toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida barpo etilgan madaniyat obyektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Toshkent shahrida yangi barpo etilgan obyektlardan samarali foydalanish, buyuk oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning boy ijodiy merosini chuqur oʻrganish, keng targʻib qilish, yoshlar orasida adabiy muhitni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi hamda Olmazor tumanida Abdulla Qodiriy memorial muzeyini (keyingi oʻrinlarda — muzeylar) Madaniyat vazirligi tizimida tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Toshkent shahar hokimligi:
a) Toshkent viloyati hokimligi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda:
Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi hududida joylashgan Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar koʻchasi 6-uy manzilidagi kutubxona va Abdulla Qodiriy memorial muzeyi uchun qurilgan bino tegishli hududi bilan birgalikda Toshkent viloyati “Turon” axborot-kutubxona markaziga (keyingi oʻrinlarda — “Turon” kutubxonasi) operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilishini;
“Turon” kutubxonasi va Abdulla Qodiriy memorial muzeyi (tekin foydalanish huquqi asosida) ushbu binoga joylashtirilishini taʼminlasin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Abdulla Qodiriy uy-muzeyini Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Termiz tor koʻchasi, 35, 36 va 37-uy manzillaridagi binoga joylashtirish;
Abdulla Qodiriy uy-muzeyi joylashgan binoning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish;
muzeylarning shtatlar jadvalini belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
a) bir oy muddatda:
tashkil etilayotgan muzeylarning asosiy vazifalaridan kelib chiqib ularning nizomini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
muzeylar malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
b) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda muzeylar ekspozitsiyasini muzey ashyolari bilan toʻldirsin;
v) muzeylarda madaniy-maʼrifiy tadbirlar, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bagʻishlangan davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish choralarini koʻrsin;
g) muzeylarga zamonaviy interfaol axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etsin;
d) Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda muzeylarga sayyohlarni keng jalb etish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga “Turon” kutubxonasiga bino berilishi munosabati bilan ushbu binoning kadastr hujjatlari rasmiylashtirishini hamda aholiga yanada sifatli axborot-kutubxona xizmatlarini koʻrsatish, jumladan, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga taalluqli turli adabiyotlar jamlanishi va ulardan samarali foydalanilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
“Turon” kutubxonasiga berilgan binoni saqlash xarajatlari — Toshkent viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
muzeylarga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlariga ish haqi toʻlash — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
muzeylarni saqlash xarajatlari — Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari, muzeylarning oʻz daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga muzeylar va kutubxona faoliyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “2017 — 2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 11-dekabrdagi 975-son qaroriga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov, Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev va Toshkent viloyati hokimi R.Q. Xolmatov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Mahalla, oila va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, madaniyat, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-mart,
186-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-martdagi 186-son qaroriga
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “2017 — 2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 11-dekabrdagi 975-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 2-ilova (2017 — 2027-yillarda yangi tashkil etiladigan davlat muzeylari roʻyxati)ga quyidagi mazmundagi boʻlim qoʻshilsin:

Toshkent shahri

9.

Abdulla Qodiriy uy-muzeyi

Shayxontohur tumani

10.

Abdulla Qodiriy memorial muzeyi

Olmazor tumani

2. 4-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti “hisobidan moliyalashtiriladigan muzeylar, ularning filial va boʻlimlari roʻyxati)ning “Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan muzeylar” boʻlimiga quyidagi mazmundagi 35 va 36-pozitsiyalar qoʻshilsin:

35.

Abdulla Qodiriy uy-muzeyi

Toshkent shahri

36.

Abdulla Qodiriy memorial muzeyi

Toshkent shahri

.

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 09/20/186/0380-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)