1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.09.00 Qishloq xoʻjaligi tarmoqlari / 09.14.09.04 Bogʻdorchilik. Uzumchilik]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan, yaroqsiz bogʻ va tokzorlardan samarali foydalanishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, ushbu Nizom talablari bogʻ yoki tokzori mavjud boʻlgan fermer xoʻjaliklariga va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi, dehqon xoʻjaliklari bundan mustasno.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi 2020-yildan boshlab har yili 1-oktabrga qadar:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzor maydonlarining manzilli roʻyxatini shakllantirsin;
yaroqsiz deb topilgan iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bogʻ va tokzorlar oʻrnida intensiv bogʻ va tokzorlar barpo qilish yoki ularni haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish hamda eksportbop va serdaromad qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi yaroqsiz deb topilgan kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlar oʻrnida intensiv bogʻ va tokzorlar barpo qilish boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-dekabr,
1012-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-dekabrdagi 1012-son qaroriga ILOVA
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, shuningdek, ularning oʻrnida intensiv bogʻ va tokzorlar barpo qilish yoki ularni haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari bogʻ yoki tokzori mavjud boʻlgan fermer xoʻjaliklariga va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi, dehqon xoʻjaliklari bundan mustasno.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bogʻ — bir joyda uzoq yillar davomida oʻstiriladigan meva mahsuloti yetishtiriladigan daraxtsimon yoki butasimon oʻsimliklar majmui;
tokzor — bir joyda tok koʻchati ekilib, uzoq yillar davomida uzum mahsuloti yetishtiriladigan maydon;
intensiv bogʻ — pakana va yarim pakana payvandtaglarda yetishtirilgan koʻchatlarni zich ekish sxemasida resurstejamkor agrotexnologik tadbirlarni amalga oshirish asosida tashkil etilgan va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan bogʻ;
iqtisodiy jihatdan samarasiz bogʻ yoki tokzor — barpo etilgan kundan besh yil va undan ortiq muddat oʻtgan, soʻnggi uch yilda olingan daromadi parvarishlashga ketgan xarajatlarni qoplamaydigan va hosildorligi past bogʻ yoki tokzor;
kam hosil beradigan bogʻ yoki tokzorlar — ekilgan navlar hosildorligi ularning ilmiy asoslangan hosildorlik koʻrsatkichidan past boʻlgan bogʻ yoki tokzor maydoni;
yaroqsiz bogʻ yoki tokzorlar — koʻchat soni kam (30 foizgacha), kasallik va zararkunandalar bilan kuchli zararlangan, shuningdek, ekilgan koʻchatning biologik xususiyatiga, tuproq-iqlim sharoitiga, ekish sxemasiga mos boʻlmagan bogʻ yoki tokzor;
bogʻ yoki tokzorni tomchilatib sugʻorish — sugʻorishning tejamkor usulini qoʻllagan holda bogʻ yoki tokzordagi koʻchatning ildiziga suvni tomchilatib yetkazib berish;
tomchilatib sugʻorish tizimi — suv nasosi, filtr, hovuz-tindirgich, mineral oʻgʻitlarni aralashtiruvchi moslama, magistral va tarqatuvchi quvurlar, sugʻorish shlanglari, tomizgichlar, yordamchi va oʻlchovchi qismlar majmuasi;
tuproq bonitirovkasi — qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻrtacha agrotexnik darajasida tuproq sifati va tabiiy ishlab chiqarish unumdorligi 100 ballik shkala boʻyicha qiyosiy bahosi;
hosildorlik — bir gektar bogʻ yoki tokzordan olinadigan hosil miqdori;
yalpi hosil — umumiy bogʻ yoki tokzor maydonidan yil davomida olinadigan hosil miqdori;
komissiya — iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi. Komissiya tarkibiga tuman (shahar) hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (komissiya raisi), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi vakili (komissiya kotibi), Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari va boshqa shaxslar kiritiladi.
(3-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
2-bob. Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish
4. Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ularning oʻrnida intensiv bogʻ yoki tokzorlar barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
5. Fermer xoʻjaliklari yoki boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarini yaroqsiz deb topish, ularning oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
6. Komissiya 2020-yildan boshlab har yili 1-oktabrga qadar iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ yoki tokzor maydonlarining manzilli roʻyxatini shakllantiradi.
7. Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ yoki tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ularning oʻrnida intensiv bogʻ, tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
a) bogʻ yoki tokzorning hosildorligi, ekilgan mevali daraxt yoki tok koʻchatlarining tuproq-iqlim sharoitiga mosligi, turi, navi, yoshini tahlil qilish — tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) tuman (Quvasoy shahar) boʻlimi tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan;
(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
b) bogʻ yoki tokzorning yaxlit konturda ekilganligini tahlil qilish (bir konturda bir xil ekin turi ekilganligi) — tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi va Kadastr agentligining tuman (shahar) boʻlimi tomonidan;
(7-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
v) mevali daraxt yoki tok koʻchatlari nav mualliflari tomonidan tavsiya etilgan ekish sxemasiga mos ekilganligi, mavjud koʻchat soni, shundan yaroqsiz koʻchat sonini tahlil qilish — tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi, Inspeksiyaning tuman (Quvasoy shahar) boʻlimi, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan;
(7-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
g) bogʻ yoki tokzorda belgilangan agrotexnik tadbirlarning bajarilganligini tahlil qilish (organik va mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, sugʻorish, qator oralariga ishlov berish, tekislash, kasallik va zararkunandalarga qarshi ishlov berish, daraxtlarga shakl berish, shuningdek, tokzorlarda — xomtok qilish, kesish, koʻmish, yaxob suvi berish va boshqa tadbirlar) — tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi, Inspeksiyaning tuman (Quvasoy shahar) boʻlimi, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan;
(7-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
d) meva yoki uzum mahsulotlari yetishtirish boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlar hamda qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar bilan tuzilgan (fyuchers) shartnomasi shartlari bajarilishi, mahsulot sotishdan tushgan mablagʻlarning bank hisobvaraqlari orqali aylanishi, debitor-kreditor qarzdorliklar va moliyaviy holatini tahlil qilish — tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi, tuman statistika boʻlimi, tijorat banklari, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan.
(7-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
(7-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 501-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/501/1205-son)
(7-bandning “yo” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 501-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/501/1205-son)
(7-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 501-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/501/1205-son)
(7-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 501-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/501/1205-son)
8. Aniqlangan holat yuzasidan uch nusxada dalolatnoma tuziladi va ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan tashkilotlar vakillari va fermer xoʻjaligi yoki tegishli qishloq xoʻjaligi tashkiloti rahbari tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tasdiqlovchi zarur hujjatlar (materiallar) ilova qilinadi.
Dalolatnomaning bir nusxasi fermer xoʻjaligi yoki tegishli qishloq xoʻjaligi tashkilotida, ikkinchi nusxasi komissiyada, uchinchi nusxasi tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimida saqlanadi.
9. Komissiya dalolatnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni (materiallarni) tahlil qiladi hamda yaroqsiz deb topilgan bogʻ yoki tokzor oʻrnida intensiv bogʻ, tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi hamda tuman (shahar) hokimligiga taqdim etadi.
10. Tuman (shahar) hokimi Komissiya xulosasini besh kun muddatda tegishligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi bilan kelishadi hamda yaroqsiz deb topilgan bogʻ, tokzor oʻrnida intensiv bogʻ, tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
11. Fermer xoʻjaligi yoki boshqa qishloq xoʻjaligi tashkiloti rahbari tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan bir yil muddatda:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-dekabrdagi 766-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son)
yaroqsiz deb topilgan bogʻ yoki tokzorni buzish hamda dalani daraxt qoldiqlaridan (ildizlaridan) tozalash;
yaroqsiz deb topilgan bogʻ yoki tokzor oʻrnida intensiv bogʻ yoki tokzor barpo qilish ishlarini amalga oshiradi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 501-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 09/20/501/1205-son)
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Yaroqsiz deb topilgan bogʻ yoki tokzorlarni buzish hamda dalani daraxt qoldiqlaridan (ildizlaridan) tozalash ishlari bilan bogʻliq harajatlar tegishli fermer xoʻjaligi yoki boshqa qishloq xoʻjaligi tashkiloti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
14. Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bogʻ yoki tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda intensiv bogʻ yoki tokzorlarga oʻtkazish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda ularning oʻrnida intensiv bogʻ yoki tokzorlar barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish boʻyicha Komissiya yigʻilishini oʻtkazish va zarur tadbirlarni belgilash.
2020-yildan boshlab har yili 20-sentabrga qadar
2-bosqich
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi
Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzor maydonlarining manzilli roʻyxatini shakllantirish,dehqon xoʻjaliklari bundan mustasno.
Har yili
1-oktabrga qadar
3-bosqich
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi
Manzilli roʻyxatiga kiritilgan iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni Nizomning 7-bandi talablari asosida oʻrganish va tahlil qilish;
tahlil natijasi boʻyicha uch nusxada dalolatnoma tuzish;
dalolatnomaning bir nusxasini fermer xoʻjaligi yoki tegishli qishloq xoʻjaligi tashkilotiga, ikkinchi nusxasini komissiyaga, uchinchisi nusxasini tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimiga taqdim etish.
Har yili 25-oktabrga qadar
4-bosqich
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish hamda ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi
Dalolatnoma va unga ilova qilingan hujjatlar (materiallar) asosida iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish va ularning oʻrnida intensiv bogʻ, tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosa tayyorlash va tuman (shahar) hokimligiga taqdim etish.
Har yili 26-oktabrga qadar
5-bosqich
Tuman (shahar) hokimligi
Komissiya xulosasini tegishligi boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi bilan kelishish;
yaroqsiz deb topilgan bogʻ, tokzor oʻrnida intensiv bogʻ, tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Har yili 1-noyabrga qadar
6-bosqich
Fermer xoʻjaligi yoki tegishli qishloq xoʻjaligi tashkiloti rahbarlari
Tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan yaroqsiz deb topilgan bogʻ yoki tokzorni buzish hamda yer uchastkasini daraxt qoldiqlaridan (ildizlaridan) tozalash;
tuman hokimining qaroriga asosan yaroqsiz deb topilgan bogʻ yoki tokzor oʻrnida intensiv bogʻ yoki tokzor barpo qilish;
haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazilgan bogʻ va tokzorlar oʻrnida eksportbop va serdaromad qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish.
Qaror qabul qilingan kundan boshlab
1 yil muddatda
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2019-y., 09/19/1012/4172-son; 25.08.2020-y., 09/20/501/1205-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 09/21/766/1182-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)