1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.09.00 Oʻrta taʼlim]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarining yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning ongiga umuminsoniy qadriyatlar va yuksak maʼnaviyatni yanada chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Odobnoma”, “Vatan tuygʻusi”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda yagona “Tarbiya” fani 1 — 9-sinflarda — 2020/2021 oʻquv yilidan, 10 — 11-sinflarda esa — 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab fanlarga ajratilgan umumiy soatlar doirasida bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilsin.
2. Quyidagilar:
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun “Tarbiya” fanidan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning yaratilishini muvofiqlashtiruvchi guruh tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun “Tarbiya” fanidan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni yaratish boʻyicha tuzuvchilar guruhi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun “Tarbiya” fani konsepsiyasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
“Tarbiya” fani boʻyicha umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini va oʻquv dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2020-yil 10-iyulga qadar 2020/2021 oʻquv yiliga umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1 — 9-sinflari uchun hamda 1-dekabrga qadar 2021/2022 oʻquv yiliga 10 — 11-sinflar uchun moʻljallangan “Tarbiya” fani boʻyicha darsliklar va oʻquv-metodik majmualarga buyurtmalarni shakllantirsin;
2020-yil 15-iyulga qadar 1 — 9-sinflar hamda 2021-yil 1-mayga qadar 10 — 11-sinflar uchun moʻljallangan “Tarbiya” fani boʻyicha darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni chop etish boʻyicha istisno tariqasida deklaratsiya qilingan narxlar asosida davlat va xususiy nashriyot-matbaa tashkilotlari bilan shartnomalar tuzsin;
“Tarbiya” fanidan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni yangi oʻquv yili boshlangunga qadar chop etishni tashkil etsin va ularning joylarga yetkazilishini taʼminlasin;
2020-yil iyul oyidan boshlab yangi oʻquv yili boshlangunga qadar “Tarbiya” fani boʻyicha tayyorlangan oʻquv dasturlari va darsliklar asosida umumtaʼlim maktablaridagi “Boshlangʻich taʼlim”, “Milliy gʻoya va huquq”, “Tarix” va “Dinshunoslik” mutaxassisligiga ega fan oʻqituvchilari uchun xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida “Tarbiya” fanidan onlayn shaklda maqsadli malaka oshirish kurslarini tashkil etsin;
malaka oshirish kurslari davomida “Tarbiya” fanidan tayyorlangan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni tajriba-sinovdan oʻtkazsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Tarbiya” fanidan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashrga tayyorlash va chop etish (darsliklarni nashrga tayyorlash, chop etish va yetkazib berish, tuzuvchilarga haq toʻlash) bilan bogʻliq xarajatlar darslik va oʻquv-metodik majmualarning umumiy narxiga kiritiladi;
“Tarbiya” fanidan darsliklar va oʻquv majmualarini xarid qilish va yetkazib berish xarajatlari:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1-sinf, Mehribonlik uylari, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlari oʻquvchilarini, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar farzandlarini hamda oʻqituvchilar uchun “Tarbiya” fanidan darsliklar, multimedia ilovalari va oʻquv-metodik majmualar nashr etilishi, shuningdek, ijara asosida darsliklar bilan birlamchi taʼminlash — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan;
oʻquvchilarni ijara asosida darsliklar bilan taʼminlash — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Din ishlari qoʻmitasi, Xalq taʼlimi vazirligi:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
2020 — 2023-yillarda respublika oliy taʼlim muassasalarining “Boshlangʻich taʼlim”, “Tarix” (mamlakatlar va mintaqalar boʻyicha), “Tarix oʻqitish metodikasi”, “Filologiya va tillarni oʻqitish: Oʻzbek tili”, “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi”, “Pedagogika va psixologiya”, “Dinshunoslik” va Islomshunoslik (Islom tarixi va manbashunosligi)”, “Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi)” taʼlim yoʻnalishlari bitiruvchilariga umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Tarbiya” fanini oʻqitish huquqi berilishi yuzasidan zarur choralarni koʻrsin va mazkur taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Tarbiya” fanini oʻqitish uchun kadrlar tayyorlanadigan yangi taʼlim yoʻnalishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflarni kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-iyul,
422-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-son qaroriga 1-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun “Tarbiya” fanidan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarning yaratilishini muvofiqlashtiruvchi guruh
xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari, guruh rahbari oʻrinbosari
3.
Lavozimiga koʻra
—
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, guruh rahbari oʻrinbosari
4.
D. Maxsudov
—
Din ishlari qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari
5.
A. Tagayev
—
Xalq taʼlimi vazirligi Maʼnaviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshligʻi
6.
Sh. Sattorov
—
Respublika taʼlim markazi direktori
7.
L. Gaynutdinova
—
Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi direktori
8.
H. Toʻychiyeva
—
Xalqaro islom akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri
9.
O. Ernazarov
—
Xalqaro islom akademiyasi ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash shuʼbasi boshligʻi
10.
I. Kamolov
—
Toshkent shahridagi Prezident maktabi tarix, milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari va huquq fanlari oʻqituvchisi
11.
Z. Rashidova
—
Toshkent shahridagi Prezident maktabi ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi
12.
Sh. Toshmirzayeva
—
Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi
13.
B. Xasanova
—
Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 48-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi
14.
Z. Jabborova
—
Respublika taʼlim markazi metodisti, guruh kotibi
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-maydagi 193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-son qaroriga 2-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun “Tarbiya” fanidan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni yaratish boʻyicha tuzuvchilar guruhi
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, guruh rahbari oʻrinbosari
3.
O. Maxmudov
—
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi matbuot kotibi
4.
Z. Islomov
—
Xalqaro islom akademiyasi professori
5.
D. Rahimjonov
—
Xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi
6.
D. Roʻziyeva
—
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori
7.
Z. Zamonov
—
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti kichik ilmiy xodimi
8.
Sh. Sattorov
—
Respublika taʼlim markazi direktori
9.
N. Ismatova
—
Xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo-zukko taʼlim maskani”direktori
10.
S. Madaliyeva
—
Xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo-zukko taʼlim maskani” psixologi
11.
S. Zokirova
—
Xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo-zukko taʼlim maskani” oʻqituvchisi
12.
S. Shermuxamedova
—
Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi katta oʻqituvchisi
13.
S. Akkulova
—
Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi katta oʻqituvchisi
14.
Y. Risyukova
—
“O'qituvchi” davlat unitar korxonasi ilmiy-metodik nashriyot markazi direktorining innovatsiya va rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari
15.
S. Xafizov
—
“O'qituvchi” davlat unitar korxonasi ilmiy-metodik nashriyot markazi boʻlim boshligʻi
16.
K. Jalilov
—
“O'qituvchi” davlat unitar korxonasi ilmiy-metodik nashriyot markazi boʻlim boshligʻi
17.
O. Usmanova
—
“O'qituvchi” davlat unitar korxonasi ilmiy-metodik nashriyot markazi yetakchi mutaxassisi
18.
N. Xolmuhamedova
—
Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani 49-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi
19.
L. Moʻminova
—
Toshkent shahar Olmazor tumani 29-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyundagi 422-son qaroriga 3-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun “Tarbiya” fani
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Bugungi globallashuv jarayonlari, fan-texnika taraqqiyoti, innovatsion jamiyatga boʻlgan ehtiyoj yoshlar uchun koʻplab imkoniyatlar yaratmoqda. Ular oldiga tezkor qarorlar qabul qilish, innovatsion tafakkurni shakllantirish, intellektual salohiyatni oshirish bilan birga milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq boʻlishdek hayotiy talablarni qoʻymoqda.
Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasida “Tarbiya” fani konsepsiyasi mazkur fanni davlatning taʼlim-tarbiya sohasidagi siyosatini amalga oshirishda mavjud boʻlgan dolzarb muammolarni hal etishga yoʻnaltiriladi. Konsepsiya yosh avlod tarbiyasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor vazifalar, asosiy maqsad va yoʻnalishlarni belgilab beradi.
Shuningdek, Konsepsiyada belgilangan yoʻnalishlar mamlakat yoshlarini maʼnan va jismonan barkamol qilib tarbiyalash, iqtidori va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularni davlat va jamiyatning rivojiga keng jalb etish, tashabbuslarini yetarli darajada qoʻllab-quvvatlash maqsadida huquqiy asoslar, iqtisodiy imkoniyatlar va tashkiliy mexanizmlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
2. Mazkur Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunlari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan hujjatlari, xususan “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi konvensiyalar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar-2030” strategiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga asoslanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Konsepsiyada belgilangan vazifalar Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi talablari, Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi, milliy va jahondagi ilgʻor tajribalar, mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan uygʻun ravishda amalga oshiriladi.
4. Konsepsiya umumiy oʻrta taʼlim tizimida oʻquvchilarning yoshiga mos maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash va faol fuqarolik kompetensiyalarini shakllantirish maqsadida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻqitilayotgan “Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” turkumiga kiruvchi fanlar “Odobnoma”, “Vatan tuygʻusi”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari”, “Maʼnaviyat asoslari”, “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan yagona Tarbiya fanining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi. Shu maqsadda, Xitoy Xalq Respublikasi, Singapur, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Avstraliya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarning tajribalari oʻrganildi, amaldagi fanlarning oʻquv dasturlari har tomonlama qiyosiy tahlil qilindi.
5. Konsepsiya asosida yaratilgan dastur amaldagi Sogʻlom avlod asoslari, Salomatlik, Yoʻl harakati qoidalari, Hayot xavfsizligi asoslari, Salomatlik darslari, Huquqiy tarbiya, Ekologik tarbiya, Media madaniyati, Iqtisod va soliq saboqlari kabi bir qancha fakultativ oʻquv kurslari dasturlarini birlashtiradi.
6. Konsepsiya umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlarida belgilangan talablarning (keyingi oʻrinlarda — Malaka talablari) negizi hisoblanadi. Konsepsiya “Tarbiya” fanini oʻrganish bosqichlari, oʻquv fani boʻyicha taʼlim mazmuni va malaka talablarining tuzilishini belgilaydi.
2-bob. Konsepsiyaning dolzarbligi va zarurati
7. Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda yoshlar bilan ishlashning yangicha modellarini yaratishda innovatsion mexanizm va texnologiyalarni qoʻllashga doir koʻplab amaliy ishlar qilinmoqda.
8. Shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda oʻquvchi-yoshlarni muvaffaqiyatli ijtimoiy hayotga tayyorlashda masʼuliyat, majburiyat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, teran dunyoqarash, sogʻlom eʼtiqodlilik, maʼrifatlilik, diniy va milliy bagʻrikenglik, maʼnaviy, fuqaroviy, madaniyatlararo, ijtimoiy kabi fazilatlarni shakllantirish kun tartibidagi asosiy masalalarga aylanib bormoqda.
Shu bois yoshlar tarbiyasiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan “Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” turkumiga kiruvchi fanlarni oʻqitish taʼlim jarayoniga yangicha yondashuvni taqozo etmoqda. Jumladan, yoshlar tarbiyasida dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarga toʻgʻri baho bera olish, ijtimoiy muammolarni hal etishda toʻgʻri qaror qabul qilish, hayotda oʻz oʻrnini topish bilan bogʻliq boʻlgan aniq maqsadlarni shakllantira olishga oʻrgatish, buning natijasi oʻlaroq, oila-jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning uzilib qolishining oldini olish, loqaydlik, huquqbuzarlik, “ommaviy madaniyat”ning turli koʻrinishlaridan saqlash imkoni yaratiladi.
Bu, oʻz oʻrnida, Oʻzbekiston Respublikasini siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼnaviy rivojlantirishning muhim omili boʻlgan yoshlar tarbiyasi shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbuskorligida davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini inobatga olib, ushbu yoʻnalishdagi prinsipial yondashuvlarni takomillashtirish, strategik maqsad va vazifalarning konseptual asoslarini ishlab chiqish zaruratini talab qildi.
3-bob. Konsepsiyani joriy etishning asos va prinsiplari
9. Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashdagi asosiy prinsiplar quyidagilar hisoblanadi:
milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi;
ongli vatanparvarlik ruhini rivojlantirish;
sohadagi zamonaviy ilmiy-tadqiqotlarga asoslanish;
ochiqlik va shaffoflik;
tarbiya sohasiga oid tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
tarbiya sohasiga doir siyosatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xususiy sektor faoliyatining muvofiqligi va mutanosibligi.
10. Huquqiy asoslari:
Konsepsiyani amalga oshirish orqali shaxs tarbiyasida milliy normativ-huquqiy bazani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq shakllantirish;
vazirliklar va idoralar, muassasalar, davlat hamda nodavlat korxona va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari “Tarbiya” fani konsepsiyasining amalga oshirish tizimini tashkil etadi.
11. Tashkiliy-boshqaruv asoslari:
Konsepsiyani amalga oshirishning kompleks chora-tadbirlar rejasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning qoʻshma qarorlarni ishlab chiqish;
ilgʻor pedagogik tajribalarni aniqlash, oʻrganish va ularni ommalashtirish, ragʻbatlantirishni tashkil etish;
“Tarbiya” fani konsepsiyasining samaradorligini monitoring qilish.
12. Ilmiy-metodik asoslari:
shaxsning ijtimoiylashuvi va tarbiyasiga oid ilmiy-tadqiqot izlanishlarini amalga oshirilishini taʼminlash;
“Tarbiya” fani malaka talablari, oʻquv dasturlari va oʻquv rejalarini shakllantirish;
“Tarbiya” fani darsliklarini yaratishda samarali tarbiya texnologiyalarini joriy etish;
“Tarbiya” fani oʻquv-metodik majmuasini yaratish va amaliyotga yoʻnaltirish;
davlat taʼlim standartlari talablari asosida oʻquvchilar tomonidan odob-axloq, bilim, koʻnikma va malaka hamda kompetensiyalarning toʻliq oʻzlashtirilishiga erishish;
oʻquvchilarda mustaqil va erkin fikrlashni hamda ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
oʻquvchilarda ilmiy dunyoqarash va global tafakkur yuritish kompetentligini shakllantirish;
umumtaʼlim fanlarini oʻqitishning prinsipial yangi metodologiyasi asosida taʼlim-tarbiyaning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash.
umumiy oʻrta taʼlim maktablarida Tarbiya fanini oʻqitish talablari quyidagi bosqichlarda ishlab chiqilishi zarur:
boshlangʻich sinf (A2), toʻqqizinchi sinf (A2+), oʻn birinchi sinf (V1) bitiruvchisiga qoʻyiladigan minimal malaka talablari, kompetensiyalar, baholash tartibi va oʻquv dasturlari. Har bir bosqich maʼnaviy-axloqiy, tafakkur, huquqiy, fuqaroviy, iqtisodiy, jismoniy, ekologik, estetik tarbiya turlarini oʻz ichiga olishi lozim;
har bir bosqichda oʻquvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash;
oʻquvchilar tarbiyasida oilaning maktab bilan oʻzaro samarali hamkorligini mustahkamlash, ota-onalarga, boshqa millat va madaniyat vakillariga boʻlgan hurmatni umuminsoniy tamoyildan kelib chiqib shakllantirishni qoʻllab-quvvatlash;
bola huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
uzluksiz taʼlim tizimiga “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyiliga asoslangan milliy qadriyatlarni singdirish;
oʻquvchilarni har tomonlama, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy-axloqiy rivojlantirish orqali ijtimoiy hayotga moslashtirish va turli murakkab vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilishga oʻrgatish;
bolada faol fuqarolik pozitsiyalarini shakllantirish;
dunyo dinlarining koʻp asrlar davomida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan maʼnaviy qadriyat ekanini tushuntirish bilan bir qatorda, hech bir dunyo dinida zoʻravonlik, terrorizm va ekstremizm gʻoyalari targʻib etilmasligini tushuntirish;
shaxs faoliyatida ijtimoiy-maʼrifiy institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
maʼnaviy-axloqiy jihatdan muammosi bor yoki tarbiyasida boʻshliqlar mavjud boʻlgan yoki notinch oila farzandlari, jinoyatchilikka moyil boʻlgan yoki profilaktik roʻyxatda turadigan yoshlar bilan individual tarzda ishlash tizimini takomillashtirish.
“Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” prinsipi mazmun va mohiyatini oʻquvchilarning ongu tafakkuriga singdirish;
oʻquvchilarni muvaffaqiyatli ijtimoiy hayotga tayyorlash;
faol fuqarolik pozitsiyalarini mustahkamlash;
masʼuliyat, majburiyat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, teran dunyoqarash, sogʻlom eʼtiqodlilik, teran maʼrifatlilik, bagʻrikenglik kabi fazilatlarni shakllantirish vazifalarini belgilaydi.
Tarbiya fani oʻquvchilarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularning har tomonlama ijtimoiylashuviga koʻmaklashish, samarali hamkorlik qilish, vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy, maʼnaviy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish, oʻzlarining intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.
15. Shu bilan birga, yoshlar oʻrtasida uchrayotgan salbiy holatlarning asl sabablarini aniqlash va oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirishga qaratilgan quyidagi profilaktik ishlar natijadorligini oshirishga zamin yaratadi:
oʻquvchilarda milliy gʻurur va iftixor, moddiy va maʼnaviy merosni asrab-avaylashga qaratilgan insonparvarlik tuygʻusini tarkib toptirish;
davlat taʼlim standartlari talablari asosida oʻquvchilar tomonidan bilim va hayotiy koʻnikmalarning toʻliq oʻzlashtirilishiga erishish;
oʻquvchilarda mustaqil va erkin fikrlashni hamda ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
yangi avlod oʻquv-metodik majmualarini yaratish va amaliyotga joriy etish;
umumtaʼlim fanlarining oʻqitish metodologiyasini takomillashtirish asosida taʼlim-tarbiya samaradorligini oshirish.
16. Oʻquv-metodik majmuani ishlab chiqish prinsiplari:
mazkur fan boʻyicha oʻquvchilarga sifatli bilim berish, ularni toʻgʻri tarbiya yoʻliga yoʻnaltirish, zarur bilim va hayotiy koʻnikmalarga ega boʻlishlariga, mustaqil hayotga moslashishlariga koʻmak koʻrsatish, turli vaziyatlarda huquqiy, maʼnaviy mezonlarga asoslangan holda qaror qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan estetik jihatdan zamonaviy bezatilgan, qiziqarli va psixologik-pedagogik materiallarga boy quyidagi oʻquv-metodik majmualar kompleksini talab qiladi:
oʻquv-metodik majmua taʼlim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari asosida yaratilganligi;
oʻquvchilarning aqliy va jismoniy imkoniyatlari, yoshi, psixofiziologik xususiyatlari, bilim darajasi, qiziqishlari, layoqatlari hisobga olinganligi;
oʻquvchilarda vatanparvarlik va milliy iftixor tuygʻusini shakllantirishga qaratilganligi;
umumiy oʻrta taʼlimining zarur hajmi berilganligi, oʻquvchilarda mustaqil ijodiy fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilganligi;
oʻquvchilar tomonidan oʻquv materiallarining toʻliq oʻzlashtirilishini taʼminlash;
matnlar axborot berishga emas, balki oʻquv fani mazmun-mohiyatining oʻquvchilar tomonidan anglash va hayotga tatbiq qilish maqsadlariga xizmat qilishi;
qiziqarli, loʻnda va hamma uchun qulay va tabaqalashtirilgan boʻlishi;
ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, vatanparvarlik va millatlararo totuvlik talablariga javob berishi, aniq dalillarga asoslangan materiallardan tarkib topishi;
taʼlimning kundalik hayot va amaliyot oʻrtasidagi bogʻliqligini taʼminlashga, olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllay olish iqtidori shakllantirilishiga, boshqa oʻquv fanlari bilan uzviy bogʻliqlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan boʻlishi;
rasmlar koʻrinishidagi illyustratsiyalar: xaritalar, chizmalar, sxemalar, jadvallar, diagrammalar, fotosuratlar, infografikalardan iborat mediamahsulotlar bilan bezatilgan boʻlishi;
oʻquvchilar psixo-fiziologik rivojlanish darajasiga mos yangi tushunchalar, atamalar, qoidalar, taʼriflar va shu kabi lugʻat koʻrinishida ifodalangan boʻlishi lozim.
fan-texnikaning soʻnggi yutuqlarini oʻzida aks ettirishi;
oʻquv fani mavzularining mazmunan yaxlitligi taʼminlangan boʻlishi;
oʻquv fani mavzulari adabiy til qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oddiy, sodda, tushunarli va ravon tilda bayon qilinishi;
mantiqiy ketma-ketlik va izchillikka amal qilinishi;
Oʻzbekiston xalqining mentalitetiga zid boʻlmagan tegishli illyustratsiyalar bilan boyitilishi;
savol va topshiriqlarning aniq ifodalangan boʻlishi;
oʻquvchilarni fikrlashga, yozishga, tasvirlashga, chizma chizishga, hisoblashga, amaliy ishlarni bajarishga, tajribalar oʻtkazishga oʻrgatishda pedagogik texnologiyalardan foydalanish nazarda tutilgan boʻlishi;
bir tushunchaning ikki xil atama bilan ifodalanishiga, sanalarni keltirishda noaniqlikka yoʻl qoʻyilmasligi;
oʻquvchilarni muvaffaqiyatli ijtimoiy hayotga yoʻnaltirishga oid matn va rasmlar, izohli lugʻat, texnik ijodkorlik, mantiqiy va innovatsion tafakkurni oʻstirishga qaratilgan loyihalash hamda modellashtirish topshiriqlarini qamrab olgan boʻlishi lozim.
keng jamoatchilik tomonidan tan olingan ilmiy asoslangan maʼlumotlar, oʻquvchilarning bilim darajalari, eslab qolish qobiliyatlari, tafakkuri inobatga olingan holda, voqea va hodisalarning mohiyatini anglashga hamda amaliy qiziqishlarini rivojlantirishga, bilim olish va amaliy faoliyat bilan shugʻullanishga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi;
oʻquv fani mavzularining oʻquvchi yoshi va psixo-fiziologik xususiyatlariga mos holda berilishi, maʼlum bir faktlar, tushunchalar, qoidalar va fanlararo bogʻliqlikni hisobga olgan holda tushunarli bayon qilinishi;
oʻquvchilarning yangiliklarni qabul qilish qobiliyatlari, oldin olgan bilimlarini oʻzlashtirganlik darajasi hisobga olinishi lozim.
20. Darslikka qoʻyiladigan estetik talablar:
belgilangan talablar darajasida yorqin, rangli, chiroyli bezatilgan, zamonaviy dizayniga mos boʻlishi;
matnlar va illyustratsiyalarning uygʻunligi va oʻquvchilar yoshiga mosligi;
boʻlim, bob, mavzular matnlarining turli shakl va ranglar bilan ajratilishi, ularning mutanosibligi taʼminlanishi lozim.
21. Darslikka qoʻyiladigan gigiyenik talablar:
matn va illyustratsiyalar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mos boʻlishi;
harflarning kattaligi va qogʻozning sifati (ogʻirligi, qalinligi, oqligi va shaffofligi) taʼlim muassasalari uchun matbaa mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamenti talablariga mos boʻlishi lozim.
5-bob. Yakunlovchi qoida
22. Konsepsiyada nazarda tutilgan maqsad va vazifalarga erishishning moliyaviy xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2020-y., 09/20/422/1033-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 08.05.2023-y., 09/23/193/0260-son)