toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17 — 20-dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi Oʻzbekiston-Yaponiya keng qamrovli hamkorlik aloqalari tarixida yangi sahifa ochdi.
Doʻstona va konstruktiv muhitda oʻtgan samarali ikki tomonlama muzokaralar va tadbirlar ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashda hal qiluvchi omil boʻlgan oliy darajadagi muloqotni kelgusida yana davom ettirish muhim ekanligini tasdiqladi.
Ikki davlat oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda uzoq muddatli hamkorlikni ilgari surishga qaratilgan Strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida qoʻshma bayonotning imzolanishi oʻtkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar natijasi boʻldi.
Hukumatlararo va idoralararo hujjatlar hamda ikki davlatning manfaatdor tashkilotlari, yetakchi kompaniyalari va banklari oʻrtasida bitimlarning yirik toʻplami imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash boʻyicha amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17 — 20-dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida imzolangan hujjatlarni oʻz vaqtida ijro etish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga* muvofiq;
Investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini oʻz vaqtida ijro etish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) 3-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida imzolangan hujjatlar ijrosini taʼminlash masalalari boʻyicha Ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tarkibi 4-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning oʻz vaqtida va soʻzsiz amalga oshirilishini monitoring hamda nazorat qilishni taʼminlash mexanizmi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
mazkur qarorning 3-ilovasiga* kiritilgan investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini;
Toshkent viloyati va Aichi prefekturasi, Toshkent va Nagoya, Samarqand va Nara shaharlari oʻrtasida oʻzaro savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin.
3. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
imzolangan hujjatlarning soʻzsiz va sifatli bajarilishi ustidan doimiy va tizimli monitoring hamda nazoratni tashkil qilish;
har hafta mazkur qaror bilan tasdiqlangan amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”)ning soʻzsiz ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish;
ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha joriy masalalarni tezkor hal qilish uchun Ishchi guruh, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar vakillarining Yaponiyaga muntazam xizmat safarlari amalga oshirilishini taʼminlash.
4. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisiga (R.A. Gulyamov) Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va Xalqaro hamkorlik boʻyicha Yaponiya banki bilan oʻzaro aloqalarni muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻyicha oʻrinbosariga (A.A. Abduxakimov) vazirlik va idoralarning taʼlim va madaniy-gumanitar almashuv sohasidagi hamkorlik boʻyicha yapon tomoni bilan oʻzaro aloqalarini muvofiqlashtirish;
investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosariga (L.Sh. Qudratov) savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturlari va loyihalarini oʻz vaqtida hamda toʻliq hajmda amalga oshirish boʻyicha vazirlik va idoralarning ishlari, shuningdek, yapon kompaniyalari bilan oʻzaro birgalikdagi natijador faoliyati samarali muvofiqlashtirishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi (K.I. Allamjonov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi (A.D. Xodjayev), investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosariga (L.Sh. Qudratov) Yaponiya bilan ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanish surʼatlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish vazifasi yuklatilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan 4 ta shtat birligini qoʻshimcha ajratish orqali Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish boshqarmasi tuzilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4135-son qaroriga 6-ilovaga* muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. 2020-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Elchixonasi (keyingi oʻrinlarda — Elchixona) shtatlar jadvaliga mehnatga haq toʻlash fondiga tegishli oʻzgartirishlar kiritgan holda taʼlim, fan va innovatsiya masalalari boʻyicha maslahatchi-elchi hamda xususiy biznes bilan ishlash boʻyicha maslahatchi qoʻshimcha lavozimlari kiritilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
* 1 — 6-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijiy muassasaning tashkiliy-shtat tuzilmasidagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda 2020-yil uchun Elchixonaning xarajatlar smetasini shakllantirsin va tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Elchixonaning shtat jadvalidagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda uning xarajatlarini xorijiy muassasalarni moliyalashtirishning 2020-yil uchun tasdiqlangan budjet hajmlari doirasida moliyalashtirishni amalga oshirsin;
Elchixonaga qoʻshimcha bitta avtomobil taʼminoti uchun limit ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4318-son qarorining 15-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Quyidagi takliflarga rozilik berilsin:
Nagoya shahrida Toshkent shahri hokimligining vakolatxonasini ochish;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Oʻzkimyosanoat” AJning joriy va istiqbolli loyihalarni ilgari surish maqsadida Yaponiyada oʻz vakillarining faoliyatini tashkil etish.
Belgilansinki, vakolatxonalar faoliyati bilan bogʻliq barcha xarajatlar tegishli vazirliklar va idoralarning oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
8. Masʼul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar:
ikki hafta muddatda sifatli investitsiya takliflarini, mazkur qarorning 3-ilovasiga kiritilgan loyihalarning pasportlari va taqdimotlarini ingliz tilida ishlab chiqish;
“Ijro.gov.uz” tizimidan foydalangan holda tarmoq jadvallarini va mazkur qaror bilan tasdiqlangan amaliy harakatlar rejalarini (“yoʻl xaritalari”) oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
hisobot oyidan keyingi har oyning 3 sanasiga qadar mazkur qaror bilan tasdiqlangan amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni tegishlicha Tashqi ishlar vazirligiga — 1 va 2-ilovalarga muvofiq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga — 3-ilovaga muvofiq taqdim etishni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisobot oyidan keyingi har oyning 7 sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasiga mazkur qaror bilan tasdiqlangan amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosi boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlarni kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi hisobot oyidan keyingi har oyning 10 sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga mazkur qaror, shu jumladan amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosining borishi toʻgʻrisidagi tanqidiy tahlillarni taqdim etsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-dekabr,
PQ-4553-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2019-y., 07/20/4553/0016-son; 13.02.2021-y., 07/21/4992/0114-son)