1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.05.00 Mahsulot sifati. Standartlashtirish. Sertifikatlashtirish. Metrologiya. Tovarlar markirovkasi. Aksizlar (shuningdek, 09.07.00.00ga qarang)]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Umumiy masalalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-sentabrdagi 553-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament (keyingi oʻrinlarda — Texnik reglament) va uni joriy etish sxemasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Texnik reglament rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn sakkiz oy oʻtgach amalga kiritilsin.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilishi munosabati bilan ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarni standartlashtirish boʻyicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yoʻqotishi va belgilangan tartibda qoʻllanilishida ixtiyoriylik kasb etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab, Texnik reglament amalga kiritilgunga qadar alkogolsiz ichimliklarni standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda ularning majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriyligini taʼminlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrsin.
4. “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK, “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda Texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyevga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 1-iyun,
345-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-iyundagi 345-son qaroriga 1-ILOVA
Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament
1-bob. Umumiy qoidalar
1-§. Maqsadi va qoʻllash doirasi
1. Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament (keyingi oʻrinlarda — Texnik reglament) aholi hayoti va salomatligini, atrof-muhitni, yuridik va jismoniy shaxslarning, davlatning mol-mulkini himoya qilish maqsadida alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligiga boʻlgan talablarni belgilaydi.
2. Texnik reglamentga 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha keltirilgan alkogolsiz ichimliklar Texnik reglamentni tartibga solish obyektlari hisoblanadi.
3. Texnik reglament Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan va (yoki) muomalada boʻlgan quyidagilarga:
alkogolsiz ichimliklarga;
xom ashyo va tarkibiy qismlarga;
alkogolsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish (tayyorlash), saqlash, tashish, sotish va utilizatsiya qilish jarayonlariga tatbiq etiladi.
4. Texnik reglament:
bolalar ozuqasi uchun moʻljallanmagan;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilishi moʻljallanmagan;
eksport uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
5. Alkogolsiz ichimliklarga sut va mevalar va (yoki) sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlari kirmaydi.
2-§. Atamalar va taʼriflar
6. Texnik reglamentni qoʻllash maqsadlari uchun quyidagi atamalar va taʼriflardan foydalaniladi:
mahsulotlarning ifloslanishi — mahsulotga narsa, boʻlak, modda va organizmlarning tushishi natijasida u inson uchun xavfli holatga aylanadigan va Texnik reglament talablariga javob bermaydigan holati;
identifikatsiya — aniq bir mahsulotning namunaga va (yoki) uning taʼrifiga muvofiqligini belgilash;
mahsulot tayyorlovchi — mahsulotni tayyorlash bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;
muomala — alkogolsiz mahsulotlarni xarid qilish (shu jumladan, import qilish), yetkazib berish (shu jumladan, eksport qilish), tashish, saqlash, sotish, utilizatsiya qilish;
mahsulotning taʼrifi — milliy, xalqaro, tashkilot standartlari, texnologik va boshqa tegishli hujjatlar bilan belgilangan mahsulotni tavsiflovchi belgilar, parametrlar, koʻrsatkichlar va talablar toʻplami;
sotuvchi — alkogolsiz mahsulotni sotuvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;
ishlab chiqarish binosi — bevosita mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan bino;
bino, asbob va anjomlarga sanitariya ishlovi berish — oziq-ovqat mahsulotlari (xom ashyo)ning ifloslanish manbasiga aylanib qolmasligi uchun bino, asbob va anjomlar yuzasini yuvish yoki boshqacha tarzda ishlov berish;
alkogolsiz mahsulotlarni saqlash muddati — hujjatlarda koʻrsatilgan saqlash sharoitlariga rioya qilishda normativ va/yoki texnik hujjatlarda belgilangan xususiyatlarni alkogolsiz mahsulot oʻzida saqlovchi vaqt davri;
alkogolsiz mahsulotning yaroqlilik muddati — alkogolsiz mahsulotlarni saqlash, tashish, sotish paytida xavfsizlik meʼyorlari va qoidalari talablariga rioya qilgan holda foydalanishga yaroqli boʻlgan va muddati oʻtgandan soʻng inson hayoti va salomatligi uchun xavfli boʻlishi mumkin boʻlgan vaqt davri;
alkogolsiz ichimliklarni utilizatsiya qilish — sanitariya meʼyorlari va qoidalari, texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan alkogolsiz ichimliklardan alkogolsiz ichimliklar moʻljallangan va ulardan odatda foydalaniladigan maqsadlardan farqli maqsadlarda foydalanish, yoxud sanitariya meʼyorlari va qoidalari, texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan alkogolsiz ichimliklarni ulardan har qanday maqsadlarda foydalanish va qoʻllash uchun yaroqsiz, shuningdek, ularning odamga, hayvonlarga va atrof-muhitga nomaqbul taʼsirini istisno etuvchi holatga keltirish;
vakolatli organlar — Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi.
(6-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son)
3-§. Texnik tartibga solish obektlarini identifikatsiya qilish qoidalari
7. Alkogolsiz ichimliklarni identifikatsiya qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
mahsulot toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlarni hisobga olib, mahsulotning asoslangan tanlovi boʻyicha isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash;
isteʼmolchilarni nohalol tayyorlovchi (sotuvchi)lardan himoya qilish;
mahsulotning, jumladan, uning nomining Texnik reglament talablariga muvofiqligini belgilash;
mahsulotning ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) tomonidan berilgan maʼlumotga muvofiqligini tasdiqlash;
bozorning barcha ishtirokchilari manfaatlari muhofazasini taʼminlash.
8. Texnik reglamentda qoʻllanilishiga nisbatan alkogolsiz ichimliklarning texnik tartibga solish obyektlariga tegishliligini belgilash uchun identifikatsiya qilish:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqaradigan tayyorlovchi;
mahsulotning muvofiqligini baholash va tasdiqlash maqsadida — sertifikatlashtirish organi;
mahsulotning Texnik reglament talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida — davlat nazorat organi tomonidan amalga oshiriladi.
9. Mahsulotni tashqi koʻrinishi, tamgʻasi, ilova qilinadigan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarga asosan identifikatsiya qilish imkoniyati mavjud boʻlmasa, texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan fizik-kimyoviy koʻrsatkichlarni aniqlash yoʻli bilan identifikatsiya qilishga ruxsat beriladi.
10. Ishlab chiqarish obyektidagi identifikatsiya qilinmagan alkogolsiz ichimliklar (eksport uchun ishlab chiqarilgan alkogolsiz mahsulotlar bundan mustasno) utilizatsiya qilinadi.
2-bob. Alkogolsiz ichimliklarni muomalaga kiritish koidalari
11. Alkogolsiz ichimliklarni Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoriga muomalaga chiqarish muvofiqlik sertifikati hamda raqamli markirovkasi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi. Muvofiqlikni baholash (tasdiqlash) jarayonlaridan oʻtgan va Texnik reglament talablariga javob beradigan alkogolsiz ichimliklar muvofiqlik milliy belgisi bilan tamgʻalanadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 631-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2022-y., 09/22/631/0982-son)
1-§. Alkogolsiz ichimliklar xavfsizligiga qoʻyiladigan umumiy talablar
12. Alkogolsiz mahsulotlar xavfsizligi Texnik reglamentda belgilangan talablarga rioya qilish yoʻli bilan hamda texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq taʼminlanadi.
13. Alkogolsiz ichimliklar Texnik reglamentga 2-ilovada belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
14. Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, ingrediyentlar, oziq-ovqat qoʻshimchalari, texnologik vositalar texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
15. Oziq-ovqat qoʻshimchalari, texnologik yordamchi vositalar, ularning miqdoriy normalarining qoʻllanilishi hamda ularning xavfsizlik koʻrsatkichlari Texnik reglament talablariga zid boʻlmagan oziq-ovqat qoʻshimchalari sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga javob berishi kerak.
16. Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan suv Texnik reglament va texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob berishi zarur.
2-§. Alkogolsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
17. Alkogolsiz mahsulotlarni tayyorlovchi Texnik reglament talablarining bajarilishini taʼminlaydi.
18. Alkogolsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlovchi tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnologik hujjatlarga (texnologik reglamentlar, qoidalar, texnologik yoʻriqnomalar) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
19. Alkogolsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan ishlab chiqarish binosi (sex, ombor, boʻlim va boshqa binolar) va texnologik uskunalar xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar va tayyor alkogolsiz ichimliklarning ifloslanishini istisno etadigan holda saqlanishi kerak.
20. Ishlab chiqarish binolari, inshootlar va ularning joylashuvi, kanalizatsiya, yoritish, ventilyatsiya, isitish tizimi xavfsizligi talablari, shuningdek, maishiy binolar, chiqindilarni toʻplash va yoʻq qilish jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasining tegishli soha uchun belgilangan qonunchilik hujjatlari talablariga javob berishi kerak.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
21. Xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar va tayyor mahsulotlarning ifloslanishini oldini olish maqsadida alkogolsiz mahsulotlarni ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan tartib va shartlarga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.
22. Atrof-muhit va ishlab chiqarish binolariga qoʻyiladigan talablar vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan ekologik meʼyorlarga muvofiq boʻlishi zarur.
23. Mahsulotlarni tashish mazkur maqsadlar uchun yaroqli transport vositalarida amalga oshiriladi. Mahsulot tayyorlovchi tomonidan ushbu mahsulotni tashish uchun belgilangan shartlarga muvofiq, mahsulotning xavfsizligi va saqlanishini taʼminlagan holda yuk joʻnatuvchi tomonidan tashish shartlari belgilanadi. Transport vositalari va/yoki konteynerlarning yuk boʻlinmalari mahsulotning ifloslanishiga olib kelsa bunday hollarda undan boshqa yuklarni tashishda foydalanish mumkin emas.
24. Transport vositalari va/yoki konteynerlardan bir vaqtning oʻzida boshqa oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa yuklarni tashishda foydalanilganda, mahsulotlar ifloslanishi ehtimolining oldini olish maqsadida ular bir-biridan izolyatsiya qilinishini taʼminlash lozim.
25. Suyuq, qadoqlanmagan alkogolsiz mahsulotlarni tashish faqat suyuq oziq-ovqat mahsulotlarini tashish uchun moʻljallangan plombalangan idishlarda amalga oshirilishi kerak. Bunday sisternalar faqat suyuq oziq-ovqat mahsulotlarini tashish uchun moʻljallanganini koʻrsatadigan oʻchmaydigan tamgʻaga ega boʻlishi zarur.
26. Transport vositalari va konteynerlarning yuk boʻlinmalari konstruksiyasi alkogolsiz mahsulotlarni ifloslanishdan, hayvonlar, jumladan, kemiruvchi va hasharotlarning kirishidan himoya qilinishi, oziq-ovqat mahsulotlarini tashishning belgilangan shartlariga rioya qilinishi monitoringi olib borilishi (konteynerlar bundan mustasno) imkoniyatini hamda sanitariya jihatdan tozalash va/yoki dezinfeksiya qilinishini taʼminlash kerak.
27. Oziq-ovqat mahsulotlarini tashish uchun moʻljallangan transport vositalari va konteynerlarning yuk boʻlinmalari yuviladigan va zaharsiz materialdan tayyorlanishi zarur.
28. Alkogolsiz mahsulotlarni tashish uchun transport vositalari va konteynerlaning yuk boʻlinmalari mahsulotlarning ifloslanish manbai boʻlmasligi uchun muntazam ravishda sanitariya jihatdan tozalanishi, davriylik bilan dezinfeksiya, deratizatsiya va dezinseksiya qilinishi kerak. Tozalash, dezinfeksiya, deratizatsiya va dezinseksiya qilinishi davri davomiyligi oziq-ovqat mahsulotlarini tashish sohasidagi xoʻjalik faoliyati ishtirokchilari tomonidan belgilanadi.
29. Alkogolsiz mahsulotlarning xavfsizligi va Texnik reglament talablariga muvofiqligini taʼminlash uchun ularni sotishni amalga oshiruvchi tashkilotlar ularni qabul qilish va saqlash shartlarini taʼminlashlari kerak.
30. Yaroqlilik muddati oʻtgan alkogolsiz mahsulotlarni sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Muomaladagi alkogolsiz mahsulotlarga ularning xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
3-§. Alkogolsiz ichimliklardan utilizatsiya qilish jarayoniga qoʻyiladigan talablar
32. Texnik reglament talablariga muvofiq kelmaydigan alkogolsiz ichimliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ortga qaytariladi yoki vakolatli organlarning qaroriga asosan utilizatsiya qilinadi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
LexUZ sharhi
Qarang: “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunning 39-moddasi.
33. Alkogolsiz mahsulotlarni qaytarish yoki utilizatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar mahsulot miqdori koʻrsatilgan holda va Texnik reglament talablariga muvofiq alohida saqlanishi zarur.
34. Alkogolsiz ichimliklarni utilizatsiya qilish uning mulkdori yoki uning mulkdori shartnoma boʻyicha ushbu vazifani bajarishni topshirgan tashkilot tomonidan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat nazorat organlari, soliq organlari va jamoatchilik vakillaridan tarkib topgan komissiya ishtirokida amalga oshiriladi.
35. Alkogolsiz ichimliklarni utilizatsiya qilish usullari va shartlari uning egasi tomonidan tegishli davlat nazorat organlari bilan kelishiladi.
36. Isteʼmol uchun yaroqsiz alkogolsiz ichimliklar yoʻq qilishdan oldin yoki yoʻq qilish jarayonida zararsizlantiriladi.
37. Alkogolsiz ichimliklarning egasi davlat nazorati organlariga uning xaqiqatda utilizatsiya qilinganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi.
4-bob. Alkogolsiz ichimliklarni qadoqlash va tamgʻalashga qoʻyiladigan talablar
1-§. Alkogolsiz ichimliklarni qadoqlash va tamgʻalashga qoʻyiladigan talablar
38. Alkogolsiz ichimliklar qadoqning butunligi yoki qadoqni berkitgan moslamaning sezilmas tarzda buzilishi ehtimolini istisno qiladigan tarzda qadoqlanishi kerak.
39. Alkogolsiz ichimliklarga tegib turadigan qadoqlarni tayyorlash uchun foydalaniladigan materiallar tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyuldagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan Oziq-ovqat mahsulotlariga tegib turadigan qadoqlarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament talablariga javob berishi kerak.
40. Alkogolsiz ichimliklarni tamgʻalash Texnik reglament talablariga muvofiq boʻlishi va mahsulot haqida ishonchli maʼlumotlarni oʻzida aks ettirishi hamda tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-iyuldagi 490-son qarori bilan tasdiqlangan Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan uning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament talablariga javob berishi kerak.
41. Alkogolsiz ichimliklarni tamgʻalash Texnik reglamentga 1-ilovada koʻrsatib oʻtilgan mahsulot nomlarini oʻz ichiga olishi zarur.
42. Alkogolsiz ichimliklarning tamgʻasida mahsulotning tasdiqlovchi isbot boʻlmagan, inson organizmiga har qanday funksional taʼsirni aks ettiruvchi maʼlumotlarni joylashtirish taqiqlanadi.
43. Shakar qoʻshib ishlab chiqarilgan alkogolsiz ichimliklarning energetik qiymati original ichimliklar bilan solishtirganda 30 foizga past boʻlgan taqdirda, mahsulot yorligʻida “Pasaytirilgan energetik qiymati bilan” yozuvi boʻlishi kerak.
44. Alkogolsiz ichimliklarning tamgʻasida uning energetik qiymati 100 millilitrga (kcal/100 cm3 (kJ)) nisbatan kilokaloriyada ifodalangan tarzda koʻrsatilishi zarur.
45. Alkogolsiz ichimlikning isteʼmol qadogʻida qoʻshimcha tarzda ushbu mahsulotga tegishli maʼlumot tariqasidagi yozuvlar joylashtirilishi mumkin.
46. Tarkibida taʼm beruvchi — shakarli spirtlar mavjud boʻlgan alkogolsiz ichimliklar tamgʻasi, bevosita oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi koʻrsatilgandan keyin “Taʼm beruvchi (taʼm beruvchilar) mavjud. Haddan tashqari koʻp miqdorda isteʼmol qilish holsizlikka olib kelishi mumkin” degan yozuv qoʻshilishi zarur.
47. Agar alkogolsiz ichimlik tarkibida aspartam mavjud boʻlsa, isteʼmol qadoqogʻida “Tarkibida fenilalanin manbai mavjud” degan yozuv joylashtirilgan boʻlishi shart.
48. Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan tasdiqlovchi sertifikatlar (sinov bayonnomalari) mavjud boʻlmagan taqdirda alkogolsiz mahsulotlar tamgʻasida sifat menejmenti tizimining qoʻshimcha xususiyatlari toʻgʻrisida mahsulot standartlari — “Bio”, “Eko”, “Konservantlarsiz”, “GMOlarsiz”, “Ekologik toza mahsulot”, “Halol” (“Halal”), “Organik” (“Organic”) belgilarini qoʻyish taqiqlanadi.
49. Isteʼmolchilarni chalgʻitishga olib keladigan ishonchsiz maʼlumotlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida mahsulotning tarkibi, xususiyatlari, ozuqaviy qiymati, kelib chiqishi, ishlab chiqarish va foydalanish usuli, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita alkogolsiz mahsulotlarning sifati va xavfsizligini tavsiflovchi boshqa maʼlumotlar davlat tilida taqdim etilishi hamda toʻliq va ishonchli boʻlishi kerak.
50. Maʼlumotni isteʼmol qadogʻiga tamgʻalash vositalari mahsulotni saqlash, tashish va sotish paytida maʼlumotlarning mustahkamligini taʼminlashi kerak.
2-§. Alkogolsiz ichimliklarning namunalarini tanlash va sinovlarni oʻtkazish
51. Sinov usullari, shu jumladan alkogolsiz ichimliklarning Texnik reglamentga muvofiqligini baholash uchun zarur boʻlgan namunalarni tanlash usullari texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
52. Alkogolsiz ichimliklarni Texnik reglament talablariga muvofiqligi boʻyicha sinovdan oʻtkazish texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan usullarga muvofiq amalga oshiriladi.
3-§. Alkogolsiz ichimliklarni baholash (tasdiqlash) shakllari va qoidalari
53. Alkogolsiz ichimliklarning Texnik reglament talablariga muvofiqligini baholash alkogolsiz ichimliklarni majburiy sertifikatlash shaklida amalga oshiriladi.
54. Ariza beruvchi alkogolsiz ichimliklarning Texnik reglamentda belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlashi shart.
55. Ariza beruvchi alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish jarayonida Texnik reglament va unga tatbiq qilinadigan texnik tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlar talablariga muvofiq barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga majbur.
5-bob. Texnik reglamentga rioya qilinmaganligi uchun javobgarlik
56. Texnik reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(56-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6-bob. Davlat nazoratiniamalga oshirish
57. Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan taʼminlanadi.
(57-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son)
7-bob. Oʻtish davri
58. Texnik reglament kuchga kirgandan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi va alkogolsiz mahsulotlarning xavfsizligi talablarini belgilovchi normativ hujjatlar Texnik reglament bilan muvofiqlashtirilgunga qadar Texnik reglamentga zid boʻlmagan qismlari boʻyicha qoʻllaniladi.
59. Texnik reglament kuchga kirgunga qadar alkogolsiz ichimliklarga nisbatan ularning muvofiqligini baholashda Oʻzbekiston Respublikasining Milliy sertifikatlashtirish tizimida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.
LexUZ sharhi
Qarang: “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonun.
60. Alkogolsiz ichimliklar uchun Texnik reglament kuchga kirgunga qadar olingan sanitariya-epidemiologiya xulosalari va muvofiqlik sertifikatlari ushbu hujjatlarda belgilangan muddat mobaynida amal qiladi.
Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentga 1-ILOVA
Xavfsizlik talablari belgilanadigan alkogolsiz ichimliklar
Suv bilan aralashtirish orqali tayyorlanadigan (siroplar, konsentratlar, quruq aralashmalar) alkogolsiz ichimliklar va oziq-ovqat yarim tayyor mahsulotlar.
2.
Alkogolsiz ichimliklarning konsentratlari
Tayyor alkogolsiz ishlab chiqarishmahsulotlarining asosiy komponentlarini toʻlaligicha yoki bir nechta komponentlaridan olinadigan yarim tayyor mahsulotlarni oʻz ichiga oluvchi tayyor alkogolsiz ishlab chiqarish mahsulotlari; konsentratlar keyinchalik tarkibida toʻyingan yoki toʻyinmagan uglerod dioksidi boʻlgan suv (isteʼmol, mineral, tabiiy-oshxona), yetishmaydigan komponentlar bilan aralashtirish uchun qoʻllaniladigan bir yoki bir necha qismlardan iborat boʻlishi mumkin.
3.
Vino va vinomateriallarga asoslangan ichimliklar va kokteyllar
Turli xil vino va vinomateriallari aralashmasi yordamida ishlab chiqarilgan, tarkibida spirt miqdori 1,2 foizdan koʻp boʻlmagan alkogolsiz ichimliklar.
4.
Alkogolsiz ichimliklar
Ichimlik holidagi (tarkibida ichimlik suvi, mineral va tabiiy-oshxona suvi, meva, sabzavot, don yoki boshqa oʻsimlik xom ashyosi (ekstraktlar, infuziyalar), vino va vinomateriallar, konsentratlar, sut mahsulotlari, shakar yoki uning oʻrnini bosuvchi moddalar, taʼm va hid beruvchi qoʻshimchalar, boshqa oziq-ovqat qoʻshimchalari va tarkibiy qismlari, oziq-ovqat boʻyoqlaridan foydalanib tayyorlangan, issiq yoki sovuq holda quyiladigan) toʻyingan yoki toʻyinmagan uglerod dioksidli tayyor alkogolsiz ishlab chiqarish mahsulotlari.
5.
Tiniq boʻlmagan ichimliklar
Ichimlikka xira koʻrinish beradigan tabiiy va (yoki) sintetik kelib chiqishga ega oziq-ovqat moddalari yordamida tayyorlangan alkogolsiz ichimliklar.
6.
Kukunsimon ichimliklar
Qayta tiklash yoʻli bilan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish uchun moʻljallangan kukun, granulalar yoki tabletka shaklidagi “alkogolsiz ichimliklar” hisoblanadigan turli xil xom ashyolarning aralashmasi.
7.
Meva va/yoki sabzavot sharbatli ichimliklar
Tarkibiga 4 foizdan kam boʻlmagan meva va/yoki sabzavot sharbati qoʻshilgan alkogolsiz ichimliklar.
8.
Oʻsimlik xom ashyoli ichimliklar
Tarkibi ekstraktlar, infuziyalar, dekoatsiyalar, konsentratlar va oʻsimlik, meva, shu jumladan shirin-xushboʻy xom ashyolardan iborat alkogolsiz ichimliklar.
9.
Don xom ashyoli ichimliklar
Don xom ashyosi va uning mahsulotlarini hid-taʼm beruvchi oziq-ovqat qoʻshimchalari, boʻyoqlar va boshqa komponentlar yordamida qayta ishlash asosida ishlab chiqarilgan alkogolsiz ichimliklar.
10.
Xushboʻylashtirgichli ichimliklar
Tabiiy va (yoki) tabiiy bilan bir xil va (yoki) sunʼiy xid beruvchi moddalar yoki ularning aralashmasi (essensiya, efir moylari, emulsiyalar va boshqalar) yordamida ishlab chiqarilgan, tarkibida sharbat boʻlmagan alkogolsiz ichimliklar.
11.
Achitilgan ichimliklarva kvaslar
Tarkibida etil spirtining hajmi 1,2 foizdan oshmaydigan spirt achitqisi yoki spirt va don ekstraktlarining tugallanmagan sut kislotali achitqisi hamda sabzavot, meva, rezavor ekstraktlar va oʻsimliklarning tabiiy shakarli boshqa xom ashyolari va mahsulotlari bilan hid va taʼm beruvchi qoʻshimchalarni qoʻshib yoki qoʻshmasdan ishlov berilgan alkogolsiz ichimliklar.
12.
Maxsus tayyorlangan ichimliklar
Tarkibida ingrediyentlar (jismoniy qiymatga ega, sogʻlik uchun xavfsiz, aniq fizik-kimyoviy xususiyatlarga ega), mavjud xususiyatlari aniqlangan va fan tomonidan oʻrganilgan alkogolsiz ichimliklar; maxsus tayyorlangan ichimliklar tetiklashtiruvchi, sport, diabetik, parhezbop va isteʼmolchilarning muayyan toifasi uchun moʻljallangan boʻlishi mumkin.
13.
Energetik ichimliklar
Tarkibida 150 mg/l dan ortiq kofein va (yoki) inson organizmiga tetiklashtiruvchi taʼsir koʻrsatish uchun yetarli miqdorda boshqa tarkibiy qismlar mavjud ichimliklar.
14.
Gazlangan ichimliklar
Ichimlik idishini ochganda bosimning tushishi hisobiga ichimlikdan qisman pufak shaklida ajralib chiqadigan, tarkibida umumiy massaning 0,2 foizidan kam boʻlmagan miqdorda erigan uglerod dioksidi mavjud alkogolsiz ichimliklar.
15.
Gazlanmagan ichimliklar
Tarkibida umumiy massaning 0,2 foizidan kam miqdorda erigan uglerod dioksidi mavjud alkogolsiz ichimliklar.
16.
Kiritmali ichimliklar
Tarkibida oʻsimliklarning turli tarkibiy qismlari — urugʻ, et (quyqa), pulpa mavjud boʻlgan alkogolsiz ichimliklar.
17.
Funksional ichimliklar
Tarkibida turli oziq-ovqat qoʻshimchalari va taʼm beruvchi moddalar qoʻshilgan yoki qoʻshilmagan, bir yoki bir qancha funksional oziq-ovqat ingrediyentlar miqdori mavjud, muntazam isteʼmol qilishda, yetarlicha inson organizmining jismoniy funksiyasini ijobiy natija bilan taʼminlash uchun xizmat qiladigan, asosi suvdan iborat suyuq funksional oziq-ovqat mahsuloti.
18.
Tetiklashtiruvchi ichimliklar
Tarkibida inson organizmiga tetiklashtiruvchi taʼsir koʻrsatadigan individual kimyoviy moddalar qoʻshilgan ichimliklar. Tetiklashtiruvchi komponentlarga kofein, glikozidlar, taurin, eleuterozidlar, sxizandrin, glyukuronolakton kiradi.
19.
Alkogolsiz ichimliklar tayyorlash uchun quruq aralashma (keyingi oʻrinlarda quruq aralashma deb ataladi)
Maʼlum bir nisbatda ichimlik yoki tabiiy mineral suv bilan aralashtirish orqali alkogolsiz ichimliklar tayyorlash uchun moʻljallangan quruq oziq-ovqat yarim tayyor mahsuloti.
20.
Sirop
Maʼlum bir nisbatda ichimlik yoki tabiiy mineral suv bilan aralashtirish orqali alkogolsiz ichimliklar tayyorlash uchun moʻljallangan oziq-ovqat yarim tayyor mahsuloti.
Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentga 2-ILOVA
“Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi
—
Sertifikatlashtirish organlari va sinov laboratoriyalariga Alkogolsiz ichimliklarning xavfsizligi toʻgʻrisidagiumumiy texnik reglamentni(keyingi oʻrinlarda — Texnik reglament) yetkazish.
—
Uch kun muddatda
IIbosqich
—
“Oʻzstandart” agentligi,Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi
—
1. Alkogolsiz ichimliklarni standartlashtirish boʻyicha mavjud normativ hujjatlar roʻyxatini tuzish va xatlovdan oʻtkazish.
2. Alkogolsiz ichimliklarni standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda majburiylikni bekor qilish va ixtiyoriylikni taʼminlash toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilish.
—
Bir oy muddatda
Oʻn kun muddatda
IIIbosqich
—
“Oʻzstandart” agentligi
—
Texnik reglament talablariga muvofiqligini baholash uchun sertifikatlashtirish organlari va sinov laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish koʻlamini kengaytirish choralarini koʻrish.
—
Olti oy muddatda
IVbosqich
—
“Oʻzstandart” agentligi,Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi
—
Texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholini, davlat organlarini, tadbirkorlik subyektlarini keng xabardor qilishni taʼminlash.
—
Jadvalga muvofiq
V bosqich
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hududiy organi
—
1.Tadbirkorlik subyektlari tomonidan sanitariya-epidemiologik xulosani olish uchun ariza va unga zarur hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim qilish.
2.Sinovdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda mahsulot namunalarini olish.
3.Laboratoriya sinovlari natijasi ijobiy boʻlganda ariza beruvchiga sanitariya-epidemiologikxulosani berish.
—
Belgilangan tartibda (ariza olingan kundan boshlab 14 kundan kechiktirmay)
VI bosqich
—
Akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari
—
Muvofiqlik sertifikatini berish yoki qonunchilik hujjatlarining aniq normalari koʻrsatilgan holda muvofiqlik sertifikatini berish rad etilganligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilish.
—
Uch ish kuni mobaynida
VII bosqich
—
“Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi
—
Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini taʼminlash.
—
Belgilangan tartibda
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2020-y., 09/20/345/0707-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son; 12.03.2022-y., 09/22/114/0209-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son, 02.11.2022-y., 09/22/631/0982-son; 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son)