1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.04.00.00 Milliy iqtisodni himoya qilish borasida davlatning chora-tadbirlari / 10.04.03.00 Eksportni qullab-quvvatlash]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Eksport va import]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 20-noyabrdagi PQ-4525-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan qoplab beriladi;
vakolatli organlarning 2020-yil 1-yanvardan boshlab berilgan zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlari qoplab beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agentlikning buyurtmanomalariga asosan vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga koʻmaklashish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son qaroriga muvofiq nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoplab berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi eksportga rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali Agentlikka taqdim etib borsin.
Agentlik Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portalini bir oy muddatda “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi bilan integratsiyalashtirish ishlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga Agentlikka Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimidan foydalanishga ruxsat berish tavsiya qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-mart,
175-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-martdagi 175-son qaroriga ILOVA
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organlar — “Oʻzstandart” agentligining “UzTest” davlat korxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, “Oʻzbekekpertiza” AJ, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” MChJ;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/20/0054-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 22-aprel)
eksport qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan, mahsulotlarni xorijiy davlatlardagi xaridorlarga eksport shartnomalariga (invoysga) asosan sotuvchi, shuningdek, eksport va (yoki) vositachilik shartnomalariga asosan yuk joʻnatuvchi tadbirkorlik subyekti, shu jumladan, uning vakolatli vakili;
meva-sabzavot mahsulotlari — sabzavotlar, mevalar, dukkakli, yongʻoq, uzum va poliz mahsulotlari, muzlatilgan, quritilgan sabzavot va mevalar (TIF TN boʻyicha tovar kodi 07, 08, 0904, 1202);
toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlari — kalava ip, gazlama va matolar, trikotaj matolar, tikuv va trikotaj buyumlari, gilamlar, paypoqlarning barcha turlari (TIF TN boʻyicha tovar kodi 5002, 5003 (faqat ipak momigʻi eksporti uchun), 5004 — 5007, 5111 — 5113, 5208 — 5212, 5309 — 5311, 54, 5512 — 5516, 56, 57, 58, 59, 60, 61, 62, 63);
meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlar — muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologik xulosa, fitosanitar sertifikati, tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikat.
3. Quyidagi hollarda vakolatli organlar tomonidan berilgan ruxsatnoma va sertifikatlar uchun toʻlovlar eksport qiluvchi tashkilot tomonidan toʻlanadi:
vakolatli organlar tomonidan avval berilgan, xarajatlari Agentlik tomonidan qoplab berilgan ruxsatnoma va sertifikatlarni qayta rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlar;
eksport qiluvchi tashkilot zarur ruxsatnoma va sertifikatlar olingandan keyin uch oy muddat ichida belgilangan mahsulotlar eksport qilinmaganida;
vakolatli organlar tomonidan ushbu Nizomda nazarda tutilgan mahsulotlar bilan birga boshqa bir mahsulotlar uchun ham bitta zarur ruxsatnoma va sertifikat berilganda.
4. Agentlik tomonidan vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish uchun eksport qiluvchi tashkilot Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatiga olingan boʻlishi zarur.
2-bob. Vakolatli organlarning xarajatlarini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi
5. Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Vakolatli organlar tomonidan Agentlikka har haftaning juma kuni quyidagi hujjatlar umumlashtirilgan holda taqdim etiladi:
berilgan sertifikat va ruxsatnomalarning roʻyxati, berilgan sanasi, narxi, eksport qiluvchi tashkilotning nomi, mahsulot turi va Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatilgan reyestri.
Taqdim etilgan reyestr boʻyicha maʼlumotlar xaqqoniyligiga vakolatli organlar masʼul hisoblanadi.
7. Vakolatli organlardan ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan boshqa hujjatlarni talab etish taqiqlanadi.
8. Vakolatli organlar kompensatsiya olish uchun arizani Agentlikka toʻgʻridan-toʻgʻri, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etadi.
9. Vakolatli organlar tomonidan kompensatsiya olish uchun ariza Agentlikka toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etilgan taqdirda, ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmagan hollarda ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
10. Vakolatli organlar tomonidan kompensatsiya olish uchun ariza Agentlikka pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan, Tashqi iqtisodiy maʼlumotlar portali orqali taqdim etilganda, ammo ariza bilan birga ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, Agentlik bir ish kuni davomida hujjatlarni Agentlikning mansabdor shaxslari imzolagan va rad etish sabablari koʻrsatilgan asosli xulosa bilan birga vakolatli organlarga qaytaradi.
11. Ushbu Nizomning 6-bandida qayd etilgan hujjatlar bilan birga toʻliq taqdim etilgan arizalar Agentlik tomonidan uch ish kuni davomida koʻrib chiqiladi va xarajatlarni qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilinadi.
12. Agentlik vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 3 va 4-bandlarida koʻrsatilgan talablar va shartlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan oʻrganib chiqadi.
13. Agentlik vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 3 va 4-bandlarida koʻrsatilgan talablar va shartlarga muvofiqligini axborot tizimlari, shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi va “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali hamda soʻrovnomalar yuborib, javoblar olish orqali oʻrganib chiqishi mumkin.
3-bob. Vakolatli organlarning xarajatlarini qoplab berishni rad etish
14. Vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz va notoʻgʻri maʼlumotlar mavjudligi yoki maʼlumotlarni buzib koʻrsatish holatlarining aniqlanishi, berilgan zarur ruxsatnoma va sertifikatlar oʻrnatilgan tartibda bojxona yuk deklaratsiyasi asosida rasmiylashtirilmaganligi vakolatli organlarga xarajatlarni qoplab berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa berish uchun asos boʻladi.
15. Ushbu Nizom talablaridan boshqa asoslarga koʻra, vakolatli organlarga xarajatlarning qoplab berilishini rad etish toʻgʻrisida xulosa berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Vakolatli organlar rad etish toʻgʻrisida xulosa olingandan keyin koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda, xarajatlarni qoplash boʻyicha mablagʻlar olish uchun Agentlikka ariza bilan oʻn ish kuni davomida qayta murojaat qilishga haqli.
Arizani qayta koʻrib chiqishda Agentlik tomonidan rad etishning avval yozma ravishda aytilmagan sabablarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Vakolatli organlarning xarajatlarini qoplash uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi
17. Vakolatli organlarning xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga koʻmaklashish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son qarori doirasida Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi (agar vakolatli organlar qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlsa, qilingan xarajatlar qoʻshimcha qiymat soligʻi stavkasi bilan koʻrsatiladi va qoplanadi).
18. Vakolatli organlar moliyaviy yilning III choragi yakuniga qadar keyingi moliyaviy yil uchun Agentlikka budjet prognozi boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etadi.
19. Har bir moliyaviy yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga koʻmaklashish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-dekabrdagi PQ-4069-son qaroriga muvofiq Agentlikning tasdiqlangan smeta boʻyicha buyurtmanomasi olingan kundan boshlab uch bank ish kuni mobaynida Agentlikni moliyalashtiradi.
Moliyaviy yil davomida vakolatli organlar taqdim etgan arizalarga muvofiq moliyalashtirish zarurligidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan smetaga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
20. Moliya yili yakuni boʻyicha Agentlik shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida foydalanilmay qolgan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytariladi.
21. Agentlik vakolatli organlarning zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni davomida kompensatsiya mablagʻlarini ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim etilgan buyurtmanomalarga muvofiq uch ish kuni davomida kompensatsiya mablagʻlarini Agentlikning hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
Agentlik hisobvaragʻiga kompensatsiya mablagʻlari tushgan kundan boshlab bir ish kuni davomida xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya mablagʻlarini vakolatli organlarning hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
22. Agentlik va vakolatli organlar har oy yakuni bilan meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlar hamda ularni qoplash uchun ajratilgan mablagʻlar yuzasidan oʻzaro taqqoslash dalolatnomalarini rasmiylashtiradi.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik Agentlikka yuklanadi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ushbu Nizomga muvofiq vakolatli organlarga meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish boʻyicha Agentlik faoliyatining samaradorligini monitoring qiladi va har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborot kiritadi.
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish
(“Oʻzstandart” agentligining “UzTest” davlat korxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, “Oʻzbekekpertiza” AJ, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” MChJ)
Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga umumlashtirilgan holda hujjatlarni taqdim etish:
berilgan sertifikat va ruxsatnomalarning roʻyxati, berilgan sanasi, narxi, eksport qiluvchi tashkilotning nomi, mahsulot turi va Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatilgan reyestri.
Har haftaning juma kuni
2-bosqich
Eksportni ragʻbatlantirish agentligi
1. Hujjatlarni koʻrib chiqish, vakolatli organlarning zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish yuzasidan xulosa qabul qilish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma yuborish.
Ariza qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kuni davomida
Vakolatli organlarning hisobvaragʻiga tegishli mablagʻlarni oʻtkazib berish.
Mablagʻlar tushgan kundan boshlab 1 ish kuni davomida
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-yanvardagi 20-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2025-y., 09/25/20/0054-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 22-aprel)
Vakolatli organlarning meva-sabzavotlar, toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga _____________________________ dan
(vakolatli organning nomi)
Ariza
__________________________________________________________________ tomonidan meva-sabzavotlar,
(vakolatli organning nomi)
toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni reyestrga muvofiq qoplab berish masalasini koʻrib chiqishingizni va tegishli kompensatsiya toʻlovini bizning _________________________ hisobvaraqqa oʻtkazib berishingizni soʻraymiz.
(hisobvaraq)
Arizaga berilgan sertifikat va ruxsatnomalarning roʻyxati, sanasi, narxi, eksport qiluvchi tashkilotning nomi, mahsulot turi va Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami koʻrsatilgan reyestri ilova qilinmoqda.
____________ rahbari
__________________
(F.I.O.)
Bogʻlanish uchun telefon: +998 (___)___________________
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2020-y., 09/20/175/0357-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 21.01.2025-y., 09/25/20/0054-son)