toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 5-fevraldagi PQ-4161-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) huzurida Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Respublika degustatsiya komissiyasi) tashkil etilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Inspeksiya huzuridagi Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
3. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika degustatsiya komissiyasi faoliyatiga Inspeksiya rahbari tomonidan tayinlanadigan rais rahbarlik qiladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
Respublika degustatsiya komissiyasi tarkibi vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan nomzodlardan shakllantiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning 2-bandi 2020-yil 1-fevraldan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.J. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-dekabr,
1039-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1039-son qaroriga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Komissiya, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb ataladi) tomonidan ishlab chiqariladigan isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarining organoleptik sifat koʻrsatkichlarini aniqlash uchun tashkil etiladi.
3. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
alkogol mahsulotlari — oziq-ovqat xomashyosidan olingan etil spirtidan va (yoki) tarkibida spirt boʻlgan oziq-ovqat mahsulotidan foydalangan yoki foydalanmagan holda ishlab chiqarilgan, tarkibida etil spirtining hajmiy ulushi bir yarim foizdan yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
organoleptik baholash — sifat va miqdoriy usullar yordami bilan aniqlanadigan, inson sezgi aʼzolarining oʻrganilayotgan obyekt sifatidagi mahsulot xususiyatlariga boʻlgan javob reaksiyasi, bunda sifat usulida baholash ogʻzaki tavsiflar (deskriptorlar) orqali va miqdoriy usulida baholash esa sezgi intensivligini tavsiflovchi raqamlarda ifodalanadi;
organoleptik xususiyatlar — mahsulotlarning hidi, taʼmi, rangi hamda organoleptik koʻrsatkichlari muayyan mahsulotga taalluqli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan talablariga muvofiqligini ifodalaydi;
degustatsiya — oziq-ovqat mahsulotlarini ogʻiz boʻshligʻida organoleptik baholash;
degustator — oziq-ovqat mahsulotlarini asosan ogʻiz boʻshligʻida organoleptik baholaydigan sinovchi, tanlab olingan sinovchi yoki mutaxassis-ekspert.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Komissiya tarkibi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) rahbari bilan kelishilgan holda Komissiya raisi tomonidan har uch yilda vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan nomzodlar orasidan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq tarkibda tasdiqlanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
6. Degustatorlarga boʻlgan talablar:
Degustator sohada uch yildan kam boʻlmagan kasb faoliyati tajribasiga va organoleptik tahlil yoʻnalishida ish tajribasiga ega boʻlish kerak.
U yuqori sensor sezgirlikka va mahsulotning rangi, hidi, xushboʻyligi va taʼmidagi nozik farqlarni ajrata olish qobiliyatiga ega boʻlish lozim.
Degustator uning sezgirligini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan umumiy va maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan hamda mahsulotning organoleptik tahlilini bajarishni oʻziga xos xususiyatlari bilan tanish boʻlishi kerak.
Degustator mahsulot ishlab chiqarishning texnologik xususiyatlarini bilishi, sifatini baholashning prinsiplari va usullarini tushunishi, baho beriladigan mahsulotning sifat darajasini farqlashni bilish lozim.
Degustator organoleptik tahlilni muayyan texnikasini bajarish va oʻz sezgilarini obyektiv aniqlash malakasiga, ushbu sezgilariga ballarda ifodalab oʻlchash usullariga ega boʻlishi hamda organoleptik tahlil usullarida qabul qilinadigan atamalarni chuqur bilishi lozim.
7. Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlar ishlab chiqarish tashkilotlarida kamida uch nafar aʼzodan iborat boʻlgan degustatsiya guruhi tuziladi.
8. Tashkilotlarning degustatsiya guruhi aʼzolari, Komissiyaning kamida bir nafar vakili ishtirokida isteʼmol etil spirti va alkogol ichimliklar namunalarini, ularni keyinchalik sifatini organoleptik baholashga taqdim qilish uchun tanlaydilar.
2-bob. Komissiyaning vazifalari
9. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarini organoleptik xususiyatlariga koʻra mahsulotning sifatini organoleptik baholash;
tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan qaytadan ishlab chiqarishga qoʻyilgan mahsulot va texnologik jarayonlar hamda tarkibi oʻzgartirilgan mahsulotlarning sifatini organoleptik baholash;
Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan alkogol mahsulotlarini nazorat qiluvchi organlar va isteʼmolchilar tomonidan talab boʻlganda organoleptik baholash;
nazorat qiluvchi organlar va isteʼmolchilar tomonidan taqdim etilgan etil spirti va alkogol mahsulotlarini, shuningdek, isteʼmolchilar, nazorat qiluvchi organlar va tashkilotlar oʻrtasida mahsulot sifati boʻyicha kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda sifatini organoleptik baholash;
eksportga, respublika va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalar va tanlovlarga namoyish etish uchun yetkazib beriladigan alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash;
asosiy mahsulotlar, xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni degustatsiya bahosi boʻyicha yagona amaliyotni shakllantirish;
oʻrganish va ilmiy-tadqiqot maqsadlarida mahsulot sifatini baholash boʻyicha yigʻilishlarga qatnashish;
tashkilotlarning degustatsiya guruhlariga uslubiy yordam koʻrsatish;
ekspertlarni xalqaro, mintaqaviy va boshqa mahsulot tanlovlarida ishtirok etishga tavsiya qilish;
mahsulotlar sifatini oshirish va ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonlarga rioya etishga (texnologik jarayon buzilgan hollarda) yoʻnaltirilgan degustatsiya natijalari toʻgʻrisida takliflarni ishlab chiqish va Komissiya raisiga tasdiqlash maqsadida taqdim etish.
3-bob. Komissiyaning huquqlari va majburiyatlari
10. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilib, degustatsiyaga taqdim qilingan alkogol mahsulotlarini tahlil qilish;
xom ashyo sifati, vinochilik mahsulotlari, isteʼmol etil spirti va alkogol ichimliklar ishlab chiqarishda kupajning tarkibi toʻgʻrisida xulosa berish;
tajribaviy eksperimental mahsulotlar namunalarini va yangi nomdagi tasdiqlangan mahsulotlarni organoleptik baholashni amalga oshirish va tegishli qarorlar qabul qilish.
11. Komissiya:
Oldingi tahrirga qarang.
Inspeksiyaga isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash natijalari haqida xabar berishga;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
alkogol mahsulotlari isteʼmolchilarini ommaviy axborot vositalari orqali oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisida xabardor qilishga;
tashkilotlarga degustatsiya natijalari boʻyicha bayonnoma nusxasini taqdim etishga majburdir.
4-bob. Komissiya faoliyati tashkil etish
12. Komissiya faoliyatini tashkil etish ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Komissiyaga rais rahbarlik qiladi, ishlarni boshqaradi, komissiya majlislarini olib boradi, majlislar bayonlarini, ish rejalarini va komissiyaning boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi.
14. Komissiya jami yigirma bir nafar mutaxassislardan iborat tarkibda faoliyat yuritadi. Komissiya yigʻilishlari, agar ularning ishida komissiya aʼzolari umumiy sonining 50 foizidan ortigʻi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Komissiya raisning qaroriga muvofiq yigʻilishda vinochilik, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi malakali mutaxassislari ovoz berish huquqisiz ishtirok etishlari mumkin.
15. Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholashda faqat Komissiya aʼzolari tomonidan berilgan baholar hisobga olinadi. Degustatsiyaga taklif etilgan shaxslar mahsulot sifatini baholashi va degustatsiyaga taqdim qilingan mahsulot namunalari muhokamasida ishtirok etishi mumkin. Ularning mahsulot sifati boʻyicha bergan organoleptik baholari taklif sifatida qabul qilinishi mumkin. Taklif etilgan shaxslar degustatsiya natijalari va Komissiya qarorini muhokama qilishda qatnashmaydi.
16. Komissiya majlislari tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi. Komissiya raisi tomonidan navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
Agar, Respublika degustatsiya komissiyasining yigʻilishi komissiya aʼzolarining harakatlari (harakatsizligi) tufayli oʻtkazilmagan taqdirda, ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan litsenziya talablari buzilmagan deb hisoblanadi.
17. Komissiyaning qarorlari bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi. Bayonnomada quyidagilar aks ettiriladi:
degustatsiya oʻtkazilgan joy va sana;
komissiya aʼzolari toʻgʻrisida maʼlumot (familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va lavozimi);
degustatsiya maqsadi, turi va shakli;
isteʼmol etil spirti va alkogol mahsuloti mahsulot hamda uni ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi koʻrsatilgan degustatsiya qilish uchun taqdim etilgan namunalar roʻyxati;
balli baholash va namunalarning organoleptik xususiyatlar;
muhokama paytida ifodalangan degustatorlarning taklifi va izohlari;
namunaning fizik-kimyoviy koʻrsatkichlari va balli baholash texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq koʻrsatiladi;
zarurat boʻlganda, mahsulot sifatini yaxshilashga qaratilgan tavsiyalar va tadbirlar koʻrsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Inspeksiya Komissiyaga organoleptik baholash maqsadida taqdim qilingan isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarini talabnoma taqdim qiluvchilar bilan tuzilgan shartnoma asosida organoleptik baholash ishlarini tashkillashtiradi.
Inspeksiya Komissiya yigʻilishini amalga oshirish uchun hamda ishlarini tashkillashtirish yuzasidan belgilangan tartibda konkurs asosida akreditatsiyalangan laboratoriyalarda amalga oshirishi mumkin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
19. Komissiyaga taqdim etilgan namunalar Komissiya tomonidan yetti ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Komissiya yigʻilishida har bir ishtirokchiga isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarining namunalari sifatini organoleptik baholash uchun 50 ml miqdorgacha sarflanish normasi belgilanadi. Barcha sarflanishlar dalolatnomaga muvofiq hisobdan chiqariladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
21. Taqdim etilgan namunalarni baholash natijalari boʻyicha Komissiya taqdim etilgan mahsulot Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-fevraldagi 71-son qarori bilan tasdiqlangan Alkogolli mahsulotlarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament talablariga muvofiq yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
22. Komissiya qarori Komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiya raisi va aʼzolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emas. Komissiya raisi eng oxirida ovoz beradi.
23. Komissiyaning isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash yuzasidan qarorlari majburiy hisoblanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarining sifatini organoleptik balli baholash texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
25. Komissiya qarorlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
26. Komissiyani tugatish yoki qayta tashkil etish qonun hujjatlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agentlik huzuridagi Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi vakillari (besh nafar);
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-noyabrdagi 753-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2020-y., 09/20/753/1572-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari (ikki nafar);
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari (ikki nafar);
5. Alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar vakillari (oʻn nafar);
6. Toshkent kimyo-texnologiya instituti vakillari (ikki nafar).
Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

I bosqich

Komissiya raisi

Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi rahbari bilan kelishgan holda vazirlik va idoralar taqdim etgan nomzodlar orasidan Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholash boʻyicha respublika degustatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tarkibini tasdiqlash.

3 yilda bir marotaba

II bosqich

Komissiya

Isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlari sifatini organoleptik baholashni (keyingi oʻrinlarda — degustatsiya) oʻtkazish boʻyicha reja ishlab chiqish va tasdiqlash.

Har chorakda bir marotaba

III bosqich

Komissiya, tashkilotlar

Degustatsiya oʻtkazish uchun isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan mahsulot namunalarini yigʻish.

Har chorakda bir marotaba

IV bosqich

Komissiya, tashkilotlar

Degustatsiya oʻtkazish joyi va sanasi toʻgʻrisida isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni xabardor qilish.

Tasdiqlangan jadvalga muvofiq

V bosqich

Komissiya

Tasdiqlangan jadvalga muvofiq isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlar sifatini organoleptik baholash.

7 ish kuni ichida

VI bosqich

Komissiya

Degustatsiya natijalari boʻyicha Komissiya bayonnomasini rasmiylashtirish hamda baholash natijalarini isteʼmol etil spirti va alkogol mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga yuborish.

5 ish kuni ichida

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 45-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2019-y., 09/19/1039/4232-son; 01.12.2020-y., 09/20/753/1572-son; 30.01.2025-y., 09/25/45/0084-son)