar va idoralar “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi, sanoat-savdo konsernlari, mahalliy sanoat birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini rivojlantirish va ular faoliyatiga bogʻliq masalalarni agar bu masalalar ularning huquq doirasiga kirsa, oʻz vaqtida hal etishga koʻmaklashsinlar.
11. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Mahalliy sanoat vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1980-yil 2-iyundagi 398-son qarori, Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1987-yil 31-dekabrdagi 554-son qarori bilan tasdiqlangan oʻzgartishlarning 3-bandi hamda Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Mahalliy sanoat vazirligi tizimida davlat-kooperativ asosda rayon-shahar hunarmandchilik kombinatlarini barpo etish va ularning faoliyatiga respublikaning ijtimoiy mehnat bilan band boʻlmagan aholisini jalb etish yuzasidan shoshilinch choralar toʻgʻrisida” 1990-yil 9-apreldagi 167-son qarorining 3-bandidagi birinchi va ikkinchi xatboshilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari oʻrtoq A. N. Voznenko zimmasiga yuklatilsin.
Qarorning qanday amalga oshirilayotganligi 1992-yil noyabrda Vazirlar Mahkamasi majmuining majlisida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-sentabr,
420-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 420-son qaroriga 1-ILOVA
“Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi konsernlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning
ROʻYXATI
I. “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasiga bevosita boʻysunuvchi korxonalar va tashkilotlar
Toshkent “Fonon” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi
Toshkent “Fayz” mebel va yogʻochni qayta ishlab chiqarish birlashmasi
Tovoqsoy roʻzgʻor kimyosi ishlab chiqarish birlashmasi
Olmaliq gilam fabrikasi
Toshkent mexanizatsiya vositalari, jihozlar va stanoksozlik eksperimental tajriba-mexanika zavodi
Toshkent “Polimer” ishlab chiqarish birlashmasi
Toshkent metallni qayta ishlash ishlab chiqarish birlashmasi
Toshkent “Sharq” charm-poyabzal ishlab chiqarish birlashmasi
Toshkent elektr roʻzgʻor asboblari xoʻjalik buyumlari ishlab chiqarish birlashmasi
Toshkent “Chevar” aksionerlik jamiyati
Toshkent tikuvchilik-ishlab chiqarish birlashmasi
Toshkent matbaa va qoplama buyumlar konstruktorlik-badiiy byurosi
Toshkent xoʻjalik hisobidagi “Nur” korxona doʻkoni
Toshkent xoʻjalik hisobidagi “Chevar” korxona doʻkoni
“Oʻzgipromahalliysanoat” respublika davlat loyiha instituti
“Oʻzmahalliyqurilish” respublika tresti
“Shosh” tijorat markazi
“Mahalliykooptaʼminotkomplekt” respublika tijorat-kooperativ birlashmasi
“Sharq” tashqi savdo birlashmasi
Respublika xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish-texnologik butlash va taʼminot boshqarmasi
Chet el firmalari bilan qoʻshma korxonalar — 8
“Progress” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi
Toshkent shahar hunarmandchilik kombinati
Alimkent ishlab chiqarish-trikotaj birlashmasi
II. Hududiy sanoat-savdo konsernlari
Respublika xalq badiiy hunarmandchiligi sanoat-savdo konserni
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sanoat-savdo konserni
Andijon sanoat-savdo konserni
Buxoro sanoat-savdo konserni
Jizzax sanoat-savdo konserni
Navoiy sanoat-savdo konserni
Namangan sanoat-savdo konserni
Samarqand sanoat-savdo konserni
Sirdaryo sanoat-savdo konserni
Surxondaryo sanoat-savdo konserni
Toshkent viloyat sanoat-savdo konserni
Fargʻona sanoat-savdo konserni
Xorazm sanoat-savdo konserni
Qashqadaryo sanoat-savdo konitserni
Toshkent shahar sanoat-savdo konserni
III. Boshlangʻich tarkibiy boʻlinmalar
Korxonalar, shu jumladan, ijarachi, kichik korxonalar, kooperativlar, xususiy doʻkonlar, muassasalar va tashkilotlar.
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 420-son qaroriga 2-ILOVA
“Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi markaziy apparatining
TUZILMASI
Rahbariyat
Moliya, hisobga olish va hisobot boshqarmasi
Rivojlanish va tadbirkorlik boshqarmasi
Reja-iqtisodiyot boshqarmasi
Kapital qurilish va butlash boshqarmasi
Moddiy resurslar, mahsulotni sotish va marketing boshqarmasi
Texnika boshqarmasi
Mehnatni va mehnatkashlarni ijtimoiy himoya qilishni tashkil etish boʻlimi