toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 27.06.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
HUDUDIY SAVDO-IShLAB ChIQARISh KONSERNI TOʻgʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-iyundagi 210-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 15-maydagi PF-4725-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ilova qilinayotgan hududiy savdo-ishlab chiqarish konserni toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR xalq deputatlari oblast, rayon, shahar, shahardagi rayon Soveti ijroiya komitetining boʻlimlari va boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 1983-yil 9-sentabrdagi 523-son qarori 1-bandining “i” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin (Oʻz SSR QT, 1983-y., 9-son, 37-modda).
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-iyul,
313-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 8-iyuldagi 313-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Hududiy savdo-ishlab chiqarish konserni toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Hududiy savdo-ishlab chiqarish konserni* Oʻzbekiston Respublikasining “Mulkchilik toʻgʻrisida”, “Tadbirkorlik haqida”, “Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligini “Savdo” Oʻzbekiston davlat aksionerlik (“Oʻzbeksavdo”) uyushmasiga aylantirish haqidagi Farmoniga asosan tuzilgan boʻlib, mulkchilikning turli shakllaridagi (davlat korxonasi, aksionerlik jamiyati, ijara korxonasi, xususiy tadbirkorlik) korxona va tashkilotlarning ixtiyoriy birlashmasidir. Yangi tuzilma “Oʻzbeksavdo” davlat aksionerlik uyushmasiga taʼsischi huquqi bilan kirib, jumhuriyat aholisini meʼyoriy ravishda eng zarur oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, shuningdek, konsernga kiruvchi qatnashchilar xoʻjalik faoliyati samarasini oshirish uchun xizmat qiladi. Hududiy savdo-ishlab chiqarish konserni oʻz faoliyatini toʻliq, xoʻjalik hisobi va oʻz-oʻzini boshqarish asosida konsern Ustaviga muvofiq amalga oshiradi. Konsern Ustavi “Oʻzbeksavdo” uyushmasi bilan kelishilgan holda mazkur Nizom asosida ishlab chiqilgan.
* Bundan keyin “konsern” deb ataladi.
2. Konsern oʻz aʼzolarining birgalikdagi hamkorligi faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, ularning manfaatlarini davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, boshqa tashkilotlar va idoralarda himoya qiladi.
Konsern “Oʻzbeksavdo” uyushmasi bilan tuzilgan shartnoma majburiyatlari boʻyicha uyushma oldida oʻz majburiyatlari va vazifalarini bajarish uchun javobgardir.
3. Konsern yuridik shaxs boʻlib, jamoa mulkchiligi huquqidagi alohida mulkka ega, oʻz nomidan mulkiy huquqlari sotib olish va unga javobgar boʻlishi mumkin, mustaqil balans, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlarga, shuningdek, oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.
4. Konsern tarkibidagi korxonalar, shuningdek, konsern va uning qatnashchilari (aʼzolari) oʻrtasidagi munosabatlar amaldagi qonunchilik aktlari, ushbu Nizom, Ustav, oʻzaro munosabatlar haqidagi shartnoma bilan belgilanadi.
5. Konsern oʻziga tegishli mulkiy majburiyatlar boʻyicha qonunchilik tomonidan jazo berilishi mumkin boʻlgan hollarda javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.
Konsern oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaganidek, uning aʼzolari ham konsern majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi.
6. Konsern oʻz tarkibiga kirgan korxonalar tomonidan berilgan vakolatlar doirasida Nizomga asosan faoliyat koʻrsatadi.
II. KONSERNNING FUNKSIYALARI
7. Taʼsischilar tomonidan berilgan vakolatlarga muvofiq Konsernning asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
— aholini meʼyoriy ravishda eng zarur oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash;
— konsern tarkibiga kiruvchi savdo korxonalari uchun tovar resurslarini izlab topish;
— mehnatkashlarning, birinchi navbatda, ish va oʻqish joylarida umumiy ovqatlanishini, shuningdek, isteʼmolchilarni past sifatli mahsulot sotilishi bilan bogʻliq boʻlgan noqulay holatlardan himoya qilishni taʼminlash;
— savdo korxonalari va umumiy ovqatlanish korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda, ularni taʼmirlash va texnikaviy qayta jihozlashda qatnashchilarga yordam berish;
— konsern aʼzolari va uchinchi shaxslar oʻrtasida tovar ayirboshlash operatsiyalarini oʻtkazish va rivojlantirish;
— konsern aʼzolarini axborot bilan taʼminlash va ularga yuridik masalalar, buxgalteriya hisobini olib borishda amaliy yordam koʻrsatish;
— konsern tarkibiga kiruvchi korxonalar mehnat jamoalarining ijtimoiy masalalarini hal etish;
— boshqa tashkilotlar va korxonalar bilan munosabatlarda konsern aʼzolarining manfaatlarini himoya qilish;
— konsern qatnashchilari tomonidan belgilangan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa vazifalarni bajarish;
— kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
8. Konsern faoliyati ixtiyoriylik, oʻz-oʻzini boshqarish va oshkoralik asosida quriladi. Konsern tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va korxonalar oʻz xoʻjalik mustaqilligini, huquqiy shaxs maqomini saqlab qoladi.
9. Konsern zimmasidagi vakolatlar doirasida oʻz nomidan shartnomalar tuzishi, bank kreditlaridan foydalanishi mumkin. Amaldagi tartibda eksport-import operatsiyalarini va boshqa tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishi, qimmatdor qogʻozlar bozorida qatnashishi, qoʻshma korxonalar barpo etishi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga zid boʻlmagan boshqa barcha ishlarni bajarishi mumkin.
10. Konsern xodimlarining ish, dam olish, maishiy sharoitini yaxshilash, ularning sogʻligʻini mustahkamlash va himoya qilish tadbirlarini amalga oshiradi.
III. KONSERNNING MULKI, MABLAGʻI, MOLIYAVIY-XOʻJALIK FAOLIYATI
11. Konsern korxona va tashkilotlar tomonidan ixtiyoriy ravishda berilgan mulkka egalik qilish, shuningdek, oʻz xoʻjalik faoliyati natijasida olgan mol-mulkka egadir.
12. Konsern mulki quyidagi manbalar hisobiga tashkil topadi:
konsern aʼzolarining kirish badallaridan iborat boʻlgan ustav jamgʻarmasi;
qatnashuvchi korxonalarning ishlab-chiqarish, ilmiy-texnika va ijtimoiy rivojlanish dasturlari hamda aniq muammolarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun ixtiyoriy ravishda amalga oshiradigan maqsadli badallari;
boshqaruv va korxonalar oʻrtasidagi shartnomalar asosidagi ajratmalar;
bank kreditlari;
oʻzining ishlab chiqarish, xoʻjalik va moliyaviy faoliyati natijasida tushgan daromadlar;
qimmatdor qogʻozlar (aksiya va obligatsiyalar) sotishdan tushgan daromadlar;
sotib olingan, shuningdek, xorijiy kompaniyalardan ham xarid qilingan qimmatdor qogʻozlar boʻyicha tushgan dividendlar;
qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. Konsern aʼzolari konsern qatnashchilari shartnomasida belgilangan tartib va muddatda Ustav jamgʻarmasiga oʻz hissalarini qoʻshadilar.
14. Ustav jamgʻarmasi hajmini oʻzgartirish xoʻjalik faoliyatidan tushgan foyda (daromad) yoki qatnashchilarning qoʻshimcha mablagʻ hissalari evazi hisobiga, qatnashchilar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Qonunchilikda koʻzda tutilgach budjet soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin hamda konsern jamgʻarmasini toʻldirishga amaldagi tartibda ajratmalar oʻtkazilgandan soʻng konsern foydasi Ustav jamgʻarmasi qatnashchilari hissalariga teng ravishda qatnashchilar oʻrtasida taqsimlanadi.
16. Kengash qaroriga koʻra mablagʻlar quyidagilarga ishlatiladi:
— konsern qatnashchilari boʻlgan korxonalar ishlab chiqarishini va ijtimoiy rivojlanishini mablagʻ bilan taʼminlash;
— yangi ishlab chiqarishlar barpo etish, korxonalarni texnik qayta jihozlash;
— konsern Kengashi tasdiqlagan maqsadli dasturlarni mablagʻ bilan taʼminlash (shu jumladan, dastur qatnashchilari uchun foydadan belgilangan tarzda sarflangan xarajatlarni toʻlash sharti bilan);
— aksionerlik jamiyatlari uchun zaxira (sugʻurta) jamgʻarmasi barpo etish;
— tashqi iqtisodiy faoliyatni mablagʻ bilan taʼminlash uchun valyuta jamgʻarmasini tashkil qilish;
— konsern faoliyati uchun zarur boʻlgan tijorat infrastrukturasini barpo etish;
— marketing va reklama faoliyati;
— boshqaruv apparatini saqlash va boshqa maqsadlar.
17. Konsern quyidagi jamgʻarmalarni tashkil etishi mumkin.
— rivojlanish;
— zaxira;
— ijro organlarining ish haqini toʻlash;
— ijtimoiy-madaniy tadbirlar va uy-joy qurish;
— valyuta va boshqa jamgʻarmalar.
Boshqaruv taqdimiga muvofiq konsern Kengashi jamgʻarmalarni tashkil etish va sarflash tartibini belgilaydi.
18. Konsern amaldagi tartibda taqdim muddati va shakli boʻyicha buxgalterlik hisobi hamda statistika hisobotini olib boradi.
IV. KONSERN AʼZOLARI (QATNAShChILARI), ULARNING HUQUQ VA VAZIFALARI
19. Konsern Nizomini tan olgan, uning maqsad va vazifalariga mos keluvchi faoliyat bilan mashgʻul boʻlgan har qanday korxona va tashkilotlar (shu jumladan, chet el firmasi bilan hamkorlikda tuzilganlari ham) konsernga aʼzo boʻlib kirishi mumkin Konsernga kirish haqidagi qaror davlat korxonasi mehnat jamoasi, aksionerlar, ijarachilar umumiy yigʻilishi yoki shaxsan xususiy tadbirkor tomonidan qabul qilinadi.
Konsernga aʼzolik haqidagi qarorni Kengash qabul qiladi. Yangi qatnashchining konsernga qabul sharti uning oldindan konsern Ustavi va shartnoma qoidalariga roziligi haqidagi yozma arizasidir. Aʼzolik yangi qatnashchi va qatnashchilar oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha hissa mablagʻining hajmi va tarkibi aniqlangan vaqtdan boshlanadi.
20. Konsern qatnashchilari quyidagi huquqlarga ega:
— konsernda birgalikdagi faoliyatdan tushgan oʻz foyda (daromad) hissasini olish;
— boshqaruv va nazorat organlariga saylash va saylanish;
— oʻz faoliyati doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha konsern organlariga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritish, konsern organlarining amaliy majlislari va maslahatlarida, yigʻilishlarida ushbu masalalar muhokama etilayotganda qatnashish;
— konsern Kengashi yigʻilishi (konferensiyasi)da muhokama qilish uchun kiritilgan masalalar boʻyicha ovoz berishda ishtirok etish;
— konsern xizmatlaridan, uning tashkiliy, xoʻjalik va ijtimoiy yordamlaridan birinchi navbatda va imtiyozli shartlarda foydalanish;
— konsern faoliyati haqida toʻliq axborot olish, buxgalterlik hisobi maʼlumotlari bilan tanishish.
21. Konsern qatnashchilari quyidagilarni bajarishga majbur:
— Konsern Ustavi va Taʼsis shartnomasiga rioya qilish;
— shartnomada koʻzda tutilgan hissa mablagʻni qoʻshish, shuningdek, konsern Kengashi belgilagan tartib va hajmda konsern va uning tarkibiy boʻlimlari koʻrsatgan xizmatlar uchun xarajatlarni toʻlash;
— konsern qarorlari va taʼsis hujjatlari qoidalariga rioya qilish;
— konsern boshqaruvida qatnashish;
— konsernga nisbatan olgan majburiyatlarini koʻzda tutilgan tartibda bajarish;
— konsern faoliyatiga tegishli yashirin axborotlarni oshkor etmaslik;
— konsernga oʻz faoliyatini amalga oshirishda koʻmaklashish.
22. Konserning har bir aʼzosi uning tarkibidan erkin ravishda chiqishi mumkin, faqat bu haqda 6 oy muddatdan kechikmagan holda yozma xabar berilishi kerak.
Konserndan chiqish ilgari imzolangan va hali muddati tugamagan hujjatlar boʻyicha olingan majburiyatlarni toʻliq bajarishdan, shuningdek, ularni risoladagidek yoki toʻliqsiz ijro etish javobgarligidan ozod etmaydi. Korxonaning chiqishi haqidagi qaror konsern Kengashi bayonnomasida rasmiylashtiriladi.
23. Agar qatnashchining faoliyati konsern Ustaviga zid boʻlsa, shuningdek, toʻlanishi zarur boʻlgan belgilangan badallar yoki boshqa summalar toʻlagan hollarda har qanday qatnashchining konsernga aʼzoligi konsern Kengashi qaroriga muvofiq toʻxtatilishi mumkin.
24. Konsern qatnashchilari quyidagilarga javobgar:
— ushbu Nizom va taʼsis shartnomasida koʻzda tutilgan majburiyatlar bajarilmasa;
— konsern mulkiga (undan foydalanishda) zarar yetkazilsa;
— konsern mablagʻlarini oʻz muddatida qaytarish majburiyati bajarilmasa;
— konsern yoki uning har qandan qatnashchisi bilan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Qonunchiligi hamda shartnomalar asosida belgilagan majburiyatlar bajarilmasa.
V. KONSERNNING BOShQARUV ORGANLARI VA NAZORAT
25. Konsernni boshqarish demokratik asosda, uning tarkibiga kiruvchi barcha aksionerlik jamiyatlari, korxonalar mustaqilligi huquqlariga qatʼiy rioya qilingan holda iqtisodiy usullarni qoʻllab amalga oshiriladi.
26. Konsern boshqaruvining oliy organi konsern Kengashi hisoblanadi. Kengashning navbatdagi yigʻilishlari yiliga kamida 2-marta chaqiriladi.
Yuqori boshqaruv organining navbatdan tashqari yigʻilishlari Kengash raisi yoki taftish komissiyasining talabi, yoxud konsern Kengashining 30 foizdan kam boʻlmagan aʼzolari arizalari boʻyicha chaqiriladi.
27. Konsern Kengashi konsern faoliyatiga doir barcha masalalar boʻyicha qaror qabul qilishga haqlidir.
Kengashning alohida vakolatlari quyidagilar:
— Ustavni tasdiqlash, unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish;
— konsern jamgʻarmalarini tashkil etish va foydalanish tartibini aniqlash hamda konsern foydasini taqsimlash;
— Ustav jamgʻarmasi hajmini oʻzgartirish va belgilash, qatnashchilarning hissa mablagʻlari hajmini belgilash;
— Kengash, Boshqaruv, uning raisi, taftish komissiyasi aʼzolarini saylash va ozod qilish.
28. Kengash raisi konsern boshqaruviga rahbarlik qiladi, Boshqaruv raisi viloyat (Toshkent shahar) hokimliklari taqdimnomasi boʻyicha Konsern Kengashiga saylanadi va “Oʻzbeksavdo” uyushmasi Boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi.
Konsern raisi alohida ishonch qogʻozi boʻlmasa ham, barcha davlat va jamoatchilik tashkilotlarida, muassasalarda konsern nomidan ish koʻradi, qonun doirasida konsern mablagʻlari va mulkini ushbu Nizomga asoslanib boshqaradi, konsern nomidan bitim va operatsiyalar tuzadi, shartnoma imzolaydi, ishonch qogʻozlari beradi.
Ushbu Nizomdan kelib chiquvchi barcha masalalar konsern Kengashiga, Boshqaruv Raisiga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritiladi.
29. Konsern Kengashi qarori, agar uning uchun aʼzolarning yarmidan koʻprogʻi ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Kengash yigʻilishi aʼzolarining uchdan ikki qismi qatnashsagina huquqiy kuchga ega boʻladi.
30. Konsern Kengashi, Boshqaruv raisining qarori konsern tarkibiga kiruvchi barcha aksionerlik jamiyatlari, korxona va tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
31. Kengash yigʻilishlari oʻrtasidagi davrda konsernga rahbarlikni Boshqaruv amalga oshiradi.
32. Konsern va uning tarkibiga kiruvchi aksionerlik jamiyatlari korxona va tashkilotlarning moliyaviy xoʻjalik faoliyatlari nazorati konsern Kengashi saylagan taftish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Konsernning moliyaviy faoliyati taftish komissiyasi, shuningdek, “Oʻzbeksavdo” taftish komissiyasi tomonidan yiliga kamida bir marta tekshiriladi.
33. Konsern maʼmuriyati xodimlariga ish haqi toʻlash konsern aksionerlik jamiyatlari, korxona va tashkilotlari foydasi (daromadi)dan olingan ajratmalar hisobiga amalga oshiriladi, konsern maʼmuriyati xodimlari soni va ularga haq toʻlash Kengash tomonidan belgilanadi.
34. “Oʻzbeksavdo” boshqaruvi, viloyat va Toshkent shahri hokimliklarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari savdo-ishlab chiqarish konserni, mulkchilik shakli qanday boʻlishidan qatʼi nazar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining ijro etishlari uchun majburiydir.
VI. KONSERNNING TUGATILIShI
35. Konsern quyidagi hollarda oʻz faoliyatini toʻxtatishi mumkin:
— “Oʻzbeksavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi qaroriga asosan;
— manfaatdorlik qolmaganda yoki konsern aʼzolari bittagacha kamayganda, qatnashchilarning birgalikdagi qarori boʻyicha;
— xalq sudi yoki hakamlik sudi qarori bilan.
36. Konsern tugatilayotganda uning qatnashchilari Ustav jamgʻarmasiga qoʻshgan mablagʻi miqdorida oʻz mulkiy hissasini oladilar.